Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:46

Qirg‘iz-Tojik chegarasi: Urush, qayg‘u va xavotir


Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Aksay qishlog‘i. 20-sentabr, 2022
Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Aksay qishlog‘i. 20-sentabr, 2022

16-sentabr kuni erta tongda Qirg‘iziston fuqarosi 15 yoshli Elzada Mannanova o‘zi tug‘ilib o‘sgan Do‘stuq qishlog‘idan qochib ketayotgan chog‘ida tojik harbiylari tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida halok bo‘ldi.

Uning otasi Malik Mannanovning Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga qizini Margun qishlog‘ida shoshilinch tarzda dafn qilganini so‘zlab berdi.

«Hamma snaryadlardan qochayotgan edi», — deb esladi Mannanov.

Mojaro boshlanishi ortidan Qirg‘iziston janubi-g‘arbida joylashgan Botken viloyatidagi qishloqlardan 140 mingga yaqin odam qochishga majbur bo‘ldi. Ular orasida Mannanov ham bo‘lgan. Qochayotganlarning ayrimlari qo‘shni O‘zbekiston ochgan koridordan foydalanishdi.

Qirg‘iz-tojik chegarasida qonli to‘qnashuvlar tez-tez sodir bo‘lmoqda. Bu galgi mojaroda har ikki mamlakatda o‘nlab tinch aholi vakili nobud bo‘ldi, shaxsiy mulkka katta zarar yetdi.

O‘sha kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashdi.

Ikki rahbar janglarni to‘xtatish to‘g‘risidan erishgan kelishuv deyarli o‘sha zahoti buzila boshlandi.

Kechga yaqin bahsli chegara hududlarini qamrab olgan zo‘ravonlik o‘tgan yilning aprelь oyida sodir bo‘lgan mojarodan ham yomonroq ekanligi ayon bo‘ldi. O‘tgan yilgi misli ko‘rilmagan to‘qnashuvlar 55 nafar odam umriga zomin bo‘lgandi.

Тожик-қирғиз чегарасида яна қонли можаро - икки тожик чегарачиси ҳалок бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:20 0:00

18-sentabrga kelib navbatdagi mojaro tinchiy boshlaganidan keyin, qurbonlar haqida rasmiy ma’lumot ulashila boshlandi va bu safargi mojaroda o‘tgan yilgiga solishtirganda ikki baravar ko‘proq odam nobud bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Qirg‘iziston tarafi halok bo‘lganlar soni 59 nafar, yaralanganlar soni 150 dan oshganini ma’lum qildi. Tojikiston kamida 41 kishi halok bo‘lgani va o‘nlab odam yaralanganini bildirdi.

Qirg‘iziston ham, Tojikiston ham Rossiyaning hamkori bo‘lib, demarkatsiya qilinmagan chegara hududlarida qonli to‘qnashuvlar odatiy holatga aylanishi xavfi juda yuqori bo‘lib qolmoqda.

Qirg‘iziston: «Chegara to‘qnashuvi» noo‘rin atama

Qirg‘iziston va Tojikiston eng qashshoq sobiq sovet mamlakatlari bo‘lib, ular orasidagi 970 kilometrlik chegaraning deyarli yarmi haligacha belgilanmagan.

Markaziy Osiyodagi chegara muammolari sovet davriga borib tarqaladi. XX asrning boshlarida Moskva mintaqani etnik guruhlar o‘rtasida taqsimlashga uringan, ammo muayyan millat vakillari yashaydigan aholi punktlari ko‘p holatlarda boshqa elatlar uchun ajratilgan mamlakatlarga kiritilgan.

So‘nggi o‘n yil davomida Tojikistonning Vorux anklaviga yaqin hududda etnik qirg‘izlar va tojiklar o‘rtasida zo‘ravonlik holatlari ko‘p qayd etildi. Keyingi paytda qurol tutgan chegara qo‘shinlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar odatiy holga aylanib bormoqda.

Tortishuvlar zamirida suv va yer yotadi. 19-sentabr kuni diplomatik missiyalar va matbuot uchun o‘tkazilgan brifingda Tojikiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sodiq Imomiy xalqaro tashkilot va xorijiy donorlarni Tojikiston ruxsatisiz Qirg‘izistonda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha loyihalarni yo‘lga qo‘ymaslikka chorladi.

Imomiy ikkita katta monitorda yoritilgan xaritalarga ishora qilib, Vorux eksklav, ya’ni chet mamlakat o‘rab turadigan hudud emasligini ta’kidladi.

Rasmiy Voruxni o‘rab turgan hududni sovet davrida va mustaqillikning dastlabki yillarida qirg‘izlar egallab olinganini da’vo qildi.

«Jamiyatimizda hech qanday holatda qirg‘izlarni dushman qilib qo‘ymasligimiz kerak. Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan narsa. Lekin bizning raqibimiz buning aksini qilyapti», — deya shikoyat qildi Imomiy.

O‘tgan yilgi urush ortidan potensial mojaro zonasi sezilarli darajada kengaydi va kelajakdagi otishmalar yanada shiddatliroq bo‘lishi ehtimoli oshdi.

Ikki armiya o‘rtasidagi eng shiddatli janglar 14-sentabrda boshlandi. Tez orada ikki taraf bir-birini mojaroni boshlashda ayblay boshladi. Shuningdek, taraflar biri-birini uylar va fuqarolik infratuzilmasini nishonga olish uchun og‘ir harbiy texnikadan foydalanishda hamda suveren hududga bostirib kirishda aybladi.

Suveren hududga bostirib kirish ayblovi misli ko‘rilmagan bo‘lib, qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro endilikda har ikki taraf bahsli, deb tan oladigan hududlar bilan cheklanib qolmayotganidan dalolat beradi.

19-sentabr kuni erta tongda Qirg‘izistonning Yevropa Ittifoqidagi diplomatik missiyasi Twitterda «#chegarato‘qnashuvi» atamasi o‘rinsiz ekani haqida yozib, xalqaro hamkorlardan uni ishlatmaslikni so‘radi hamda tojik rasmiylarini mojaro davomida Qirg‘izistonga qarashli yettita aholi punktini egallab olganlikda aybladi.

Qirg‘iz maktabi tomiga Tojikiston bayrog‘i o‘rnatilayotgani aks etgan videolavha bu iddaoga tasdiq o‘laroq taqdim etildi. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, videoda tojik qo‘shinlari Mannanovlar oilasi yashaydigan Do‘stuq qishlog‘idagi maktabni qo‘lga olgani aks etgan.

Qirg‘izcha nom bilan ataluvchi qishloqdagi vaziyatni tojik tilida izohlayotgan qurolli shaxs videosi ham bu ta’kidlarga tasdiq o‘laroq keltirildi.

17-sentabr kuni Botken viloyati rasmiylari bu aholi punktlarining barchasi Qirg‘iziston nazoratiga qaytganini ma’lum qilishdi. Viloyat poytaxti Botken turg‘uni Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan intervyusida bir kun avval shahar va aeroport o‘qqa tutilganini aytdi. Bunday holat bundan oldin kuzatilmagan.

Tojikiston hukumati matbuot ustidan qattiq nazorat o‘rnatgan bo‘lib, mamlakatda OAV faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar tufayli jurnalistlar uchun hukumat da’volarini tekshirish mushkuldir.

Shunday bo‘lsa-da, Dushanbe Qirg‘iziston kuchlari Tojikistonning Isfara shahri yaqinidagi qishloqlarga kirib borib, davlat chegarasini buzganini da’vo qildi. Ammo bu iddaoni tasdiqlovchi hech qanday vizual dalil ulashilgani yo‘q.

Tojikiston kuchlari 16-sentabr kuni Ozodlik radiosi tojik xizmati muxbirlariga chegaraga borishga ruxsat bermadi. Biroq jurnalistlar 18-sentabr kuni Qirg‘iziston nishonga olgan qator chegara qishloqlari jiddiy zarar ko‘rganiga guvoh bo‘lishdi.

Tojikiston Qirg‘izistonni Ovchi-Qal’acha qishlog‘ida dron hujumini uyushtirganlikda aybladi. Qishloqda jurnalistlar yerda katta qon dog‘lariga hamda snaryadlar natijasida katta zarar ko‘rgan binolarni tasvirga olishdi.

Qishloq aholisining so‘zlariga ko‘ra, 16-sentabr kuni soat 17:00 atrofida mahalliy masjid o‘qqa tutilishi natijasida bir necha kishi halok bo‘lgan.

Qishloq turg‘uni Bizaynab Berdiyeva yosh shifokor Karomat Sattorovaning o‘limiga guvoh bo‘lganini so‘zlab berdi.

«O‘q ovozini eshitganimizda anavi yerda turgandi. Men: „Qo‘rqma!“ dedim. Keyin uning orqasiga snaryad parchasi kelib urildi», — dedi u.

Aralashishga oshiqmagan Rossiya

Qirg‘izistonda 19-sentabr milliy motam kuni deb e’lon qilindi. O‘sha kuni 53 ga chiqqan Japarov to‘lqinlanib xalqqa murojaat qildi.

O‘z murojaatida prezident mojaroda qatnashgan harbiy xizmatchilarga minnatdorchilik, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga esa hamdardlik izhor qildi. Shuningdek, prezident Botkendagi odamlar uchun xalq yordam ko‘rsatayotganini aytib o‘tdi.

«Har bir erkak o‘z missiyasini aniq biladi. Bu og‘ir kunlarda turib, o‘z vatanini dushman bosqinidan himoya qilishdan iborat», — dedi Japarov.

Bir kun avval Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Japarov avvalroq mamlakatni «dushman» deb ataganiga e’tiroz bildirgan edi. Dushanbe prezidentning bu izohini «do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhiga» mos kelmasligini ta’kidladi.

Ammo Qirg‘iziston va Tojikiston na do‘st, na yaxshi qo‘shnidir. Ikki mamlakat qay tarzda bunday ahvolga tushib qolgani murakkab savol.

Ikki mamlakatning ichki siyosatidagi o‘zgarishlar bu savolga qisman javob bo‘la oladi.

Tojikistonda uzoq vaqtdan beri hukmronlik qilib kelayotgan Rahmon o‘rniga o‘g‘li Rustam Emomalini qo‘ymoqchi ekanligi haqida taxminlar bor. Ayni damda, Rahmon ayrim «tugallanmagan ishlarni» o‘z yakuniga yetkazishga bel bog‘lagani taxmin qilinmoqda.

Joriy yil boshida Dushanbe Tog‘li Badaxshon muxtoriyatida agressiv va qonli harbiy harakatlarni boshlab yubordi. Markaziy hokimiyatga qarshiligi bilan tanilgan qator mahalliy rahbarlar o‘ldirildi yoki hibsga olindi.

Ayrim tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston bilan bahsli chegarani hal qilish ham Ramonning qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ro‘yxatidan joy olgan bo‘lishi mumkin.

Tojik sharhlovchilari ikki yil avval Qirg‘izistonda Japarov va uning qudratli ittifoqchisi Qamchibek Tashiyevning bir kechada hokimiyat tepasiga kelganini mojaro katalizatori sifatida ko‘rsatishni afzal ko‘rishadi.

2021-yilning mart oyida, ya’ni aprel oyida sodir bo‘lgan chegara mojarosidan bir necha hafta oldin Tashiyev 30 mingga yaqin Tojikiston fuqarosi istiqomat qiladigan Vorux masalasini yer almashish yo‘li bilan hal qilish g‘oyasini ommaviy tarzda izhor qildi.

14-sentabr kuni boshlangan janglar arafasida Tashiyev va Japarov Turkiyada ishlab chiqariladigan Bayraktar TB-2 dronini boshqarish stansiyasini ochish marosimida qatnashishdi.

OzodNazar: Душанбе-Бишкек: қон ҳидли баёнотлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:40:56 0:00

«Men doim Qirg‘iziston tinch mamlakat ekanligini aytib kelganman», — deya urg‘uladi Japarov marosimda.

«Qurolli kuchlarimizni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarimiz faqat mudofaaga qaratilganini alohida ta’kidlamoqchiman».

Bishkek 2021-yilning dekabrida Bayraktar dronlarini xarid qilgani Dushanbega xush kelmagandek tuyuldi. Yanvar oyida Tashiyev va uning tojikistonlik hamkasbi Saymo‘min Yatimov chegara hududida uchuvchisiz dronlardan foydalanmaslik bo‘yicha kelishuvga erishdi.

O‘tgan yili Tojikistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy Tashiyev haqida yozgan maqolada Dushanbening Tashiyevga bo‘lgan munosabati yaxshi aks etgan. Maqolada Zarifiy Tashiyevning muxolifat siyosatchisi sifatidagi alg‘ov-dalg‘ov o‘tmishini masxara qildi hamda uni Tojikiston suverenitetiga tajovuz qilishda aybladi.

To‘qnashuvlar ortidan 19-sentabr kuni «Xovar» Tojikiston davlat axborot xizmati Zarifiyning maqolasini qayta chop etdi.

Ammo Qirg‘iziston rahbariyati faqat Tojikistonning media maydonida hujumga uchragani yo‘q. Joriy yilning birinchi yarmida Rossiyaning sariq pressasida Tashiyev va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar «g‘arbparast» siyosatchilar o‘laroq qoralangan tanqidiy maqolalar paydo bo‘ldi.

Bu yil ham xuddi o‘tgan yilning aprel oyidagi kabi Internetning qirg‘iz segmentida Moskva Tojikistonga qo‘shnisiga hujum qilishga izn bergani haqidagi taxminlar qizg‘in muhokama qilindi.

Japarov xalqqa murojaati davomida bu qarashni rad etdi.

«Strategik hamkorlarimiz, do‘stona mamlakatlar, biz bilan birdam bo‘lgan xalqlarga tuhmat qilayotgan provokatorlarning chiqishlariga quloq solmang», — dedi prezident.

Biroq, Rossiya o‘z nazoratidagi harbiy bazalar mavjud bo‘lgan hamda Kreml boshchiligidagi mintaqaviy bloklarga a’zo bo‘lgan ikki mamlakat o‘rtasida kuchayib borayotgan mojaroga aralashish istagini ko‘rsatmadi.

18-sentabr kuni prezident Vladimir Putin ham Rahmon, ham Japarov bilan telefon orqali suhbatlashdi. Kreml matbuot xizmatiga ko‘ra, Rossiya prezidenti «tomonlarni vaziyat yanada keskinlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka hamda vaziyatni imkon qadar tezroq faqat tinch, siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal qilish choralarini ko‘rishga» chorlagan.

Maqola originali bilan mana bu link orqali tanishishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG