Amaldorni pora olayotganda tutib bergan har bir o‘zbekistonlik pora miqdorining 15 foizigacha pul mukofoti olishi mumkin.
Bosh prokuraturaning bunday taklifi kiritilgan qaror loyihasi 19 avgustda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilindi.
BP ishlab chiqqan loyiha, muhokama tugagach, Vazirlar Mahkamasi qarori sifatida qabul qilinishi mumkin.
Iqtisodchi olim fikricha, siyosiy tizim va Jinoyat kodeksi o‘zgatirilmaguncha, bunday qarorlardan naf yo‘q.
Ozodlik gaplashgan taniqli tadbirkor esa¸ viloyat hokimi muovinini pora ustida ushlab berishga uringani, biroq bu ishga DXXning kuchi yetmaganini aytdi.
Muhokamasi 3 sentabrgacha davom etadigan qaror loyihasi qabul qilinsa, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishda boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
BP nimani taklif qilyapti?
Bosh prokuraturaga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergani uchun oddiy fuqaro ham, jamoat tashkiloti vakili ham, davlat organi, MFY yoki QFY xodimi ham rag‘batlantirilishi mumkin.
Bu yerda “rag‘batlantirish” so‘zi bejiz ishlatilmayapti. Chunki korrupsiyani fosh etishda ko‘maklashganlarga davlat tashakkurnoma bildirish yoki esdalik sovg‘a berib qo‘yish bilan ham cheklanishi mumkin.
Pul mukofoti esa, Bosh prokuraturaga ko‘ra, quyidagi holatlarda beriladi:
"korrupsiyaga oid huquqbuzarlikning ijtimoiy xavfligidan
kelib chiqib, byudjetdan bazaviy hisoblash miqdorining (BHM shu kunda 223 000so‘m) 3 baravaridan 25 baravarigcha, pora yoki zarar summasi BHMning 100 baravaridan oshgan taqdirda pora (zarar) summasining 15 foizgacha miqdorda pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi".
Ya’ni, agar fuqaro tutib bergan poraxo‘r amaldor 22 300 000 so‘m (BHMning 100 baravari) bilan ushlansa, mukofot miqdori 3 345 000 so‘mni tashkil qiladi.
Biroq poraxo‘rni ushlab bergan fuqaroga bu pul darhol sanab berilmaydi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, “pul mukofoti bilan rag‘batlantirish masalasi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarda tuziladigan maxsus komissiyalar tomonidan, tashakkurnoma va esdalik sovg‘a bilan rag‘batlantirish korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda”.
Ko‘lami beqiyos korrupsiyaga qarshi kurashga ajratilayotgan to‘rtta so‘m
Qaror loyihasining qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan har yili qo‘shimcha o‘rta hisobda 300-500 mln so‘m mablag‘ talab etiladi, deyiladi qaror loyihasi muallifi Bosh prokuratura izohida.
(300-500 mln so‘m korrupsiyani fosh etgan fuqaroga to‘lanadigan mukofot fondimi yoki bu pul boshqa maqsadlarga sarflanib, mukofot ushlangan pora miqdoridan to‘lanadimi - bu BP izohidan tushunilmaydi)
300-500 mln so‘m taqriban 30-50 ming AQSh dollariga teng aqchadir.
50 ming dollar, prezident Mirziyoyevga ko‘ra, viloyat prokurorlari Bosh prokurorga berib turadigan poraning eng oz hajmidir. Faqat buncha pulni viloyat prokurori har oy to‘lab turadimi, har yilmi - davlat rahbari aytmagan.
2019 ning 21 iyun kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 20-yalpi majlisida chiqish qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev 3-darajali davlat adliya maslahatchisi Otabek Murodovga (sobiq bosh prokuror) nisbatan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilar ekan, bunday degan edi:
Viloyat prokurorlaridan 100 ming, 50 ming dollarlab olinadi. Prokuratura va soliq tizimidagilarning hammasi poraxo‘r.
"Bu nima degan gap? Mansab bersa, darrov o‘zgarib qoladi. Viloyat prokurorlaridan 100 ming, 50 ming dollarlab olinadi. Prokuratura va soliq tizimidagilarning hammasi poraxo‘r. Men buni yaxshi bilaman. Men Murodovga ishonch bildirgandim".
Korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan yangi qaror loyihasida davlat byudjetidan ajratilishi nazarda tutilayotgan 30-50 ming dollarga ekvivalent aqchani prezident tilga olgan boshqa raqamga qiyoslash mumkin.
Prezident Mirziyoyev 2018 ning 5 iyunida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida poytaxtdagi korrupsiya darajasi haqida gapirarkan, bunday degan:
Mahalliy byudjetga 18 milliard so‘mdan ortiq soliq tushirilmagan. Shuncha pul cho‘ntakka ketyapti
“Toshkent shahridagi avtomobillarni saqlash joylaridagi tushumlar nazorati yo‘qligi tufayli mahalliy byudjetga 18 milliard so‘mdan ortiq soliq tushirilmagan. Shuncha pul cho‘ntakka ketyapti”.
Mamlakat prezidenti yaqindagina yana bir sohada korrupsiya avj olganini tan oldi. 21 iyul kuni yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident bunday dedi:
“Qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish tartibi 20 yil oldin qabul qilingan va hozirgi islohotlar talabiga javob bermaydi. Bularning oqibatida sohada talon-torojlik va korrupsiya avj olgan”.
Iqtisodchi olim fikri
Mana shunday vaziyatda, ya’ni yer o‘lchovchidan prokurorlargacha korrupsiyaga botganini davlat rahbarining o‘zi tan olib turgan bir paytda Bosh prokuratura korrupsiyaga qarshi kurash yo‘lida kiritgan taklifdan samara chiqishiga iqtisodchi olim, professor Xidirnazar Allaqulov ishonmasligini bildirdi.
