Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:43

AIBA sobiq prezidenti G‘afur Rahimovning hovlisiga Molotov kokteyli otildi


Yonilg‘i quyilgan shisha otilgan joyda topilgan va tergov ashyoviy dalil sifatida olgan Molotov kokteyllari.
Yonilg‘i quyilgan shisha otilgan joyda topilgan va tergov ashyoviy dalil sifatida olgan Molotov kokteyllari.

14 martga o‘tar kechasi, soat 3.00 atrofida noma’lum shaxslar Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi hovliga yonilg‘i to‘ldirilgan shisha - Molotov kokteyli irg‘itgan.

Hodisa yuz bergan joydan yonilg‘i quyilib, pilik o‘rnatilgan yana 3 ta shisha topilgan.

Bu voqea yuzasidan tergovgacha surishtiruvdan xabardor IIB xodimining ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka bildirishicha¸ “bu hujum oqibatida kichik yong‘in kelib chiqqan va hovli qorovuliga tegishli “Matiz” rusumli avtomobil qisman shikastlangan”.

“Hujumga” nishon bo‘lgan hovlida AIBA sobiq prezidenti, 69 yashar G‘afur Rahimov va uning xotini Lola Rahimova istiqomat qiladi.

IIB zobitining Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ 14 mart kuni Lola Rahimova bu voqea yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tuman IIBga ariza bergan:

“Arizada «uyimizga o‘g‘ri tushdi» deb yozilgan. Podjog¸ "Molotov kokteyli" qismini ataylab aytishmagan. IIB xodimlari pojarniklar bilan birga voqea joyiga borib, tergovgacha surishtiruv o‘tkazib qaytishdi. ... topilgan butilkalar daliliy ashyo sifatida olindi. Kelib chiqqan yong‘in borasida qo‘shnisidan tushuntirish xati olindi. Lekin hali jinoyat ishi ochilmadi. Ekspertiza javobi chiqmasa ish ochilmaydi. Pojarniy xulosa berishi kerak”.

Ozodlikda daliliy ashyo sifatida olingan butilkalar fotosi bor. Fotoni Ozodlikka tergovga yaqin manba taqdim qildi.

Voqea joyidan topilgan yonilg‘i quyilgan shishalar. Fotoni Ozodlikka tergovga yaqin manba taqdim etdi.
Voqea joyidan topilgan yonilg‘i quyilgan shishalar. Fotoni Ozodlikka tergovga yaqin manba taqdim etdi.

Tergovgacha surishtiruv hujjatlarida ushbu butilkalar “Molotov kokteyli” deb malakalangan.

Ozodlik mobil muxbiri voqea sodir bo‘lgan manzilga bordi. Mobil muxbir bilan suhbatlashgan qo‘shnilardan birining aytishicha¸ 14 mart kuni Mirzo Ulug‘bek tuman IIB dan tezkor guruh kelib, ularni so‘roq qilgan.

Ozodlik mobil muxbiri suhbatlashgan qo‘shni yong‘inni ko‘rgani va baqir-chaqirlarni eshitganini aytdi.

"Yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qoladi"

Ayni paytda Rahimovlar oilasi bo‘lgan voqea matbuotga chiqishini istamayapti.

Rahimovlar oilasi manfaatlarini himoya qilayotgan advokatlardan birining Ozodlikka aytishicha, Rahimovlar oilasi bu ish atrofida jimlik bo‘lishidan manfaatdor.

Ozdlik muxbiri G‘afur Raximovning xotini Lola Rahimova bilan bog‘lanishga urindi. Ammo Lola Rahimova matbuotga hozircha gapirmasligini advokati orqali bildirdi.

Voqea joyiga borgan mobil muxbir hovlining yong‘in chiqib qoraygan qismi yangi bo‘yab qo‘yilganligiga guvoh bo‘ldi.

Qudratli amaldor amri bilan?

Maqola yozilayotgan paytda Ozodlik muxbiri yana boshqa bir yuqori lavozimdagi IIB xodimi bilan bog‘landi.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismi aytilmasligini so‘ragan zobit “Lola Rahimova ariza ostidagi imzosini qaytarib olgani va o‘g‘rilikka urinish bo‘lgani haqidagi ariza hovlidagi tanqo‘riqchilar nomidan yozilib qayta rasmiylashtirilganini” bildirdi.

“18 mart kungi holatda bu yuzadan jinoyat ishi ochilmadi¸ haliyam ekspertiza xulosasini kutyapmiz” dedi zobit.

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidagi rutbasi yuqori yana bir mulozim bilan suhbat asosida bu voqeaga oydinlik kiritishga harakat qildi.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim iddaosiga ko‘ra¸ “Molotov kokteyli" otilgani va mashina yongani borasida jinoyat ishini ochmay yopti-yopti qilishni Rahimovga qo‘shni mahallada yashovchi sobiq amaldor Ichki ishlar vaziridan shaxsan (Ozodlikka ism-familiyasi ma’lum) iltimos qilgan”.

Mulozimga ko‘ra¸ sobiq amaldor ko‘rsatmasiga binoan, Rahimov uyi hozir kuchaytirilgan tarzda qo‘riqlanmoqda.

Ozodlik mobil muxbiri Rahimov uyini Kalashnikov avtomatlari bilan qurollangan militsiya naryadi qo‘riqlayotganini ko‘rdi.

Ozodlikda mavjud safar hujjatlarga ko‘ra¸ G‘afur Rahimov va Lola Rahimovalar 13 mart kuni Dubay shahriga (BAA) uchib ketayotganida Lola Rahimova Toshkent xalqaro aeroportidan chiqarilmagan. Ammo 13 mart kuni G‘afur Rahimov Dubayga uchib ketgan.

Lola va G‘afur Raximovlarning 13 mart kuni Dubayga uchish bileti. Bilet ustida safar qoldirilgani haqida ishorat bor.
Lola va G‘afur Raximovlarning 13 mart kuni Dubayga uchish bileti. Bilet ustida safar qoldirilgani haqida ishorat bor.

“Qasd olish”mi yoki “tahdid"?

Bir qarashda kichik yong‘in sifatida malakalash mumkin bo‘lgan bu hodisa, yangi O‘zbekiston tarixidagi eng ziddiyatli tadbirkorlardan biri G‘afur Rahimov xonadonida bo‘lgani bois, ko‘p savollarni tug‘diradi.

(Motivlar borasida turli taxminlar mavjud biroq ularni quvvatlovchi dalillar yo‘q. Mirziyoyev hokimyatga kelganidan so‘ng shubhali vaziyatda qaytib kelganidan beri Rahimov atrofida turli xabarlar paydo bo‘ldi. Rahimovning turmush o‘rtog‘i sobiq biznes hamkorlari bilan sudlashdi.)

Rahimovning quyoshi botmoqdami?

69 yashar G‘afur Rahimovning bugungi obro‘si avvalgidek, xususan, bundan 10-15 yil ilgarigidek emasligi aytiladi. Oxirgi paytlarda u o‘z e’tiborini sportga qaratgan edi. U Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidentligidan ketishga majbur bo‘ldi va bunga uning kriminal dunyoga aloqasi borligiga gumonlar mavjudligi sabab bo‘ldi.

G‘afur Rahimov
G‘afur Rahimov

Rahimov AQSh Moliya vazirligining uyushgan xalqaro jinoiy guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanksiyalari ro‘yxatiga ilk bor 2012 yilning 23 fevral kuni "Yevroosiyodagi jinoiy sindikat" yetakchilaridan biri sifatida kiritilgan edi.

"Postsovet fuqarolaridan tashkil topgan “Birodarlik xalqasi” (Bratva) dagi belgilovchi shaxs bo‘lgan G‘afur Rahimov o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri va u Markaziy Osiyoda narkotik moddalar ishlab chiqarish bo‘yicha ixtisoslashgan. Rahimov dunyoning yirik narkosindikatlarida geroin kontrabandasi bilan bog‘liq operatsiyalarda qatnashib kelmoqda"¸ deb yozilgan AQSh Moliya vazirligi o‘z rasmiy saytida 2013 yil 30 oktabrida e’lon qilgan hujjat matnida.

Keyingi ikki oy ichida Internetda jinoyat olamiga yaqinligi iddao qilinadigan biznesmen G‘afur Rahimov negativ shaklda tilga olingan bir nechta maqola paydo bo‘ldi.

2019 yilning 11 dekabrida ijtimoiy tarmoq orqali G‘afur Rahimovga qarshi “progon” – jinoiy olamga chaqiriq (Progon – Vikipediyaga ko‘ra, turma avtoritetlarining ultimativ va bajarilishi shart hisoblangan topshirig‘i) tarqalgan edi.

XS
SM
MD
LG