O‘zbekistonda sudyalarni tayyorlash tizimida strukturaviy o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Jarayon tafsilotlaridan yaxshi xabardor bir necha hukumat mulozimining Ozodlikka bildirishicha¸ yaqin kunlarda Shavkat Mirziyoyevning bu boradagi qarorga qo‘l qo‘yishi kutilmoqda.
Qaror loyihasi¸ undan bevosita xabardor mulozimlar ta’kidicha¸ Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabini Oliy sudlov instituti degan yangi nom bilan Oliy sud boshqaruviga o‘tkazishni ko‘zda tutadi.
Konstitutsiyaga ko‘ra¸ Oliy sudning asosiy vazifasi odil sudlovni ta’minlash. Undan mustaqil bo‘lgan Sudyalar oliy kengashi esa sudyalar korpusini shakllantirish va sud tizimini kadrlar bilan ta’minlash funksiyasini bajaradi.
Loyiha qabul qilinsa¸ bu yana Shavkat Mirziyoyev o‘zi imzolagan qator qaror va qonun bandlarini bekor qilishini anglatadi. Ozodlik gaplashgan huquqshunoslar ta’kidicha¸ Sudyalar oliy kengashining O‘zbekiston konstitutsiyasida belgilangan vakolat va funksiyalarini cheklashga qaratilgan bunday qaror joriy yil katta dabdaba bilan qabul qilingan yangi konstitutsiyani ham o‘zgartirishni taqozo qiladi.
Mirziyoyev «islohotlari»ning bir qismi - Sudyalar oliy maktabi
Shavkat Mirziyoyev Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudьyalar oliy maktabi tuzish haqida 2019-yil 6-yanvar kuni qaror chiqargandi.
Sudyalar Oliy maktabining asosiy vazifasi “sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ular malakasini oshirishning yagona tizimini tashkil etish»dir.
Sodda qilib aytganda¸ Sudyalar oliy kengashiga bo‘ysunuvchi Oliy maktab “sudya bo‘laman” deganlarni o‘qitadi¸ Oliy kengash esa¸ ular orasidan aynan kimning sudya bo‘lishini belgilaydi. Bu jarayon¸ amaldagi qonunchilikka ko‘ra¸ Oliy suddan mustaqil ravishda amalga oshirilishi lozim.
Mazkur qarorga asosan¸ 2020-yil 1-sentabrdan sudyalik lavozimlariga faqat Sudyalar oliy maktabida tashkil etilgan kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslar tayinlanib kelmoqda.
Prezident qarori loyihasiga binoan sudlarni kadr bilan tayyorlashga mas’ul maktabni Sudyalar oliy kengashidan olib Oliy sudga berish harakati bormoqda.
Ozodlik qaror loyihasi mohiyatidan bevosita xabardor mulozim va ekspertlar bilan gaplashdi. Hokimiyat yuqori idoralarini boshqarayotgan shaxslar bilan ochiq konfliktga borish oqibatidan cho‘chigan bu suhbatdoshlar shaxsi ochiqlanmasligini so‘radi.
Ularning aytishicha¸ qaror loyihasi bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universiteti¸ Jamoat xavfsizligi universiteti kabi muassasalardan xulosalar olingan. Bu xulosalarga loyiha mualliflari istagan takliflar kiritilgan¸ e’tirozlarga umuman imkon berilmagan.
“Uch oycha oldin prezidentga sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotnoma kiritilgan. Bir yoqlama ma’lumotlar asosida Oliy maktabni Oliy sudlov institutiga aylantirish va uni Kengash tasarrufidan chiqarishga Mirziyoyevdan rozilik olingan. Administratsiyadan ikki oy ichida qaror loyihasini ishlab chiqish to‘g‘risida topshiriq berilgan. Ma’lumotnomada sudlarga qo‘shimcha sudyalik shtat birliklarini ajratish va boshqa takliflar qatorida bir band bilan Sudyalar oliy maktabini “yanada takomillashtirish” choralari ham ko‘rsatib o‘tilgan. Sudyalar Oliy maktabini Sudyalar oliy Kengashi huzuridan chiqarib, uning asosida Odil sudlov instituti tashkil etish loyihaga ana shu chora-tadbirlarning bir qismi sifatida kiritilgan”.
