Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:56

Namanganda bemorning yaqini tomonidan kaltaklangan shifokor og‘ir jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizildi


Pandemiya paytida ishlayotgan o‘zbekistonlik shifokor, may, 2020
Pandemiya paytida ishlayotgan o‘zbekistonlik shifokor, may, 2020

Namangan viloyatining Chust tumanidagi 49-sonli oilaviy poliklinika umumiy amaliyot shifokori kaltaklandi, og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi.

Kaltaklangan 28 yashar shifokor Husan Ergashev bosh miya chayqalishi, bosh qismi va tanasining boshqa qismiga yetkazilgan turli jarohatlar bilan Chust tuman tibbiyot birlashmasi travmatologiya bo‘limida davolanmoqda.

Ozodlik bilan qisqa muloqotda shifokor hodisa 5 kun muqaddam sodir bo‘lgani va hozir biroz o‘ziga kelgani, ammo hanuz oyoqqa tura olmaganini aytdi, boshqa savollarga javob berolmadi.

Hamkasblariga ko‘ra, bir mast hamqishlog‘i vaqtida uyiga borib xastasini ko‘rmadi, deb shifokorni ayblagan va yaqinlari bilan birga uyiga kirib, kaltaklagan.

24 - sentabr kuni Ozodlik muxbiri bilan telefon orqali qisqa muloqot qilgan shifokor Husan Ergashevga ko‘ra, uni kaltaklagan hamqishlog‘i muqaddam sudlangan shaxsdir.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Ergashev, 20 sentabr kuni oqshom uning uyiga bostirib kirgan hamqishlog‘i mast holda uni uyiga olib ketishga uringanini aytdi:

“Mahallamda turadi. Chaqirdi, chiqsam, mast ekan. “Mening uyimdan xabar olib turishingiz kerak, kerak bo‘lsa, hozir ham sizni sudrab ketaman”, deb gapiryapti. “O‘zingizni bosib oling, uyingizdagilarda birorta muammo bo‘lsa, men hoziroq boraman” deyapman. Men uni uydan chiqaraman deb tursam, orqasidan yana ikkitasi kirib, ajratishning o‘rniga urib ketishdi. Orqamdan kelib, qanaqadir qattiq predmet bilan yelkamdan urdi, shu bilan shunaqa bo‘lib qoldim-da".

Shifokor bu janjalda ularni ajratmoqchi bo‘lgan otasi ham yengil jarohatlanganini qo‘shimcha qildi, ammo boshqa ma’lumot berolmadi.
Tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan rasmiysidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shifokorni kaltaklagan 3 shaxsdan biri hibsga olingan, tergov-surishtiruv ishlari bormoqda.

Chust tuman tibbiyot birlashmasi, shifokor travmatologiya bo‘limida davolanayotganini tasdiqladi, qo‘shimcha ma’lumotlar uchun, kaltaklangan shifokor ishlagan 49-qishloq oilaviy poliklinikasi bosh shifokoriga bog‘lanishni tavsiya qildi.

Bosh shifokor Habiba Zohidova ham kaltaklangan Ergashev shifoxonaning umumiy amaliyot shifokori ekani, hanuz og‘ir ahvolda shifoxonada yotganini tasdiqladi. Ammo unga yetkazilgan jarohat darajasi va ayni paytda kaltaklanish sabablaridan bexabar ekanini aytdi.

Chust tumanidagi yana bir oilaviy poliklinika shifokori esa, hodisa tafsilotlardan xabari borligi, ishtirokchilarni tanishini aytdi.

Ismi sir saqlashi sharti bilan Ozodlikka ma’lumot bergan shifokorga ko‘ra, hamkasbini kaltaklagan hamqishlog‘i 2 oy avvalgi muammoni bahona qilgan:

“2 oychamikin oldin bolasi isitmalab qolganida, bu vrach xabar olib uyiga bormagan emish. Oradan 2 oy o‘tib, ichib olib, shuni bahona qilib uribdi. Lekin, uyma-uy yurib, vrach xabar olmaydi, buni patronaj hamshira qiladi. Shunaqa qilib, oldingi muammoni qo‘zg‘ab, qayf bo‘lganda kelib uribdida. O‘zi yoshgina, yaxshi vrach bu yigit. Yaqinda ish boshlagan edi”.

Bu vrach, garchi COVID-19 pandemiyasi paytiga kelib biroz susaygan bo‘lsada, ammo shifokorlarga nisbatan zo‘ravonlik hollari hanuz uchrab turibdi, deb fikr bildirdi.

Bu shifokorga ko‘ra, bu zo‘ravonlikning asl sababi – tibbiyot sohasining o‘ta abgor holga kelib qolganidadir. Ayni paytda, u tibbiyot xodimlariga nisbatan nafrat kampaniyasini prezidentning o‘zi boshlab bergan edi, deb ta’kidladi:

“Yangi prezident bo‘lgan paytida videoselektor qilib, tibbiyot xodimlari, shifokorlarni poraxo‘rlikda ayblab, rosa tanqid qilgan edi, esingizda bo‘lsa. O‘shandan keyin, shifokorlarni qoralab, poraxo‘rlikda ayblab, rosa maqola, ko‘rsatuvlar berish boshlandi. Shundan keyin boshlanib ketdi bu kaltaklashlar, deb o‘ylayman men. Aslida bu sohadagi muammolarga shifokor poraxo‘rligi emas, shu tizimning moliyaviy ta’minotini yomonlashtirgan davlatning o‘zi aybdorku?! Lekin, hamma nafratga tibbiyot xodimlari nishon bo‘lib qolyapti”.

O‘zbekistonda shifokorlarning fuqarolar tomonidan kaltaklanishi, haqoratlanishi yoki pichoqlab ketilishi hollari so‘nggi yillarda keskin ko‘paydi.

Aynan Chust tumanida shu yilning 6 - fevralida 46-sonli oilaviy poliklinika bo‘lim mudiri kaltaklangan va bu hodisa O‘zbekistondagi qator Internet nashrlarida keng yoritilgan, yoshgina yigitning katta yoshdagi shifokorni kaltaklayotgani aks etgan video tarmoqlarda keng muhokama bo‘lgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining bildirishicha, 2017-2018 - yillarda bemorlar va ularning qarindoshlari tomonidan 300 nafar tibbiyot xodimi kaltaklangan. Keyingi yillarda zo‘ravonlikka nishon bo‘lgan tibbiyot xodimlari umumiy soni haqida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG