Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:25

Tungi navbatlar. O‘zbekistonda metan gaz yana taqchillashdi


Avtomobillarning metanga navbati har yili kuzatiladi. Metan quyish shoxobchasi, Asaka, 2018 - yil, 22 - dekabr
Avtomobillarning metanga navbati har yili kuzatiladi. Metan quyish shoxobchasi, Asaka, 2018 - yil, 22 - dekabr

Qish mavsumi boshlanishi bilan O‘zbekistonda aholiga beriladigan elektr energiyasi va gaz bilan bir qatorda metan gaz taqchilligi ham kuzatilmoqda.

Ozodlik bog‘langan mutassadilar, o‘tgan yillardagi kabi yuzaga kelgan vaziyatni aholi tomonidan gaz iste’molining ko‘payishi va quvurlarda bosim pasayishi bilan izohlamoqda.

Biroq ekspertlar zapravkalardagi turnaqator navbatlarning paydo bo‘lishi qishda tabiiy gazga eksport narxining oshishi bilan ham tushuntirishadi.

Ozodlikka kelayotgan murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlardan havo sovishi bilan O‘zbekistonning turli mintaqalaridagi metan gaz quyish shoxobchalarida yana taqchillik yuzaga kelayotgani anglashiladi.

Farg‘ona viloyatining Yaypan tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan Jahongir ismli haydovchi vaziyatni bunday tasvirlaydi:

- Yangi yildan oldin, ayniqsa vaziyat juda yomon edi. Tungi soat 3 da omadim chopib, navbatga turvolsam, ertalabki 8da mashinani to‘ldirib chiqib ketaman. Har kuni 5-6 soat umrim o‘tadi metan zapravkasi oldida. Narxni dekabr boshida 2800ga ko‘tarib olishdi - haligacha shu narx turibdi. Mashinalar qatorlashib ketadi. Yangi yil o‘tdi – haligacha vaziyat o‘zgargani yo‘q bizda, - deydi Jahongir.

Jahongir AGTSK (avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi-tahr.) shoxobchalaridagi vaziyat, ayniqsa sovuq tushishi bilan yomonlashishini qo‘shimcha qildi. U gaz narxining oshirilishi yo‘l haqining ko‘tarilishiga, bu esa so‘zsiz kundalik iste’mol tovarlarning ham narxi oshishiga olib kelayotganini aytadi.

Toshkent viloyati Ohangaron yo‘lidagi metan zapravkalarda navbat kundan-kun ko‘paymoqda. Benzinda yuraylik desak, AI-80 kamayib qoldi. Bori ham qimmatga sotilyapti. Holatga Energetika vazirligi e’tibor qaratishini so‘raymiz”, deb yozadi yana bir murojaatchi Ozodlikka.

Ma’lum bo‘lishicha, ayrim mintaqalarda yangi yilning ilk kunlarida metan gaz ta’minoti masalasi yaxshilangan.

Ammo haydovchilar vaziyat sovuq tushishi ortidan keskin o‘zgarib ketishi mumkinligidan xavotirda.

Sirdaryo viloyati yashovchilaridan biri havo ilishi ortidan vaziyat biroz yumshaganini aytadi.

- Kunlar isiganiga navbatlar biroz kamaygan. Sovuq kunlarda bitta mashinani 5 minutcha to‘ldirasiz: yoz kunlari 1 – 1,5 minutda to‘ladi. Shu sababli ham navbatlar ko‘payib ketayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin “Shunday turnaqator navbatlar zapravka egalariga foyda-da”, deb o‘ylab qolasan ba’zan. 5-6 kun probka bo‘lsa, darrov narx oshib ketadi. Ayniqsa, qor tushsa muammolar ko‘payadi. Ertaga sovuq tushsa, yana shu ahvol bo‘lishini eslasam yuragim orqaga tortib ketadi, - deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan sirdaryolik haydovchi.

Suhbatdosh Sirdaryo viloyati shoxobchalarida metan gazning 1 kub metri 2500-2600 so‘mdan sotilayotganini bildirdi.

Metan gaz zapravkalari oldida mashinalarning uzundan-uzun navbatlari aks etgan video va fotosuratlar Internet tarmoqlarida ham qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi.

O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda aholini metan gazi bilan ta’minlovchi barcha kompressor stansiyalar prezidentning 2021 - yil dekabridagi farmoniga muvofiq metan gazini “Hududgazta’minot” bo‘linmalaridan sotib oladi.

Prezidentning 2019 - yil iyulidagi qaroriga ko‘ra, “O‘ztransgaz” aksionerlik jamiyati “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidan chiqarilib, “O‘zbekneftgaz”ning “O‘ztransgaz” ustav kapitalidagi ulushini O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish tasdiqlangan edi.

