Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:30

Qirg‘iziston yangi hukumati 2010 - yilgi O‘sh voqealarini qayta tergov qiladi


O‘sh shahri. 2010 - yilning 14 - iyuni.
O‘sh shahri. 2010 - yilning 14 - iyuni.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2010 - yilgi O‘sh voqealarini qayta o‘rganish yuzasidan Milliy xavfsizlik xizmatiga ko‘rsatma berdi.

O‘sh voqealarini o‘z vaqtida xalqaro ekspertlardan iborat mustaqil komissiya, Qirg‘iziston hukumati komissiyasi va parlament deputatlaridan iborat komissiya o‘rganib, o‘z xulosalarini bergan edi.

2010 - yilning 7 - aprelidagi xalq qo‘zg‘oloni oqibatida prezident Qurmanbek Bakiyev hokimiyatdan ag‘darilgan va Qirg‘iziston janubidan vaqtincha boshpana topgan edi. O‘shanda hokimiyatga kelgan Muvaqqat hukumat va Bakiyev tarafdorlari o‘rtasidagi siyosiy keskinlik ortidan O‘shda iyun oyida millatlararo nizo boshlanib ketgandi.

Nizo oqibatida 500 ga yaqin odam halok bo‘lgan, minglab odamlar jarohatlangan va minglab uylar yondirib yuborilgan edi.

Xalqaro ekspertlardan iborat mustaqil komissiya bu nizo “qirg‘iz hukumatning etnomillatchilikka asoslangan siyosati mahsuli ekani” to‘g‘risida xulosaga kelgan. Ammo Qirg‘iziston parlamenti bu xulosadan norozi bo‘lib, komissiya raisi Kimmo Kilyunenni mamlakatda “istalmagan shaxs” sifatida e’lon qildi.

Qirg‘iziston hukumati komissiyasi va parlament deputatlaridan iborat komissiya esa O‘sh voqealarining sodir etilishida Qirg‘izistondagi bir qator o‘zbek liderlarini ayblagan.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati vakili Aynura Ergeshova prezident Sadir Japarov 2 - aprel kuni 2010 - yilgi O‘sh voqealarini qayta o‘rganish yuzasidan Milliy xavfsizlik xizmatiga ko‘rsatma bergani to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqladi:

-Bu voqealarda yuzlab odamlar halok bo‘lgan, minglab odamlar jarohatlangan. Bu voqealar yuzasidan barcha materiallar qayta o‘rganiladi. Bu nizo yuzasidan davlat organlari tomonidan qabul qilingan qarorlar ko‘rib chiqiladi. Tekshiruv natijalaridan kelib chiqqan holda qonun doirasida, adolat va holislikni saqlagan holda tegishli qarorlar qabul qilinadi.

Qirg‘izistonlik huquq faoli Aziza Abdurasulova O‘sh voqealari qayta o‘rganilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi. Unga ko‘ra, O‘sh voqealari yuzasidan Qirg‘iziston hukumati komissiyasi va parlament deputatlaridan iborat komissiya bir tomonlama xulosa chiqargan.

Abdurasulova mazkur komissiyalar qurol kim tomonidan qo‘llanilgani, halok bo‘lganlarning milliy mansubligi, nizo kelib chiqishiga qaysi hukumat organlari javobgar kabi savollarni javobsiz qoldirgan, deb hisoblaydi.

-Agar mana shu savollarga javob berishga qudrati yetsa, qo‘rqmasa, shundagina qayta tergovni boshlashsin. Yana bir tomonlama adolatsiz xulosa chiqaradigan bo‘lishsa, yaxshisi, bu ishga qo‘l urmaganlari ma’qul,-dedi Aziza Abdurasulova.

Qirg‘izistonlik taniqli davlat va jamoat arbobi Baxtiyor Fattohov O‘sh voqealarini o‘rgangan hukumat komissiyasi raisining o‘rinbosari bo‘lgan. 2010 - yilda u hukumat komissiyasi xulosasi bir tomonlama va noxolis bo‘lganini ochiq aytib, tekshiruv natijalarini imzolashdan bosh tortgan edi.

Baxtiyor Fattohov O‘sh voqealari ortidan nohaq qamalganlarni oqlash uchun ham qayta tekshiruv o‘tkazish lozim, deb hisoblaydi:

-Birinchidan, nohaq umrbod qamalib ketgan odamlar bor. Ularga nisbatan bironta sud jarayoni, tergov to‘laqonli va xolis olib borilmagan. Ularning ayrimlari qamoqlarda o‘lib ketdi. Qolganlari esa adolat bo‘lishini kutib o‘tirishibdi. Gunohi bo‘lganlar qamoqda qolaversin, ammo aybsiz qamalganlari ozod qilinishi lozim.

Ikkinchidan, ommaviy tartibsizliklarda qatnashdi, degan ayblov bilan yuzlab hamyurtlarimiz turli tahdidlarga duchor bo‘lishdi. Masalan, 4,5 mingta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, shulardan faqat 500 tasi nihoyasiga yetkazildi.

Juda ko‘pchilik odamlarga nisbatan nohaq ayblovlar bo‘ldi, tahdidlar bo‘ldi. Buning oqibatida minglab hamyurtlarimiz o‘z vatanini tashlab, chetga chiqib ketishga majbur bo‘ldi. Mana shularning barchasini, qaytadan tekshirib, xolis xulosa chiqarish kerak. Bu xulosa ikki xalqni yanada inoqlashtirishga qaratilgan bo‘lishi lozim.

Ayni paytda O‘sh voqealari to‘liq tergov qilingan, uni qayta tekshirishga yoki o‘rganishga hojat yo‘q degan nuqti nazardagilar ham bor. Jumladan, 2010 - yilda Milliy xavfsizlik qo‘mitasini boshqargan Keneshbek Dushebayev O‘sh voqeasi yuzasidan Kimmo Kilyunen rahbarligidagi xalqaro komissiya, Abdug‘ani Erkebayev rahbarligidagi hukumat komissiyasi va To‘qun Mamitov rahbarligidagi parlament komissiyasi, bundan tashqari Milliy xavfsizlik, Ichki ishlar va prokuratura ishchi guruhlari o‘z xulosalarini berganlarini aytdi.

Unga ko‘ra, yangi komissiya ham eski komissiyalar e’tirof etgan xulosadan boshqa natijaga kela olmaydi.

Parlament deputati Riskeldi Mombekov esa prezident Sadir Japarov O‘sh voqealari uchun mas’uliyatni 2010 - yilda hukumat tepasiga kelgan Roza O‘tunbayeva rahbarligidagi muvaqqat hukumatga rasman yuklab, ularni javobgarlikka tortish maqsadida bu ishni amalga oshirmoqda, deb fikr bildirdi:

-Iyun voqeasini 11 yildan keyin qayta tergov qilish zamon talabi emas, bu Minskning talabi, degan fikrga men to‘liq qo‘shilaman. Bu ish bugungi siyosiy yo‘nalishni boshqa o‘zanga burish uchun amalga oshirilmoqda. Tergovni o‘tkazishga 7 - aprel arafasida ko‘rsatma berilgani ham bu fikrni isbotlab turibdi.

Riskeldi Mombekov “iyun voqealarini o‘rganish Minskning talabi”, deganda 2010 - yil 7 - aprel qo‘zg‘olonidan so‘ng hokimiyatdan ag‘darilib, Belarus poytaxtida boshpana topgan sobiq prezident Qurmonbek Bakiyevni nazarda tutdi. Qirg‘iz muxolifatchilaridan ayrimlari muntazam ravishda Sadir Japarovga Bakiyevlar oilasining ta’siri kuchli ekani to‘g‘risidagi iddaoni ta’kidlab keladilar.

Bundan 11 yil muqaddam sodir bo‘lgan O‘sh voqealari chog‘ida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 442 kishi halok bo‘lgan. Qurbon bo‘lganlardan 295 nafarini o‘zbeklar, 123 nafarini qirg‘iz millatiga mansub kishilar tashkil qilgan. Shuningdek, iyun voqealari paytida 1 rus, 1 pokistonlik va 1 uyg‘ur ham nobud bo‘lgan.

2010 - yil iyun voqealari bo‘yicha hozirga qadar 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi. Ulardan 400 nafari o‘zbek, 133 nafari qirg‘iz va sakkiz nafari boshqa millat vakillaridir.

Xyuman Rayts Uotch tashkilotining 2010 - yilgi hisobotida O‘sh qirg‘ini kunlari odam o‘ldirganliklarda ayblanib, bir umrga qamalgan 30 kishining 28 nafari o‘zbek ekani aytilgan.

XS
SM
MD
LG