Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:50

"Jasliq" koloniyasi to‘liq yopilmagan. U yerda umrbod qamalganlar saqlanmoqda


"Jasliq" koloniyasi xalq orasida "borsa kelmas" nomini olgan.
"Jasliq" koloniyasi xalq orasida "borsa kelmas" nomini olgan.

Qoraqalpog‘istondagi qiynoqlar bilan nom chiqargan qattiq tartibli "Jasliq" koloniyasi hanuz to‘liq yopilmagan.

Ozodlik surishtiruvi jarayonida xalq orasida "borsa kelmas" nomini olgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19 - son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish muassasasida umrbod qamoq jazosini o‘tayotganlar saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 - yilning 2 - avgustida imzolagan qarorga binoan “Jasliq” koloniyasi tugatilib, u yerda saqlanayotgan mahkumlar bir oy muddatda boshqa jazo muassasalariga yuborilishi lozim edi.

Ichki ishlar vazirligi umrbod qamalganlar ham “Jasliq”dan boshqa qamoqxonalarga ko‘chirilgani to‘g‘risida 2019 - yilning oktabrida bayonot bergan.

Bosh prokuratura Ozodlikka “Jasliq”da bitta ham mahkum qolmagani, “umrbod qamalganlarga oid ma’lumot esa yopiqligi"ni bildirdi.

Jinoyat kodeksining 97- moddasida nazarda tutilgan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etganlikda aybdor topilib, bundan 18 yil muqaddam umrbod ozodlikdan mahrum etilgan 45 yashar mahkumning yaqinlaridan biri shu kunlarda “Jasliq”da bo‘lib qaytgani haqida 5 - aprel kuni Ozodlikka aytib berdi.

Bir yilda bir bosiladigan 1650 km

“Biz turgan joydan Jasliqqacha 1650 kilometr. Onam ikkalamiz bitta taksini yolladik. O‘sha taksi olib borib, qayta olib keldi. 2,5 million so‘mdan ortiq pul to‘ladik taksichiga”, - dedi Ozodlik bilan suhbatda mahkum akasiga zarari tegib qolishidan qo‘rqib ismi aytilishini istamagan farg‘onalik ayol.

Uning aytishicha, umrbod qamalgan akasi bilan ko‘rishishga har yili bir marta borib turadi.

“Jasliq”qa borib kelganimizga ikki hafta bo‘ldi. Endi yana bir yildan keyin boramiz. Chunki svidaniye bir yilda bir marta beriladi”, - dedi mahkumning singlisi.

Farg‘onalik ayolning so‘zlariga ko‘ra, mahkumlar yaqinlari bilan ko‘rishadigan bino uzun yo‘lak va bir necha xonadan iborat. Xonada ikkita karavot, stol-stul bor. Oshxona umumiy, u alohida xonada.

“Akamning ozib ketganini aytmasa, ahvoli durust. Ishlamaydi. Faqat kamerada o‘tiradi. Bir o‘zi o‘tiradi”, - dedi mahkumning singlisi.

U “Jasliq”ni yopish to‘g‘risida qaror chiqqanidan keyin akasining yaqinroq qamoqxonaga ko‘chirilishiga umid qilishganini aytadi. Ammo bu umidlari oqlanmagach, Prezident portaliga qayta va qayta xat yozishgan.

“Portalga murojaat qilaman. Ular GUINga (Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi) jo‘natishadi arizamni. Keyin ular men bilan bog‘lanadi. Umrbod qamalganlarga yangi qamoqxona qurishimiz kerak, deyishadi doim. Qayerda quriladi, qachon bitadi, degan savollarimga biz bilmaymiz, deb javob berishadi”.

"Umrbodlar" qayerda saqlanishi yopiq ma’lumot"

Ozodlik farg‘onalik mahkum yaqinining hikoyasini mustaqil manbalardan tasdiqlash imkoniga ega emas.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi (JIBB) mulozimi Ozodlikning “umrbod qamalganlar hanuz “Jasliq”da saqlanayotgani rostmi?”, degan savolini eshitgach, hech narsa demay aloqani uzib qo‘ydi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Ozodlik so‘roviga javoban "Jasliq"da birorta ham mahkum qolmagani"ni iddao qildi, ayni paytda "maxfiylik" vajidan umrbod qamalganlarning qayerda saqlanayotgani borasida ma’lumot berolmasligini aytdi.

“Jasliq” koloniyasi haqiqatan ham yopilgan. Bitta ham mahkum u yerda yo‘q. Lekin siz so‘rayotgan toifadagi shaxslar haqidagi ma’lumotlar yopiq. Ular qayerda saqlanayotgani to‘g‘risida sizga ayta olmayman", - deya ta’kidladi Svetlana Ortiqova.

Ozodlikning “Jasliq”da umrbod saqlanayotganlar bormi-yo‘qmi, degan savoliga Svetlana Ortiqova “Men sizga bu ma’lumotlarni berolmayman, bu ma’lumotlar yopiq”, - deya javob berdi.

"Jasliq"qa aloqasi borlar biladigan "sir"

Advokat Umid Davletov o‘zi himoya qilgan mahkumlar orasida umrbod qamalganlar yo‘qligi sababli “Jasliq”dagi hozirgi vaziyatdan xabarsizligi, biroq bir-ikki hamkasbidan “Jasliq”da "umrbodlar" saqlanayotgani haqida eshitganini bildirdi.

“Jasliq” lagerida 11,5 yil jazo muddatini o‘tagan inson huquqlari faoli A’zam Farmonov “Umumiy tartibdagi ixtisoslashtirilgan zona yopilgan. Uning yonidagi umrbod qamalganlar zonasi ishlab turibdi”, - deb aytdi.

A’zam Farmonov bu gapni “u yerga borib-kelib turadiganlardan, o‘sha yerda o‘tirib chiqqanlar va yerli aholidan olgan ma’lumotlariga tayanib” aytayotganini bildirdi.

Rasmiy: "Umrbodlar" boshqa joyga ko‘chirilgan

2019 - yilning 17 - oktabrida, ya’ni Prezidentning “Jasliq”ni yopish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan 2,5 oy o‘tib, Sputnik-O‘zbekiston nashri IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovga tayanib, “Jasliq”dagi umrbod mahkumlar boshqa koloniyalarga ko‘chirilgani haqida xabar qilgan edi:

“Umrbod qamalganlar uchun, ularni saqlash rejimi umumiy va qattiq rejimli koloniyalardagi rejimdan farq qilgani sababli, alohida muassasa qurish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Koloniya qurib bitkazilganidan keyin umrbod ozodlikdan mahrum qilinganlar o‘sha joyga o‘tkaziladi. Hozircha ular boshqa koloniyalarga joylashtirilgan", - degan Shohruh G‘iyosov.

"Umrbodlar" chindan ham "Jasliq"da, ular uchun yangi qamoqxona qurilmoqda"

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov keyingi paytlarda umrbod qamalganlar hanuz “Jasliq”da saqlanayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar uning tashkilotiga ham kelib tushgani ortidan masalani o‘rganganini aytadi.

“Jamiyatimizning aniqlashicha, “Jasliq”ning umrbod qamalganlar saqlanayotgan qismi shu kungacha ishlab turibdi. Qancha mahkum saqlanayotgani to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q. Har holda 100 dan 200 kishigacha saqlanayotgani to‘g‘risida aytyapti manbalarimiz. Biz qo‘lga kiritgan ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida ixtisolashtirilgan koloniya qurilyapti, koloniyaning bu yil yozda bitishi, o‘shanda “Jasliq”da saqlanayotgan umrbod qamalganlar ko‘chirilishi kutilmoqda”.

  • O‘zbekiston prezidentining “Jasliq” koloniyasini yopish to‘g‘risidagi 2019 - yil, 2 - avgustdagi qarorini rasmiy matbuot ham olqishlagan, xususan, “Xalq so‘zi” nashri bu voqeani, “nafaqat mamlakatimiz siyosiy hayoti, balki jahon hamjamiyati oldida ham juda katta ahamiyatga egadir”, deb baholagan edi.
  • 1999 - yil fevralidagi Toshkent portlashlari ortidan ochilgani oradan bir necha oy o‘tib, o‘rtaga chiqqan ushbu qamoqxona mamlakat ichkarisi va tashqarisida shafqatsiz qiynoqlar hamda o‘ta og‘ir sharoitlari bilan nom chiqargan.
  • Diniy erkinliklar bo‘yicha AQSh Xalqaro komissiyasi yillardan buyon O‘zbekiston rahbapriyatiga diniy motivlar bilan qamalganlarning asosiy qismi saqlanib kelgan Jasliq qamoqxonasini yopishni tavsiya qilib kelgandi.
  • BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi 2002 - yildan boshlab O‘zbekiston hukumatini "Jasliq" koloniyasini yopishga chaqirib kelgan.

“Jasliq” uchun tovon

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumani Gubdin qishlog‘ida yashovchi, 35 yashar Elyor Tursunov nohaq qamalib, "Jasliq" qamoqxonasida 6 yil 11 oy 10 kun jazo muddatini o‘tagani uchun davlatdan 91 208 182 so‘m moddiy va ma’naviy zarar undirgani to‘g‘risida Ozodlikka shu yilning 29 - yanvarida Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati ma’lum qilgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudining 2020 - yil dekabrdagi ajrimi bilan sobiq mahkumga yetkazilgan zarar Qashqadaryo viloyati hokimligining Moliya boshqarmasi hisobidan to‘lab berilishi lozim.

O‘ta og‘ir jinoyatlarda ayblangan “Jasliq” qamoqxonasining yana bir qashqadaryolik sobiq mahkumi Cho‘yan Mamatqulov o‘tgan yili davlatdan 60 million so‘m miqdorida moddiy va ma’naviy zarar undirgandi.

XS
SM
MD
LG