Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:27

Andijon: Ota-onalar "urong‘ich va so‘kong‘ich" direktorga qat’iy chora ko‘rishni so‘ramoqda


Andijon shahridagi 33-maktab.
Andijon shahridagi 33-maktab.

Andijon shahridagi 33-maktab o‘quvchilarining bir guruh ota-onalari o‘quvchilarni urib-so‘kkan direktor Ilyos Turobovning engil jazo bilan qutulib qolganidan norozi.

Turobov bir guruh 10-sinf o‘quvchilarini haqoratlab, uyat so‘zlar bilan so‘kib, urgani uchun unga nisbatan intizomiy chora qo‘llangan.

Ota-onalar “mushtumzo‘r va og‘zi shaloq shaxs”ga bolalar tarbiyasini ishonib topshirib bo‘lmasligini aytishmoqda.

Andijondagi 33-maktabda ishlaydigan xodimlardan birining Ozodlikka aytishicha, 22 - fevral kuni maktab direktori Ilyos Turobov o‘z kabinetida 10-sinf o‘quvchilarini kaltaklagan.

“Biroq Turobovga yengil jazo berishdi. Ota-onalar norozi bo‘lishdi. Turobov “meni hech kim ishdan ololmaydi”, deb maqtanib yuribdi”,- dedi anonim qolishni istagan maktab xodimi.

Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Turobov o‘quvchilarni so‘kib-urgani uchun o‘tgan oy intizomiy jazoga tortilgan.

Maktab xodimi Turobov o‘quvchilarni urgan kuni yozib olingan, deya bir audioni Ozodlikka taqdim qildi.

Aftidan, ushbu audio ota-onalar tilga olgan kaltaklash voqeasining o‘rtasidan yozib olingan va voqea oxiri ham audioda aks etmagan.

Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi vakili audiodagi erkak 33-maktab direktori Ilyos Turobov ekanini tasdiqladi. Biroq voqea tafsilotlarini ochiqlamadi.

Ozodlikka taqdim qilingan audioda Turobovning gaplaridan u o‘quvchilarni tergayotgani tushuniladi. Uning o‘quvchilarni nima uchun urishgani sabablari Ozodlikka ma’lum emas.

Audio Turobovning so‘kinishlari bilan boshlangan va 04:38 daqiqalik audio davomida u deyarli har bir gapida uyatli so‘zlar ishlatadi.

“Hamma teshigingga s... man”, deydi maktab direktori ekani aytilgan ovoz egasi o‘quvchilardan biriga.

04:38 daqiqalik audio davomida Turobov 60 martaga yaqin so‘kinadi va o‘zbek leksikologiyasidagi deyarli barcha so‘kishlarni ishlatadi.

Shuningdek, audiodagi Turobov ekani aytilgan erkak bolalarni birma-bir tergar ekan, ularning har biriga bir-ikkitadan shapaloq tushiradi.

Audioda 7 marta shapaloq ovozi eshitiladi, aftidan ayrim shapaloqlar qattiqroq tekkan shekilli, bolalarning yig‘lamsiragan ovozlari ham quloqqa chalinadi. Bolalardan biri “kechiring” deydi, o‘tinchli ovoz bilan.

“Necha marta chichib qo‘ysang ham, bo‘qingni tozalab yuribman, g..n. Bunaqa bo‘lmaydi o‘g‘il bola, j..b”,- deydi direktor.

So‘kib-kaltaklangan o‘quvchilar orasida qizlar bor-yo‘qligi Ozodlikka noma’lum, lekin audio o‘rtasida ayol kishining ovozi eshitiladi. Audiodagi oyoq tovushlaridan ayol kabinetga kirib, chiqib ketgani anglashiladi.

Andijondagi 33-maktabda farzandlari o‘qiydigan ayolning Ozodlikka aytishicha, maktab direktori Ilyos Turobov o‘quvchilarni urib-so‘kkani oshkor bo‘lsa-da, ota-onalar unga yengil jazo berilganidan norozilik bildirishmoqda.

“Fevral oyida Turobov 10-sinf o‘quvchilarini kaltaklagan. Og‘izga olib bo‘lmaydigan uyat so‘zlar bilan so‘kkan. Haqoratlagan. OblONOga shikoyat qilingandi. Ishdan olishar desak, yengilgina jazo bilan qutilib qoldi. Hamma bunga norozi bo‘lyapti. Qanday qilib, bunaqa odamga bolalarimizni ishonish mumkin”,- deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan ota-onalardan biri.

Ushbu maktabda o‘g‘li o‘qishini aytgan boshqa bir ayol ham Turobovning yengil jazo bilan qutulganiga qarshi ekanini aytadi:

“Hokimlarning, boshqa rahbarlarning so‘kinganlari haqida eshitganmiz. Lekin maktab direktori og‘zidan bunaqangi so‘zlar chiqishini qanday tushunish mumkin. Uyat. Sharmandalik. Eshitib, yoqamni ushladim. Endi bolalarni urganiga kelsak, buning uchun qamash kerak edi. Nima haqqi bor birovning farzandini urishga? Agar mening bolamni urganida qamatib yuborgan bo‘lardim. Bu bolalarning ota-onalarini indamaslikka ko‘ndirishibdi”.

Andijon viloyat xalq ta’limining Ozodlik bog‘langan mulozimi, Ilyos Turobovga yengil jazo berilganini shunday izohladi:

“Turobovga avval hayfsan berilgandi. Bu voqea uchun unga intizomiy jazo berildi. Uning o‘ziga tushuntirildi. Yana bir marta shunaqa holat takrorlansa, to‘g‘ridan- to‘g‘ri mehnat shartnomasi bekor qilinadi”.

O‘zbekistonda kattayu kichik mansabdorlarning mushtumzo‘rligiyu so‘kong‘ichligi haqida Ozodlik avval ham ko‘p bora yozgan.

Ozodlikka ma’lum holatlar orasida maktab direktori Ilyos Turobov 4:38 daqiqada 60 martaga yaqin so‘kinish bilan o‘ziga xos aksilrekord o‘rnatdi, deyish mumkin.

Bundan avval Toshkent viloyat, Parkent tuman hokimi Ne’matulla Abdullayev 45 minut davomida 126 marta uyatli so‘z qo‘llagandi.

Xalq ta’limi vazirligi Andijon shahridagi hodisa yuzasidan rasmiy munosabat bildirmagan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG