Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:32

OzodTa'sir-2018: Bo‘shatilgan bosh vazir muovini, yechintirilgan ayol, Diana - majburiy mehnat qurboni


2018 yil davomida Ozodlikda yozilgan o‘nlab maqola o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bu maqolalarda tilga olingan muammolar bartaraf qilindi, aybdor mulozimlar jazolandi.

Fermerlarni g‘ayriinsoniy tarzda qiynab, sovuq suvga tushirib qo‘ygan O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Zoyir Mirzaev ishdan olindi

Samarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeeva majburiy mehnat qurboni bo‘lganini O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev tilga oldi, aybdorlar jazolanishini aytdi

O‘g‘rilikda gumonlangan ayolni qip-yalang‘och yechintirgan Kattaqo‘rg‘on shahar IIB boshlig‘i San’at Umarov 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Fermerlarni kaltaklagan Qarshi tumani IIB boshlig‘i Jahongir Rajabov ikki yil uy qamog‘iga hukm etildi

Fermerning burnini urib sindirgan Jizzax viloyati Yangiobod tumani IIB boshlig‘i ishdan olindi, ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Xodimlarini tahqirlab, haqorat qilgan To‘raqo‘rg‘on tumani MIB boshlig‘i ishdan olindi

Ozodlikda 2018 yilda yozilgan maqolalar ortidan, Surxondaryodagi yo‘l-patrul postlari olib tashlangani, To‘rko‘ldagi internat bolalariga ko‘rpalari qaytarib berilgani, paxtakor ayollar g‘o‘zapoyasiz qolmagani, mahallalarga arzon un tarqatilgani kabi xushxabarlar ham kelgan edi.

Muqarrar jazo

Ozodlik yil davomida hokimiyat, ichki ishlar, majburiy ijro byurosi va boshqa tashkilotlar mulozimlarining o‘z mansab vakolati doirasidan tashqariga chiqib, qo‘l ostidagi xodimlarni haqorat qilgani, kaltaklagani, tahqirlagani haqidagi voqealarni muntazam yoritib bordi.

Amaldorlarning Ozodlik fosh qilgan noqononuniy xatti-harakatlari ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinishi ortidan, qonunni buzgan amaldorlarning muqarrar jazodan qutulib qolishi dargumon bo‘lib qoldi.

2018 yilning Ozodlik maqolasi ta’sir ko‘rsatgan voqealardan biri, oqqo‘rg‘onlik fermerlarning sovuq suvga tushirilishi, bekobodlik fermerlarning kesak ko‘tartirilishi ortidan O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Zoyir Mirzaevning ishdan olinishi bo‘ldi.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 6 kishining ariqdagi suvda tizzasigacha bo‘kib turgani aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lgandi.

27 oktabr kuni Ozodlik bu surat ortidan hodisani o‘rgangan hamda suvga bo‘ktirilgan mulozimlar shaxsi, voqea tafsilotlarini aniqlagan edi.

Ko‘zlarida norozilik alomatlari sezilgan va suvning sovuqligiga zo‘rg‘a chidab turgan 6 kishining surati, ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Zoyir Mirzaevning 25 oktabr kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumaniga safari paytida olingan.

Voqeaga bevosita guvoh bo‘lganlarning Ozodlikka aytishicha, bug‘doyga suv qo‘yilmagani uchun bosh vazir o‘rinbosari hokimlik mulozimlari, fermer, mahalla oqsoqoli va fermer ishchisini shu tariqa jazolagan.

Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda bahsu-munozaraga sabab bo‘ldi, hamda ko‘p kuttirmay o‘z natijasini ko‘rsatdi.

Bu mojaro ortidan Oqqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari, qishloq hamda suv xo‘jaligi boshliqlari jarimaga tortildi.

29 oktabrda Abdulla Aripov raislik qilgan hukumat videoselektorida O‘zbekiston Bosh vazirining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zoyir Mirzaev va bu voqega guvoh bo‘lgan Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosari va boshqa mutasaddi rahbarlar ham o‘z lavozimlaridan ozod etildi.

Diana majburiy mehnat qurboni bo‘lgan

O‘zbekistonda majburiy mehnatning qurboni bo‘lgan samarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeevaning o‘limi haqida ham Ozodlik birinchi bo‘lib xabar bergan edi.

Kattaqo‘rg‘on tuman markazidagi 42- umumta’lim maktabining mehnat o‘qituvchisi Diana Yenikeevani 14 mart kuni Suv ombori qishlog‘idan o‘tuvchi avtomobil yo‘lini tozalashga olib chiqilgan paytda KamAZ yuk mashinasi urib yuborgan edi.

Diananing onasi Oksana Yenikeeva Ozodlikka bu haqda shunday degan edi:

"Qizim darsdan qaytib kelib, kiyimini almashtirdi va ularni ko‘cha tozalashga majburlashayotganini aytib ketdi. 42-maktabdan o‘n nafar o‘qituvchi prezidentning kelishiga trassani tozalashga majburan chiqarilgan ekan. Qizim bilan birga bo‘lgan o‘qituvchilarning aytishlaricha, ular mashinalar g‘izillab o‘tib turgan trassada ishlashgan. Hech qanday ogohlantiruvchi belgilar qo‘yilmagan, hatto GAI inspektorlari ham bo‘lmagan. Bordyurni supirib turgan qizimni o‘tayotgan KamAZlardan biri urib yuborgan. Nahotki, prezidentga yaxshi ko‘rinish uchun qaynab yotgan yo‘lning o‘rtasiga himoyasiz o‘qituvchilarni olib chiqib ishlatishsa. Men buni shunday qo‘ymayman, prezidentgacha boraman! Mening bolam uchun uch million so‘m taklif qilishdi. Men yolg‘iz farzandimni sotish uchun tug‘magandim. Uning o‘rnini pul bilan to‘ldirib bo‘ladimi. O‘qituvchini o‘z ishidan boshqa ishga majbur qilgan va qizim o‘limiga bevosita sababchi bo‘lgan hokim va xalq ta’limi bo‘limi javob bersin", degan edi marhuma o‘qituvchi onasi.

8 aprel kuni Samarqand viloyat prokuraturasi majburiy mehnatga jalb etilgan o‘qituvchi Diana Yenikeevaning fojeali o‘limi surishtiruvi natijasida 2 mulozim ishdan olinganini bildirdi.

Rasmiylar bu voqea yuzasidan munosabat bildirar ekan, Diana Yenikeevani majburiy mehnatga chiqarilganini xaspo‘shlashga harakat qildilar.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning sobiq matbuot kotibi Komiljon Allamjonov, 17 aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot brifingida prezident samarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeevaning o‘limiga sababchi bo‘lgan amaldorlarni yuridik javobgarlikka tortish haqida ham topshiriq berganini aytdi:

-Samarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeevaning bevaqt o‘limiga sababchi bo‘lgan mansabdor shaxslarni yuridik javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Hozirda bu hodisa bo‘yicha o‘rganish olib borilmoqda, - degan edi prezident sobiq matbuot kotibi.

Ammo, keyinchalik qaysi amaldorlar qanday jazo olingani haqida ma’lumot berilmadi.

IIB boshliqlari zo‘ravonligi

2018 yil davomida Ozodlik ichki ishlar mulozimlarining fermerlar va gumonlanuvchi sifatida ushlangan odamlarni tahqirlash, kaltaklash kabi voqealarni ham muntazam yoritib bordi.

Jumladan, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi mulozimi San’at Umarovning o‘g‘rilikda gumonlanib ushlangan ayolni qip-yalang‘och qilib yechintirgani haqidagi Ozodlik xabaridan so‘ng, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mazkur holat bo‘yicha maxsus tekshiruv o‘tkazdi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, San’at Umarov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limining boshlig‘idan tortib, 7 nafar mulozimi ishdan olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi 21 noyabr kuni Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limining sobiq tezkor xodimi San’at Umarovni 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi.

Bu voqeadan so‘ng O‘zbekiston IIV o‘zining respublikadagi barcha bo‘limlarida xizmat tekshiruvi o‘tkazdi.

"Militsiya boshlig‘i hammani bir safga qo‘yib urar edi"

Ozodlikning 2018 yilning 27 iyundagi “Qarshi militsiyasi boshlig‘i bug‘doy rejasini bajara olmagan fermerlarni ayovsiz kaltaklamoqda” maqolasidan so‘ng O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Qarshi tumani IIB mansabdor mulozimlari ustidan xizmat tekshiruvi boshlangani haqida xabar bergan edi.

“Abdug‘afurov Muhammad” fermer xo‘jaligi rahbari¸ 33 yashar Rahmatullo Xo‘jamurodov rayon militsiyasi rahbari zo‘ravonligiga uchraganlardan biri bo‘lgan:

- Bundan 10 kuncha oldin uchastkovoy meni Halima opa fermerning dala shiyponiga olib bordi. O‘ntacha fermerni olib kelishgan ekan. Hammamizni bir qator qilib safga terib qo‘yishdi. Militsiya boshlig‘i Jahongir Rajabov keldi-da, bir chetdan “rejani bajardingmi”¸ deb so‘ray boshladi. Kimdir 10 tonna, kimdir 15 tonna yetmadi, deyishi bilan qulochkashlab yuzimizga ura boshladi. Quloqning tagiga, basharaga ikki qo‘li bilan ikki tarafdan urayapti, degan edi Ozodlik bilan 27 iyun kuni gaplashgan fermer.

Qarshi tumani IIB sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabov bu maqoladan so‘ng ishdan chetlashtirilgan, prokuratura uning ustidan xizmat tekshiruvi boshlagan edi.

23 noyabr kuni Samarqand viloyati Urgut tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani IIB sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabovga ikki yil ozodlikni cheklash va uch yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish haqida hukm chiqardi.

Jahongir Rajabov Ozodlik oshkor qilgan zo‘ravon IIB boshliqlarining birginasi emas.

Ozodlik Jizzax viloyat, Yangiobod tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ilhom Sulaymonov 7 iyul kuni hokimlik tomonidan g‘alla o‘rimidagi kombaynga biriktirilgan dehqon bozori pattachisi Sardor Qurbonboevning burnini urib sindirgani voqeasini ham yoritgan edi.

Yangiobod tumanidagi "Pastkichaqir bulog‘i" fermer xo‘jaligidagi g‘alla o‘rimiga biriktirilgan tuman dehqon bozorining pattachisi, fermer Sardor Qurbonboev 7 iyul kuni tuman ichki ishlar boshlig‘i Ilhom Sulaymonov tomonidan kaltaklangani haqida shunday degan edi:

"Prokuror mashinadan tushmadi, hokim bilan militsiya boshlig‘i keldi. Avval hokim savol-javob qilib, haqorat qildi. Keyin orqasidan militsiya boshlig‘i Ilhom Sulaymonov o‘sha yerdagi o‘zining Muzaffar degan xodimini bir-ikki tepdi. Keyin o‘sha erdagi qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimi O‘tkir Omonovni sen iflos nega qaramayapsan, deb bir shapaloq urdi-da, ortiga bir - ikki tepdi. Keyin meni oldimga keldi-da, men seni ogohlantirib ketgan edimku, nega k..t bozorkomingni chaqirmading, deb qo‘qqisdan burnimga bir musht urdi. Og‘riqning zarbidan burnimni ushlab yonbosh bo‘lib qolgandim, yana ortimga ikki marta tepdi. Burnimdan sharillab qon oqib ketganini ko‘rganidan so‘ng, to‘xtadi. Keyin, chaqir bozorkomingni, ahvolingni ko‘rib qo‘ysin, dedi-da, kombayn tomonga qarab ketdi. Militsiya boshlig‘i mast edi, og‘zidan aroqning hidi burqsib turardi", deydi Sardor Qurbonboev.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan bu ish nazoratga olinganidan so‘ng IIB boshlig‘i Ilhom Sulaymonov ishdan olinib, uning bu harakati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ammo, militsiya boshlig‘iga qanday jazo tayinlangani to‘g‘risida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

MIB ijrochimi yoki jazolovchi?

2018 yil davomida O‘zbekistonda yangi tashkil etilgan Majburiy ijro byurosi xodimlarining ustidan juda ko‘p arzu-shikoyatlar Ozodlikka keldi.

Aholining gaz va elektr energiyasidan qarzdorligini undirgani kelgan MIB xodimlar qarshiliklarga uchragani haqida ham Ozodlik xabar qilgan.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani MIB xodimlarining o‘zi ham ularning boshlig‘i Sohibjon Hamidovning o‘z xodimlarini tahqirlab haqorat qilayotgani va kaltaklayotgani yozilgan audioyozuvni yuborganidan so‘ng, Ozodlik jurnalist surishtiruvi o‘tkazdi.

MIB boshlig‘i o‘z xodimlarini aholidan kam pul undirgani uchun kurakda turib bo‘lmas so‘zlar bilan haqorat qilgan edi:

“Nimaga bir million tushirasan, q...q! Nima bir million tushirasan? Ey, q...q, nimaga bir million tushirasan? Ey, boru, millioninggayam q...m! Nimaga undirmayapsan, nimaga ishlamayapsan, nimaga ma’muriy qilmading, nimaga plomba qo‘ymading, nimaga sudga undirmading,(shu yerda boshliqning vajohati kuchayadi va ovozining boricha baqira boshlaydi -tahr.) nimaga gazga undirmading,nimaga noreallikni aniqlab kelmading,nechta akt qilding, plomba nechta qilding, nechta ma’muriy qilding, nimaga to‘latmading... to‘latmadiiiing, nimagaaaa?”, deya qichqiradi boshliq Sohibjon Hamidov MIB xodimlari taqdim qilgan audioyozuvda.

Bu voqeadan bir hafta o‘tib, MIB xodimlar Ozodlik maqolasidan so‘ng, Sohibjon Hamidov ishdan olingani va ular so‘kong‘ich va mushtumzo‘r boshliqdan qutulgani haqida Ozodlikka yozgan edi.

Ozodlik 28 noyabr kuni ​Pskent tumani MIB xodimlari fermer xo‘jaligi hisobida bo‘lmagan avtomobillar va uy jihozlarini ham musodara qilayotgani haqida xabar bergan edi.

Toshkent viloyat, Pskent tumanidagi “Inoyatov Bekzod Inoyatovich” fermer xo‘jaligi rahbari Bekzod Shiranovdan noqonuniy tortib olingan birovning avtomobili 29 noyabr kuni egasiga qaytarib berilgani haqida xabar berdi.

Ozodlikda 2018 yilda yozilgan maqolalar ortidan, Surxondaryodagi yo‘l-patrul postlari olib tashlangani, To‘rko‘ldagi internat bolalariga ko‘rpalari qaytarib berilgani, paxtakor ayollar g‘o‘zapoyasiz qolmagani, mahallalarga arzon un tarqatilgani kabi xushxabarlar ham kelgan edi.

XS
SM
MD
LG