Prezident Mirziyoyev 29 - dekabr kuni Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatida neft-gaz va energetika sohalaridagi islohotlarni va boshlangan yirik loyihalarni yakuniga yetkazish lozimligini aytib, bu yo‘nalishda qilinadigan ishlarni sanab o‘tdi.
O‘zbekiston hukumatining ikki sobiq mulozimi murojaatning aynan shu qismini sharhlar ekan, uni yuqori baholadi.
Biroq ayni paytda, ularning fikricha, Prezident aytayotgan ishlarni amalga oshirish uchun bir qator qonunlarni, hukumat qarorlarini bekor qilish, ba’zilariga, hatto Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish lozim.
Davlat rahbari Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaati davomida “iqtisodiy faollik va aholi daromadlari o‘sgani sayin energiya resurslariga bo‘lgan talab ortib boradi” dedi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda energiya resurslariga bo‘lgan talab ortgandan-ortib, qondirilmayotgani ko‘z yumib bo‘lmaydigan haqiqatdir.
Prezidentga ko‘ra, “2021 - yilda davlat va xususiy elektr stansiyalari, hamda iste’molchilar o‘rtasida elektr energiyasi ulgurji bozorini shakllantirish boshlanadi”.
Davlat rahbarining aytishicha, shuningdek, tabiiy gaz ta’minotida monopoliya bekor qilinadi, bozor mexanizmlari joriy etiladi.
Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi va importyorlarga birja orqali tabiiy gazni sotish, ulgurji iste’molchilar esa gazni sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. “O‘ztransgaz” kompaniyasi gazni transportirovka qiladi xolos.
Suyultirilgan gaz bozorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida uning importiga o‘rnatilgan bojlar bekor qilinadi.
Ozodlik Prezidentning bu bayonotlarini sharhlab berishni so‘rab, O‘zbekiston hukumatining ikki sobiq mulozimiga murojaat qildi.
Xususiy elektr stansiyalari haqida
Prezident o‘z murojaatida “xususiy elektr stansiyalari” degan iborani ishlatishi xususiy shaxslarga mini-GESlar qurishga izn berilganiga oid o‘tgan yilgi xabarlarni eslatdi.
Biroq “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbari Anvarmirzo Husainovning aytishicha, hozircha rosmana xususiy elektr stansiyalari mavjudligi to‘g‘risida gapirishga erta.
O‘z vaqtida qonunlar va hukumat qarorlari bilan xususiy shaklda elektr energiyasi ishlab chiqarish man qilingan, jazo choralari belgilangan.
“O‘z vaqtida qonunlar va hukumat qarorlari bilan xususiy shaklda elektr energiyasi ishlab chiqarish man qilingan, jazo choralari belgilangan. Monopoliyalar manfaatlari qattiq himoya qilingan. Prezidentning bu tezisi xususiy elektr stansiyalari yaratilishiga yo‘l ochadi. Bu ishni qila oladigan boylarimiz, sarmoyadorlar bor va ular tayyor. Masalan, narxi 30 million dollarlik issiqxonalar bor. Bunday korxonalar egalari o‘zlarining mini elektr stansiyalari bo‘lishini albatta istaydi”.
O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, iqtisodchi olim Saparboy Jubayevning fikricha, masalaga formal yondoshilsa, O‘zbekistonda xususiy elektr stansiyalar bor deyish ham mumkin. Katta elektr stansiyalari mulkchilik shakliga shakliga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyatlari, ya’ni xususiy. Lekin bu korxonalar aksiyalarining nazorat paketi davlatning qo‘lida. Demak, bularni xususiy deb bo‘lmaydi.
Elektr energiyasi ulgurji bozori haqida
Prezident o‘z murojaatida “elektr energiyasi ulgurji bozorini shakllantirish boshlanadi” dedi.
Anvarmirzo Husainov bu qanday bozor ekanligini tushuntirar ekan, bunday dedi:
“Bugungi kunda bizda bu sohada vertikal monopoliya shakllangan. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uni iste’molchiga yetkazib berish, ulgurji va chakana savdosini tashkil qilish masalalarining barchasi monopolist “O‘zbekenergo”ga berib qo‘yilgan. Bundan buyon esa, energiyani bozorda, birjada sotish tashkil qilinishi mumkin. Shunda elektr energiyasi bozori paydo bo‘ladi. Bu bozorga endilikda paydo bo‘ladigan xususiy mini- elektr stansiyalar egalari ham ishtirokchi bo‘lib kirishi, energiyani sotishi mumkin. Eng muhimi - bu masalada raqobatga yo‘l qo‘yib berish kerak”.
Saparboy Jubayev elektr energiyasi ulgurji bozori nimaligini qo‘shni Qozog‘iston misolida tushuntirdi:
“Masalan, Qozog‘istonda har bir shahar, har bir tumanda elektr energiyasi sotadigan kompaniyalar mavjud. Bular energiyani ulgurji bozordan sotib oladi. Elektr liniyalari bittaku, mana shunday sharoitda qanday qilib elektr tarmoqlari korxonalaridan tashqari yana boshqa kompaniyalar paydo bo‘lishi mumkin, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. Yangi kompaniyalar xizmat ko‘rsatish uchun mahallalarni, korxonalarni bo‘lib olishi mumkin. Va bunday kompaniyalar viloyat yoki mamlakat miqyosidagi bozorga chiqib, o‘z iste’molchilari uchun energiya sotib olishi mumkin”.
Suyultirilgan gaz bozori haqida
Prezident o‘z murojaatida “suyultirilgan gaz bozorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida uning importiga o‘rnatilgan bojlar bekor qilinadi” dedi.
Anvarmirzo Husainov bu rejani olqishlar ekan, bunday dedi:
Shu paytgacha biz o‘z monopolistlarimiz himoya qilib, Turkmanistondan suyultirilgan gaz sotib olmay keldik.
“Bu juda ajoyib yechimdir. Yonginamizda Turmaniston turibdi. Bu mamlakatda suyultirilgan gaz ishlab chiqarish juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu paytgacha biz o‘z monopolistlarimiz himoya qilib, Turkmanistondan suyultirilgan gaz sotib olmay keldik. Import uchun boj stavkalari juda yuqori o‘rnatilgan edi”.
“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbarining aytishicha, 90-yillarda O‘zbekiston Rossiyadan yiliga 150 ming tonna suyultirilgan gaz sotib olgan:
“Men o‘zim shug‘ullanganman bu ish bilan. Endilikda boj bekor qilinadigan bo‘lsa, gaz importi bilan shug‘ullanadiganlar juda tez paydo bo‘ladi. Faqat bu joyda bir narsani aniq-tiniq belgilab qo‘yish kerak: suyultirilgan gaz importini bojdan ozod qilish rejimi necha yil davom etadi? 10 yilmi, 15 yilmi – davlat shuni e’lon qilib, kafolatini ham berishi kerak. Shunda odamlar ishonch bilan sohaga sarmoya yotqizishni boshlaydi”.
Saparboy Jubayev ham suyultirilgan gaz importini bojdan ozod qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirarkan, dedi:
“Bu yaxshi taklif. Agar shunday qilinsa, aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash masalasi tubdan o‘zgarishi mumkin. Ko‘pqavatli uylar yaqinida gazsaqlagichlar qurib, uylarda hanuz saqlanib qolgan quvurlar orqali yetkazib berish mumkin”.
Prezident rejalari amalga oshmay qolishi ham mumkin yoki Karimov davriga ekskurs
O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi Saparboy Jubayev bundan 21 yil muqaddam ham Shavkat Mirziyoyevning bugungi rejalariday rejalar tuzilganini eslarkan, bunday dedi:
1 yil oldin belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilganda edi, to‘g‘rirog‘i, amalga oshirishga imkon beradigan sharoit yaratilganda edi, O‘zbekiston keyingi yillardagi energetik bo‘hronga yuz tutmagan bo‘lar edi.
“Bu masalani Islom Karimov ham 1999 - yilda ko‘targan edi. Xorijiy investorlarni jalb etish, texnologiyalarni almashtirish to‘g‘risida katta tadbirlar rejalashtirilgan, biroq u vaqtdagi vaziyat boshqacha edi va shuning uchun O‘zbekistonga hech qanday xorijiy investor kelmagan. Agar o‘sha 21 yil oldin belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilganda edi, to‘g‘rirog‘i, amalga oshirishga imkon beradigan sharoit yaratilganda edi, O‘zbekiston keyingi yillardagi energetik bo‘hronga yuz tutmagan bo‘lar edi”.
Islom Karimov davridagi xato takrorlanmasligi, neft-gaz va energetika sohalarida Shavkat Mirziyoyev aytayotgan islohotlarni yakuniga yetkazish uchun ikkala ekspertning fikricha...
“Qonunlar o‘zgartirilishi kerak”
Anvarmirzo Husainov bu sohani isloh qilish to‘g‘risida xatlar bilan murojaat qilgan bir mutaxassis sifatida Prezident aytayotgan takliflardan juda xursand bo‘lganini ta’kidlar ekan, dedi:
Bu takliflarni amalga oshirish uchun qator qonunlarga, hukumatning qator qarorlariga o‘zgartish kiritish, ba’zilarini esa, bekor qilish kerak bo‘ladi.
“Prezident aytgan rejalar biz anchadan buyon kutgan takliflardir. Lekin bu takliflarni amalga oshirish uchun qator qonunlarga, hukumatning qator qarorlariga o‘zgartish kiritish, ba’zilarini esa, bekor qilish kerak bo‘ladi. “O‘zbekenergo”, “O‘ztransgaz” kabi kompaniyalar qonunlar, qonunosti me’yorlari, qarorlar bilan himoyalangan monopoliyalardir. Bu kompaniyalar ham ishlab chiqaruvchi, ham sotuvchi edi. Prezident “O‘ztransgaz” endi faqat yetkazib berish bilan shug‘ullanadi dedi va bu to‘g‘ri qarordir”.
Saparboy Jubayevning fikricha ham neft-gaz va energetika sohalaridagi islohotlarni yakuniga yetkazish uchun qonunlarni isloh qilib olish zarur:
Hokimlar hech bir ishlab chiqaruvchi subyektning ishiga aralashmasligi kerak. U yoki bu qonun u yoqda tursin, Konstitutsiyani o‘zgartirish kerak.
“Eh-hee, bank tizimi to‘g‘risidagi, aksiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risidagi qonunlarni, davlat boshqaruviga oid qonunlarning hammasini o‘zgartirish kerak. Hokimlar hech bir ishlab chiqaruvchi subyektning ishiga aralashmasligi kerak. U yoki bu qonun u yoqda tursin, Konstitutsiyani o‘zgartirish kerak. Chunki hokimlarning vakolatlari Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan va ular bekor qilinishi kerak. Shahardagi ishlab chiqaruvchiyu qishloqdagi fermer – barcha-barchasi mutlaqo mustaqil bo‘lishi kerak. U hokimning, prokurorning, melisa va soliq boshliqlarining ko‘ziga qarab turmaydigan bo‘lishi kerak”.