Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:39

IT-mutaxassislar: Serverlarni O‘zbekistonga ko‘chirish internetni bilmaydigan amaldorlar taklifi


O‘zbekiston Rossiya ortidan internet-kompaniyalar serverlarini mamlakat ichkarisiga ko‘chirtirmoqchi.
O‘zbekiston Rossiya ortidan internet-kompaniyalar serverlarini mamlakat ichkarisiga ko‘chirtirmoqchi.

O‘zbekiston hukumati Telegram, Facebook, TikTok, Google va Yandex kabi internet-kompaniyalarga 16 - apreldan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat ichida joylashgan serverlarga ko‘chirish majburiyatini yuklagan. Ammo ularning ma’lumotlarni saqlash to‘g‘risidagi qonunga amal qilmayotganliklari Oliy Majlis deputatlarining noroziligiga sabab bo‘ldi.

Amalda buni tadbiq etish imkonsiz ekanini gapirayotgan mutaxassislar fikricha, yangi qonun va majburiyatlar axborot texnologiyalari to‘g‘risida yaxshi tasavvurga ega bo‘lmagan odamlar tomonidan ishlab chiqilgan.

Deputatlar shaxsiy ma’lumotlarni O‘zbekistonga ko‘chirmoqchi

Telegram, Facebook, TikTok, Google va Yandex kabi internet gigantlarining 16 - apreldan boshlab O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat ichida joylashgan serverlarda qayta ishlashni nazarda tutuvchi mahalliy qonunchilikka amal qilmayotganliklari Oliy Majlis noroziligiga sabab bo‘ldi.

Qonun normasi kuchga kirganiga 1 oy bo‘lgan bo‘lsada vakolatli davlat organi tomonidan mazkur soha bo‘yicha ko‘zga ko‘rinadigan natijalarga erishilmaganligi deputatlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi”, -deyiladi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi rasmiy saytida.

Ayrim O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida hatto veb-sayt egalariga o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlarini O‘zbekiston hududida saqlash majburiyati yuklangani xabar qilingan edi.

O‘zbekistonda qabul qilingan “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida"gi Qonunning 27−1-moddasiga asosan 16 - apreldan boshlab ijtimoiy tarmoqlar va jahon internet kompaniyalari O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat hududidagi serverlarda qayta ishlashi shart ekani belgilab qo‘yilgan.

Qonunga asosan mazkur ijtimoiy tarmoqlarning shaxsga doir ma’lumotlar bazalari O‘zbekiston davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Bu talabga amal qilmagan shirkatlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin.

Deputatlarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda mazkur ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalarga turli kiberhujumlar uyushtirib kelinmoqda. Natijada O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari ham o‘g‘irlangan.

"Maxsus xizmatlar foydalanuvchilar ustidan nazorat o‘rnatmoqchi!"

Parlament deputatlarining kiberhujumlar va shaxsiy ma’lumotlarning daxlsizligi borasidagi xavotirlari qanchalik o‘rinli? Shaxsiy ma’lumotlarni O‘zbekiston ichkarisiga olib kirish texnik jihatdan qanday amalga oshiriladi va u qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Ozodlikning bu savollariga javob bergan Konstantin ismli axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassisning aytishicha, mustaqil internet- kompaniyalar O‘zbekiston hukumatining bu talablarini so‘zsiz bajarmaydi.

- Mail.ru, Odnoklassniki, VKontakte kabi Alisher Usmonovga tegishli shirkatlar hukumatning bu qarorini bajaradi, lekin o‘zini hurmat qilgan boshqa xalqaro kompaniyalar uni bajarishdan bosh tortadi. Aslini olganda serverlarni biror mamlakatga ko‘chirish uni kiberhujumlardan himoya qilmaydi: politsiya va maxfiy xizmatlar bu serverlarga ulanib, real vaqt rejimida odamlar ustidan nazoratni o‘rnatamiz, degan xom hayollar bilan yuribdi.

