O‘zbekistonda olti oy ichida ayollarga nisbatan qariyb 20 mingta maishiy zo‘ravonlik holatlari bo‘lgan – bu raqamni 2023-yilning iyulida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev keltirgan edi. Bu – ayollarga nisbatan zo‘ravonlik statistikasi ochiqlanmaydigan O‘zbekistondagi so‘nggi rasmiy ma’lumotlar.
Jamoat faollari muammo haqida yuksak minbarlardan gapirilgani bilan vaziyat o‘zgarmayotganini aytishmoqda. Ular ayollar jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida ko‘rilmaydigan O‘zbekiston kabi patriarxal mamlakatda oilaviy zo‘ravonlikni gender zo‘ravonlikning bir qismi deb hisoblaydilar. 25-noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni arafasida Ozodlik O‘zbekistonda ayollar huquqlari uchun kurashayotgan jamoat faollari va ekspertlar bilan uchrashdi.
«Erga tegishdan bosh tortdi», «Qo‘pol javob berdi», «Xiyonat qildi»
2022-yil 1-oktyabr. Farg‘ona viloyati. 64 yoshli erkak o‘z kelinining boshini chopgan. U kelini «qo‘pol» javob bergani uchun shunday qilganini aytgan.
2023-yil 2-yanvar. Surxondaryo viloyati. Erkak o‘zi bilan birga yashaydigan 35 yoshli ayolni o‘ldirgan – u ayoldan xiyonatiga iqror bo‘lishni talab qilgan.
2024-yil 12-iyun. Namangan viloyati. 50 yashar erkak 22 yoshli qizini bo‘g‘ib o‘ldirgan – qiz ota-onasi istagan yigitga turmushga chiqishdan bosh tortgan.
Bu qotilliklar – O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda OAV va jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan faktlardan ayrimlarigina, xolos. Minglab zo‘ravonlik holatlari IIV hisobotlarida, qurbonlar va jabrlanuvchilarning gender mansubligi tahlil qilinmasdan, shunchaki «maishiy mojaro» deb rasmiylashtiriladi.
Berilgan himoya orderlari va sud hukmlari asosida ba’zi ma’lumotlarni olish mumkin. Masalan, 2024-yilning 1-choragida O‘zbekistonda sudlar oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka doir moddalar bo‘yicha 4477 kishini javobgarlikka tortgan, ulardan yarmi ma’muriy qamoqqa olingan, «takroran sodir etilgan yoki og‘ir oqibatlarga olib kelgan oilaviy zo‘ravonlik» uchun real qamoq jazosiga hukm qilinganlar esa 51 kishini tashkil qiladi.
O‘tgan yilning yetti oyi mobaynida qariyb 22 ming kishiga himoya orderlari berilgan. Ularning hammasini o‘z oilalarida xo‘rlanayotgan ayollar olganlar.
2022-yilda Farg‘onada sodir bo‘lgan bir holat «BMT-ayollar» tadqiqot loyihasida bayon qilingan edi. Ekspertlar Markaziy Osiyodagi gender zo‘ravonlik holatlarini an’anaviy munosabatlar nuqtayi nazaridan tahlil qilganlar. «Odatlarga bog‘langanlar: O‘zbekistondagi kelinlarning sokin iztiroblari» nomli material mualliflari «gender zo‘ravonlikning alohida ko‘rinishi – kelinlarga nisbatan zo‘ravonlik va ularni to‘liq nazorat qilishga urinish» haqida hikoya qilishgan.
«Odat shundayki, kelin tug‘ilib o‘sgan xonadonini tark etib, erinikiga, ko‘p hollarda esa uning ota-onasining uyiga ko‘chib o‘tadi. Qizlarning yoshligi asosan kelin bo‘lishga tayyorlanishga bag‘ishlanadi, ammo kelinlik roli barqaror emas – ularni osongina boshqasi bilan almashtirishlari mumkin», deb yozishdi bu yilgi tadqiqot mualliflari.
Farg‘onalik Gulmira voqeasi – aynan unaqa holatlardan biri. Ayolni o‘z qaynotasi shafqatsizlarcha o‘ldirgan.
2022-yil 1-oktyabrda 64 yoshli Rasuljon oshxonaga kirib, keliniga kechlikka yaxshi ovqat pishirishni buyuradi. Bunga javoban Gulmira: «Xo‘p, harakat qilaman, lekin nima pishirsam, yeyaverasiz» deb javob beradi va eshikni qattiq yopadi.
Bu javob Rasuljonga yoqmaydi. An’anaviy o‘zbek oilalarida kelinga – er taraf qarindoshlarining barcha xohish-istaklarini so‘zsiz bajaruvchi itoatkor va mo‘min ayol, deb qaraladi.
Gulmira oilaning kenja o‘g‘liga erga tekkan. Jinoyat ishi hujjatlarida Gulmira ikki farzand ko‘rgani, erining kaltaklari-yu qaynona-qaynotasining kamsitishlariga yillarki sabr-toqat qilib kelgani aytiladi.
Oshxonadagi voqea ayanchli kun topadi: Rasuljon Gulmirani bir musht tushirib, hushidan ketkizadi, so‘ngra mashinasiga ortib, yaqinroqdagi tepalikka olib boradi va boshini kesib oladi. Jasadni chiqindi tashlanadigan chuqurga otib yuboradi, kallani esa yelimxaltaga solib, yo‘l bo‘yidagi archazorda qoldiradi.
«Kelin bizga bor-yo‘g‘i bir yil yaxshi xizmat qilgandi», deydi u sudda.
Rasuljonni «Qasddan odam o‘ldirish» moddasi byicha sud qilib, 13 yilga ozodlikdan mahrum qiladilar. Ushbu modda bo‘yicha eng og‘ir jazo – 15 yil. Gulmiraning qarindoshlari hukmdan norozi bo‘lishdi.
«Yangi gulqog‘oz yopishtirishdek gap»
– Maishiy zo‘ravonlik – muammoning bir qismi xolos. Vaziyat o‘zgarmayapti, chunki gender zo‘ravonlikning fundamental sabablari o‘sha-o‘sha, – deydi ayollar huquqlari himoyasi bo‘yicha faol, zo‘ravonlikka qarshi «NeMolchi.uz» loyihasi asoschisi Irina Matviyenko. – Ayollarga nisbatan zulmning birlamchi sabablarini o‘zgartirmay alohida holatlarga qarshi kurashdan foyda yo‘q. Bu xuddi poydevori darz ketgan binoning derazalari yoki gulqog‘ozlarini yangilashga o‘xshaydi. Chiroyli ko‘rinishi mumkin, lekin agar poydevor sifatsiz bo‘lsa suvoq ko‘chib tushaveradi.
Irina Matviyenko hayotiga tahdidlar ortidan bir yil muqaddam O‘zbekistonni tark etgandi. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan xorazmlik amaldorlarning jinoyatlari haqida xabar berganida unga o‘ldirish bilan tahdid qilishgan. Mazkur holat «NeMolchi.uz» sahifasida yoritilganidan so‘nggina mulozimlarga chora ko‘rilgan edi.
Irina bir necha oy Tbilisida yashab, keyin Buyuk Britaniyada o‘qidi. Yaqinda esa Toshkentga qaytdi.
Matviyenko davlat faqat uydagi zo‘ravonlikka e’tibor qaratib, uni umumiyat-la gender zo‘ravonlikka tenglashtirmoqda, deb hisoblaydi va muammo aynan shunda ekanini aytadi.
– Davlat nega muammo bilan astoydil shug‘ullanishni xohlamayotganini tushunaman, chunki har qanday zo‘ravonlik negizida hokimiyat va bo‘ysunuv munosabatlari asosida qurilgan zulm mavjud. Bu yerda hokimiyat faqat erkaklarnig ayollar ustidan hokimiyatigina emas, bu hokimiyat iyerarxiyasidir. Davlat ayollarga nisbatan zulm va zo‘ravonlikni yengishdan rostdan ham manfaatdor bo‘lsa, ishni o‘zidan boshlashi kerak. Qarorlar qanday qabul qilinayotganini qaytadan ko‘rib chiqsin. Asrlar davomida shakllangan barcha iyerarxiyalarni ko‘rib chiqsin... Shaffoflik va nazorat bo‘lsin. Ochiqlik o‘z-o‘zidan jamiyatning barcha qatlamlari monitoringi va nazoratiga olib keladi. Bizda hokimiyat bundan juda ham qo‘rqadi, ular bu vositalarni berishdan manfaatdor emas.
Matviyenko muammoga kompleks yechim topish tarafdori. U ruhiy, iqtisodiy zo‘ravonlik, ishxonadagi va mehnat munosabatlaridagi jinsiy tegajog'lik, hokimiyatning har qanday iyerarxiyasidagi, jumladan o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi abyuz haqida gapiradi. Ammo jinsiy xarakterdagi zo‘ravonlik va ayollarning o‘ldirilishini hammasidan muhim, deb hisoblaydi.
«Borgan joyingda toshdek qotgin»
Shu kunlarda Toshkentda gender zo‘ravonlikka bag‘ishlangan NeUyat ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. Ko‘rgazma yosh musavvir ayollarning asarlaridan tashkil topgan.
Ulardan biri – Shahnoza Toshkentboyeva o‘z kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashar ekan ayrim oilalarda «qizlarga nisbatan juda qattiqqo‘l bo‘lish kerak, ularning vazifasi uy yumushlarini yaxshi bajarish va erga tegishdan iborat» degan tushuncha hanuz mavjudligini aytadi.
«Borgan joyingda tosh qotgin» degan esi o‘git mana shu qarashni to‘liq aks ettiradi. Ezgu tilaklar bilan xaspo‘shlangan bu «hikmat» dun allaqachon o‘zgarganini sezmaydi ham. Faqat bir narsa – qizlardan o‘z iztiroblarini ichga yutish talabigina o‘zgarmagan. Buning oqibati nima bo‘ladi?» deya savol qo‘yadi musavvir qiz.
Shahnoza ko‘rgazmada bir nechta asarini taqdim etdi, ulardan biri ramziy ma’noda «Yopiq eshiklar ortida» deb nomlangan.
