Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:26

Navalniy Alisher Usmonovga qarshi sanksiya joriy qilishga chaqirdi


2017 - yilda Usmonov Navalniyni o‘ziga tuhmat qilishda ayblab, sudga bergandi - video skrishoti
2017 - yilda Usmonov Navalniyni o‘ziga tuhmat qilishda ayblab, sudga bergandi - video skrishoti

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy g‘arb davlatlarini asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov va yana 7 kishiga qarshi sanksiya joriy qilishga chaqirgan.

Bu haqda 19 - yanvar kuni Navalniyning safdoshi, Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi ijrochi direktori Vladimir Ashurkov Feysbuk sahifasida ma’lum qildi.

Britaniyada istiqomat qiladigan Ashurkov iddaosicha, mazkur ro‘yxatni Navalniy Rossiyaga qaytishidan (17 - yanvar) bir necha kun avval tuzgan.

Навальний Алишер Усмоновга қарши санкция жорий қилишга чақирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:45 0:00

Ro‘yxatdan 8 kishi: asli o‘zbekistonlik tadbirkor Alisher Usmonov, tadbirkor Roman Abramovich, Federal xavfsizlik xizmati (FSB) rahbari Aleksandr Bortnikovning o‘g‘li – VTB top-menejeri Denis Bortnikov, VTB prezidenti Andrey Kostin, Navalniyning zaharlanishiga oid faktlarni yashirganlik uchun mas’ul ko‘rilgan sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko, Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari Nikolay Patrushevning o‘g‘li – qishloq xo‘jaligi vaziri Dmitriy Patrushev, VEB rahbari Igor Shuvalov va teleboshlovchi Vladimir Solovyovlar bor.

Навальнийнинг қамоққа ташланганини Ғарб ҳукуматлари кескин қоралади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:47 0:00

O‘z postida Ashurkov, agar G‘arb Rossiyadan inson huquqlariga rioya qilishi va korrupsiyaga qarshi kurashishni jiddiy talab qilmoqchi bo‘lsa, ro‘yxatdagi odamlarga qarshi yakka tartibdagi sanksiyalar joriy qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishi lozimligini yozgan.

Qayd etilishicha, Navalniy bu ro‘yxatni yaqin orada e’lon qilishni rejalamagan, biroq muxolifatchi Rossiyada qo‘lga olinib, sudgacha 30 kun hibsxonaga yo‘llanganidan keyin uning safdoshi ro‘yxatni ochiqlashga qaror qilgan. Ashurkovning yozishicha, ro‘yxatda nomlari keltirilgan kishilarga qarshi sanksiyalar xavf solgan taqdirda, Rossiya rasmiylari Navalniyni ozod qilishga majbur bo‘lishlari mumkin.

Ro‘yxatda zikr etilgan shaxslarning ko‘pi Navalniy va uning Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi surishtiruvlarining “qahramon”lariga aylangan. Usmonov va Abramovichga qarshi sanksiyalar joriy qilish zarurati to‘g‘risida Navalniyning o‘zi ham o‘tgan yil kuzida Yevroparlament qo‘mitasida qilgan chiqishida aytgandi.

2017 - yil mayida Navalniy Alisher Usmonov bosh vazir Medvedevga 5 milliard rubllik “yer va saroy”ni pora sifatida berganini iddao qilgan edi.

Usmonov buni rad etgan va Navalniyni o‘ziga tuhmat qilishda ayblab, sudga bergan.

Ashurkovning yozishicha, Navalniy anchadan buyon Rossiyadagi yirik oligarxlarga qarshi yakka tartibdagi sanksiyalar joriy qilinishini yoqlab keladi. Unga ko‘ra, G‘arb sanksiyalarni amaldorlar va qatordagi ijrochilarga qarshi emas, balki “qaror qabul qiladigan hamda pullarni nazorat qiladigan shaxslar”ga qarshi kiritishi lozim.

Navalniy zaharlanganidan keyin Yevroparlament rezolyutsiya qabul qilib, unda Yevropa Ittifoqini Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi surishtiruvlarida nomlari zikr etilgan kishilarga qarshi sanksiya joriy qilishga chaqirgandi. Yevropa Ittifoqi Navalniyning zaharlanishiga javoban Kremldagi qator mansabdorlar va Rossiya kuch ishlatar tuzilmalari vakillariga qarshi sanksiyalar joriy qilgan, biroq Navalniy aytgan yirik tadbirkorlarga daxl qilmagan edi.

Yevroparlament 19 - yanvar kuni Navalniyning qo‘lga olinishini muhokama qilib, rezolyutsiya ishlab chiqadi. Mazkur rezolyutsiya payshanba kuni qabul qilinishi kutilmoqda. Bu kabi hujjatlar tavsiya xarakteriga ega bo‘ladi, sanksiyalarga oid qarorlarni esa YeI kengashi qabul qiladi. Ayni paytda YeI kengashida bu kabi qarorlarni ittifoqqa a’zo bo‘lgan istalgan mamlakat to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Aleksey Navalniy davolanish ortidan 17 - yanvar kuni Germaniyadan Rossiyaga uchib kelganidan keyin Sheremetyevo aeroportida qo‘lga olingandi. 18 - yanvar kuni Moskva viloyatining Ximki shahar sudi muxolifatchini 30 kunga hibsda qoldirish haqida qaror chiqargan.

Siyosatchini hibsga olishni Rossiya Jazoni ijro etish federal xizmati (JIEFX) so‘ragan. JIEFX vakillari iddaosiga ko‘ra, Navalniy shartli ravishda qamoqqa hukm qilingan shaxs sifatida xorijdalik payti sinov muddati shartlarini buzgan.

XS
SM
MD
LG