Ular traffikni filtr qilish, foydalanuvchilar to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘ishni xohlayapti, buni hamma tushunib turibdi. Masalan, hozirda Feysbukda anonim ochilgan qiyofa to‘g‘risida O‘zbekiston hukumati ma’lumot olishi uchun so‘rovnoma yuboradi, “Biz bu odamni terrorizm, ekstremizmda ayblayapmiz!”, deb. Bunga javoban odatda Feysbuk ma’muriyatidan “Sizlar avtoritar yoki diktatorlik tuzumdagi davlat - toshingizni tering!”, degan javob keladi.

Biroq “VKontakte” tarmog‘idagi vaziyat boshqacharoq. Ularda Rossiya Tergov qo‘mitasi, IIB yoki FSBdan kelgan har qanday so‘rovnomaga istagan odam to‘g‘risida barcha ma’lumotlarni berishadi. Ular bu ma’lumotlarni sud qarorisiz olishi, buning uchun ularda maxsus nazorat moslamalari o‘rnatilgani ma’lum. VKontakte, Odnoklassniki yoki Mail.ru-da sizning har bir yozgan so‘zingiz, bildirgan fikringiz maxsus nazoratga tushishi mumkin. Bunga misollar ham juda ko‘p. Ya’ni, maxsus xizmatlar sizning IP-adresingiz, qaerdan kirayotganingiz, qaysi saytlarga kirishingiz, shaxsiy ma’lumotlaringiz, yozishmalaringiz va boshqa barcha tarmoqdagi ma’lumotlarga bir zumda ega bo‘lishi mumkin.

Suhbatdosh internet foydalanuvchilarining nazoratdan qochishga urinishlari VPN a anonimayzerlardan foydalanishga o‘tishi traffikni og‘irlashtirib, tezlikni susaytirishga olib kelishi mumkinligida ogohlantirdi.

Konstantin o‘zbek hukumatining o‘nlab tarmoq va kompaniyalarga yuborgan ogohlantirishi natija bermasligi, bu kompaniyalar faoliyati to‘xtatilishi shubhasiz O‘zbekiston hukumatining xalqaro nufuziga o‘ta salbiy ta’sir qilishiga ishonishini aytdi.

"Texnik jihatdan imkonsiz!"

“Internet himoyasi jamiyati” nodavlat tashkiloti rahbari, “Za telekom” telegram blogi boshlovchisi, IT-mutaxassis Mixail Klimaryov ayrim hukumatlarning ma’lumotlarni mamlakat ichkarisiga olib kirishga urinishlarni “bema’nilik” deb atadi:

- Ayrimlar “agarda asbob-uskunalar mamlakat ichkarisida bo‘lsa, demak kompaniyaga bosim o‘tkazish osonroq” deb o‘ylaydi, ya’ni ularni garovga olgandek tuyuladi. Masalan, necha yildan beri internet-shirkatlarga besamara hujum qilib kelayotgan Rossiya hukumati hech narsa qilolmagan bo‘lsa, O‘zbekiston hukumati natijaga erisha oladimi?! Yo‘q, albatta! Barchaga ayonki, internet-kompaniyalar O‘zbekistonning bu talablarini bajarmaydi.

Amaldorlarning yana bir guruhi “shu tariqa biz foydalanuvchilar ma’lumotlarini qo‘lga kiritamiz!” degan xato fikrda. Chunki texnologik jihatdan buni amalga oshirish juda murakkab. Hozirda barcha ma’lumotlar shifrlanadi, kriptlanadi. Bu talablar be’manilik va absurd! Menimcha, O‘zbekistonda bunday qarorlarni qabul qilayotgan rahbariyatda Internet xavfsizligi to‘g‘risida mutlaqo tasavvur yo‘q, yaxshi maslahatchilar, mutaxassislar yetishmaydi.

