Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:51

Paxtaga safarbarlik: FVV va bank xodimlari ham majburiy terimga yuborilmoqda


Bu yilgi paxta terimi koronavirus pandemiyasi bilan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
Bu yilgi paxta terimi koronavirus pandemiyasi bilan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonning aksar viloyatlarida paxta terimiga start berilganiga 10 kundan oshdi.

Hukumat bu yilgi paxta mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi, terimga asosan “temir daftar”dagi oilalar, ishsizlar va ayollar jalb qilinishini va’da qilgan esa-da ayrim viloyatlarda byudjet tashkilotlari ishchi-xodimlari paxtaga majburan safarbar etilayotgani to‘g‘risida xabarlar kelmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo‘limlari xodimlarining xabar qilishicha, ulardan "o‘z xohishi bilan paxtaga chiqishi" haqida majburiy tilxatlar olingan, paxtaga borishni xohlamaganlarga o‘rniga yonidan pul to‘lab terimchi topish tayinlangan.

Bank xodimlari, xususiy shirkatlardan ham paxtaga odam chiqarish qattiq talab qilinayapti. Xususan, Sirdaryo viloyat Oq oltin tumanidagi "Xalq banki" "Hamkorbank", "Savdogarbank" bo‘limlari xodimlariga ham paxta terimi uchun o‘z o‘rniga odam yollash buyurilgan.

14 sentabr kuni Andijon viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlariga Qashqadaryoga paxta terimiga safarbar qilinishlari haqida ma’lum qilingani to‘g‘risida Ozodlikka shu boshqarma xodimi xabar qildi.

Ishdan haydalishidan qo‘rqib ismi ochiqlanishini istamagan FVB xodimining aytishicha, o‘zi va hamkasblaridan "paxtaga ixtiyoriy ravishda chiqayotgani" borasida majburiy ravishda tilxatlar olingan:

“O‘z xohishim bilan paxta terimiga chiqaman” deb majburiy ariza yozdirib olishdi”. Paxta mavsumi tugagunga qadar Qashqadaryoga olib ketishar ekan. Paxtaga borishni xohlamasang o‘rningga odam top, deyishdi. 2 yarim million oylik olsak qanday qilib oilamizni rizqini qirqib, odamni paxtaga jo‘natamiz. mardikor bozorda 300 dollarga paxtaga borar ekan, bunga bizni qurbimiz yetmaydi".

O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridagi Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarida ham xodimlar "ko‘ngilli" paxtaga safarbar etilayotgani to‘g‘risida xabarlar bor.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiysi Ozodlikka xodimlardan majburiy ariza yozdirib olinganidan xabarsiz ekani, ammo har bir viloyatdagi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 140 nafardan xodim paxtaga "ko‘ngilli" jalb qilinishini aytdi.

"Har bir viloyatdagi boshqarmadan 140 nafardan, Toshkentdagi vazirlik markaziy idorasidan ham xodimlar boradi. O‘z xohishi bilan boradi, hech kim majburlamaydi", - dedi FVVning ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi.

Bank xodimlariga ham terimchi topish buyurildi

Boshqa davlat byudjetidan moliyalanadigan idora-tashkilotlar xodimlari, bank xodimlari, xususiy shirkatlardan ham paxtaga odam chiqarish qattiq talab qilinayapti.

Sirdaryo viloyati Oq oltin tumanidagi "Xalq banki" bo‘limi xodimi so‘zlariga ko‘ra, agar paxta yig‘im-terimiga chiqmasa yoki o‘rniga odam olib chiqmasa ishidan ajralishi haqida ogohlantirilgan.

"Xalq banki xodimlari nomidan murojaat qilmoqdamiz. Bizda paxta boshlandi. Bir guruh xodimlar dalada. Yo paxta ter, yo o‘rningga odam top yo ishdan ketaver degan shart qo‘yilyapti”, dedi ishdan haydalish xavfi bois ismini ochiqlamaslikni so‘ragan - "Xalq banki" xodimi.

Sirdaryodagi "Hamkorbank", "Savdogarbank" xodimlari ham paxtaga chiqmasa, ishdan haydalish bilan tahdidlar bo‘layotgani haqda Ozodlikka aytishdi.