“O‘ztransgaz”ning gaz ta’minoti bo‘yicha hududiy filiallari negizida “Hududgazta’minot” aksionerlik jamiyati tashkil qilinib, Agentlik uning aksiyadori etib belgilangan. Rasmiylar ushbu tuzilmaviy o‘zgarishlardan maqsad aholini, jumladan metan gaz bilan ta’minlashni yaxshilash ekanini aytishgan.

Soha mutaxassislari O‘zbekistonda gaz quvurlaridagi bosimning pastligi energetika infratuzilmasini kapital ta’mirlash va modernizatsiya qilish zaruratidan dalolat berishi to‘g‘risida ancha yildan buyon gapirib keladi.

Rasmiylar gaz quyish shoxobchalaridagi navbatlarni qish mavsumida aholi tomonidan gaz iste’molining ko‘payishi bilan izohlab keladi. Mutasaddilarga ko‘ra, havoning keskin sovib ketishi natijasida gaz quvurlarida bosimning pasayishi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari ish vaqtini cheklashga majbur qiladi.

"Gazni qishda xorijga sotish afzalroq"

Ozodlik suhbatlashgan energetika sohasi mutaxassislaridan biri har yili qish mavsumida gaz quyish shoxobchalarida yuzaga kelayotgan muammolarni tizimdagi o‘g‘irliklar bilan bog‘laydi. Ismini oshkor etmaslikni so‘ragan ekspertga ko‘ra, gazning "qish va yozdagi tabiiy holatining o‘zi korupsion sxemalarga yo‘l ochadi".

- O‘zbekistonda mavjud barcha metan zapravkalarida gaz o‘g‘irlik holatlari mavjud. Gaz suyuqlikmas – uni nazorat qilish ham murakkabroq tuyuladi, uning qishda va yozdagi tabiiy holati katta korrupsiya sxemalariga yo‘l ochib beradi. Masalan, neft mahsuloti hisoblanadigan propan bilan katta miqdorda o‘g‘rilik qilish qiyinroq.

Soddaroq qilib aytganda, gaz tarqatuvchi shoxobchalar, masalan, “Buxoro-Ural” deb ataluvchi eng katta gaz quvuriga schyotchik o‘rnatib, gaz sotib oladi. Tabiiy gaz yopiq jamiyatlarda hokimiyat tepasidagilarning asosiy daromad manbai hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekistonda hozirgacha sotilayotgan gaz narxi ochiqlanmaydi – davlat siridek saqlanadi, - deydi Ozodlik suhbatlashgan ekspert.

Uning fikricha, bu yil Yevropada birinchi marta gazning fyuchers narxi 1 kub metriga 2 ming dollardan oshdi va bu barcha gaz ishlab chiqaruvchi davlatlarda bo‘lgani kabi, O‘zbekistondagi vaziyatga ham ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

- Yevropada gaz narxlarining ko‘tarilishi, birinchi navbatda, “Gazprom”ning “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri bilan bog‘liq siyosatning natijasi. Ammo bu kabi vaziyatda O‘zbekistonda gazning haqiqiy egalari aholi, jumladan, zapravkalarga gaz berishni keskin cheklashni buyuradi, shoxobchalar ish vaqtini qisqartiradi, gazning asosiy qismin esa esa eksportga yo‘naltiriladi. Chunki O‘zbekistonda iste’molchilar gaz uchun 30-40 dollar to‘laydi, “Gazprom" ga esa 300-400 dollarga sotiladi, o‘z navbatida ruslar yevropaliklarga gazni 2 ming dollarga pullaydi, - deya iddao qiladi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan neft-gaz mutaxassisi.

Ozodlik o‘zbekistonlik ekspertning ushbu iddaolari yuzasidan tegishli rasmiy idoralar, jumladan AGTSKlarni boshqaruvchi Energetika vazirligiga murojaat qildi, ammo hozircha javob olgani yo‘q.

London ICE birjasidagi savdo ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 - yilning 21 - dekabr kuni Yevropada tabiiy gazning birja narxlari o‘zining tarixiy rekordini yangilab, birinchi marta har 1 ming kub metr uchun 2000 dollardan oshgan. Bu o‘tgan yil boshiga nisbatan 10 barobar ko‘pdir.

O‘tgan yilning 17 - noyabridan boshlab O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarida xizmat ko‘rsatish jadvaliga vaqtinchalik cheklov o‘rnatilgani haqida xabar berilgandi. "O‘ztransgaz" AJ matbuot xizmati taqdim etgan shoxobchalarning hududlar kesimidagi ish jadvaliga ko‘ra, har bir viloyatda turlicha ish vaqti belgangani ham e’tiborga molik.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 - yilda O‘zbekistonda 53,8 milliard kub metr gaz qazib olish rejalashtirgan edi. Bu 2019- yilga nisbatan 6,7 milliard kub metrga kamdir.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati 2022 - yilda elektr energiyasi, gaz, issiq va ichimlik suvi hamda kanalizatsiya uchun tariflarni oshirishini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG