Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:49

UZI uch egizak tug‘ishini ko‘rsatgan farg‘onalik onaga tug‘ruqxonada ikki chaqaloq tutqazildi


Farida G‘oziyeva yangi tug‘ilgan egizaklari Fotima va Zuhra bilan.
Farida G‘oziyeva yangi tug‘ilgan egizaklari Fotima va Zuhra bilan.

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida yashovchi 28 yoshli Farida G‘oziyevaga homiladorlik payti o‘tkazilgan tekshiruvlarda uch egizak tug‘ishi aytilgan, ammo viloyat perinatal markazida 4 iyul kuni operatsiya yo‘li bilan o‘tkazilgan tug‘ish jarayonidan so‘ng uning qo‘liga ikki qizaloq tutqazilgan.

Ozodlikka murojaat qilgan Farida G‘oziyevaning iddao qilishicha, "uchinchi chaqalog‘i tug‘ruq jarayonida nobud bo‘lganini shifokorlar yashirmoqda".

G‘oziyevaning ko‘zi yorigan Farg‘ona viloyat perinatal markazi bosh shifokori Madhiya Suyarqulova 22 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda bu iddaoni rad qildi.

Suyarqulovaga ko‘ra, hususiy klinikalar G‘oziyevaning qornida uch egizak bor, deb noto‘g‘ri xulosa bergan, aslida u ikki egizak tuqqan.

Farg‘ona shahar prokuraturasi mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib bormoqda.

Farida G‘oziyevaning Ozodlikka aytishicha, u homiladorlik davrida jami yigirma bir marta ultratovush (UZI) tekshiruvidan o‘tgan, barcha tibbiy ko‘riklarda shifokorlar unga uchta farzand tug‘ishini aytishgan:

- Ohirgi tekshiruv 2 iyul kuni bo‘lgan. Bolalarning uchalasini ham yurak urishlari yaxshiligini aytishdi. Bittasi 2 kilo 800 gramm, yana biri 2 kilo 700 gramm va uchinchisi 2 kilo 500 gramm deyishdi. 4 iyul kuni Farg‘ona shahar perinatal markazida operatsiyaga yotdim, ikki qiz chaqaloq: biri 2 kilo 640 gramm, yana biri 2 kilo 530 gramm tug‘ildi. Uchinchi chaqaloq mavjud emasligini aytishdi. Lekin o‘sha kuni yo‘ldosh olib chiqib berilmadi. 7 iyul kuni hamshiralardan biri menga ikki qiz bir o‘g‘il tuqqanligim, o‘g‘il nobud bo‘lganligini og‘zidan gullab qo‘ydi. Shunga bular bola nobud bo‘lganini mendan yashiryapti, deb qattiq gumondaman.

Farg‘onalik ona homiladorlik davrida Farg‘onadagi "MTD", "Tabib", "Asl Shifo Medikal" hususiy diagnostika markazlarida o‘tkazilgan ultratovush (UZI) tekshiruvi natijalarini Ozodlikka taqdim etdi.

Ularning barchasida Farida G‘oziyeva qornida uch egizak borligi aytilgan.

"Asl Shifo Medikal" diagnostika markazi bergan hujjatda Farida G‘oziyeva uch egizakka homilador ekani aytilgan.
"Asl Shifo Medikal" diagnostika markazi bergan hujjatda Farida G‘oziyeva uch egizakka homilador ekani aytilgan.

Farg‘ona viloyat perinatal markazi bosh shifokori Madhiya Suyarqulova 22 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda viloyatdagi hususiy klinikalar G‘oziyevaning qornida uch egizak bor, deb noto‘g‘ri tashxis qo‘yishgani, aslida u ikki egizak tuqqanini aytdi.

- Tekshirilganda adashmovchilik bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Operatsiya qilingan, qornidan ikki bola chiqqan. Biz bu ayolga uch bola tug‘asan, deb xulosa bergan UZIchilar bilan gaplashdik, hammasi aybini tan oldi. Artefakt, ya’ni pomexa bo‘lgan ekan, - dedi Suyarqulova.

Farg‘ona viloyati Perinatal markazi.
Farg‘ona viloyati Perinatal markazi.

G‘oziyevaning onasi Muhabbat Mirzayeva bosh shifokor aytganlarini shubha ostiga olarkan, bunday dedi:

- Bitta, ikkita holatda hato bo‘lishi mumkin, lekin yigirma bittada emas. Hamma aqlsiz, faqat bular aqllimi?!

Farg‘onadagi "Tabib" tibbiy tekshiruv markazi hujjatlarida ham Farida G‘oziyeva qornida uch bola borligi aytilgan.
Farg‘onadagi "Tabib" tibbiy tekshiruv markazi hujjatlarida ham Farida G‘oziyeva qornida uch bola borligi aytilgan.

Ayni paytda Muhabbat Mirzayeva qiziga uch egizak tug‘ishi aytilib, tug‘ruqxonada qo‘liga ikki qizaloq tutqazilgani yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasiga arz qilganini aytdi.

- Shahar prokuraturasiga 15 iyul kuni murojaat qildik. Natijasini to‘rt kundan keyin bilgani borganimda navbatchi koronavirus karantini sabab 15 kundan keyin kelishimni atdi. Ungacha izlar yo‘qolib ketishidan xavotirdaman, - deydi Mirzayeva.

Farg‘ona shahar prokuraturasining Dilmurod ismli tergovchisi mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotganini Ozodlikka tasdiqladi.

Lekin u tergov siri vajidan Ozodlikka bu haqda ma’lumot berolmasligini aytdi.

"Prezidentimizning ismini qo‘yamiz, deb niyat qilgandik"

Farida va uning turmush o‘rtog‘i Javohir G‘oziev xonadonida egizaklar tug‘ilishidan oldin ham besh yoshli ikki egizak qiz va ikki yoshli bir o‘g‘il bo‘lib, endi ular birato‘la besh farzandning ota-onasiga aylanishdi.

- Katta egizaklar ham Fotima va Zuhra. Uchta tug‘ilsa prezidentimizni, uning ayoli va qizlarini ismini qo‘yamiz, deb niyat qilgandik. Bular ham Fotima va Zuhra bo‘ldi, - deydi egizaklarning buvisi Muhabbat Mirzayeva.

Farida G‘oziyevaning egizaklari tug‘ilishidan oldin ham uch farzandi bo‘lgan. Fotima va Zuhra 5 yoshda, Jamoldin 2 yoshda.
Farida G‘oziyevaning egizaklari tug‘ilishidan oldin ham uch farzandi bo‘lgan. Fotima va Zuhra 5 yoshda, Jamoldin 2 yoshda.

"UZI yuz foiz to‘g‘ri natija beradi deb bo‘lmaydi"

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan shifokorlar homiladorlik payti o‘tkazilgan tekshiruv natijalari ko‘p ham to‘g‘ri bo‘lib chiqavermasligini aytishdi.

Toshkentdagi "ZiyoMed" hususiy klinikasi shifokori Irina Li Ozodlikka bunday dedi:

"Ultratovush tekshiruvi yuz foiz to‘g‘ri natija beradi, deb bo‘lmaydi. Bachadonda suv kam bo‘lsa yoki tonusda bo‘lsa artefakt natija beradi".

O‘tgan oy Samarqand viloyatining Toyloq tumanida yosh onaga o‘g‘il farzandli bo‘lgani aytilib, qo‘liga qizaloq tutqazilgani katta janjalga sabab bo‘ldi.

Mazkur xolat yuzasidan Toyloq tumani Ichki ishlar bo‘limi tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazayotgani, tergovga qadar tekshiruv harakatlari ustidan prokuror nazorati o‘rnatilganligi haqida mahalliy nashrlar xabar bergan.

XS
SM
MD
LG