Bank xodimlarining bu iddaolari yuzasidan Ozodlik shu banklarning markaziy idoralaridan izoh ololmadi.

Kun davomida banklarning saytida keltirilgan telefon raqamlariga tushib bo‘lmadi.

Har kilo terilgan paxta uchun 1000 so‘m

O‘zbekistonning Jizzax viloyatidan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, pul ishlash ilinjida bolalik ayollar ham terimga chiqqan.

Bu haqda Ozodlikka Jizzaxning Zarbdor tumanidan bo‘lgan Yoshlar ittifoqi faoli Gulsanam Ashurova aytdi:

"Emizikli bolalarini dalaga olib chiqib, paxta teryapti. Menimcha buni nazoratga olmoq kerak, hozir kilosiga 1000 so‘mdan, deb e’lon qilgan, ayollarimiz bolalarini uyda qoldirib, emiziklilarini dalaga olib chiqib paxta teryapti. Bu mutlaqo noto‘g‘ri, bolali ayollar uyda o‘tirishi kerak".

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov 5 sentabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anumanida bu yil paxta terimiga asosan “temir daftar”dagi oilalar, ishsizlar va ayollar jalb qilinishini ma’lum qilgan edi.

Har bir terimchiga birinchi terimda har kilo terilgan paxta uchun 1000 so‘m, ikkinchi terimda 1400 so‘mdan berilishi va’da qilingan.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, yaxshi terimchi kuniga 100-120 ming so‘m atrofida daromad qilishi mumkin.

"Terimchi bilan shartnoma tuziladi. Shartnoma imzolanishdan oldin fuqaro qancha muddat terimda qatnashishini o‘zi belgilaydi. Xohlasa, bir oy yoki o‘n kun. 2020 yilgi mavsumda terilgan bir kilogramm paxta narxi birinchi terimda 1000 so‘m, ikkinchi terimda esa 1400 so‘m etib belgilandi", deb aytgan edi Umrzoqov.

Paxta va pandemiya

Bu yilgi paxta terimi koronavirus pandemiyasi bilan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Faollar agar hasharchilar bir joyda ommaviy yotib turiladigan antisanitariya holatidagi baraklarga safarbar etiladigan bo‘lsa, buning oqibati ayanchli bo‘lishidan ogohlantirishmoqda.

"Hozirgi pandemiya yana bir muammoni paydo qilyapti. Birinchidan, majburiy mehnat, ikkinchidan koronavirus xavfi. Baraklarda yuz-ikki yuz odam bir joyda yashaydi, buning ustiga antisantiariya sharoitida. Buning oqibati hozirgi pandemiya payti qanday bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas,", - deydi Toshkentdagi Inson huquq himoyachilari alyansi rahbari Yelena Urlayeva.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasmiylari esa mamlakatning bir hududidan boshqasiga jalb qilingan terimchilarning yuztasiga bitta hamshira biriktirilishi, terimchilar uchun maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tish xonalari tashkil etilishi va dalalarda teplovizorlar qo‘yilishi haqida aytishgan.

Bundan tashqari, rasmiylariga ko‘ra, terimchilar to‘liq toza ichimlik suvi, antiseptiklar, yuz niqoblari bilan ta’minlanadi, yuz niqoblari har ikki soatda almashtirib turiladi.

G‘arb davlatlaridagi huquq himoyachilari¸ biznes va investitsiya guruhlaridan tuzilgan Cotton Campaign koalitsiyasi 2010 yili bolalar va majburiy mehnat evaziga terilgan o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilgan va bu boykotga umumiy kapitali 1 trillion dollarga teng bo‘lgan Nike, Zara, GAP, C&A, Levi's, H&M, UNIQLO kabi yetakchi kiyim-kechak va to‘qimachilik shirkatlari qo‘shilgan edi.

​O‘zbekistonda byudjet tashkilotlari xodimlarining ixtiyoriga zid ravishda 2019 yilda ham paxtaga majburlangani haqida Ozodlik xabar bergan.

XS
SM
MD
LG