Ozodlik suhbatdoshlari¸ qaror loyihasi u bevosita taalluqli bo‘lgan Sudyalar oliy Kengashi va Sudyalar oliy maktabiga rasman yuborilmaganini bildirdi. Kengash matbuot xizmati Ozodlik so‘roviga "bu haqda ma’lumotga ega emasligi"ni aytish bilan javob qaytardi. Oliy maktab matbuot xizmatidan ham savollarga javob olish imkoni bo‘lmadi.
Qaror loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamaga qo‘yiladigan regulation.gov.uz portalida yo‘q. Bu esa uning keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmay¸ yashirin tarzda qabul qilinayotganini anglatadi.
“Qaror loyihasi ochiq va keng muhokama qilinsa, xalqaro va mahalliy ekspertlar tomonidan tanqidiy va asosli fikrlar paydo bo‘ladi va qaror qabul qilinmasligi mumkin. Buni qaror loyihasi mualliflari yaxshi bilishadi”, deydi qaror loyihasi mohiyatidan bevosita xabardor mulozim.
O‘zgarish mohiyati nimada?
Qaror loyihasi bilan tanish huquqshunosning Ozodlikka aytishicha¸ Oliy sudlov instituti ta’sis etilsa¸ Institut sudyalik lavozimlariga nomzodlarni emas, balki sudyalik lavozimiga tayinlab bo‘lingan sudyalarni o‘qitadi. Bu esa¸ ekspertlar ta’kidicha¸ amaldagi qonunchilikka ziddir.
“Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 68-moddasiga muvofiq “ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlanadigan nomzodlar Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda o‘qishi shart. Institutda o‘qitiladigan sudyalar Sudyalar oliy maktabida o‘qimagan bo‘lsa, ularni sudyalik lavozimlariga tayinlash amaldagi qonun talablarini buzish hisoblanadi.
Loyiha qabul qilinsa¸ “Sudlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonunlar va Prezidentning tegishli qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish lozim”.
Ozodlik gaplashgan mutaxassislar fikricha¸ yangi qaror loyihasining huquqiy jihatdan xavfli jihati¸ uning amaldagi Konstitutsiyaning Sudyalar oliy kengashi vakolat va vazifalariga oid moddalariga xilofligidir.
O‘zbekiston yangi konstitutsiyasining 135-moddasiga ko‘ra¸ Sudyalar oliy kengashining asosiy vazifasi sudyalar korpusining shakllantirilishini va sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashdan iborat.
“Sudyalar korpusini shakllantirishni Kengashdan Oliy sud tasarrufiga o‘tkazish¸ aynan sudlar mustaqilligi prinsipining qo‘pol buzilishi bo‘ladi. Kechagina o‘zi tasdiqlagan konstitutsiyaga zid bo‘lgan qaror qilish¸ xalqaro huquqiy maydonda¸ qolaversa jamoatchilik ko‘zi oldida prezidentni obro‘sizlantirmay qolmaydi. Bu loyiha jiddiy huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmay¸ prezidentni aldash yo‘li bilan qabul qilinmoqda”.
Zo‘r va zar uchun kurash?
Ozodlik gaplashgan adliya tizimi mulozimiga ko‘ra¸ Sudyalar oliy maktabining sudyalikka nomzodlarni tayyorlash o‘quv kurslariga qabul jarayoni Sudyalar oliy kengashi bevosita ishtirokida besh bosqichda o‘tkaziladi. Oliy sud va uning amaldorlari bu jarayonga rasman ishtirok etmaydi.
Bunday strategik jarayondan chetda qolish¸ Oliy sud raisi va bu tizimdagilar “hasadini qo‘zg‘amay qolmadi”¸ deydi Ozodlikka gapirgan adliya tizimi mulozimi.
“Yangi qaror loyihasini Oliy sud Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i Otabek Ismoilov Oliy sud raisi Baxtiyor Islomovning to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyrug‘i asosida tayyorladi. Asl maqsad¸ tizimni takomillashtirish emas¸ balki Islomovni sud tizimi ustidagi yakka hokimga aylantirish. Islomov prezidentning kenja kuyoviga yaqin. Buni aslida yashirin biznesi va davlat ichidagi vakolati kuchayib borayotgan Otabek Umarovning sudlar faoliyatini ham o‘z nazoratiga olish urinishi deyish mumkin”.
Viloyat sudlarida ishlab yurgan asli farg‘onalik Baxtiyor Islomov karyerasi Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng tezlik bilan ko‘tarilib ketdi. 2021-yilda u sobiq MXX raisi Rustam Inoyatov o‘rniga prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Bir yil o‘tib-o‘tmay 2022-yil avgustida Oliy sud raisi lavozimiga tayinlandi.
Ozodlik gaplashgan sobiq sudyalardan biri¸sud tizimi¸ sudyalikka nomzod bo‘lish va so‘ngra tayinlanish jarayonining korrupsiyalashgani¸ Oliy sud va Kengash o‘rtasida borayotgan gizli kurash tayinlov uchun olinadigan pora ustidagi tortishuv ham ekanini iddao qildi.
“Haliyam sudyalarni lavozimga qo‘yishda stavka bor. Bu lavozimga bilimli kadrlarni tavsiya qilishmaydi. Birinchidan¸ ular pora berishni istamaydi¸ ikkinchidan, ularga tepadan beriladigan buyruqni bajartirish oson bo‘lmaydi. Bu vakolat Oliy sudga o‘tadigan bo‘lsa¸ jarayon yanada korrupsiyalashadi va tamoman administratsiyadan beriladigan buyruqlar ijrochisiga aylanadi. Savodsizlar o‘tiradigan sudlarda adolat bo‘lmasligini oddiy xalq ko‘rib turibdi”.
Bunday iddaoga munosabat bildrigan huquqshunoslardan biri¸ sudyalarni korrupsiya va ijroiya hokimiyati bosimidan xalos qilish uchun asosiy e’tiborni ular mustaqilligini kuchaytirish va bilim-malakasini oshirish ustuvor vazifa bo‘lishi lozimligini aytadi.
“Buning uchun ishlab turgan tizimni buzish emas¸ balki uning mustaqilligi va shaffofligini oshirish chorasini ko‘rish kerak.”
Sudyalar maktabi ustidagi davomli tortishuv
Bu Oliy sudyalar maktabini tugatib¸ sud kadrlarini tayyorlashni nazoratga olish ustida O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish va adliya tizimlari o‘rtasida yuzaga chiqqan birinchi tortishuv emas.
2019-yil sudlar mustaqilligini ta’minlashni iddao qilgan jarayon doirasida ta’sis etilgan Sudyalar oliy maktabini Sudyalar oliy kengashi tasarrufidan chiqarishga 2022-yili Bosh prokuratura ham urinish qilgan edi.
O‘shanda O‘zbekistonda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi degan yangi tuzilma ta’sis qilib¸ uni Bosh prokuraturaga bo‘ysundirishga qaratilgan prezident qarori loyihasi tayyorlangan.
Ayrim mutaxassis va deputatlar e’tirozi Ozodlikda yoritilganidan ko‘p o‘tmay¸ bu qaror loyihasi to‘xtatilgan edi.
Sud kadrlarini tayyorlash va tayinlashning Oliy sudga o‘tkazilishi¸soha mutaxassislari fikricha, Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng adliya tizimida amalga oshirilgan ayrim o‘zgarishlardan ortga chekinishni anglatadi.
Sudyalar Oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabi tuzilishi xalqaro maydonda Shavkat Mirziyoyev “islohot”laridan eng muhimlaridan biri sifatida ko‘z-ko‘z qilindi va unga davomli maqtovlar olib keldi.
BMT Taraqqiyot Dasturi¸BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari¸ Yevropa Ittifoqi kabi nufuzli siyosiy idoralar bu ikki tuzilmani “muhim islohot” sifatida olqishladi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari – Elchi Sharlott Adrian mahalliy matbuotga Sud’yalar Oliy maktabi tuzilishini "demokratlashtirish bosqichidagi eng muhim islohotlardan biri" deb olqishlagan bo‘lsa¸BMTning Sudya va advokatlarning mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Diego Garsiya Sayan uni sud tizimining mustaqil organi sifatida tan olinishidagi fundamental qadam sifatida baholagandi.