Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:54

SHOSHILINCH: Rustam Inoyatov Prezident maslahatchisi lavozimidan olindi


Rustam Inoyatovning iste’fosi sababi ochiqlanmayapti, ayni paytda u Senat a’zosi ham.
Rustam Inoyatovning iste’fosi sababi ochiqlanmayapti, ayni paytda u Senat a’zosi ham.

Milliy xavfsizlik xizmatining (hozirgi Davlat xavfsizlik xizmati) sobiq raisi Rustam Inoyatov Prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan olindi.

15 - noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov bu lavozimga Baxtiyor Islomov tayinlanganini ma’lum qildi. Rasmiy xabarda Rustam Inoyatovning ishdan olingani haqida hech narsa deyilmaydi.

Inoyatov 2018 - yilning avgust oyidan buyon ushbu lavozimni egallab kelayotgan edi.

76 yoshli Rustam Inoyatov O‘zbekiston maxsus xizmatlari - sobiq MXXga 1995 - yil 27 - iyunidan 2018 - yil 31 - yanvarigacha (qariyb 23 yil) raislik qilgan. U 2016 - yil sentabrida Islom Karimov vafoti ortidan mamlakatdagi hokimiyat o‘tish jarayonida muhim rol o‘ynagani aytiladi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram kanali orqali 15 - noyabr kuni Rustam Inoyatov egallab kelgan prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga Baxtiyor Islomov tayinlangani haqida xabar qildi.

"O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan Islomov Baxtiyor Jahongirovich Prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. U bungacha Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallab kelayotgan edi",-deya yozdi Sherzod Asadov.

Inoyatovning bu lavozimdan olingani sababi va keyingi taqdiri Ozodlikka hozircha ma’lum emas.

Inoyatov O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi Davlat xavfsizlik xizmati)dan 2018 - yil 31 - yanvar kuni iste’foga chiqarilgan.

Rustam Inoyatov MXX raisligidan chetlatilganidan so‘ng ham avvalgi ta’sirini saqlab qolgan, deb ishoniladi.

U rahbarlik qilgan maxsus xizmatlar, garchi nomi va rahbarlari o‘zgargan esa-da, hanuzgacha yopiq va qudratli tuzilma hisoblanadi.

Inoyatov MXX raisligidan iste’foga chiqqan kunning o‘zida uning O‘zbekiston prezidenti apparatida ishlashi xabar qilindi. U prezidentning siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimida ishlashi ma’lum bo‘ldi.

2018 - yilning avgustidan boshlab esa Inoyatov prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangandi.

Inoyatov MXX raisligidan olinganining ertasiga prezident Mirziyoyev farmoni bilan Oliy majlis Senati a’zosi etib tayinlangan va daxlsizlik maqomiga ega bo‘lgan edi.

Qonunchilikka ko‘ra, senator daxlsizlik maqomiga ega bo‘lib, uning jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi yoki biror jazoga tortilishi mumkin emas. Buning uchun Senat roziligi talab qilinadi.

Рустам Иноятов кетди. МХХ нима бўлади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:20 0:00

Inoyatov kim o‘zi?

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati sobiq raisi Rustam Inoyatovning biografiyasi haqida to‘liq ma’lumot yo‘q.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rustam Rasulovich Inoyatov 1944 - yilning 22 - iyunida, Surxondaryo viloyat, Sherobod tumanidagi Pashxurt qishlog‘ida tug‘ilgan.

1968 - yilda Toshkent davlat universitetining Eron filologiyasi fakultetini bitirgan. 1965-67 - yillarda o‘qish bilan birga Toshkentdagi qurilish trestlaridan birida beton qoruvchi bo‘lib ishlagan.

Inoyatov tojik, fors, rus, ingliz tillarini yaxshi biladi.

Universitetdan so‘ng SSSR armiyasida xizmat qilgan va o‘sha yerda SSSR KGBga (Davlat xavfsizlik komiteti) ishga kirgan. SSSR va O‘zbekiston KGBsida bir qator mansablarda ishlagan.

SSSR armiyasi Afg‘onistonga bostirib kirishidan oldin, KGBning kontrrazvedka xodimi bo‘lgan Rustam Inoyatov 1976 - yilda Afg‘onistondagi elchixonada diplomatik niqob ostida ish boshlagan va bu xizmati 1981 - yilgacha davom etgan.

Rustam Inoyatov 1995 - yilning 27 - iyunida pensiyaga kuzatilgan O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi G‘ulomjon Aliyev o‘rniga tayinlangan edi.

O‘sha paytda O‘zbekiston MXXsida ishlab yurgan Rustam Inoyatov mashina o‘g‘riligida nom chiqargan Shuhrat Dombrabadskiy guruhini qo‘lga olish tadbiri bilan Islom Karimov nazariga tushgani aytiladi.

Portlashlardan so‘ng unvon oshirildi

1996 - yilda Inoyatovga general-leytenant va 1999 - yildagi Toshkent portlashlaridan so‘ng general-polkovnik unvoni berilgan.

1999 - yilning 16 - fevralida Toshkent shahrining bir necha joyida sodir etilgan portlashlarni MXX avvaldan bilgani va bu portlashlarning oldini olmay, maxsus qo‘yib bergani haqida o‘sha portlashlarda ayblanib qamalgan, keyinchalik qamoqda o‘lgan Zayniddin Asqarov xorij radiolari muxbirlariga aytib bergan edi.

Bu voqealardan so‘ng O‘zbekistonda boshqacha fikrlovchi shaxslarga va dindorlarga nisbatan bosim va ta’qib kuchaydi. Minglab odamlar qamalgani, yana yuzlab odamlar ta’qiblardan qochib, mamlakatni tark etgani haqida inson huquqi himoyachilari xabar bergan va bu holat xalqaro tashkilotlar ro‘yxatlarida qayd qilingan.

Inoyatov tennischi

Rustam Inoyatov 1999 - yildan boshlab, 2020 - yilning martiga qadar O‘zbekiston tennis federatsiyasiga ham rahbarlik qilgan.

Marhum prezident Islom Karimov tashabbusi bilan 90- yillar oxirida O‘zbekistonda tennis o‘yiniga katta e’tibor berila boshladi. Rustam Inoyatov tennis federatsiyasining raisi etib tayinlandi. Sovrini 500 ming AQSh dollari bo‘lgan O‘zbekiston prezidenti kubogi xalqaro o‘yinlari tashkil qilindi.

Ozodlik rasman tasdiqlay ololmagan ma’lumotlarga ko‘ra, bu musobaqa mukofotini to‘lash, o‘zbekistonlik o‘g‘riboshilar zimmasiga yuklatilgan edi. Biroq bu xalqaro musobaqalar ko‘p davom etmadi va O‘zbekiston prezidenti kubogi xalqaro musobaqasi o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.

2018 - yil dekabrida Xalqaro tennis federatsiyasi Rustam Inoyatovni «O‘zbekistonda tennisni rivojlantirishga qo‘shgan bebaho hissasi va tennisga ko‘p yillik sodiqligi uchun» alohida mukofot bilan taqdirladi.

2020 - yilning martida Inoyatov fedratsiya rahbarligidan olindi va Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, u federatsiyaning faxriy prezidenti sifatida qoldi.

Inoyatov qora ro‘yxatda

2005 - yilning may oyidagi Andijon voqealaridan so‘ng Rustam Inoyatov Yevropa Ittifoqi tomonidan qora ro‘yxatga kiritilgan sakkiz amaldordan biri bo‘lgan.

​2005 - yil 13 - may kuni Andijonning Bobur maydonida sodir bo‘lgan qonli voqealarda rasmiy Toshkent hisobicha 187 kishi, jumladan, ayollar va bolalar nobud bo‘lgan.

​Norasmiy manbalarga ko‘ra, Andijon xunrezliklari oqibatida 1000dan ziyod odam halok bo‘lgan.

​2005 - yilning noyabrida Evropa Kengashi O‘zbekiston hukumatiga nisbatan sanksiya joriy qildi. Bir yillik muddatga joriy qilingan jazo choralarining birinchi punkti o‘laroq, Andijonda namoyishchilarga qarshi yoppasiga o‘t ochish va nomutanosib kuch ishlatilishi uchun mas’ul bo‘lgan hamda qonli voqealar yuzasidan mustaqil tergov o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilayotgan O‘zbekiston rasmiylarining Yevropa ittifoqi hududiga kiritilishi taqiqlandi.

Qora ro‘yxatga o‘sha paytdagi Ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov, Mudofaa vaziri Qodir G‘ulomov, Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov kabi rasmiylar kiritilgan edi.

Inoyatov Magnitskiy qora ro‘yxatida

2017 - yilning sentabr oyida inson haqlari¸ matbuot erkinligi va ijtimoiy adolatni targ‘ib qiluvchi yigirmadan oshiq xalqaro guruhning AQSh Davlat kotibi va Moliya vaziriga yo‘llagan birgalikdagi maktubi e’lon qilindi.

Unda AQSh hukumatidan inson haqlarini toptash va korrupsiya bobida “shuhrat topgan” 15 nafar davlat arbobiga nisbatan moliyaviy sanksiya va viza cheklovi qo‘llash so‘ralgan.

Bu “qora ro‘yxat”da o‘sha paytdagi O‘zbekiston MXX raisi¸ general Rustam Inoyatov nomi ham bor.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson va Moliya vaziri Stiven Mnuchin nomiga yo‘llangan ochiq maktubda bu ikkala vazirdan Inson huquqlari bo‘yicha global Magnitskiy aktidan unumli foydalanib (AQShning sanksiyalarga oid qonuni rossiyalik advokat Sergey Magnitskiy nomi bilan ataladi. U soliq tovlamachiligi yo‘li bilan Rossiya davlat xazinasidan 230 million AQSh dollari o‘g‘irlangani haqida shov-shuv ko‘targandan so‘ng qamoqqa olingan edi.Magnitskiy 2009 - yil dekabrida qamoqda vafot etdi. Qarindoshlari va huquq himoyachilarining aytishcha, u qiynoqqa solingan va tibbiy yordam olishiga yo‘l qo‘yilmagan. Yevropa Kengashining surishtiruv xulosasida uning o‘limiga qiynoqlar sabab bo‘lgani aytiladi) xalqaro maydonda inson haqlarini toptash va korrupsiya bo‘yicha tanilgan xorij rasmiylariga jazo qo‘llash so‘raladi.

Rustam Inoyatov o‘zining 23 yillik MXX raisi bo‘lgan faoliyati davomida biror marta OAVga intervyu bermagan.

So‘nggi paytda Rustam Inoyatovning qand kasalligi bilan og‘rigani aytiladi.

Inoyatov biznes-imperiyasi

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati sobiq raisi Rustam Inoyatovning mamlakat ichkarisida va xorijda katta biznes-imperiyasi borligi aytiladi.

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomovning aytishicha, «Ochiq manba tadqiqotlari» (Open Source Investigations, OSI) jurnalistlari 2018 - yilning 22 - yanvar kuni Inoyatovlar oilasining Dubayda 12 million dollar sarflab, turar joy inshooti qurgani haqida xabar bergan:

"Bu tashkilot jurnalistlari Rustam Inoyatovning Avstriyadagi, Rossiyadagi, Birlashgan arab amirliklaridagi bizneslari haqida tadqiqot o‘tkazgan.Zero, o‘tgan yilning 22 - martida Rustam Inoyatov shaxsiy safar bilan Dubayga borib, shayx Mansur bin Zayd alь-Nahayyan bilan uning prezident qasrida uchrashgan edi. Yollanma ishchilar uchun mo‘ljallangan besh qavatli binoning egasi esa O‘zbekiston vatandoshi Rustam Inoyatovning pochchasi Baxtiyor Irgashev ekanligi aniqlangan.Bundan tashqari bu tashkilot tadqiqotchilari Rsutam Inoyatovning Rossiyada va Estoniyada ham katta ko‘chmas mulklari borligini aniqlagani haqida xabar bergan.O‘zbekiston ichkarisida ham Inoyatovlarning biznes imperiyasi juda katta ekanligi aytiladi. Men olgan ma’lumotlarga ko‘ra, Inoyatov O‘zbekistondagi «ASIA ALLIANCE BANK» ham Inoyatovlarga tegishli. Bundan tashqari yana bir nechta bankdan dividendlar olib turishi haqida ma’lumotlar bor. Bu noqonuniy biznes-imperiyaning barcha siru sinoatlari yaqin oylar ichida ochiladi, deb umid qilaman”, deydi Alisher Ilhomov.

Ammo Ozodlik tasarrufida Inoyatovning biznes-imperiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasdiqlovchi ma’lumot yo‘q.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG