Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:42

"O‘lganini oxirigacha yashirishdi". Farg‘onalik ona o‘g‘lining o‘limi bilan bog‘liq savollariga javob izlamoqda


Qo‘qon shahar voyaga yetmaganlarga yordam ko‘rsatish markazi.
Qo‘qon shahar voyaga yetmaganlarga yordam ko‘rsatish markazi.

Shu yilning 16-oktabrida o‘g‘rilikda gumonlanib ushlangan va Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan 14 yashar Ravshanbek Abdusattorovning o‘limi yuzasidan xizmat tekshiruvi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga ko‘ra, dastlabki tekshiruvlar davrida o‘smirga tan jarohatlari etkazib, o‘limiga sabab bo‘lgan markazning ikki nafar tarbiyalanuvchisi O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi (Badanga og‘ir tan jarohati yetkazish) da ayblanib, protsessual tartibda qamoqqa olindi va ularga nisbatan tergov harakatlari boshlangan.

Ravshanbek 15 yoshga to‘lishidan bir oy avval jon berdi. Uning o‘limiga sabab bo‘lgan hamma tafsilotlar hozirgacha ochiqlanmagan.

Ravshanbek 16-oktabr kuni, yaqinlarining aytishicha, "bolalik qilib" do‘kondan bitta "Pepsi kola" va bir dona qurutni pulini to‘lamasdan olib chiqqan. Do‘kon qorovullari ushlab olib, ichki ishlar xodimlariga topshirgan, ular esa bolaning onasiga ham xabar bermay Qo‘qon shahar Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirgan.

Ertasi kuni esa markazda, rasmiy farazga ko‘ra, "boshqa bolalar tomonidan" shafqatsizlarcha do‘pposlangan Ravshanbek, "tez yordam"da jon bergan.

"Bolamni o‘gay ota qo‘liga solmay deb boshqa turmush qurmadim"

Ravshanbekning onasi Zaynabxon 42 yoshda. O‘g‘li chaqaloqligi paytida oilaviy kelishmovchilik sabab eridan ajrashib, ota uyiga qaytib kelgan. Zaynabxon yolg‘izgina bolasini o‘zi va tog‘alari yordamida katta qilgan, boshqa turmush qurmagan.

Ravshanbek Abdusattorov onasi (chapda) bilan.
Ravshanbek Abdusattorov onasi (chapda) bilan.

Ozodlik bilan suhbatda, u bolasini ko‘z qorachig‘idek asrab, katta qilganini aytadi:

"O‘g‘limni o‘gay otaning qo‘liga solmay deb, boshqa turmush qilmadim. O‘zim, tog‘alari birga katta qildik. O‘zi zaifgina bola edi. O‘rtoqlariga, hammaga mehribon, yuvosh bola edi. Maktabda ham o‘rtacha o‘qirdi. 9-sinfda o‘qirdi. Darsdan so‘ng duradgor ustaga shogird tushib kasb o‘rganayotgan edi. Mening suyanchig‘im, ko‘zimning qorasi edi. O‘zim pedkollejni tugatganman, ilgari maktabda tarbiyachi bo‘lib ham ishlaganman. Bolam katta bo‘lib qoldi, ishimga qaytsammi, deb o‘ylab yurgandim. Endi esa maktabga borolmayman, bolamning o‘rtoqlarini ko‘rib qanday chidayman?"

Zaynabxon tuni bilan uxlolmay chiqayotgani, bolasining surati ko‘z o‘ngidan ketmayotgani haqida gapirar ekan, uning birov bilan urushmaydigan nimjongina o‘g‘lining o‘limiga sabab bo‘lgan holatlar hamon qorong‘uligicha qolayotganini aytadi:

“Markaz xodimlari o‘g‘limning o‘lganini oxirigacha yashirishdi. Men shularning ham qo‘li bor deb o‘ylayman. Bolam o‘lguncha do‘pposlanadiyu, dod-voy deydiyu, hech kim eshitmadimi? Ikkita bola hech qachon urib o‘ldirib qo‘yish darajasigacha yetkazishi mumkin emas. Bu voqea kechasi ham bo‘lmagan, kunduzi bo‘lgan. Meni olib borib, ichkariga kirgizishmadi. Yana eng taajjublanarli joyi, birinchi chaqirganda “Bolangizning qanaqadir kasalligi bormidi”, deb so‘rashdi? Nega unday deb so‘raydi, biror narsani aytsam, o‘sha kasaldan o‘ldi deb deloni yopish uchunmi? Javobsiz savollar juda ko‘p”.

Zaynabxonning javobsiz savollariga hali tergov to‘liq javob berganicha yo‘q. Bu fojia qariyb bir oydan so‘ng oshkor bo‘lganidan so‘ng, rasmiy idoralar ishga tushib ketdi.

Qo‘qon shahar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘i ishdan olindi. 2 nafar xodim IIO xizmatidan bo‘shatilib, qamoqqa olindi. Shuningdek, xizmat faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun 3 nafar xodimga “hayfsan” intizomiy jazosi tayinlandi. 4 nafar xodimning esa, lavozimiga loyiq yoki noloyiqligini aniqlash maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilandi.

Shu bilan go‘yo gunohkorlar jazolandi, badanga og‘ir tan jarohati yetkazishda ayblangan bolalar ishi esa tergovda.

Ammo, bolaning onasi ham, tog‘asi ham uni markazdagi boshqa bolalar urib o‘ldirib qo‘yganiga shubha qilishmoqda. Ularning iddaosicha, bolani ichki ishlar xodimlari urib o‘ldirib qo‘ygan va bu ishni yengil ko‘chirish uchun qariyb bir sutka onasiga xabar bermay, bolaning o‘limi haqida boshqa "sabab"larni to‘qishga ulgurishgan.

Ushbu xabar chiqqanidan so‘ng markazga kirish, u yerdagi sharoitlar bilan tanishish uchun birorta OAVga yoki blogerga ruxsat berilmadi. Nima bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha yopiq eshiklar ichida bo‘ldi va aslida voqea qanday yuz bergani shu paytgacha ochiqlanmagan.

Ismi sir qolishini so‘ragan qo‘qonlik davlat xizmatchilaridan birining markazda avval ishlab ketgan tanishining gapiga tayanib aytishicha, bolalarni kaltaklash oddiy hol bo‘lib qolgan:

“Hozir hech kim u bolani boshqa bolalar urib o‘ldirib qo‘yibdi, degan gapga ishonmayapti. Tanishimning aytishicha, markazda bolalarni qattiq urishar ekan. O‘zim ham urganman, ularni kaltaklamasdan tinchitishning iloji yo‘q, deydi. O‘sha eski tizim, eski munosabat, hech narsa o‘zgarmagan”.

Javobsiz savollar ko‘p

Mamlakatda qiynoqlar yo‘qligi, uning tizim tomonidan to‘liq bartaraf qilingani haqida takroriy bayonotlar berib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha Vakilning o‘rinbosari – Bolalar Ombudsmani Aliya Yunusovaning hodisani o‘rganish uchun Qo‘qonga borgani xususida xabar qilindi.

Ozodlik bilan suhbatda Aliya Yunusova o‘smir kaltaklangan voyaga yetmaganlarga yordam ko‘rstaish markazida bo‘lgani, bu ish xolis tekshirilishi uchun ichki ishlar va prokuraturaga tavsiyalar berganini aytdi:

“O‘sha kuni bordik, masalani o‘rgandik, ichki ishlarga, prokuraturaga kerakli tavsiyalarni berdik. Kaltaklashda gumonlangan ikkita bola qamoqqa olingan, o‘sha yerdagi o‘ntacha bola bilan gaplashdik. O‘z vazifasiga loqayd bo‘lgan xodimlarga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Hozir tergov bo‘lyapti, biz bu masalani nazoratga oldik”.

Ozodlik: - Ikkita bola qamoqqa olingan deyapsiz, o‘sha bolalarni ko‘rdingizmi? Balki, ularning umuman gunohi yo‘qdir, balki ularning ham aytadigan gapi bordir?

Aliya Yunusova: - Shunday ham bo‘lishi mumkin. Men bu masalani alohida milliy komissyaining rahbari bilan alohida gaplashdik. Shu masala mening oldimda ham turibdi. Bu bolalar bilan men ertaga alohida gaplashaman va yana uchrashamiz”.

