5600 so‘mdan 13 barobar ko‘p. O‘zbekistonda iste’mol savati hisoblandi

Bir o‘zbekistonlik bir oyda 4 kg mol go‘shti, 2 kg qo‘y go‘shti, 2 kg tovuq go‘shti yeyishi kerak.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bir o‘zbekistonlik uchun bir oyga mo‘ljallangan iste’mol savatida bu mahsulotlardan tashqari jami 72 turdagi tovar va xizmatlar miqdori va narxlari keltirilgan.

Federatsiya hisob-kitobicha, bir o‘zbekistonlikning bir oylik tirikchiligi uchun 2 157 070 so‘m yoki kuniga 71 902 so‘m kerak bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich Prezident administratsiyasi mulozimi aytgan 5 600 so‘mdan 13 barobar, Sog‘liqni saqlash vazirliginikidan kamida 2 barobar ko‘pdir.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o‘zbekistonliklar iste’mol savatining o‘z versiyasini 3 - fevralda rasmiy saytida e’lon qildi.

Federatsiya ishlab chiqqan savat bir oyda o‘rtacha mehnatga layoqatli shaxs iste’mol qiladigan tovar va xizmatlar ro‘yxatidir.

Ro‘yxatdan non va unli mahsulotlar, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, baliq va baliq mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, guruch va yormalar, dukkaklilar, sabzavot, meva va rezavorlar, sitrus mevalar, shuningdek, xo‘jalik mollari hamda xizmatlar joy olgan.

Masalan, ro‘yxatning dastlabki “Non va unli mahsulotlar” bo‘limida non (buxanka), un va makaron mahsulotlari keltirilgan.

Federatsiya hisob-kitobicha, bir kishi bir oyda 1 600 so‘mlik buxanka nondan 10 ta yeydi va buning uchun u 16 000 so‘m sarflashi kerak.

Shu taxlit har bir mahsulot va xizmatlar bo‘yicha hisob chiqarilgan. Masalan, bir kishi bir oyda 4 kg mol go‘shti, 2 kg qo‘y go‘shti, 2 kg tovuq go‘shtidan tashqari 1 kg kolbasa yeyishi lozim. 8 kg go‘sht va 1 kg kolbasaning umumiy narxi, federatsiya hisobicha 553 000 so‘m bo‘ladi. Bundan tashqari iste’mol savatida 2 kg baliq (40000 x 2 = 80000 so‘m) va 1 kg baliq mahsulotlari (33000 so‘m) bo‘lishi kerak.

Iste’mol savatining “Xizmatlar” bo‘limida tibbiy xizmatlar va vositalar, sartaroshxona xizmatlari, Internet va mobil aloqa kabi 7 xil xizmat turi nazarda tutilgan.

Masalan, Iste’molchilar jamiyati hisobicha, bir kishi sartaroshga 50 000 so‘m, Internet va mobil aloqa uchun 100 000 so‘m sarflaydi.

58 turdagi oziq-ovqat, 4 turdagi shaxsiy gigiyena va kosmetika vositalari, 3 turdagi xo‘jalik mollari hamda 7 turdagi xizmatga to‘lash uchun o‘rtacha mehnatga layoqatli o‘zbekistonlikning cho‘ntagida bir oyda 2 157 070 so‘m bo‘lishi kerak.

Shu raqamdan kelib chiqilsa, 5 kishilik o‘rtacha oilaning bir oylik oziq-ovqat va xizmatlar uchun sarfiga kamida 10 million so‘m – taqriban 1000 AQSh dollari kerak bo‘lishi tushuniladi.

Federatsiya rasmiy vakili izohi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot kotibi Sherali Sattorovning Ozodlikka aytishicha, e’lon qilingan iste’mol savati 2020 - yilning so‘nggi ikki oyida aholi o‘rtasida Federatsiya o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov natijalariga asoslangan.

“Iste’mol savatini tuzishda asosan xalq fikri inobatga olindi, jahon tajribasi ham hisobga olindi”, dedi Sherali Sattorov.

Iste’mol savatida oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlarning aynan 72 turi ko‘rsatilganini Federatsiya rasmiy vakili “bu masalada xalqaro tajribaga, ilmga asoslanilgani” bilan izohladi.

Sherali Sattorovning aytishicha, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tuzgan iste’mol savati jadvali hukumatga taqdim qilindi. “Lekin bu hujjat tavsiya xarakteriga ega, xolos, chunki biz jamoat tashkilotimiz”, -dedi Federatsiya rasmiy vakili.

Hukumat savati bilan jamoat tashkiloti savati o‘rtasidagi farqlar

Iste’mol savatining o‘z versiyasini e’lon qilgan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o‘zini o‘zi boshqaradigan nodavlat notijorat tashkilotidir.

O‘zbekiston hukumati ham (Sog‘liqni saqlash vazirligi) 2020 - yil dekabrining oxirida iste’mol savatini e’lon qilgan edi.

Bu ikki savat qiyoslansa, ba’zi bir farqlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, hukumat nazdida bir kishi bir kunda 60 gr mol go‘shti esa kifoya qiladi. Bu bir oyda 1 kg 800 gr deganidir. Federatsiya fikricha, bir kishi bir oyda 4 kg mol go‘shti yeyishi kerak. Boshqa pozitsiyalar bo‘yicha ham shunga o‘xshash farqlarni kuzatish mumkin.

Hukumat tuzgan iste’mol savatida, federatsiyanikidan farqli o‘laroq, shaxsiy gigiyena va kosmetika vositalari, xo‘jalik mollari hamda xizmatlar nazarda tutilmagan.

Hukumat fikricha, kishining sog‘lom yashab yurishi uchun 42 turdagi oziq-ovqat yetarli, Federatsiya fikricha, bu ko‘rsatkich 58 turni tashkil qiladi.

Hukumat tuzgan iste’mol savatida, federatsiyanikidan farqli o‘laroq, tovarlar narxlari keltirilmagan. Shuning uchun Ozodlik hukumat savatida keltirilgan 42 turdagi tovarning umumiy narxini hisoblab, 27 475 so‘m (bir kunga mo‘ljallangan) bo‘lishini hisoblab chiqargan edi.

Federatsiya hisob kitobicha esa, bir o‘zbekistonlik bir oyda 58 turdagi oziq-ovqat uchun (shaxsiy gigiyena va kosmetika vositalari, xo‘jalik mollari hamda xizmatlardan tashqari) 1 357 070 so‘m yoki kuniga 43 302 so‘m sarflashi kerak.

5600

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov o‘tgan yilning noyabrida mahalliy nashrga bergan videointervyusida "2020 - yilda O‘zbekistonda kuniga 5,600 so‘m ishlab topgan odam kambag‘al emas”,degan edi.

Mulozim xalqaro moliya tashkilotlari tilida “qashshoqlik” ifodasi qo‘llanadigan O‘zbekistondagi kambag‘allikning milliy chegarasi haqida gapirarkan, Jahon Banki belgilagan kambag‘allik chegarasiga nisbatan xarid qobiliyati pariteti aynan 5600 so‘mga to‘g‘ri kelishini aytgan, “Agar siz bir kunda jon boshiga 5600 so‘mdan ko‘p daromad qilsangiz, demak, kambag‘al oilaga kirmaysiz”, - degan edi.

Bu gap ijtimoiy tarmoqda memga aylandi va o‘zbekistonliklar prezident maslahatchisi o‘rinbosari darajasidagi amaldorni “reallikdan uzilganlik”da ayblashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 - yilning dekabrida Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida “kambag‘allik chegarasini ishlab chiqish”ning boshqa mexanizmi – “iste’mol savatchasi” tushunchasini kiritishni taklif qilar ekan, bunday degan:

“Biz ilg‘or xorijiy tajriba asosida aholining munosib hayot darajasi uchun zarur bo‘lgan daromadlarni aniqlash bo‘yicha “iste’mol savatchasi” tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda ta’minlash mexanizmlarini yaratishimiz lozim”.

Lekin hanuzgacha bu masala hal bo‘lgan emas.