Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:38

"Mahalla saylovida o‘zimiz xohlaganni emas, hokim tanlaganni saylashga majbur bo‘ldik" (VIDEO)


"Pop tumanidagi Bog‘ishamol ​ MFY , Ultarma MFY, Vodiy ​MFY, ​Birlashgan MFY, Yuqori Chodakboshi MFY, Istiqlol MFY, Guliston MFYlarda xalq tamonidan lozim topilgan nomzodlar, tuman hokimi tomonidan salbiy xulosa berilgani bois, saylovda qatnashishdan mahrum qilindilar".

Ozodlikka Namangan viloyat, Pop tumanidan 21 may kuni kelgan xat shunday boshlanadi.

Tuman hokimligi huquqshunosi mahalla fuqarolar yig‘ini raislari saylovi qonun doirasida o‘tayotganini bildirdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra esa, “Pop tumanida o‘tkazilgan saylov natijalaridan norozilik haqida tuman prokuraturasiga 4 ta murojaat kelib tushgan”.

Ultarmadagi saylov

​Popdan kelgan xatda mana bu gap ham bor:

“Hokimning qabuliga kirganimizda, biz kabi, ko‘pgina mahallalardan saylovdan norozi bo‘lganlarni ko‘rdik. Shulardan biri,​ ​Ultarma MFY aholisi tomonidan kelgan vakillarning aytishicha, hozirda yaxshi ishlab, xalq xizmatini qilayotgan, ​MFY raisi sifatida faoliyat olib borayotgan yosh kadr Nodirjon Karimov aholi nomidan yana tavsiya etilganiligiga qaramasdan,​ hokim tomonidan “yosh kadr,tajribasi yo‘q”, deb salbiy xulosa bergan ekan”.

Ozodlik Ultarma MF yig‘iniga kuni kecha bo‘lib o‘tgan saylovgacha raislik qilib kelgan 41 yashar Nodirjon Karimov bilan bog‘landi.

Gapni Ozodlikka kelgan xatdan mutlaqo bexabarligini ta’kidlashdan boshlagan sobiq rais, bu lavozimda so‘nggi 1 yilu 8 oydan buyon ishlab kelayotganini aytarkan, o‘zi haqda bunday dedi:

“Hokim bilan ham, hokimlikdagi boshqa xodimlar bilan ham munosabatim yaxshi edi. Xalqning duosini oldim. Shavkat Miromonovich prezident bo‘lganidan keyin davlat uchun ishlab beraman, deb o‘zimga o‘zim so‘z berganman. Oldin tadbirkor edim”.

Nodirjon Karimovning aytishicha, mahalla ahli nomzodingni raislikka ko‘rsatamiz, deganidan so‘ng rozi bo‘lgan, lekin uning nomzodi hokim tasdig‘idan o‘tmagani saylovga ikki kun qolganida ma’lum bo‘lgan:

“Maktab direktorining o‘rinbosari saylovga ikki kun qolganida hokimlikdan qog‘oz ko‘tarib keldi. Unda mening ismim yo‘q. Axir saylov dushanba kuni bo‘ladi, bugun shanba bo‘lsa, deb so‘rasam, "hokim sizning nomzodingizni olib tashlabdi", dedi. Menga bu juda erish tuyuldi”.

Nodirjon Karimovning aytishicha, "hokim nomzodlar ro‘yxatiga avvaldan suhbatdan o‘tmagan, Ultarma MF yig‘iniga maslahatchi sifatida ishga olingan ayolni kiritib qo‘ygan”.

“Fuqarolar yig‘ini raisi to‘g‘risida”gi qonunning 16- moddasiga (Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar ko‘rsatish) binoan nomzodlar ro‘yxati ovoz berish kunidan kamida 5 kun kun oldin tayyor va jamoatchilikka oshkor bo‘lishi lozim.

“Ishchi guruh tuman yoki shahar hokimining xulosasini olganidan keyin fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga kelishilgan nomzodlar haqidagi axborotni saylovdan kamida besh kun oldin fuqarolar yig‘ini binosiga va guzarlarga osib qo‘yadi”, deyilgan qonunda.

Видео: Қарши шаҳридаги маҳалла йиғинларидан бирида сайлов
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:23 0:00

​(Surxondaryo viloyat, Jarqo‘rg‘on tumanidagi mahallalardan birida o‘tkazilgan saylovoldi yig‘ilishi - Ozodlik bu video bilan bog‘liq voqeani qo‘shimcha o‘rganmadi)​

Bog‘ishamoldagi saylov

Ozodlik Popdan kelgan xatda tilga olingan mahallalardan yana biri – Bog‘ishamol ahli vakillari bilan ham gaplashdi. Shu mahalladagi Kal Qurbon ko‘chasida yashovchi, ismi aytilmasligini so‘ragan saylovchi bunday dedi:

“Tuman hokimi Bog‘ishamol MFYga 7 yildan buyon raislik qilib kelgan 44 yashar Rahmatilla Rohatalievning nomzodini ro‘yxatdan o‘chirib tashlab, o‘rta ma’lumotli, haydovchilar kursidagina o‘qigan yigitning nomzodini saylovga qo‘ydi va 18 may kungi yig‘inda o‘sha yigit o‘tdi”.

Saylangan raisning ma’lumoti o‘rta ekanligini nomzodlar ro‘yxatiga kiritilmaganlardan biri ham aytdi.

Ozodlikka Bog‘ishamol MFY raisi etib saylangan nomzodning ism-familiyasi ma’lum, lekin uning o‘zi bilan bog‘lana olmadik.

“Fuqarolar yig‘ini raisi to‘g‘risida”gi qonunning 17- moddasida (Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar) nomzod oliy ma’lumotli bo‘lishi lozimligi belgilab qo‘yilgan:

“Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lishi, qoida tariqasida, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan bo‘lishi, tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi kerak”.

Hokimlik yuristi javobi

Ultarma va Bog‘ishamoldan olingan ma’lumotlarga qaraganda, qonunning kamida ikki moddasi buzilgan bo‘lib chiqmoqda.

Biroq Pop tuman hokimligi yuristi (Elmurod) 21 may kuni Ozodlik savollariga javoban “mahalla fuqarolar yig‘ini raislari saylovlarini o‘tkazishda qonunga og‘ishmay amal qilinayotgani, shu kungacha fuqarolardan hech qanday shikoyat kelib tushmaganini” bildirdi.

Ayni paytda bog‘ishamolliklarning aytishicha, saylovni o‘tkazishga qonun buzilgani to‘g‘risida ular “Toshkentgacha arz qilgan”. Xuddi shunday gap Popdan kelgan xatda ham aytilgan:

“Keksalar, pensionerlar va boshqalar saylovdan norozi bo‘lib bir necha bor prokuraturaga, “Mahalla” fondi rahbariyatiga og‘zaki va yozma ravishda murojaat etgan bo‘lishimizga qaramasdan hech qanday chora ko‘rilmayapti”.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Ozodlik so‘roviga javoban “Pop tumanida o‘tkazilgan saylov natijalaridan norozilik haqida Pop tuman prokuraturasiga 4 ta murojaat kelib tushgan”ini bildirdi. (Prokuratura javobining to‘liq matnini ushbu maqola tagida to‘liq o‘qishingiz mumkin)

Popliklar nazarida eskirib qolgan yap-yangi qonun

“Fuqarolar yig‘ini raisi to‘g‘risida”gi qonunni O‘zbekiston prezidenti 2018 yilning 16 oktabrida imzolagan va o‘sha kuni matbuot e’lon qilinib, kuchga kirgan.

Ozodlikka Popdan kelgan xat muallifi mazkur qonunning demokratik prinsiplarga to‘la mos emasligiga ishora qilib, bunday yozgan:

“Saylov xalqniki, mahallaniki emasmi?! Hokimlarning nomzodlarga xulosa berishiga qonun bo‘yicha chek qo‘yish vaqti yetib keldi”.

Mahalla raisligiga nomzodlar mahalliy hokimlarning chig‘irig‘idan o‘tkazilishidan fuqarolar norozi ekanligi Ozodlikka kelayotgan videolardan, masalan, Qashqadaryo viloyatidan kelgan quyidagi videodan ko‘rinib turibdi.

Videoga ilova qilingan matndan unda aks etgan majlis Qarshi shahridagi Komilon mahallasida o‘tgani anglashiladi. (Ozodlik bu video bilan bog‘liq voqeani qo‘shimcha o‘rganmadi) Videoda hokimlik vakili o‘tkazgan yig‘ilishda norozilik yuzaga kelgani aks etgan:

Видео: Қарши шаҳридаги маҳалла йиғинларидан бирида сайлов
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:19 0:00

***

Bosh prokuratura matbuot xizmatining Namangan viloyat, Pop tumanida o‘tkazilgan saylovlar yuzasidan Ozodlikka javobi

"Pop tumanida 77 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahalla fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib, ularda joriy yilning 1 mayidan 20 mayiga qadar saylov o‘tkazish belgilangan.

