Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:35

Namanganlik "metanchi"lar "Hududgazta’minot"ni noqonuniy harakatlarda ayblamoqda


O‘zbekistonda vaqti-vaqti bilan metan gazi taqchilligi kuzatiladi.
O‘zbekistonda vaqti-vaqti bilan metan gazi taqchilligi kuzatiladi.

Namangan viloyatidagi avtomobillarga metan gazi yetkazib beruvchi shirkatlar “Hududgaz Namangan” viloyat gaz korxonasini prezident farmonlariga xilof ravishda o‘zlariga bosim o‘tkazib kelayotganlikda ayblamoqda.

Shoxobcha egalari monopol tashkilot bo‘lmish gaz ta’minoti korxonasi ogohlantirishsiz gaz tarmog‘idan uzib tashlagani va to‘lov uchun hujjatlar taqdim etmasdan pul talab qilayotganini iddao qildi.

“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialida Ozodlikka bu masalada izoh berishmagan bo‘lsa-da, viloyat gaz inspeksiyasida viloyat prokuraturasi bu boradagi shikoyatlarni o‘rganayotganini bildirishdi.

Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan bir guruh avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalari xodimlari “Hududgaz Namangan” viloyat gaz korxonasini o‘z faoliyatlariga to‘sqinlik qilib kelayotganlikda ayblamoqda.

Ozodlik tahririyatiga murojaat qilgan ishchilarga ko‘ra, metan gaz yetkazib beruvchi monopol shirkat shoxobchalarni gaz tarmog‘idan uzib qo‘ymoqda va to‘lov uchun hujjatlarni taqdim qilmayotir.

- O‘tgan yili aprelda pandemiya paytida prezident qarori bilan 100 foizli to‘lovlarni 30 foizga tushirgandi. PF-5978 farmoning 8 bandida “Elektr va gazning oldindan to‘lovlari 30 foizga pasaytirilsin” deyilgan. Vazirlar Mahkamasining 22-qarorida tabiiy gaz to‘lovlari qoidalari prezident farmoniga moslab o‘zgartirilmagan, ya’ni 100 foiz oldindan to‘lov, deyilgan. “Hisobot oyi boshlanishidan 5 kun oldin” amalga oshirilishi belgilangan. Ya’ni biz 26 iyun kuni 30 foizni to‘lab qo‘ydik vaqtida.

Iyul oyiga o‘tib, biz 1 mln kubga “zayavka” berganmiz. 900 ming oldik, iyul oyi tugadi, biz 600 million so‘m to‘lashimiz kerak. Gaz ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi tuzilma bizga akt berishi, agarda qarzga kirib qolgan bo‘lsak, 5 kunlik ogohlantirish berishi kerak. “Hududgaz Namangan” vakillari kelib, oy tugamasdan “qolgan 70 foizni to‘la”, deyapti va kollektorlarga borib, yopib qo‘yyapti, deydi suhbatdosh.

Namanganlik “metan”chilar Pop tuman gaz korxonasi 6 oydan buyon shirkatlar qarzlarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmasdan kelayotgani, barcha mintaqadagi metan shoxobchalarini gaz tarmog‘idan o‘chirib qo‘yish bilan tahdid qilayotgani va noqonuniy pul talab qilayotganini iddao qildi.

Gaz stansiyalari gaz tarmoqlaridan uzilmoqda.
Gaz stansiyalari gaz tarmoqlaridan uzilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 10.07.2017 - yilda qabul qilingan 484- sonli qarorining “Iste’molchilarni elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish tartibi” deb nomlangan 2-bobida “Iste’mol qilingan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun qarzlari mavjud bo‘lgan iste’molchilarning energiya resurslari yetkazib beruvchilar tomonidan shakllantirilgan va taqdim etilgan ro‘yxatlari asosida iste’molchilarni qarzni besh kun muddatda to‘lash zarurligi to‘g‘risida yozma xabardor qiladi”, deyilgan.

Shuningdek, PF-5978-sonli 03.04.2020 yilda qabul qilingan Prezident farmonida “2020 - yil 1 - apreldan boshlab yuridik shaxslar tomonidan gaz va elektr energiyasi bo‘yicha oldindan haq to‘lash to‘g‘risidagi majburiy talab 30 foizgacha pasaytirilsin”, deyilganini ko‘rish mumkin.

"Chodak gaz" MChJ, "Billur gaz" MChJ va boshqa shirkatlar nomidan Ozodlikka murojaat qilgan ishchilar gaz yetkazib beruvchi bosh tashkilot to‘lov hujjatlarini taqdim etmasdan, to‘lovlarni amalga oshirishni, aks holda shirkatlar gaz tarmog‘idan uzilishi bilan tahdid qilayotganini ma’lum qildi.

Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan shirkat vakillari bu shirkatlar aholi talablariga muvofiq metan bilan to‘ldirilgan gaz ballonlarini ham ishlab chiqarishini bildirdi.

Ozodlikka shikoyat yo‘llagan ishchilar mintaqa bo‘ylab yuzga yaqin shoxobchalar ishdan to‘xtashi va u yerda ishlayotgan minglab ishchilar ishsiz qolishi mumkinligidan ham ogohlantirdi. Ishchilar “Hududgaz Namangan” viloyat korxonasini hukumat farmonlari va hujjatlariga rioya qilishga chaqirdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Namangan viloyat prokuraturasi shikoyatlarni nazoratga olgan.

Ishchilar yo‘llagan savollarga na “Hududgaz Namangan” shirkati rahbariyati, xususan korxona rahbari o‘rinbosari Elyor Inoyatov, na “Popgaz” korxonasi rasmiysi Dilmurod Badriddinov javob berishni istadi: savolni eshitgan Dilmurod Badriddinov keyinroq qo‘ng‘iroq qilishni so‘radi, ammo keyingi qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

“O‘zbekneftgazinspeksiyasi” Namangan viloyat hududiy bo‘limi rahbari Elmurod Ahmedov metan gaz quyish shoxobchalari shikoyati ustidan 26 - iyul kuni viloyat prokuraturasi tekshiruvi boshlaganini tasdiqladi.

U ishchilar murojaati o‘rganilayotganini aytdi:

- Viloyat prokuraturasidan ham bizga xat kelgan. Farg‘onadan yurist kelyapti shu kuni. Murojaatni yuristlar bilan birga ko‘rib chiqadigan bo‘ldik. Biror nima deyish uchun yakunlaganimiz yo‘q. “Viloyat gaz boshqarmasi oldindan to‘lov qilmaganlarni uzib qo‘yyapti”, deyilgan. Bu shikoyat yuzasidan tekshiruv natijalari e’lon qilinadi, albatta. Qoida bo‘yicha, qarzi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, gazdan uzishdan oldin iste’molchilarni ogohlantirish kerak, dedi “O‘zbekneftgazinspeksiyasi” Namangan viloyat hududiy bo‘limi rahbari Elmurod Ahmedov.

"Metan"chilarga kelayotgan ogohlantirish xatlari.
"Metan"chilarga kelayotgan ogohlantirish xatlari.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, gaz shoxobchalarini tarmoqdan uzish holatlari boshqa mintaqalarda ham kuzatilmoqda.

Jumladan, 26 - iyul kuni Farg‘ona shahar gaz idorasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining qaror talablarigaga xilof ravishda "Exclusive gaz savdo" MChJning 1-sonli AGTQShsini noqonuniy ravishda gaz tarmog‘idan o‘chirgan.

“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati respublikada aholiga gaz yetkazib beruvchi monopol tuzilma bo‘lib, 2019 - yil 9 - iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan tashkil topgan.

Respublikaning barcha viloyat va shaharlarida jami 208 ta gaz ta’minoti tashkilotini o‘z ichiga oluvchi jamiyat aholiga va ijtimoiy ob’ektlarga suyultirilgan gaz sotib olish, yetkazib berish, saqlash va sotishni o‘z zimmasiga olgan.

XS
SM
MD
LG