Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:49

2020 sarhisobi: Pandemiya va mehnat migratsiyasi


2020 - yilda Qozog‘iston chegarasida oylab qolib ketgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari
2020 - yilda Qozog‘iston chegarasida oylab qolib ketgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari

2020 - yil Rossiyada mehnat qilayotgan millionlab muhojirlar uchun o‘ta mashaqqatli yil bo‘ldi. Ozodlik Radiosining Moskvadagi byurosi muxbirlari yil davomida Rossiyada yashab, mehnat qilayotgan muhojirlar hayoti va faoliyatiga oid videolavhalar, audiointervyular va maqolalarni berib bordi.

Rossiya rasmiylarining “migratsiya oqimini kamaytirish”ga qaratilgan chaqiriqlari ko‘paygani va “migrantlar sonini qisqartirish”ga qaratilgan tartib-qoidalar tinimsiz joriy etib kelinganiga qaramasdan, 2020 - yilda migrantlar sonini faqat pandemiya cheklovlarigina qisqartira oldi.

2020 - yil o‘zbek muhojirlari uchun qanday yil bo‘ldi? Ularni yil davomida nima xavotirga soldi va nimalar quvontirdi? Ozodlik yil davomida bo‘lib o‘tgan eng muhim voqea-hodisalarga yana bir bor to‘xtaldi.

Ish tashlash va noroziliklar

Hali koronavirus pandemiyasi boshlanmasidan va chegaralar yopilmasidan avval Rossiya hukumati 2020 - yilni xorijlik ishchilar uchun migratsiya tartiblarini kuchaytirish va ular oqimini kamaytirishga qaratilgan cheklovlar bilan boshladi.

Rossiya Mehnat vazirligi 2020 - yildan mehnat muhojirlari ishlashiga ruxsat beriladigan sohalarni yanada kamaytirishni rejalashtirdi. Rejaga ko‘ra, Rossiyada xorijlik ishchilar aptekalarda, oziq-ovqat va sanoat mollari do‘konlarida hamda boshqa savdo obyektlarida sotuvchi lavozimida ishlashi keskin cheklanishi ko‘zda tutildi. Rossiya Mehnat vazirligi tayyorlagan qonun loyihasiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab yana qator sohalarga xorijliklarni jalb qilish taqiqlanadi.

Masalan, alkogol va tamaki mahsulotlari bilan savdo qiluvchi do‘konlarda migrantlar soni sotuvchilar umumiy miqdorining 15 foizidan oshmasligi, yo‘lovchi tashuvchi avtobus va yengil mashinalarda va yuk tashuvchi avtotransportda migrantlar umumiy ishchilar sonining 26 foizidan oshmasligi lozim qilib belgilanishi mumkin.

Hukumat migrantlarga hech qanday cheklovsiz faqat qurilishda ishlashga ruxsat bergan.

Ayni damda Peterburgning “Laxta Sentr”i qurilishida bir guruh mehnat muhojirlarining 13 - oylik ish haqi berilmagani ustidan norozilik namoyishi aks etgan videolar tarqaldi. Shu yilning 1 - fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Sankt-Peterburgning “Laxta Sentr” markazida 200 ga yaqin ishchi haq talab qilib, ish beruvchi ofisi oldida ommaviy norozilik uyushtirdi.

Amur gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar ham oylik maosh to‘lanmagani vajidan ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarishgan, korxona bosh ofisini vayron qilgandi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tartibsizliklarni uyushtirganlikda ayblangan ishchilar hibs etilgan edi.

Yil oxiriga kelib esa, Moskva muhojirlar soni qariyb ikki barobarga qisqarib ketgani bois turli sohalar, xususan, qurilish va kommunal xizmatlar sohasida ishchi kuchi muammosiga duch keldi.

Yong‘inlar va baxtsiz hodisalar

Yil davomida Rossiyadan Qozog‘istonga borib qaytayotgan o‘zbekistonliklarning avariyaga uchrashi, avtobuslarda yonishi va yo‘lda qolib ketishi to‘g‘risida qator lavhalar berildi.

Shuningdek, ish joyida nobud bo‘lgan vatandoshlar, ular jasadlarini O‘zbekistonga qaytarish bilan bog‘liq muammolar to‘g‘risida xabar qilindi.

Moskva viloyati Ramenskoye tumani Durnixa qishlog‘ida 5 - may kuni yuz bergan yong‘inda olti nafar o‘zbek muhojiri kuyib o‘lgandi.

Ozodlik hodisa joyiga yetib borib, o‘lganlardan uch nafari ayol va uch nafari erkak kishi bo‘lgani, ular shu atrofdagi fermada ishlab kelgan o‘zbekistonliklar ekanini aniqladi. Migrantlar o‘limiga elektr o‘tqizgichdagi nosozliklar sabab bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev kengashning 2020 - yil 3 - avgustda o‘tgan yig‘ilishida pandemiya ortidan yuzaga kelgan ommaviy ishsizlik oqibatida mehnat muhojirlari sodir etayotgan jinoyatlar soni ko‘payganiga e’tibor qaratdi.

Medvedevga ko‘ra, bugungi kunda Rossiyaga boshqa davlatlardan kelgan muhojirlarning 40 foizi ishsiz qolgan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi 25 - iyul kuni migrantlarni “ekstremizm”, “jiddiy qonunbuzarliklar”, jamoat tartibini buzish va ruxsat berilmagan ommaviy norozilik namoyishlarini o‘tkazishda asossiz ayblagan edi. Dmitriy Medvedevning bu so‘zlari ortidan qator millatchi nashriyot va OAVlarda migrantofobiya ruhidagi maqola-reportajlar ko‘paydi.

Pandemiya, ishsizlik va o‘zaro yordam

Bu orada avj olgan pandemiya barcha mamlakatlarni chegaralarni yopishga undadi, jumladan Rossiyaga kirish-chiqish, harakatlanish cheklandi.

Ishsiz va nochor ahvolda qolgan muhojirlarning bir qismi Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga ketishga urindi. Chegaralarda minglab odamlar to‘plana boshladi. Biz Rossiyadan olib chiqib ketishni talab qilayotgan o‘zbekistonliklar to‘g‘risida ko‘plab lavhalarni berib bordik, ular bilan doimo aloqada bo‘ldik.

Jumladan, Vnukovo aeroportida qolgan muhojirlar vokzalda tunashga majbur bo‘lgan edi.

Rossiyada pandemiya avjiga chiqqan 1 - iyun kuni kasallangan muhojirlardan intervyu olish paytida Ozodlikning Moskvadagi muxbiri Umidbek Bobomatov va oxirgi yillarda Ozodlik uchun videolavhalarni hozirlayotgan rejisser, operator va montajchi Ulug‘bek Yo‘ldosh ham koronavirus bilan kasallanib, yotib qolgani ma’lum bo‘ldi.

Bu orada Rossiyadan O‘zbekistonga bo‘lgan pul o‘tkazmalari hajmi keskin qisqardi. Ishsiz-mablag‘siz qolgan juda ko‘p muhojirlar yordamga muhtoj bo‘ldi.

Peterburg va Moskvadagi O‘zbekiston vakolatxonasi oldida aviachipta olish ilinjida bo‘lgan o‘zbek migrantlari navbatlari paydo bo‘ldi. Charter reyslarga ilinish niyatida kunlar davomida elchixona oldida turgan o‘zbeklar konsullikdan savollariga javob berishni so‘radi.

Rossiyada qolgan muhojirlarga yordam punktlari tuzildi. Oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi ko‘ngillilar guruhlari tashkil etildi.

O‘tib borayotgan yilda O‘zbekiston elchixonasi va ayniqsa, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ayrim xodimlarining Ozodlik ko‘targan mavzularga e’tibor qaratgani va imkon qadar o‘zbek vatandoshlariga ko‘mak berishga uringanini ham ta’kidlash joiz.

Ozodlik Radiosi tahririyati vataniga qaytish istagida bo‘lgan o‘zbek talabalari, maosh ololmayotgan ishchilar, ketolmay qolgan yo‘lovchilar va mablag‘siz qolgan kasal va nogironlarning O‘zbekiston hukumati va shaxsan prezident Mirziyoyevga yo‘llagan ko‘plab murojaatlarini uzatishga urindi.

Yil oxiriga kelib, Rossiya aeroportlarida qolib ketgan o‘zbek muhojirlari masalasi qaytadan ko‘tarilib qoldi: bu gal muammo Rossiyaga kirmoqchi bo‘lgan, ammo karantin cheklovlari tufayli kiritilmagan o‘zbek migrantlari bilan bog‘liq bo‘ldi.

Migratsiya tartiblarining yengillashtirilishi

Yil oxirida Rossiya hukumati pandemiya cheklovlarini biroz yumshatdi.

Shu o‘rinda o‘z yurtiga ketolmay qolgan ishchi musofirlarga ham migratsiya qaydiga turish, patent to‘lovlari muddati va boshqa tartiblar yengillashtirildi. Talabalarga patentsiz ishlashga ruxsat berildi.

2020 - yil davomida biz juda ko‘plab odamlarning murojaatlari va yordam so‘rab qilgan iltimoslarini efirga uzatdik. Yordam so‘raganlarning ko‘pchiligi bolali ayollar edi. Ozodlik muxlislari yiqqan mablag‘lar evaziga mushkul ahvolda qolgan ko‘plab o‘zbekistonliklar uylariga qaytish imkoniga ega bo‘ldi.

11 yashar shahrisabzlik Islombek Moskva tumanlaridan biridagi axlatxonada ertalabdan kechgacha turli chiqindilar yig‘ardi. Topgan arzimas puli bilan u yolg‘iz onasi va opasini boqardi. Ozodlik bergan lavhasidan keyin bu oila taqdiriga befarq bo‘lmagan muhojirlar ko‘magida Islombek onasi va opasi hamrohligida 2020 - yilning 21 - iyun kuni Moskvadan O‘zbekistonga uchib ketdi.

Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan 23 yashar Nigina Xidirova esa 15 yoshida Rossiyaga kelib qolgan.

Minglab o‘zbekistonlik muhojir ayollar qatorida Rossiyada koronavirus karantini paytida qiyin ahvolda qolgan Nigina konsullik xodimlari va Ozodlik ko‘magida farzandi bilan birga o‘z yurtiga qaytib ketdi.

Davolanish uchun Rossiyaga kelib, karantin tufayli Sankt-Peterburgda qolib ketgan 47 yashar Durdona Naimova ham o‘z yurtdoshlari ko‘magida shu yilning sentabrida uyiga qaytdi.

5 yashar Peterburgning Pushkinosida 3 - qavatdan tushib ketgan Alibekka ko‘plab mamlakatlardan yordam keldi. 3 yil o‘tib u oxirgi jarrohlik operatsiyasidan eson-omon o‘tib olgani xabarini oldik.

Moskvadagi Ozodlik tahririyati muxbirlari, mehnat muhojirlari muammolari bilan birga Rossiyada yashab ijod qilayotgan qator san’at ustalari, kino va shou-biznes vakillari, biznesmenlar, sportchilar va blogerlar eksklyuziv intervyularini berib bordi, ular hayoti va ijodiga bag‘ishlab lavhalar uzatdi.

2021 - yilda biz Rossiyadagi muhojirlar hayoti va ularni qiziqtiradigan masalalarni ko‘tarishda davom etamiz.

Rossiya bilan bog‘liq xabar-lavhalar uchun Ozodlik sayti, YouTube kanalimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni kuzatib boring!

XS
SM
MD
LG