Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:03

Madaniyat vazirligidan “Vaqf” jamg‘armasiga o‘tkazilgan 189 obida qarovsiz qoldi


Xiva. Ichan-qal’a.
Xiva. Ichan-qal’a.

Bosh vazir Abdulla Aripovning farmoyish asosida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi tasarrufidan “Vaqf” xayriya jamg‘armasiga o‘tkazilgan 189 obida qarovsiz qoldi.

O‘zbekistonlik san’atshunoslardan olingan bu ma’lumotni Madaniyat vazirligi mas’ul mulozimi tasdiqladi.

“Vaqf” xayriya jag‘armasi fondiga o‘tkazilgan qarovsiz qolgani aytilayotgan 189 obida ro‘yxatida Buxorodagi “Chor bakr” majmuasi¸ Samarqanddagi “Shohi Zinda”¸ “Xo‘ja Doniyor va Xazrati Xizr” obidalari hamda Xivadagi Said Alouddin pir"¸ “Uch avliyo bobo” kabi arxitektura yodgorliklari bor.

“Vaqf” fondining viloyatlardagi rahbarlari tashkilotda yodgorliklarga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar yo‘qligini tan oldi.

Bu yodgorliklar 2018 yilning sentabrigacha Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasi¸ Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi va Ichan-qal’a muzey qo‘riqxonasi tarkibida muzey sifatida faoliyat olib borgan.

Qadimshunos me’mor Abdumalik Turdiyev Ozodlikka taqdim qilgan hujjatga ko‘ra, bu binolar Bosh vazir 2018 yilning 28 avgustida imzolagan farmoyish asosida o‘sha yili tuzilgan “Vaqf” fondiga tekin o‘tkazib berilgan:

- Bir yil ichida bu ro‘yxatdagi obidalar “Vaqf” jamg‘armasida osori-atiq bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislar yo‘qligi bois qarovsiz ahvolga keldi. Ba’zi binolar ichidagi lojuvard koshin va o‘ymakor ustunlar g‘oyib bo‘ldi. 189 obidaga qaraydigan mutaxassis “Vaqf” jamg‘armasida yo‘q. Bu obidalar nurab ado bo‘lmasdan Madaniyat vazirligi qaramog‘iga qaytarilishi zarur, - dedi qadimshunos me’mor.

Ozodlik mobil muxbirlari vaqf fondiga tekin o‘tkazib berilgan Samarqand¸ Buxoro va Xivadagi obidalar ahvolini borib ko‘rdi.

Xiva shahrining tashrif qog‘ozi hisoblanib, barcha turistik marshrutlarga kirgan Pahlavon Mahmud maqbarasi ichidagi koshinlar zarar ko‘rgan.

Xivada 40 yil hukmdorlik qilgan Muhammad Rahimxon qabri joylashgan “Said Muhammad Mohi ro‘yi Jahon” majmuasi esa supurgi saqlanadigan omborga aylantirilgan.

"vaqfga" berilgan maqbara
"vaqfga" berilgan maqbara

Ozodlik “Vaqf” fondining Xorazm va Samarqanddagi filiallari rahbarlari bilan bog‘landi. Ular yodgorliklarga xizmat ko‘rsatuvchi san’atshunoslik ma’lumoti bor kadrlar yo‘qligini aytish bilan kifoyalanishdi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligining ismi aytilishini istamagan mulozimi Ozodlik bilan 14 yanvar kungi suhbatda mamlakat tarixi bilan chambarchas bog‘langan va arxitektura yodgorligi o‘laroq badiiy qimmatga ega 189 obidaning “Vaqf” fondiga berilishini “yaxshi o‘ylanmagan xato qadam” deb aytdi.

Mulozimga ko‘ra, bu 189 obidaning ichida UNESCO Jahon merosi ro‘yxatiga kirgan me’morlik shedevrlari bor:

- Madaniy obidalar Madaniyat vazirligi tasarrufida bo‘lishi dunyo tajribasidir. Chunki Madaniyat vazirligi bu obidalarni saqlash va ilmiy o‘rganish borasida malakali kadr va tajribaga ega. Madaniy obidalarni boshqa idoraga berish o‘zini oqlamaganiga bitta misol bor. Xiva xonining “Nurullaboy” saroyi Milliy bank tasarrufiga berilgan edi. Mutaxassislar tashvishi ortidan bino yana Madaniyat vazirligiga qaytarildi.

Vazirlik mulozimiga ko‘ra¸ “Vaqf” fondiga berilgan obidalarning qarovsiz qolib¸ ularning ba’zi qismlari nobud bo‘lgani 2019 yil yanvar oyida Xiva shaxrida o‘tkazilgan press-tur chog‘ida ma’lum bo‘lgan.

2019 yili “Vaqf” xayriya jamoat fondining mutasaddi rahbarlari xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilib¸ fond tasarrufidagi binolarni talon-toroj qilgani va xayriya mablag‘larini o‘zlashtirgani haqida Ozodlik surishtiruvi asosida maqola e’lon qilingan edi.

Bu maqola ortidan “Vaqf” xayriya jamoat fondining bir qancha xodimlari ustidan prokuratura tergovgacha surishtiruv boshlagan edi.

2018 yilning 18 aprelida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat musulmonlarining zakot, fitr va boshqa xayriya mablag‘larini to‘plash va sarflashga mas’ul yagona tashkilot - "Vaqf" xayriya jamoat fondini ta’sis etish haqida farmon chiqargan edi.

Oradan bir oy o‘tib Adliya vazirligi rasman ro‘yxatga olgan “Vaqf” xayriya jamoat jamg‘armasiga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 avgustdagi farmoyishiga muvofiq, O‘zbekistondagi 189 ta muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar “tekin foydalanish shartnomasi asosida” biriktirib berilgan.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi qoshida ish boshlagan “tashkilotning asosiy maqsadi ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fan va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, xalqimizga azal-azaldan xos bo‘lgan ma’rifatparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilat va qadriyatlarni davom ettirishga ko‘maklashish hisoblanadi”.

"Vaqf" xayriya jamoat fondi "tarixiy va me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta’mirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirishga mas’uldir".

Алоқадор

XS
SM
MD
LG