Aslida “shaxsiy ma’lumotlarni Rossiyada saqlang” degan fikr Rossiyada qayerdan paydo bo‘lganini bilmayman, ammo u boshqa mamlakatlarga tarqaldi. Har holda bu tahqirlash! Chunki bu tariqa shaxsiy ma’lumotlar himoya qilinmaydi, aksincha bunday harakatlar bu ma’lumotlarga tahdid deb tushuniladi. Qolaversa, men O‘zbekistondagi IT-mutaxassislar Feysbukdagi mutaxassislardan kuchliroq va ular shaxsiy ma’lumotlarni ulardan yaxshiroq qo‘riqlaydi, degan fikrdan yiroqman. Aks holda Feysbuk AQShda emas, O‘zbekistonda yaratilgan bo‘lardi.

Mixail Klimaryov hukumatning serverlarni ko‘chirishga majburlashi Internet-kompaniyalarga yirik ortiqcha harajatlarni keltirib chiqaradi, deydi.

- Internet-shirkatlar biznesmenlar tomonidan boshqariladi - ular pul sanashni biladi. Shu bois hech kim hech narsani ko‘chirmaydi, ishonavering. Rossiya “Roskomnadzor”ining Durovning Telegramiga qarshi 2 yil olib borgan urushini eslang: millionlab sarf-harajatlar oxir-oqibat Roskomnadzor va boshqa davlat idoralarining Telegramda o‘z kanallarini ochishi bilan yakunlandi! Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari qo‘lidan keladigan yagona narsa - u yoki bu resurslarni o‘z hududida taqiqlash! Ammo buning ortidan millionlab foydalanuvchilar noroziligi kelib chiqishi, davlatning xalqaro miqyosda nufuzi keskin tushishini ham hisobga oling. O‘zbekiston hukumati ma’lumotlarni qattiq nazorat qilmoqchi bo‘lsa o‘zbekcha Feysbuk yoki Telegram dasturlarini yaratsin, Xitoyga o‘xshab.

Oxirgi aytmoqchi bo‘lgan gapim... Eng katta muammo - “ma’lumotlarni ko‘chirish” degan tushunchani texnik jihatdan hech kim tushuntirib bera olmasligida. Xo‘sh, O‘zbekiston nazorat idoralari qaysi ma’lumotlarni ko‘chirmoqchi? Rossiyada, masalan, Roskomnadzor amaldorlariga “Qanday qilib va qaysi ma’lumotlarni ko‘chirishimiz kerak?” deb berilgan savolga “Biz bilmaymiz - shaxsiy ma’lumotlar deyildiku!”, degan javob olindi. Aytmoqchimanki, texnik jihatdan bu amalga oshirib bo‘lmaydigan narsa. Ogohlantirmoqchimanki, agarda bu buyruqni bajarmagan kompaniyalar bloklansa, qator davlat idoralari internet-resurslari qulab tushadi - amalda sinab ko‘rilgan! - dedi Ozodlik savollariga javob bergan “Internet himoyasi jamiyati” nodavlat tashkiloti rahbari Mixail Klimaryov

Ayni damda, Rossiya hukumati “Yarovaya qonuni”ga muvofiq, shaxsiy ma’lumotlarni mamlakatga ko‘chirtirish bo‘yicha chiqargan qonunining IT-kompaniyalar tomonidan bajarilishinikechiktirish bo‘yicha muhokamalar olib bormoqda. Gap shundaki, oldinroq Roskomnadzor Facebook va Twitter tarmoqlarini 4 million rubldan har birini jarimaga tortgandi - kompaniyalar na serverlarni Rossiyaga ko‘chirish, na jarimani to‘lash bo‘yicha majburiyatlarni bajardi.

«Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida» gi qonun O‘zbekistonda ikki yil oldin — 2019 - yil yanvar oyida qabul qilingan va o‘sha yilning 1 - oktabridan kuchga kirgan.

Shaxsiy ma’lumotlar ma’lum bir shaxsga tegishli bo‘lgan, uni aniqlashga imkon beruvchi elektron, qog‘oz yoki boshqa moddiy vositada aks ettirilgan ma’lumotlarni anglatadi.

XS
SM
MD
LG