Har bir mahalla fuqarolar yig‘inlarida tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasiga ishchi guruhlari tavsiya xati bilan ko‘rsatilgan nomzodlar O‘zbekiston Respublikasining 15.10.2018 yildagi “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 16 va 17-moddalari talablari asosida saylovni o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Respublika mintaqaviy ishchi guruhi tomonidan 2019 yil 1-3 va 13 aprel kunlari suhbatdan o‘tkazilgan.

Tumanda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar 132.645 nafarni tashkil etib, ulardan saylangan 15.927 nafar vakillardan 12.583 nafari yoki 79 foizi saylovlarda qatnashgan.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish oshkoralik, muqobillik hamda teng saylov huquqi printsiplari asosida amalga oshirilgan.

Bugungi kunga qadar 76 ta o‘zini o‘zi boshqarish organlari raisligiga saylovlar o‘tkazilgan bo‘lib, saylovlarda 169 ta nomzodlar ishtirok etgan.

Saylangan 76 ta raislardan 57 tasi birinchi marta, 19 tasi amaldagi raislar hisoblanadi. Shuningdek, raislardan 12 nafarini ayollar tashkil etgan.

Shuningdek, saylangan raislardan 35 nafari oliy, 41 nafari o‘rta-maxsus ma’lumotga ega bo‘lib, 7 nafari 45 yoshgacha, 30 nafari 55 yoshgacha, 35 nafari 65 yoshgacha, 4 nafari 75 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarni tashkil etgan.
Saylovlarda 65 nafar o‘zbek va 11 nafar tojik millati mansub fuqarolar raislikka saylangan.

Pop tumanida o‘tkazilgan saylov natijalaridan norozilik haqida Pop tuman prokuraturasiga 4 ta murojaat kelib tushgan.

Xususan, tumanning “Yuqori Chodakboshi” MFYda yashovchi fuqaro 18.05.2019 yilda Bosh prokuratura “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, unda “Yuqori Chodakboshi” MFY raisligiga nomzod J.X. Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan sudlangani uchun nomzodlar qatoridan chiqarishni so‘ragan.

Aniqlanishicha, “Yuqori Chodakboshi” MFYda 18.05.2019 yilda saylov o‘tkazilib, saylovda 243 nafar vakillar qatnashib, yakuniga ko‘ra fuqaro J.X. 67 ta yoki 28 foiz, fuqaro A.A. 176 ta yoki 72 foiz ovoz yig‘ib, A.A. “Yuqori Chodakboshi” MFY raisi etib saylangan.

Shuningdek, “Pillakash” MFYda yashovchi fuqaro 10.05.2019 yilda Bosh prokuratura “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, “Pillakash” MFY raisligi uchun saylov noqonuniy o‘tgani, T.M. qayta saylanganidan noroziligini bildirgan.

“Pillakash” MFYda 10.05.2019 yilda o‘tkazilgan saylovda 117 nafar vakillar qatnashib, saylov yakuniga ko‘ra fuqaro I.X. 51 ta ovoz yoki 44 foiz, fuqaro T.M. 66 ta yoki 56 foiz ovoz bilan “Pillakash” MFY raisi etib saylangan.

Bundan tashqari, “Istiqlol” MFYda yashovchi fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq qabulxonasi”ga 13.05.2019 yilda hamda viloyat prokurori nomiga 16.05.2019 yilda ariza bilan murojaat etib, unda “Istiqlol” MFY raisligiga o‘tkazilgan saylovda I.A. nomzodini olib tashlanganidan norozi ekanligini bildirgan.

Saylovdan besh kun oldin “Istiqlol” MFY ishchi guruhiga tuman hokimining asoslantirilgan xulosasi berilgan bo‘lib, unda fuqaro I.A.ning nomzodi “Istiqlol” MFY raisi saylovida ishtirok etish uchun tavsiya etilmagan.
“Istiqlol” MFYda 10.05.2019 yilda saylov o‘tkazilib, saylovda 201 nafar vakillar qatnashib, saylov yakuniga ko‘ra fuqaro M.M. 89 ta ovoz yoki 45 foiz, fuqaro I.S. 112 ta yoki 55 foiz ovoz bilan “Istiqlol” MFY raisi etib saylangan.

Hozirda mazkur arizalar bo‘yicha Pop tuman prokuraturasi tomonidan tekshirish olib borilmoqda.

Tuman prokuraturasiga boshqa mahallarda o‘tkazilgan saylovlar yuzasidan murojaatlar kelib tushmagan".

XS
SM
MD
LG