Ham pullik, ham bepul ta’lim - ayrim maktablar xususiy sektorga beriladi (VIDEO)

Qashqadaryo viloyat, G‘uzor tumanidagi maktab.

O‘zbekistonda maktablarning bo‘sh turgan binolari va yer maydonlari tadbirkorlarga ishonchli boshqaruvga beriladi. Ta’limda boshqaruvning yangi shaklini joriy qilish prezidentning 6 noyabrda imzolagan farmonida ko‘zda tutilgan.

Xalq ta’limi vazirligining bildirishicha, tadbirkorlarga sinf xonalarining 30 foizi va undan ko‘p qismi bo‘sh turgan maktablar beriladi.

Joy yetishmagani sababli aksariyati ikki smenada ishlaydigan qariyb 10 mingta maktabdan qanchasi farmonda ko‘rsatilgan talabga javob berishi, ya’ni tadbirkorga berilishi hozircha ma’lum emas.

Prezident Mirziyoyev 6 - noyabrda imzolagan “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon keng qamrovli hujjatdir.

Farmonning mavzuga oid qismi

Ba’zi maktablarni tadbirkorlarga ishonchli boshqaruvga berishga oid ko‘rsatmalar prezident farmonida belgilab qo‘yilgan choralardan biridir.

Farmonning 5- bandida ishonchli boshqaruvga berish shartlari bayon qilingan.

“Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining umumta’lim muassasasini saqlash uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini kamaytirmagan holda Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Nukus shahri va viloyatlar markazlaridagi navbatlilik koeffitsienti 0,7 dan past bo‘lgan umumta’lim muassasalarini tajriba-sinov tariqasida xususiy sektor vakillariga 5 yilga ishonchli boshqaruvga (keyinchalik uzaytirish huquqi bilan) berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin”.

O‘qituvchining maoshini kim to‘laydi?

Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova 12 - noyabrda Ozodlik so‘roviga javoban farmonning bugungi mavzuga aloqador qismini sharhlab berdi:

0,7 koeffitsient to‘g‘risida: Bu - maktabdagi mavjud o‘quvchi o‘rinlarining 70 foizida o‘quvchi bor, qolgan 30 foizi bo‘sh turibdi, degani. 0,7 hamda undan oz koeffitsientli maktablar tadbirkorlarga 5 yil muddatga ishonchli boshqaruvga beriladi.

O‘qituvchilarga ish haqini kim to‘lashi to‘g‘risida: Maktab tadbirkorga berilgunga qadar o‘qigan va bundan keyin ham o‘qiydigan kontingent bilan ishlaydigan o‘qituvchilarga ish haqini davlat to‘laydi.

Tadbirkor nimadan pul qiladi?

Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamovaning izoh berishicha, ishonchli boshqaruvga olgan tadbirkor maktabdagi bo‘sh o‘rinlar hisobidan yangi sinflar tashkil qiladi, bu sinflar pullik bo‘lishi mumkin, ota-onalar xususiy maktabga to‘laganday pul to‘laydi.

Bu sinflarda ishlaydigan o‘qituvchilarga ish haqini tadbirkor beradi. Maktabning bo‘sh turgan xonalari hamda yer maydonidan to‘garaklar, kurslar tashkil qilish uchun foydalanishi mumkin. Ta’limdan boshqa maqsadlarda foydalanishi, masalan, ishlab chiqarish sexlari qurishga haqli emas.

Tadbirkorning majburiyatlari to‘g‘risida: Maktab mikrohududidagi bolalarni shu maktabda o‘qitish majburiyatini oladi, maktabning ko‘rsatkichlarini ko‘taradi, binoni ta’mirlaydi, moddiy texnik bazasini mustahkamlaydi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamovaning aytishicha, tadbirkor o‘zi ochadigan pullik sinflarda ishlaydigan o‘qituvchilarga ish haqini qancha to‘lashi hali ma’lum emas. “Kriteriylar ishlab chiqilmoqda”, dedi matbuot kotibi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

QAShQADARYo – “Bu binoni maktab deyishga ham uyalasiz!”