Professor 21 avgustda Ozodlikka bunday dedi:
- Yo‘q, aslo yordam bermaydi. Birinchidan, mamlakat ichkarisida korrupsiyaga qarshi kurashyapmiz, degan ohang paydo bo‘lishi uchun, ikkinchidan xalqaro jamoatchilikka ham korrupsiyaga qarshi kurashayotganimizni ko‘rsatib qo‘yish uchun qilinyapti bu ish.
Xalqaro jamoatchilikka ham korrupsiyaga qarshi kurashayotganimizni ko‘rsatib qo‘yish uchun qilinyapti bu ish.
Bosh prokuraturaning o‘zi ham taklif qilayotgani qaror loyihasi xalqaro kun tartibi bilan bog‘liqligini yashirmayapti. Idora bayonotida bunday deyilgan:
“Qaror loyihasi BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining talablarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, jamiyatda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga chek qo‘yish hamda unga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish maqsadida ishlab chiqilgan”.
Taklif qilinayotgan qaror ijrosiga Jinoyat kodeksi yo‘l bermaydi
Professor Allaqulov fikricha, Bosh prokuratura taklif qilayotgan qarorni qabul qilishdan oldin Jinoyat kodeksining shu masalaga oid moddalarini qayta ko‘rib chiqish kerak.
- Men bir narsaga hayronman. Jinoyat kodeksiga pora olgan ham, pora bergan ham, pora olish-berishga vositachilik qilgan ham – hammasi tenglashtirib qo‘yilgan. Axir bu qonun amaldaku?! Buni o‘zgartirmay turib, qandaydir bir qaror nimani hal qila oladi?
Professor Allaqulovning fikricha, toki korrupsiyaga toqat qilmaydigan siyosiy tizim shakllanmas ekan, u yoki bu fuqaroning korrupsionerni tutib bergani uchun davlatdan oladigan mukofotga qiziqishi hech narsani hal qilmaydi:
20 ming, 30 ming dollar olayotganlarni qo‘lga olishadi, lekin millionlab olayotganlarni hech qachon fosh qilolmaydilar.
- Korrupsiyaning ildizi korrupsiyalashgan siyosiy tizimning o‘zida. Bu tizim o‘zgarmas ekan, korrupsiya ko‘lami yanada kengayaveradi. Korrupsiyaga qarshi kurashyapmiz¸ deb maishiy darajadagi o‘qituvchi, do‘xtir, boring ana hokimiyatdagi quyi bo‘g‘in amaldorini vaqti-vaqti bilan qo‘lga olib turishadi. 20 ming, 30 ming dollar olayotganlarni qo‘lga olishadi, lekin millionlab olayotganlarni hech qachon fosh qilolmaydilar. Chunki o‘sha pullarni olayotganlarning o‘zi siyosiy elitaning vakillari va korrupsiya mahsullaridir.
"Viloyat hokimi o‘rinbosarini pora bilan ushlashga DXX qo‘rqqan edi"
Professor Allaqulovning bu fikriga andijonlik taniqli tadbirkor Rustam Usmonov OzodNazarning 31 iyul kungi sonida aytib bergan voqea yorqin illyustratsiya bo‘la oladi.
Usmonov mahalliy korrupsionerni fosh qilishga uringani, biroq u murojaat qilgan DXX mulozimlari qo‘lidan hech narsa kelmasligini tan olganini aytib bergan edi:
- Men viloyat hokimining o‘rinbosari ustidan o‘sha idoraga (DXX - tahr.) borib, shu odam mendan pul talab qilyapti, men pulni berayotganimda uni sizlarga ushlab bermoqchiman, dedim. Gapimni eshitayotgan katta rahbar menga “Aka, siz to‘g‘ri tushuning, bu ishni qila olmaymiz, chunki hokimlar, o‘zingiz bilasiz, prezident himoyasida. Ularni bunday ish ustida ushlash uchun biz prezident apparatiga chiqishimiz kerak. U yoqqa chiqquncha esa, o‘rtada bir qancha odamlar bor, albatta ulardan biri informatsiya yetkazadi. Natijada operatsiyamiz amalga oshmay qoladi. Siz ham, biz ham sharmanda bo‘lamiz”, dedi. Bu o‘tgan yili bo‘lgan gap. O‘shandan keyin bu idoraga bormadim. Prezidentimizning “hokimlar mening himoyamda, ularni kimdir chaqirib so‘roq qilsa, undaylar bilan men gaplashaman”, degani uning katta xatosi bo‘ldi.
Boshqalar tajribasi
Bosh prokuratura korrupsionerlarni tutib berganlarni rag‘batlantirishga oid qaror loyihasini taklif qilar ekan, bunday chora qo‘shni Qozog‘istonda ham qo‘llanilayotganini argument sifatida keltiradi.
“Qozog‘istonda 2017/19 yillarda byudjetidan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar berganlik uchun 708 nafar shaxs 99 mln tanga (2,4 mlrd so‘m), joriy yil 1-choragida 44 nafar shaxs 7,2 mln tanga (176,6 mln so‘m) bilan rag‘batlantirilgan”.
Bunday chora nafaqat Qozog‘iston, balki dunyoning boshqa ko‘plab davlatlarida borki, bu endi boshqa maqola mavzui.
Transparency International tashkilotining “Korrupsiyani idrok etish indeksi”da O‘zbekiston 180 ta davlat ichida 2017 yilda 157-o‘rinni (22 ball), 2018 yilda 158-o‘rinni (23 ball) va 2019 yilda 153-o‘rinni (25 ball) egallagan.