Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:26

Taqiqlangan materiallar ro‘yxati. "Rossiyadan andoza" va Karimov davridagi usullarga qaytish


21 yashar Jahongir Ulug‘murodov YouTube’dagi nashidaga link yuborgani uchun o‘tgan oy uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
21 yashar Jahongir Ulug‘murodov YouTube’dagi nashidaga link yuborgani uchun o‘tgan oy uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti O‘zbekiston hukumatini tarmoqlarda nashida (islomiy bag‘ishlov qo‘shig‘i)ni sinfdoshlari bilan bo‘lishgani uchun uch yilga qamalgan Jahongir Ulug‘murodov ustidan apellyatsiya sudining adolatli o‘tishini ta’minlashga chaqirdi.

14-iyun kuni Toshkent viloyati apellyatsiya sudlov hay’ati 21 yashar talaba Ulug‘murodovning ishini ko‘rishni boshladi, mahkamaning navbatdagi majlisi 21-iyun kuniga belgilandi.

HRW Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi uning diniy huquqlarini va e’tiqod erkinligini buzmoqda, deb hisoblaydi.

“So‘nggi paytlarda hukumat “ekstremistik” deb hisoblaydigan kontentlarni tarqatish ayblovi bilan ta’qib qilinayotganlar soni ko‘payib bormoqda”, deyiladi bayonotda.

May oyida 21 yoshli talaba o‘z sinfdoshlari bilan Telegram’dagi guruh suhbatida YouTube’dagi nashidga link yuborgani uchun uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bu qo‘shiqqa “aqidaparastlik g‘oyalari singdirilgan” deb hisobladi.

"Haddan tashqari qattiq jazo"

Human Rights Watch bayonotida qayd etilishicha, tashkilot mazkur nashida matni bilan tanishib chiqqan va unda “bevosita zo‘ravonlikka chaqiriq alomatlari mavjud emas”, degan xulosaga kelgan.

Tashkilot nuqtai nazaricha, Toshkent viloyat IIB 10-mayda Ulug‘murodov internet orqali «jihodga va shahidlikka chorlovchi materiallarni” tarqatgani to‘g‘risida ma’lumot berar ekan, bu iddaoni isbotlovchi yoki tasdiqlovchi hech qanday dalillarni keltirmagan.

Human Rights Watch bu kabi ayblovlar bilan Toshkent, Namangan va Andijonda bir necha yosh yigit sudlanganiga ham e’tibor qaratmoqda.

O‘tgan oy sud Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti talabasi bo‘lgan Ulug‘murodovni jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi material tarqatish, saqlash yoki namoyish etishda aybdor, deb topgan.

Sud aytayotgan aytayotgan material esa nashida yoki islomiy qo‘shiqdir.

Yaqinlari va tarmoq faollari sud ayblovga asos bo‘lgan materialni noto‘g‘ri malakalagani va Jahongirga haddan tashqari qattiq jazo tayinlaganini aytishmoqda.

U "mazkur diniy aqidaparastlik g‘oyalariga yo‘g‘rilgan nashidani 10 nafar a’zosi bo‘lgan “Alhamdulillah” nomli guruhga tarqatgan"i aytiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ulug‘murodov qo‘lga olinganida u quloq solgan nashida taqiqlangan materiallar ro‘yxatida bo‘lmagan.

Mamlakatda taqiqlangan “terrorchilik va ekstremistik tashkilotlarga tegishli materiallar” ro‘yxati mavjud.

"Bunday ishlar hatto ma’muriy ham emas"

Human Rights Watch ning Markaziy Osiyo bo‘yicha katta tadqiqotchisi Mira Ritmannga ko‘ra, Jahongir Ulug‘murodovning hibsga olinishida o‘zbek huquq-tartibot xodimlari mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan bo‘lishlari mumkin.

“Ulug‘murodov va boshqalarni “ekstremistik” deb atalgan materiallarni tarqatishda ayblab, ulardan zo‘ravonlikka undashda foydalanmoqchi bo‘lganliklari yoki ulardan foydalanishni maqsad qilganliklari uchun hech qanday dalilsiz qamoqqa olish - o‘z vakolatlarini qo‘pol ravishda suiiste’mol qilishdir”, -deydi Mira Ritmann.

Parijdagi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari Assotsiatsiyasi" rahbari Nadejda Atayeva bunday ishlar malakali ekspertiza xulosalariga tayanishi kerak, degan fikrda.

- Zo‘ravonlikka chorlovchi va taqiqlangan ma’lumotlarga ega adabiyotlar mavjudligi rost. Davlat, jamoat xavfsizligiga tahdid qiluvchi materiallar ham maxsus idoralar tomonidan bloklanishi tabiiy holat. Biroq, bu yerda “ro‘yxat qaysi mezonlar asosida tuzildi” savoli vujudga keladi. “Taqiqlangan” deb e’lon qilish uchun ekspertlar, olimlar, mutaxassislar xulosalari bo‘lishi shart. Bu xulosalar mezonlari ham oldindan belgilangan bo‘lishi lozim.

Biror o‘zbekistonlik bilib-bilmay muayyan saytlarga kirsa, guruhlarga a’zo bo‘lib qolsa yoki ayrim asarlarni, video va audiolarni qo‘l telefoniga ko‘chirib olsa ham O‘zbekiston Jinoyat kodeksi moddasi ostiga tushishi mumkin.

Masalaning muhim tomoni - bu taqiqlar nafaqat siz o‘zingiz yuklab olgan, ko‘chirgan, tarqatgan materiallarga tegishlidir. Ro‘yxatdagi taqiq ostidagi materialni sizga boshqa odam yuborgan bo‘lsa ham siz javobgarlikka tortilishingiz ehtimoli katta.

Hujjat to‘liq “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan materiallar ro‘yxati” deb nomlanadi va muntazam to‘ldirib turiladi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiy saytida bu ro‘yxat oxirgi marta 2023-yilning 17-may oyida to‘ldirilgani ochiqlangan.

Taqiqlangan diniy mazmundagi materiallar ro‘yxatini tuzish “Vazirlar Mahkamasining “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2014-yil 20-yanvardagi 10-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2019-yilda joriy etilgandi.

Unda ro‘yxat har yili kamida ikki marta Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan yangilab turishlishi aytilgandi. O‘shanda hujjatdagi “diniy ekstremizm” jumlasidan “diniy” degan so‘z olib tashlangan ham edi.

O‘zbekiston Oliy sudi qaroriga ko‘ra, ro‘yxat ijtimoiy tarmoqlardagi taqiqlangan profil, kanal va guruhlar hamda nashida va kitoblar ro‘yxatidan iborat.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita telegram-kanalida yoyinlangan ro‘yxatga “ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgani” aytilgan:

Facebook tarmog‘idagi 123 ta profil va guruh;

Instagram’dagi 60 ta profil;

Telegram’dagi 207 ta kanal;

Youtube’dagi 49 ta kanal;

“Odnoklassniki” tarmog‘idagi 16 ta guruh;

TikTok’dagi 13 ta profil;

7 sayt;

6 ta diniy nashida;

va 18 ta kitob nomi kiritilgan.

Shuningdek, ro‘yxatdan Shvetsiyadan boshpana topgan qoraqalpog‘istonlik imom Muhammadsodiq Obutov, qirg‘izistonlik imom Rashod Kamolov hamda uning marhum otasi Muhammadrafiq Kamolov, Shvetsiyada suiqasdga uchragan namanganlik imom Obidxon Nazarov, 1994-yilda Toshkent aeroportida g‘oyib bo‘lgan andijonlik imom Abduvali Mirzayevlar nomi ham o‘rin olgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda tanilgan yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxonning "Bu kunlar" kitobi, 2018-yilda O‘zbekistonni tark etgan imom Fazliddin Parpiyevning prezidentga videomurojaati ham ro‘yxatga kiritilgandi.

Bu materiallarni O‘zbekiston hududiga:

olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish qilish man etilgan.

Qo‘mita o‘zining boshqa bir postida o‘zbekistonliklarni terroristik va ekstremistik tashkilotlarga tegishli materiallarni tayyorlash va tarqatishdan saqlanish, xususan, shubhali audiomateriallarni Internet tarmog‘idan yuklab olmaslik, duch kelgan elektron kitobni yuklab, tarqatishdan tiyilish hamda tekshirilmagan foto va videomateriallarni Internetdan yuklab olishdan ehtiyot bo‘lish xususida ogohlantirgan.

Ya’ni, har bir O‘zbekiston vatandoshi har qaysi saytga kirishdan, ijtimoiy tarmoqdagi guruhga a’zo bo‘lishdan, kitob yoki audi yuklab olishdan oldin yuqorida tilga olingan ro‘yxatga nazar tashlashi lozim.

Aks holda u mahalliy qonunlar bo‘yicha jinoyat sodir etgan bo‘ladi.

Huquq faoli Nadejda Atayevaga ko‘ra, Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan jinoyat ishi mamlakatda inson huquqlari institutlari rivojlanmagani natijasidir.

- Bu bola birinchi marotaba javobgarlikka tortilmoqda. Balki u bilan suhbat o‘tkazib qo‘yish yetarli bo‘lardi?! Bu ish hatto ma’muriyga tortmaydi! Agarda O‘zbekiston liberallashuv, insonparvarlik jamiyati sari odimlayotgan bo‘lsa, hukumatga bu bolaning taqdirini sindirish va keyin unga “afv” e’lon qilishdan nima naf?! Har bir inson qachonlardir nimagadir qoqiladi, buning uchun darhol qo‘lini kesib tashlash kerakmas. Bunday odam umrining oxirigacha o‘ziga kelmaydi, qanaqa vatanparvarlik haqida gapirsa bo‘ladi keyin? Diniy erkinlik yo‘q jamiyat albatta turli xato tasavvurlar, g‘oyalar bilan to‘ldiriladi. Jamiyat bu muammolarni yashirmasdan muhokama qilishi lozim, agar g‘oya xato bo‘lsa, ekspertlar buni jamoat fikr almashinuvi jarayonida isbotlashi kerak. Shuning uchun ham davlatda demokratiya, inson haqlari institutlari rivojlanishi shart, - deydi huquq himoyachisi.

"Xizmat doirasida foydalanish uchun" tuzilgan ro‘yxat

Taqiqlangan va jamoatchilik uchun xavfli deb bilingan materiallar siyosiy-ijtimoiy mazmunda emas - u yerda hatto pornografik manbalarga taqiq qo‘yilmagan. Ro‘yxatdagi materiallar faqat diniy mazmunda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-aprelda qabul qilgan va shu yilning may oyida o‘zgartish kiritilgan qaroriga muvofiq, ekstremistik yoki terroristik ruhdagi materiallar ro‘yxati, u yoki bu materialni “jamiyat va tuzum uchun xavfli” deb topilishi uchun o‘tkaziladigan ekspertiza:

Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va “DINIY MAZMUNDAGI MATERIALLARNI TAYYORLASH, OLIB KIRISH VA TARQATISH HAMDA DINSHUNOSLIK EKSPERTIZASINI O‘TKAZISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOM” tomonidan belgilanadi.

Yaqingacha mazkur ro‘yxat "Xizmat doirasida foydalanish uchun" deb tasniflangan va jamoatchilik uning mazmuni to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lmagan.

AQSHdagi Janubiy Kaliforniya universitetining inson huquqlari bo‘yicha professori Stiv Sverdlou taqiqlash va qamoq jazosini qo‘llash bilan davlat bu muammoni bartaraf eta olishiga shubha bildirdi.

U Din ishlari qo‘mitasi va Oliy sud u yoki bu materialni taqiqlashi aksincha yoshlar e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda, deydi:

- O‘zbekistonga real qaraydigan bo‘lsak, mamlakat ichkarisida terrorchilik xavfi va ekstremistlar soni juda oz. Islom Karimov davrida jamiyatni qo‘rqitib olgan diktator tinch dindorlarni qamab kelgan. Bir nechta uchrashuvlarda yuqori lavozimli o‘zbek rasmiylari shaxsan menga “Stiv, biz o‘zbekistonliklar qo‘shni davlatlarda avj olayotgan, masalan, Hizb-ut Tahrirga qiziqishlarini istamaymiz!” deyishgan.

Afsuski, o‘zbek jamiyatida sun’iy tuzilgan va aksilg‘arbiy, ayollar huquqlarini kamsitayotgan va zo‘ravonlikka chorlayotgan odamlarga istaganini gapirishga ruxsat berilgan. Qizig‘i, hukumat taqiq qo‘yayotgan materiallarga yoshlar qiziqishi ortib boraveradi. Ekstremizmning oldini olishning yagona yo‘li mavjud , u ham bo‘lsa - inson haqlarini himoya qilish, ta’lim tizimini, jumladan, diniy ta’limni takomillashtirishdir.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasida chet elda nashr etilgan diniy adabiyotlarni olib kelish va tarqatish ularning mazmuni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilganidan keyin amalga oshirilishi belgilangan.

Nizomda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi materiallarni ekspertizadan o‘tkazishga Vakolatli organ deb belgilab qo‘yilgan.Qo‘mita ekspertlari O‘zbekistonga olib kirilayotan diniy mazmundagi media va matbaa mahsulotlarini o‘rganib chiqadi, ularni olib kirish, tayyorlash va tarqatish yuzasidan xulosalarini beradi.

Davlat bojxona qo‘mitasi va O‘zbekiston Davlat Chegara xizmati va Davlat Xavfsizlik xizmati olib mamlakatga kirilayotgan materiallar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatgan. Ozodlik smartfonlaridan topilgan materiallar uchun javobgarlikka tortilgan Rossiya, Qozog‘iston yoki Turkiyadan O‘zbekistonga kirib kelayotgan muhojirlardan shikoyatlar olgan.

Ekspertlar oxirgi yillarda diniy sohani nazorat ostiga olish harakatlari ayniqsa, sobiq Ittifoq mamlakatlari hududlarida avj olayotganiga e’tibor qaratib kelmoqda. Masalan, o‘tgan davr mobaynida Rossiyada 5342 ta, Qozog‘istonda 1133 ta, Qirg‘izistonda 167 ta va Tojikistonda 2417 ta radikal kontentlar sud tomonidan taqiqlangan.

Hukumat tomonidan taqiqlangan materiallar ro‘yxatining eng kattasi va mazkur ro‘yxat asosida eng ko‘p jazolanganlar bo‘yicha dunyodagi ilg‘orlik Putin Rossiyasiga tegishlidir.

SSSR davrida asosan adabiy asarlar taqiq ostida bo‘lgan bo‘lsa, zamonaviy Kreml rahbariyati 2002-yildan buyon “Ektremistik materiallar ro‘yxati”ni yangilab keladi.

Vaziyatning absurdligini Rossiyadagi Tataristonning Laishevskiy sudi 2021-yil dekabrida taqiqlangan ekstremistik materiallar ro‘yxatiga “Sahih al-Buxoriy” nashrini kiritgani ko‘rsatib turadi.

2022-yil 5-iyulda Tatariston Oliy sudi musulmonlar uchun ikkinchi manba sanalgan muqaddas “Sahih al-Buxoriy”ni ekstremist adabiyot ro‘yxatida qoldirish to‘g‘risidagi qarorni o‘z kuchida qoldirgandi. 2023-yilning aprelidagina jamoatchilik bosimi ostida Tatariston sudi hukmi bekor qilindi va bu muqaddas kitob ro‘yxatdan chiqarildi.

Ko‘plab soha ekspertlari Vladimir Putin rejimi joriy qilgan Internet, audio-video va matbaa materiallari senzura qilinishini boshqa satellit davlatlarga eksport qilgan, deb hisoblaydi.

Huquqshunos Stiv Sverdlou esa diniy radikalizmga qarshi kurashishning bunday usuli kashfiyotchisi aslida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov, degan fikrda:

- E’lon qilingan bu ro‘yxat Diniy masalalar qo‘mitasi jamiyatdan ajralgan holda bu muammoni bartaraf eta olmasligini ko‘rsatdi. Islom Karimov bunday ro‘yxatlarni tuzish kashfiyotchisidir! Afsuski, u boshqa davlatlarda ham taqiq qo‘yishga namuna bo‘ldi.Masalan, uchinchi muddatiga o‘tirgan Vladimir Putin ayni ro‘yxatni Rossiyada joriy qildi va bugun u qanday oqibatlarga olib kelganini ko‘rib turibsiz: u erda hatto iegovachilar xatarli tashkilotlar qatorida! Menimcha, O‘zbekiston diniy masalalar bo‘yicha tuzilmasi Karimov davridan qolgan eskicha yondashuvni qo‘llamoqda va yana o‘sha muvaqqat usullarni ishlatmoqda. Jamiyatda haqiqatan Islomga qiziqish yuqori va yuzaga kelayotgan ixtiloflar ro‘yxatlar tuzish bilan emas, jamiyatdagi erkin muloqot orqali bartaraf etilmog‘i lozim.

2018-yilda AQSH O‘zbekistonni diniy erkinlik bo‘yicha vaziyat «alohida xavotirli» davlatlar ro‘yxatidan chiqargan, ammo 2019-yilda uni diniy erkinliklarni toptovchi davlatlar ro‘yxatiga qaytargan.

So‘nggi oylarda tarmoqlarda tanishlariga nashida yo‘llagani uchun bir necha yosh yigit sudlanib, qamaldi, bu holat ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu yilning 30-yanvarida 21 yoshli Sardor Rahmonqulov 3 yil oldin sinfdoshiga yuborgan diniy qo‘shiq (nashid) uchun 5 yilga qamalgan, appelyatsiya sudi esa unga belgilangan jazo muddatini shartli qamoq jazosi bilan almashtirgan edi.

Shu yilning 27-mart kuni Toshkentdagi AQSH elchixonasida BMTning diniy erkinliklar bo‘yicha sobiq maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shaxid O‘zbekistondagi so‘nggi 5 yillikka oid hisobotini e’lon qildi.

Ayrim masalalarda “ijobiy siljishlar” borligini e’tirof etgan BMT vakili “aksariyat muammolarning o‘zgarmay qolayotgani xavotir” bildirgan. Ahmad Shahidga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunida diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish, diniy ta’lim berish, diniy adabiyotlar chop etilishi jarayonini erkinlashtirishga oid normalarda "qoloqlik" saqlanib qolmoqda.

3 yilga qamalgan talaba yigit Jahongir Ulug‘murodov ishi yuzasidan navbatdagi apellyatsiya mahkamasi Toshkent viloyat sudida 21-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG