"CLICK kimniki ekanini bilasiz.." Sobiq bosh hisobchi jinoiy sxema qurboni bo‘lganini iddao qilmoqda

Shu yilning 19-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya mahkamasi CLICK ma’suliyati cheklangan jamiyati sobiq Bosh hisobchisi Salima Mirazizova ustidan chiqarilgan 5 yillik qamoq hukmini o‘z kuchida qoldirdi.

Bu haqda Ozodlikka sudlanuvchining yaqinlari xabar qildi.

Salima Mirazizova-Kechik shu yilning 24-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumani sudining hukmi bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi (Talon-toroj qilish) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, 5 yil muddatga qamalgan.

Sudlanuvchining qizi Zeboxon Mirazizovaga ko‘ra, onasi 2023-yilning 9-yanvaridan buyon Ichki ishlar vazirligining 1-sonli tergov izolyatori (Toshturma)da saqlanmoqda.

Ozodlik tanishgan jinoyat ishi materiallarida aytilishicha, "CLICK ma’suliyati cheklangan jamiyatida Bosh hisobchi va rahbarning moliya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan Mirazizova-Kechik qo‘shimcha ish haqlari va moliyaviy yordam tarzida o‘zining shaxsiy plastik kartasiga 3 277 212 114 so‘m pul mablag‘larini o‘tkazib, naqdlashtirish yo‘li bilan o‘zlashtirib kelgan".

Salima Mirazizova-Kechik o‘zi ishlagan CLICK rahbarlarini pul yuvish va boshqa moliyaviy qallobliklarda ayblamoqda.

Yaqinlari advokatlarning so‘roviga qaramay shikoyat arizasi ko‘rib chiqilgan Toshkent shahar apellyatsiya sudiga Mirazizova-Kechikning o‘zi olib kelinmaganini aytmoqda.

"Taniqli shaxs" nomi bilan tahdid

Ozodlik tasarrufidagi jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, CLICK MCHJ sobiq moliya rahbari Salima Mirazizova-Kechik o‘zining jinoiy sxemalar qurboni bo‘lganini iddao qilmoqda.

Uning O‘zbekiston prezidenti, Bosh prokuratura va boshqa idoralarga yozgan shikoyat xatlarida CLICK rahbari Ulug‘bek Rustamovning ko‘rsatmasi va "taniqli shaxs"ning nomi bilan tahdidlari vositasida plastik kartasiga ish haqi va moddiy yordamlar vositasida pul o‘tkazganligi, ammo bu pullarni olmagani bayon qilinadi.

Sud hukmi nusxasi.

"CLICK rahbari Ulug‘bek Rustamov mening plastik kartamga yirik miqdordagi mablag‘larni tushirib, plastigimni olib, o‘zining son-sanoqsiz naqdlashtiruvchi firmalari orqali pullarni o‘zlashtirib keldi. U menga “Idoramiz kimniki ekanligini bilasiz-ku, bizni hech kim tekshira olmaydi”, degandi. Hatto men orada ikki yil davomida Fransiyada yashagan davrimda ham bu harakatlarni davom ettirdi.

Men bu qallobliklarni bilib, e’tiroz bildirganimdan so‘ng CLICK ning asl egalari nomi bilan menga po‘pisa qildi. Holbuki, men bu pullarni o‘zlashtirganimda qamoqda o‘tirishga rozi edim”, deydi Mirazizova rasmiy idoralarga yozgan shikoyatlarda.

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlardan Mirazizovaning 2019-20- yillarda Fransiya Respublikasida yashaganligi, CLICKda faoliyat olib bormagani, biroq uning plastik kartasiga pul tushirib, yechib olingani anglashiladi.

“Turmush o‘rtog‘im Mehmet Kechik Fransiyada mahr uchun 190 000 AQSH dollariga teng miqdordagi ko‘chmas mulk hadya qilgan. Tergov organi hech bir asossiz ana shu uyni CLICK'ning pullariga sotib olgansan, deb turib olishdi. Mirobod tumanidagi otameros hovlimni ham jinoiy daromadlar evaziga olgansan deyishdi”, deydi Salima Mirazizova apellyatsiya shikoyatida.

Advokatlarning ta’kidicha, bu o‘rinda tergov organi “Aybsizlik prezumpsiyasi” qoidalarini to‘liq buzib, Mirazizova-Kechik nomidagi ko‘chmas mulkni jinoiy daromaddan orttirilgan, degan xulosaga kelgan. Holbuki, uy O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxs tomonidan hadya qilinganiga oid fransuz notarial idorasining hujjatlari mavjud.

Hujjatlardan xodimni rag‘batlantirish va oylik maoshlar to‘lashga oid buyruqlar MCHJ direktori tomonidan Ulug‘bek Rustamov imzolagani ko‘rinadi.

Pul yuvish iddaolari

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa davlat hokimiyati idoralariga yo‘llangan arizalarda sudlanuvchi Salima Mirazizova-Kechik CLICK Bosh direktori Ulug‘bek Rustamovning buyrug‘i asosida mijozlarga keshbek qaytarish bahonasi bilan bir necha yuz milliard so‘mlik mablag‘lar o‘zlashtirilganini iddao qiladi.

“CLICK” MCHJ tomonidan 2020-yilda “Ravnaqbank” xususiy tijorat banki bilan shartnoma asosida VISA xalqaro kartalarining pul aylanmalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha hisob raqamlari ochilgan va milliardlab pul mablag‘i o‘tkazilgan. Biroq mazkur aylanmalar bo‘yicha buxgalteriya hisobotlari yuritilmagan, davlat soliq idoralariga xabar berilmagan.