Vazir o‘rinbosari javobsiz qoldirgan savol

Masalaning hozircha noma’lum bo‘lgan yana bir jihati bor: mamlakat bo‘ylab nechta maktab tadbirkorga ishonchli boshqaruvga beriladi? Shu masalaga oid mahalliy telekanal muxbirining kuni kecha Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bergan savolini Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev javobsiz qoldirdi.

Aftidan, qancha maktabning, vazir o‘rinbosari "xususiylashtirish emas"ligiga urg‘u bergan tadbirkorlarga ishonchli boshqaruvga berilishi hozircha noma’lum. Ayni savolga javob viloyat xalq ta’limi boshqarmalaridan ham topilmadi.

Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi 13 - noyabr kuni Ozodlik savollariga ismi aytilmaslik sharti bilan javob berar ekan, “bo‘sh turgan sinf xonalari bor maktablarni shaxsan men bilmayman. Farmonda aytilganday, 0,7 koeffitsientli yoki undan ham ozroq maktablar aholi endi uy qurib, ko‘chib borayotgan hududlarda bo‘lishi mumkin. Lekin u maktablarda ham koeffitsient vaqt masalasidir. Maktablar bir-ikki yildayoq to‘lib qoladi”, - dedi xalq ta’limi boshqarmasi vakili.

Mulozim bilan muloqotdan Prezidentning 6 - noyabrdagi farmoni puxta tayyorlanmaganmikan, degan taassurot paydo bo‘ldi: shu kunda boshqarma mulozimlari farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ustida ish olib borilayotgani, xususan, tadbirkorlarga berilishi mumkin bo‘lgan maktablarni aniqlash ishlari ham ketayotgani aytildi.

Prezident farmoni tashvishlarni kuchaytirishi mumkin

Prezidentning maktablarni tadbirkorlarga ishonchli boshqaruvga berishga doir farmonini ba’zi hokimlar suiiste’mol qilishi mumkinligi to‘g‘risida tashvishlarni paydo qilmoqda. Bunday tashvish Farg‘ona viloyat Beshariq tumani Dala-Hamid Olimjon MFY aholisida paydo bo‘lishi esa, aniq. Kuni kecha 680 xo‘jalik nomidan Ozodlikka murojaat qilganlar tuman hokimi maktabga tegishli bolalar o‘yingohini buzib, tadbirkorga do‘kon, to‘yxona va choyxona qurishga berib yuborayotganidan arz qilgan edi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

FARG‘ONA - "Tuman hokimi maktabga tegishli bolalar o‘yingohini buzib, tadbirkorga do‘kon, to‘yxona va choyxona qurishga berib yuboryapti"

Prezident farmoniga binoan “umumta’lim muassasasining bo‘sh turgan binolari va yer maydonlarini ishonchli boshqaruvchiga ajratish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xalq ta’limi vazirining qabul qilgan qaroriga asosan amalga oshiriladi”.

Bepul ta’lim xavf ostidami?

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim o‘zbekistonliklar, davlat byudjetidan moliyalashning saqlanib qolishiga qaramasdan, amalda bu kabi tajriba bepul ta’limni xavf ostiga qo‘yishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda.

Ayrimlar yangicha boshqaruvni "ota-onalardan pul yig‘ishni qonuniylashtirish" deb ham izohlashgan.

Bu kabi xavotirlarning sababi so‘nggi yillarda davlat obyektlari yoki aholi uy-joylarining xususiy sektor, ayniqsa, qurilish shirkatlari tomonidan katta sur’atlarda o‘zlashtirilayotgani.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, alohida maktablarning tadbirkorlarga ishonchli boshqaruvga berilishi ularning yuridik maqomini o‘zgartiradi.

Tadbirkorning o‘z hisob raqami asosida ish yuritishi maktabga ajratilgan moliyaning maqsadli sarflanishi va hisobdorlik yuzasidan savollarni ham o‘rtaga chiqaradi.

Ushbu holatda maktablar byudjetini kim nazorat qiladi yoki ularga, xorijiy tajribada bo‘lgani kabi, vasiylik kengashlari yo-da ota-onalar qo‘mitalarining ham jalb qilinish-qilinmasligi ma’lum emas.

Bu va boshqa savollar hozircha ochiq qolmoqda.

Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, 2019-2020 - o‘quv yilida mamlakatdagi 9942 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida 6119440 o‘quvchi o‘qigan.