Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:40

Murod Rajabovning qachon bo‘lishi noma’lum tomoshasiga o‘qituvchilarga majburan chipta sotilmoqda 


 O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov Gulnora Karimova vasiylik qilgan Forum Fondi tomonidan tashkil etilgan har bir tadbirda faol ishtirokchi o‘laroq qatnashib kelgan.
O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov Gulnora Karimova vasiylik qilgan Forum Fondi tomonidan tashkil etilgan har bir tadbirda faol ishtirokchi o‘laroq qatnashib kelgan.

Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi maktab o‘qituvchilarining Ozodlikka bildirishicha¸ tumanda O‘zbekiston Xalq artisti Murod Rajabovning teatrlashtirilgan tomoshasiga chiptalar majburan sotilmoqda. O‘qituvchilarga ko‘ra, 8000 so‘mdan pullangan chiptalarda tomoshaning qaerda va qachon bo‘lishi ko‘rsatilmagan.

Ishdan haydalish xavfi ostida ismini ochiqlamaslikni so‘ragan jizzaxlik o‘qituvchilardan biri, o‘zi va yana boshqa o‘qituvchilarni 6 dekabr kuni O‘zbekiston Xalq artisti Murod Rajabovning teatrlashtirilgan tomoshasiga 8000 so‘mga chipta olishga majbur qilishganini aytadi.

“Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida o‘qituvchilarga Murod Rajabov tomoshasiga majburlab chipta sotilayapti. Shahar maktablariku mayli, borishar bu tomoshaga. Lekin qishloqlarga nimaga kerak bunaqa chipta?”, deydi jizzaxlik o‘qituvchi yigit.

Ozodlik bog‘langan yana bir jizzaxlik o‘qituvchiga ko‘ra, tomoshaning qachon va qaerda bo‘lishi haqida na biletda yozilgan va uni sotganlar buni ma’lum qilgan.

“Tomoshaning qachon bo‘lishini, qaerda bo‘lishini bilmaymiz. So‘rasak, o‘zimiz aytamiz, deyishdi. Bahorda shunaqa bitta konsertga bilet sotishdi. Keyin bilsak, u konsert allaqachon o‘tib ketgan ekan. Murod Rajabovning tomoshasiga biletni qo‘limizga tutqazib, olasizlar, deyishdi. Direktorimiz “Menga majburlab berishdi, o‘zimning cho‘ntagimdan to‘laymanmi”, deb dag‘dag‘a qildi. Keyin olishga majbur bo‘ldik”, deydi jizzaxlik o‘qituvchi ayol.

Jizzaxlik o‘qituvchilardan biri o‘zi olgan chipta suratini Ozodlikka yo‘lladi.

8000 so‘mlik chiptada "O‘zbekiston Xalq artisti Murod Rajabov va uning shogirdlari ishtirokidagi “Zamon nafasi” deb nomlangan teatr tomoshasi" deb yozilgan¸ biroq sana va tomoshaning qaerda bo‘lishi ko‘rsatilmagan.

“Prezident o‘qituvchilarni hech narsaga majburlama¸ degan. Lekin bular hech qachon odam bo‘lmaydi, ochiqchasiga prezident qarorlariga bo‘ysunishmayapti”, deydi yana bir jizzaxlik o‘qituvchi.

Do‘stlik tumanidagi maktablardan birining direktori Ozodlik bilan suhbatda o‘z maktabiga tuman Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan Murod Rajabov ishtirokidagi tomoshaga 10 dona chipta berilganini e’tirof etdi.

“Menga Rayonodan telefon qilib "teatrga bilet bor"¸ deb aytishdi. Keyin kotibam biletlarni olishga bordi. Borsa, 10 dona berib yuborishibdi. Pullarini hali bermadik. 10 biletni sotsak, pulini hammasini olib borib beramiz. Endi bilasiz, Rayonodan bir narsa deyishsa, biz muhokama qilib o‘tirmaymiz. So‘zsiz bo‘ysunamiz. Qarshilik qilsangiz, maktabga tekshirish yuborib, boshimizni og‘ritishadi”, deydi Do‘stlik tumanidagi maktablardan birining direktori ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Do‘stlik tuman Xalq ta’limi bo‘limi mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilarga Murod Rajabov tomoshasiga chipta sotilganini tasdiqladi, biroq bu mutlaqo o‘qituvchilar tashabbusi ekanini ta’kidladi.

“Biz hech kimni majburlamadik. O‘qituvchilar o‘zi "teatr kelsa, bizga bilet olib bering" deyishgani uchun biletlarni maktablarga berdik”, dedi tuman Xalq ta’limi bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi.

Ozodlik jizzaxlik o‘qituvchilarning teatr tomoshasi uchun chipta olishga majburlanganliklari borasidagi shikoyati bo‘yicha, O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligiga murojaat qildi. Vazirlik matbuot xizmati xodimi bu holatdan bexabar ekanligi, vaziyatni o‘rganib, 30 daqiqa ichida javob berishga va’da qildi. Biroq Ozodlikning keyingi qo‘ng‘iroqlariga hech kim go‘shakni ko‘tarmadi.

O‘zbekistonda san’atkorlarning konsertlari, sport musoboqalariga chiptalarning aholiga majburlab sotilishi birinchi marta bo‘layotgani yo‘q.

Namangannning “Navbahor” stadionida O‘zbekiston Xalq artisti Ozodbek Nazarbekov konsertiga kollej va maktab o‘quvchilari 20 ming so‘mga chipta olishga majburlangani haqida Ozodlik yoritgan edi.

Taniqli hofiz Bobomurod Hamdamovning Buxoro viloyati Romiton tumanida bo‘lgan konsertiga chiptalar aholiga majburlab sotilgani ham xabar qilingan edi.

Shuningdek, Jizzax hokimi xonanda Hosila Rahimova konsertiga biletlarni majburan sottirgani holati ham bor.

XS
SM
MD
LG