Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:50

Sardoba toshqini: Ota-onasi uyida yashagan yosh oilalar uy ololmayapti


Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 570 ta hovli-joy suv ostida qolgan
Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2 570 ta hovli-joy suv ostida qolgan

O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining navbatdagi sanasi arafasida Sardoba toshqinidan zarar ko‘rgan yana 30 kishi o‘zlarining uy-joy huquqlari ta’minlanishini talab qilib Toshkentga, Vazirlar Mahkamasiga bordi.

Avvalroq Prezidentning Do‘rmondagi qarorgohiga norozilik yurishi qilgan sardobaliklar Do‘rmon yaqinida to‘xtatilib, ichki ishlar idorasiga olib ketilgan va u yerdan sirdaryolik rasmiylar hamrohligida uylariga qaytarilgandi.

Toshkentdan qaytarilgan sardobaliklar masalasi qanday hal bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumoti yo‘qligini bildirgan Sirdaryo viloyat hokimligi rasmiysining Ozodlikka aytishicha, viloyat hokimi 9 - dekabrda Sardoba suv omborida 1 - may kuni yuz bergan toshqindan zarar ko‘rgan aholini qabul qilgan.

Toshqindan zarar ko‘rganlardan biri Ozodlikka 40 mln so‘mlik tovon pulini ololmayotganidan shikoyat qilsa, boshqasi na uy, na tovon puli olganidan arz qildi.

Bir farzandning onasi, sardobalik 37 yashar Madina Niyozova shu kunda Sirdaryo tumanida istiqomat qilmoqda. Turmush o‘rtog‘i koronavirus epidemiyasi tarqalishni boshlagan paytda ish izlab Rossiyaga ketganicha, O‘zbekistonga qaytolmayapti.

Aytishicha, Nargiza Sardoba fojiasi ro‘y bergan kuni hozir istiqomat qilib turgan uyida bo‘lgan. Sardoba tumani Do‘stlik mahallasidagi ikki qavatli 4/7 - uydagi uch xonali kvartirasini esa, suv bosgan.

Madina Niyozovaning suv bosgan kvartirasi.
Madina Niyozovaning suv bosgan kvartirasi.

“Tumandagi 1- maktabda 16 yil ishlaganman, mehnat o‘qituvchisi, “Kamolot” yetakchisi bo‘lganman. Bir umr yiqqan bisotim o‘sha uyimda edi. Suv bosib, yaroqsiz ahvolga keldi. Qo‘shnilarim 40 million so‘mdan tovon puli oldi. Lekin menga “siz toshqin paytida boshqa tumanda yashagansiz”, degan bahona bilan 40 millionni hanuz berishmayapti”, - dedi Ozodlik bilan suhbatda Madina Niyozova.

Niyozovaning aytishicha, u toshqindan buyon o‘tgan 6 oydan ortiq vaqt mobaynida tuman va viloyat darajasidagi barcha tegishli idoralarga, hatto Oliy Majlis Senatigacha arz qilgan, biroq masalasi hal bo‘lmayapti.

Madina Niyozovaga rasmiy idoralardan kelgan javoblardan biri.
Madina Niyozovaga rasmiy idoralardan kelgan javoblardan biri.

Madina Niyozovaning aytishicha, unga suv ostida qolgan kvartirasining kadastr hujjatlari borligi uchun yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardan uch xonali kvartira berilgan. Biroq tovon puli berilmayapti.

Madina Niyozova masalasi yuzasidan Sardoba tuman Xalq qabulxonasi mutaxassisi Ozodlik savoliga kompyuteridagi ma’lumotlar orasidan javob izlayotgan paytda qabulxonada svet o‘chib qoldi. “Svet yonganda bog‘lanarsiz, ikki soatlarda yonib qolsa kerak”, - dedi mutxassis.

Sirdaryo viloyat hokimligining murojaatlar bo‘limi mutaxassisi Sardor Abduqodirovning Ozodlikka 9 - dekabrda bildirishicha, Madina Niyozovaning arizasi ikki kun oldin viloyat hokimining birinchi muovini Anvar Karimovga kiritilgan.

Madina Niyozovaga berilgan yangi xonadon oshxonasi.
Madina Niyozovaga berilgan yangi xonadon oshxonasi.

Davlat Madina Niyozovani jabrlanuvchi sifatida tan olib, yangi uydan kvartira bergan bir paytda nega tovon puli bermayotganini hokimlik mulozimi “toshqin yuz bergan paytda boshqa joyda yashab turgani uchun ro‘yxatga tushmay qolgan bo‘lishi mumkin”ligi bilan izohladi.

Maqola yozilayotgan paytda Sardoba toshqinidan zarar ko‘rganini aytgan yana bir sirdaryolik Ozodlikka murojaat qildi. Sardoba tumani Yurtdosh MFY, Orasta ko‘cha, 1- uyda istiqomat qiluvchi 30 yashar Ixtiyor Ochilovning Ozodlikka aytishicha, uning uyi toshqin oqibatida yaroqsiz holga kelgan, biroq unga davlatdan tovon puli ham, uy ham berilmagan.

“4 - dekabr kuni 30 kishi bo‘lib Toshkentga bordik. Vazirlar Mahkamasidan Mansur Jumaniyozov degan kishi chiqib, biz bilan gaplashdi. Shanba kuni Sirdaryoga boraman, o‘sha yerda gaplashamiz, deb va’da berdi. O‘sha kuni Prezident Xalq qabulxonasigayam kirmoqchi bo‘ldik. Kirolmay, qaytib kelaverdik”, - dedi Ixtiyor Ochilov.

Ozodlik sardobaliklarning Ixtiyor Ochilov qatnashgan 4 - dekabrdagi Toshkentga safaridan 4 kun oldin bo‘lgan boshqa safari haqida xabar qilgan edi.

30 - noyabrda Toshkentga arz qilib borgan sardobaliklar.
30 - noyabrda Toshkentga arz qilib borgan sardobaliklar.

30 - noyabrda 50 dan ortiq sardobalik Toshkentga, O‘zbekiston Bosh vaziri qabuliga kirish uchun borgan, bu yerda hech kim qabul qilmagach, arizachilardan biri Odina Komilovaning Ozodlikka aytishicha, ular prezident Mirziyoyevning Do‘rmondagi qarorgohiga qarab yo‘l olgan, yetib borganida ularni qo‘riqlash xizmati to‘xtatgan va Sirdaryoga qaytarib yuborgan edi.

Xo‘sh, bu arizachilarning masalasi nima bo‘ldi? Sirdaryo viloyat hokimligining murojaatlar bo‘limi mutaxassisi Sardor Abduqodirov Ozodlikning bu savoliga hozircha konkret javobi yo‘q ekanligini bildirarkan, viloyat hokimi bugun (9 -dekabr) Sardoba toshqinidan zarar ko‘rganlarni qabul qilayotganini aytdi:

“Bugun soat 11 larda viloyat hokimi (G‘ofurjon Mirzayev) birinchi muovini (Anvar Karimov) bilan birga Sardoba tumanidagi musiqa maktabida fuqarolarni qabul qildi Oq Oltin, Sardoba tumanlari, umuman toshqindan zarar ko‘rgan hududlardagi fuqarolar qabul qilinishi rejalashtirilgan. Biroq qabul natijalari to‘g‘risida hozir menda ma’lumot yo‘q”.

33 yashar Odina Komilova 30 - noyabr va 4 - dekabr kunlari Toshkentga arz qilib borgan. Uning Ozodlikka bildirishicha, shanba kuni (5 - dekabr) Vazirlar Mahkamasi mulozimi Mansur Jumaniyozov Sirdaryoga kelgan va uni qabul qilgan. O‘sha uchrashuvda unga to‘lanadigan tovon puli masalasi yechilgan. Odina Komilovaning aytishicha, u tovon pulini 7 - dekabr, dushanba kuni olgan.

Odina Komilovaning so‘zlariga ko‘ra, yana bir necha arizachining masalasi hal bo‘lgani yo‘q: "Menimcha yana bir necha kishi ketgan. Har holda, bugun menga Toshkentdan qo‘ng‘iroq qilib, uchraydigan joy manzilini so‘rashdi".

Hokimlik mulozimi Sardor Abduqodirovning aytishicha, toshqindan zarar ko‘rganlar bilan bog‘liq muammolar shu kunda “turmushidan ajralib, ota-onasining uyiga qaytib kelgan qizlar, toshqingacha ota-onasining uyida yashagan, biroq nomida alohida uy bo‘lmagani uchun zarar ko‘rgan oila sifatida uy olishga haqsiz, deb topilganlar bilan bog‘liq”.

Shunga o‘xshash fikrni toshqindan zarar ko‘rganlar muammolarini yaqindan o‘rganib kelayotgan sirdaryolik inson huquqlari himoyachisi Xayrullo Qilichev ham bildirdi:

Sirdaryolik inson huquqlari himoyachisi Xayrullo Qilichev.
Sirdaryolik inson huquqlari himoyachisi Xayrullo Qilichev.

“Keyingi kunlarda uy olishga haqlilarga yangi uylar berildi. Bu ish hanuz davom etmoqda. Biroq uy olishga haqli, deb tan olinganlardan haqsizlar ko‘proq. Uch xil ro‘yxat tuzilgan. Hozir uy olishga haqli emaslarga qachon va qay shaklda yordam berilishi noma’lum qolmoqda va shu mavhumlik norozilik paydo qilyapti”.

Joriy yilning 1 -mayida Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida¸ rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ 2 570 ta hovli-joy, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan¸ 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar-joy qisman zararlangan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Sardoba suv omborida to‘g‘onning o‘pirilishiga uch asosiy omil: loyiha hujjatlari, qurilish va ekspluatatsiyadagi xato va kamchiliklar.sabab bo‘lgani o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.

Yangi qaror

Vazirlar Mahkamasi 2020 -yilning 25 - noyabrdagi qarori bilan “Tabiiy ofatlar oqibatida aholiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi to‘g‘risida” nizomni tasdiqladi.

Nizomga muvofiq, “jabrlangan shaxs”, “tabiiy ofat”, “favqulodda vaziyat” va boshqa shu kabi tushunchalarga aniqlama berilgan, etkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish tartibi, yetkazilgan zararni aniqlash va baholash tartibi, jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash tartibi va boshqa shu kabi me’yorlar tasdiqlangan.

XS
SM
MD
LG