Jinsiy zo‘ravonlikni boshidan kechirgan ayollar ko‘pincha bir umrlik asorat qoldiradigan chuqur hissiy va ruhiy oqibatlarga duch kelishadi. Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan yana bir rassom – Nigina Gayduk ana shu murakkab va og‘riqli mavzuni ochib berishga harakat qilgan.
Gayduk zo‘ravonlikni boshidan kechirgan inson tushadigan “vaqt sirtmog‘i” konsepsiyasiga urg‘u beradi. Musavvir fikricha, ushbu sirtmoq uzilmaydi: risoladagidek mulojala qilinmagan jarohat insonni yana va yana og‘riqli xotiralarga qaytaraveradi.
«Jarohatlar unutilmaydi, ular ongostiga ko‘chadi. Inson o‘zi anglamagan holda bir umr ular bilan yashaydi, shu holatda qotib qoladi. Ushbu sikl ko‘p hollarda zo‘ravonlik qurbonining o‘zi zo‘ravonga aylanishiga va qilmishini ko‘rgan zulmlari bilan oqlashiga olib kelishi mumkin», deydi Gayduk.
Musavvir “sirtmoqdan qanday qutulish mumkin?” degan savolga javob qidirib “Zo‘ravonlikdan zo‘ravonlik tug‘iladi” nomli installyatsiyasini yaratgan. Asar soat siferblati ko‘rinishida yasalgan, siferblatda raqamlar o‘rnida – zo‘ravonlikni boshidan kechirgan va uni avlodlariga “meros” qoldirgan qizlar va ayollar hayotining davrlari tasvirlangan. Installyatsiya tomoshabin uchun kuchli vizual obraz yaratib, zo‘ravonlikdan qolgan jarohatlar uzluksizligi va takroriyligi ramzi vazifasini o‘taydi.
Anna Ivanovaning matodan yaratilgan installyatsiyasi O‘zbekistonda 2021-yilda o‘ldirilgan 179 nafar qiz va ayollarga bag‘ishlangan. Installyatsiya devorga osilgan 179 ta latta qo‘g‘irchoqdan iborat bo‘lib, ularning har birida – fojiaviy yakun topgan bir umr mujassamlangan.
Anna Ivanovaning asarlari statistikani aks ettirishi bilan birga, tomoshabinda emotsional aks-sado uyg‘otib, femitsid qurboni bo‘lgan ayollar taqdiri haqida o‘ylashga majbur qiladi.
«Maqsadga muvofiq emas»
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning iyulida IIV kollegiyasida statistik ma’lumotlarni keltirar ekan, ayollarga qarshi jinoyatlarning qariyb 40 foizi ishsizlar tomonidan sodir etilayotganini aytgan edi. Davlat rahbari ushbu yig‘ilishni o‘tkazgan kunlarda Farg‘onada mash’um voqea yuz bergan – 11 yoshli qizning jinsiy zo‘ravonlik belgilari qolgan jasadi topilgan edi.
Yig‘ilishda ayrim mahallalarda faol ayollar instituti «kutilgan natijani bermayotgani» ta’kidlandi. Biroq faol ayollarning o‘zlari hukumat idoralari bilan normal hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoni yo‘qligini aytishmoqda.
– Bir paytlar IIVga oilaviy zo‘ravonlik statistikasini berishni so‘rab xat jo‘natgandim, biron yopiq, davlat siri bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotni so‘ramaganman. Ammo menga: «Bunaqa ma’lumotni taqdim etishni maqsadga muvofiq emas deb hisoblaymiz» degan javob keldi, – deydi Irina Matviyenko. – Ayni chog‘da IIVda ayollar ishlari bo‘yicha bo‘lim bor, boshlig‘i Umida Abdullayeva. Agar biron jooyda biron ayolga himoya orderi berilmayotgan bo‘lsa yoki qandaydir rezonansli holatga duch kelsak, Abdullayevaga kontaktlarni beramiz. IIV bilan hamkorligimiz shugina xolos. Ammo bu konkret odam bilan hamkorlik bo‘lib, istalgan paytda uzilib qolishi mumkin. Masalan, ertaga uni boshqa ishga o‘tkazishsa, o‘rniga keladigan kishi biz bilan hamkorlik qiladimi, yo‘qmi, bilmayman.
Faollar fikricha, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik muammosi shoshilinch choralar ko‘rishni va har tomonlama yondashuvni taqazo etadi, bu kurash yakka-yakka kampaniya va aksiyalar doirasida qolib ketmasligi lozim. NeUyat ko‘rgazmasi mualliflari aytishicha, zo‘ravonlik siklini uzish uchun ayollar va qizlar huquqlari haqida gapirishda davom etish, hurmat va tenglikka asoslangan ijtimoiy munosabatlar qurilgunga qadar to‘xtamaslik kerak.
«Yil bo‘yi og‘iz ochishmaydi-yu birdan muammoni eslab qolib, qandaydir tadbirlar o‘tkazishadi, keyin tag‘in sukunat cho‘kadi. Bu ikkiyuzlamachilik», deydi Irina Matviyenko.