“CLICK” MCHJga qarashli billing tizimida shirkat bilan rasmiy shartnoma tuzmay o‘zaro kelishuv asosida ishlagan bir qancha firmalar mavjud bo‘lib, ular milliardlab mablag‘larni yuvishgan. Ularning aksariyati muvaqqat firmalar bo‘lib, tekshirilganda bank kodlari, INN raqamlari aniqlanmaydi. Mazkur firmalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Soliq.uz, Dedox.uz tarmoqlarida mavjud emas”, deyiladi murojaatlarda.

Mirazizova-Kechikning apellyatsiya shikoyatidan.

Mirazizovaning iddaolariga ko‘ra, "CLICK rahbarlari 2022-yil boshlarida Ukraina, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasi vatandoshlari bo‘lgan shaxslar bilan shubhali dasturiy platformalar yaratishgan".

Shirkat dasturchilari ayrim oylarda go‘yo “bilmasdan” mijozlardan xizmat ko‘rsatish ikki marta 2000 so‘mdan xizmat haqlari yechib olishadi. Arzimagan summa uchun mijozlar hech qayerga shikoyat qilmaydi. Holbuki, bu summalar mijozlari 3 milliondan ortiq “CLICK” uchun milliardlab daromad keltiradi”, deyiladi Mirazizovaning O‘zbekiston Prezidentiga yo‘llagan murojaatida.

"Qudratli hamkorlar"

Click – O‘zbekistonda mobil to‘lovlar sohasida yetakchi kompaniyalardan biridir. Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, shu yilning iyun oyi holatiga ko‘ra, Click ning 11 million foydalanuvchisi bo‘lgan.

Click tizimida to‘lovlarni Uzcard, Humo va Click-Hamyon orqali amalga oshirish imkoni mavjud.

"Yagona umumrespublika protsessing markazi" MCHJ (UzCard brendi)da ta’sischi o‘zgardi”, deb yozgandi Gazeta.uz nashri 2020-yilning 14-may kuni.

Nashrning yozishicha, UzCard ustav fondining 75 foiz ulushi prezidentning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunovga o‘tgan. Xabarda ushbu 75 foiz ulush shu paytga qadar markazni boshqarib kelayotgan Ahror Mahmudovga tegishli bo‘lgani aytiladi.

Click to‘lov tashkiloti ta’sischilari va egalari ro‘yxatida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining katta kuyovi Oybek Tursunovning ismi-sharifi bo‘lmasa-da, shirkatga ishonchli shaxslar orqali u egalik qilishi aytiladi.

MCHJ rahbari Ulug‘bek Rustamov shirkatning moliya rahbari bo‘lib ishlagan va hozirda qamoqda bo‘lgan Salima Mirazizova-Kechikning iddao qilishicha, uni Tursunovning nomi bilan qo‘rqitgan va “qamoqda chiritish” bilan tahdid qilgan.

CLICK ma’suliyati cheklangan jamiyati rahbari Ulug‘bek Rustamov Ozodlik bilan suhbatda CLICK‘ning prezident kuyoviga aloqadorligini rad etdi.

U Salima Mirazizova-Kechikning iddaolarini asossiz, deb atadi.

“Bizning kompaniyaga Oybek Tursunovning hech qanday aloqasi yo‘q. O‘zimizning okalar, qarindoshlar birga ochgan kompaniya bu. Bizga nisbatan aytgan gaplari yuz foiz bo‘hton. Uning iddaolarini da’vo deb bo‘lmaydi, o‘g‘rilik qilganidan keyin odamda o‘zini oqlash uchun himoya reaksiyasi ishlaydi va hamma narsani gapirib tashlashi mumkin. Biz shuncha yil pul o‘g‘irlab yurgan odamni topib olganimizdan keyin uning ustidan ish ochilgan va advokatlarning maslahatiga qarabmi, aytilayotgan gaplar-da. Mening qo‘limda hamma faktlar bor, kimga, qanaqa pul olgan, qayerga ishlatgan. Buni sud ham ko‘rgan va hukm chiqargan ”, dedi Ulug‘bek Rustamov.

Advokatlariga ko‘ra, Mirazizovaning huquqni muhofaza qilish organlariga murojaatlari va talon-torojliklar haqidagi iddaolari javobsiz qolmoqda.

Shu yilning 12-iyun kuni Click va Uzum kompaniyalari o‘zaro birlashgani to‘g‘risida qo‘shma bayonot bergandi. Click umummilliy to‘lov tashkiloti hamda Uzum kompaniyalar guruhi bilan birlashishi ortidan sohada yirik monopol yuzaga kelishi haqida xavotirlar bildirilgan.

«Uzum guruhining moliyaviy xizmatlar va boshqa raqamli mahsulotlar va agregatlar segmentini kosmik tezlikda egallab borayotgani, Click esa to‘lov tizimi bozorida 11 million foydalanuvchi bilan eng katta o‘yinchi bo‘lgani hisobga olinsa, talabgorlar o‘zlari murojaat qilmagan taqdirda ham Antimonopoliya organi kamida o‘zi mustaqil o‘rganish va tekshirish o‘tkazishi kerak edi», — deb yozgan iqtisodchi bloger Otabek Bakirov.

Biroq 15-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Click to‘lov tashkiloti Uzum kompaniyalar guruhi bilan birlashuv bitimiga oldindan rozilik olish bo‘yicha murojaat qilmagani va kompaniyalar birlashishi to‘g‘risida rasmiy bitim tuzilmaganini ma’lum qildi.

Shunga qaramay Click umummilliy to‘lov tashkiloti va Uzum kompaniyalar guruhi o‘zlarining o‘zaro birlashish borasidagi bayonotiga raddiya bergani yo‘q.