Ichki ishlar vazirining iste’fosiga chaqiriqlar

O‘smirning o‘limi ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida yirik virtual norozilik to‘liqinini yuzaga keltirdi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aksariyati o‘smirning o‘limida ichki ishlar idoralarini ayblab, uning qiynoqlardan o‘lganini iddao qilishdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi norozilik qariyb bir oydan beri muhokama nishonida bo‘lgan qiynoqlar masalasidagi norozilikka ulanib ketdi.

Sirdaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlaridagi tergov izolyatorlarida qiynoqqa olingan fuqarolarga oid iddolar Farg‘ona viloyatidagi koloniyadan ikki mahkumning o‘limi qayd qilinishi bilan olovlandi.

Tarmoq foydalanuvchilari so‘nggi paytlarda qiynoq faktlarining ko‘payganini iddao qilib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosini talab qilishdi.

Tarmoq faollari ichki ishlar xodimlarini zo‘ravonlikda ayblashdi.

Kun.uz nashriga intervyu bergan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati Rasul Kusherbayev bunday hodisa mamlakat fuqarolar ongida qo‘rquv uyg‘otishini aytib, nafaqat ichki ishlar vaziri, balki barcha kuch ishlatar tizimlar rahbarlarining iste’fo berishi lozimligini urg‘uladi.

Insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha Respublikasi komissiyasi a’zosi Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, iste’folarning o‘zi etarsiz, hukumat tizimni o‘zgartirish choralarini ko‘rishi kerak.

Oradan ikki kun o‘tib, 15-noyabrda ijtimoiy tarmoq va mahalliy internet nashrlarida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning ishdan olingani, uning o‘rniga Milliy gvardik qo‘mondoni Rustam Jo‘rayevning vazir etib tayinlanganiga oid xabarlar paydo bo‘ldi.

Biroq Ichki ishlar vaziri iste’fosiga doir xabarlar haligacha rasman tasdiqlangani yo‘q.

Javobgarlikka tortilgan mutasaddilar

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga ko‘ra, o‘smirning o‘limi yuzasidan ichki ishlar xodimlariga nisbatan olib borilgan xizmat tekshiruvlari natijasida Qo‘qon shahar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazining ikki nafar xodimiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 207-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, xodimlar protsessual tartibda qamoqqa olindi.

Shuningdek, 3 nafar ichki ishlar xodimi lavozimlarida qolishi uchun attestatsiya tayinlandi. 4 nafar rahbar xodimlarga nisbatan hayfsan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakuni bo‘yicha Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi boshlig‘i egallab turgan lavozimidan bo‘shatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan holat yuzasidan bir qancha rahbariy ko‘rsatmalar berildi.

Qiynoq iddaolari to‘xtamayapti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-martida BMTning inson huquqlari bo‘yicha Kengashida so‘zlagan nutqida mamlakatda qiynoq holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi borasida davlat dasturi ishga tushirilgani ta’kidlangandi.

2021-yilning 6-iyun kuni Xalqaro qiynoqlarga qarshi kurash kuni munsabati bilan chiqarilgan Prezident qarorida mamlakatda qiynoqlarga qarshi kurash bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlar joriy qilingani ta’kidlanadi.

O‘zbekiston Respubilkasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova mazkur guruh rahbari o‘laroq, teroov izolyatoorlari va qamoqxonalarda muntazam jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yilgani va qiynoqlarning butkul tugatilganini ta’kidlaydi.

Shunga qaramay mamlakatda mustaqil inson huquqlari follari va jurnalistlar qiynoqlarning davom etayotgani, rasmiylar bu holatlarni yashirayotganini iddao qilishmoqda.

Faollar shu yilning avgust oyida Jizzax viloyatining Zomin tumanida IIB xodimlari tomonidan A. Berdimurodovga nisbatan shafqatsiz qiynoqlar qo‘llanilgani, bu holat yuzasidan IIO xodimlariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganini ta’kidlaydi.

Sirdaryo viloyati Yangier shahar IIB xodimlari tomonidan fuqaro Toshpo‘latovning qiynoqqa solingani va mazkur holat yuzasidan tekshiruvlar ketayotgani aytiladi.

O‘tgan yillarda Qashqadaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarida qiynoq va zo‘ravonliklar odamlar o‘limiga sabab bo‘lganini mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham e’tirof etgan.

XS
SM
MD
LG