Bundan 100 yil oldin - 1920 yilning 28 aprel kuni Xivada Butunxorazm xalq vakillari 1-qurultoyi qatnashchilari ishtirokida eski xonlar qarorgohi Ko‘hna ark binosining arzxonasida ochilgan muzey Markaziy Osiyodagi ilk davlat muzeyi sifatida tarixga kirdi.
Muzey 1920 yilning 11 aprelida Xorazm muvaqqat hukumati qaroriga asosan tuzildi. “Xiva xalqining o‘tmishi va hozirgi paytdagi madaniyatiga oid barcha buyumlarni, shuningdek, xonlik zulmining jazo qurollarini xalqqa ko‘rsatish va kelgusi avlodlar uchun saqlab qolishni nazarda tutib, xalq muzeyi tashkil etilsin” - deyiladi qarorda.
Muzeyning ilk kunlarida boshliq va qorovuldan iborat ikki xodim ishlagan.
Xiva Ichan qal’a muzeyi bosh ilmiy kotibi¸ tarix fanlari nomzodi Komiljon Xudoyberganovning 28 aprel kuni Ozodlikka aytishicha¸ bugun 100 yilligini nishonlayotgan muzeyda hozirda 300 dan ziyod xodim ishlaydi va bu maskanga dunyoning yetakchi olimlari kelib¸ o‘z tadqiqotlarini o‘tkazmoqda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
- 100 yillik muzeyda ishlashning o‘ziga xos g‘urur va mas’uliyati bor. Tarixga daxldor bo‘lish va shu tarix izlarini asrab-avaylash boshlanganiga 100 yil bo‘libdi. Buni katta bayram qilmoqchi edik. Bu bayram Xivaning turkiy davlatlar madaniy poytaxti bo‘lgani tantanalariga qo‘shib to‘ylanishi kerak edi. Xarob¸ shu koronavirus degan balo chiqib¸ to‘yimiz boshqa kunga qoldi. Lekin hamma xodimlarda bayram kayfiyati bor¸ dedi suhbatdosh.
Muzey xazinasidan eskponatlar qanday g‘oyib bo‘ladi?
San’atshunos Abdumalik Turdiyevning aytishicha¸ Xiva muzeyining 100 yillik tarixi ayni paytda talon-torojlar tarixi hamdir. San’atshunosga ko‘ra¸ muzeydagi osori-atiqalar 100 yil davomida bir necha xil yo‘l bilan yo‘q qilingan.
- Afsuski¸ nafaqat Markaziy Osiyoda balki dunyodagi eng boy muzeylardan bo‘lishi mumkin bo‘lgan Xiva Ichan-qal’a muzey- qo‘riqxonasi fondi yillar mobaynida o‘zining eng asl eksponatlaridan ayrilib borgan. Muzey o‘z durdonalaridan kamida uch xil yo‘l bilan mosuvo bo‘lgan. Birinchi administrativ shaklda. Vazirlik qaroriga asosan, Xiva muzeyidagi eksponatlar boshqa muzeylarga berib yuborilgan. 1941-1945 yillarda muzey xazinasidagi oltin buyumlar lom shaklida eritilib, mudofaa maqsadlariga yo‘naltirilgan. 1985 yilda esa SSSR Madaniyat vazirligi qaroriga asosan muzeydagi oltin va rangli toshlar bilan bezatilgan barcha eksponatlar Moskvadagi Orujeynaya palataga o‘tkazib berilgan. Ikkinchidan, asarlar asl nusxa o‘rniga soxtasini almashtirib qo‘yish sxemasi orqali fonddan gumdon qilingan. Yana bir yo‘li¸ muzey remont qilingan paytida quruvchilar tarafidan o‘g‘irlangan. Uchinchisi esa¸ oddiy o‘g‘rilik. 1992 yili Xiva muzeyidagi noyob eksponatlar o‘g‘irlab ketilgan edi¸ deydi suhbatdosh.
Xiva Ichan-qal’a muzeyi bosh muhofizi Ozod Karimov 1992 yilda muzeyda yuz bergan o‘g‘rilikning hanuz ochilmaganini aytadi:
- Hozir ham o‘shanda o‘g‘irlangan eksponatlar Interpol qidiruvida dolzarb bo‘lib turibdi.
Joriy yilning 13 martida Xivaga tashrif buyurgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xivaning har bir g‘ishti avaylab saqlanishi” kerak¸ degan gapni aytgan edi.
Mirziyoyevning bu gapidan sal avval Farg‘ona muzeyidan million dollarlik asar o‘g‘irlangani matbuotda shov-shuv bo‘lgan edi.
O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin mamlakat muzeylarida o‘g‘rilik va talon-tlroj epidemiya kabi tarqalgani eslanadi.
Xiva Ichan-qal’a muzeyi bosh ilmiy kotibi Komiljon Xudoyberganovning 28 aprel kuni Ozodlikka aytishicha, mamlakatdagi boshqa muzeylar bilan solishtirganda Xiva muzeylaridagi eskponatlarning saqlanishi nisbatan yaxshi darajada:
- 1966 yildan boshlab Xiva Ichan-qal’a muzeyida KP (kniga postupleniy muzeynix predmetov-tahr.) degan daftar yuritiladi. Daftar shnurlanib¸ muhrlangan. Har bir eksponat shu daftarga qayd qilingan. Yaqinda o‘tkazilgan inventarizatsiyada barcha eksponatlarning joyida turgani aniqlandi. Ya’ni Xivaning har bir g‘ishti joyida. Bizga bir marta o‘g‘ri tushdi. 1992 yili kelib qorovulni oyoq-qo‘lini bog‘lab¸ muzeydagi qadimiy ashyolar¸ egar-jabduqlarni o‘g‘irlab ketishdi.
Talon-toroj qilingan "Nurillaboy saroyi"
2016 yilda Xivaning Deshon-qal’a majmuidagi "Nurillaboy saroyi"dagi ta’mir paytida amalga oshirilgan talon-toroj va osori-atiqalarni o‘g‘irlash bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi yuzasidan Xorazm viloyat sudi qurilish shirkati pudratchilarini aybli deb topgan edi.
Xorazm viloyat prokuraturasidagi ayni jinoyatni taftish qilgan tergovchining 28 aprel kuni Ozodlikka aytishicha¸ "Nurillaboy saroyi"dagi keng ko‘lamli o‘g‘rilik yuzasidan uchta sud jaraëni o‘tkazilgan:
- Nurillaboydagi osori-atiqalarning o‘g‘irlanishi yuzasidan Xorazm viloyati prokuraturasi uchta jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Sud bo‘lib o‘tdi. Aybdorlarga hukm o‘qildi. Yetkazilgan zarar aybdorlar tarafidan qoplandi. Bilasiz, "Nurillaboy saroyi" Madaniyat vazirligi¸ Yodgorliklarni saqlash inspektsiyasi nazoratidagi tarixiy obidadir. Bundan bir necha yil avval (2015 yilda-tahr.) bu tarixiy binoda ta’mir boshlandi. Ta’mirlash bahonasida bebaho saroyni talon-toroj qilishgani haqida signal tushdi. Bu binoni ta’mir qilish uchun to‘rt yil mobaynida ishlagan to‘rtta pudratchi tashkilot ta’mir uchun ajratilgan davlat mablag‘larini o‘zlashtirganlik va osori-atiqalarni o‘marganlikda ayblanib jazoga tortildi. Bizga ma’lum bo‘lishicha¸saroy ichidagi qadimiy koshinli kamin¸ qadimiy parket va eng muhimi Nurmat usta¸ Ro‘zmat va Bobojon ustalar yasagan qadimiy eshik ham o‘marilgan.
Xorazm viloyat prokuraturasidagi ayni jinoyatni taftish qilgan tergovchining aytishicha¸ “o‘g‘irlangan qadimiy eshik masalasi” 2016 yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan sud majlisida ko‘rilgan:
- Aybdor eshikni o‘g‘irlaganini bo‘yniga oldi, ammo eshik sotilib ketgani bois, izini topishning iloji bo‘lmadi. Sud saroy eshigini 229 million so‘m deb belgiladi va aybdor bu pulni davlatga to‘ladi.
Nurillaboyning Lenini qani?
Ta’mir bahonasida talon-toroj qilingan "Nurillaboy saroyi" oldiga 1924 yilda Xorazm Xalq respublikasi tarafidan o‘rnatilgan Lenin haykali 1991 yili olib tashlangan edi.
SSSR xalq rassomi Sergey Merkurov (1881 -1952) yaxlit qizil granitga o‘yib ishlagan Lenin haykali O‘zbekiston Madaniyat vazirligining davlat muhofazasida bo‘lgan eksponatlari ro‘yxatida qolmoqda.
Ozodlik surishtiruvi asnosida "Nurillaboy saroyi" oldiga o‘rnatilgan granit haykal ko‘rgazmalar direksiyasi omborida ham, Xiva Ichan-Qal’a muzey qo‘riqxonasi zahirasida ham yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
Xivalik huquq himoyachisi Hayitboy Yoqubovning aytishicha¸ Lenin haykalini 1991 yili mahalliy tadbirkorlardan biri (tadbirkorning ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum) o‘z hovlisiga olib ketgan:
- O‘sha tadbirkorning uyida turibdi bu haykal. Lekin u olamdan o‘tdi yaqinda. Bu haykalni sotishga ko‘p urinishlar bo‘ldi. Lekin nimadir bo‘lib¸ sotilmay qoldi.
Sovet monumental haykaltaroshligining taniqli vakili bo‘lgan Merkurov asarlari jahon bozorida katta qiymatga ega.
"Nurillaboy saroyi" haqida
Turizm shirkatlari chiqargan yo‘lnomalarga ko‘ra, "Nurillaboy saroyi" qurilishi 1906 yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxon II tarafidan boshlanib, 1912 yilda tugallangan.
Bino taniqli g‘isht o‘ruvchi usta Quryoz Bobojon va Xudoybergan hoji tarafidan qurilgan. Binoning moviy sopol koshinlari esa Ota Shix va shogirdlari tarafidan amalga oshirilgan.
Saroy ichidagi parket va fransuz uslubidagi koshinli kaminlar o‘sha paytda Xiva xonligiga surgun qilingan mennonit oqimidagi nemis ustalari tarafdan barpo qilingan. Saroy ichidagi oval zalda 1918 yili Xivaning so‘nggi xonlaridan biri Isfandiyorxon qatl qilingan edi.
Xivada muzey tashkil qilish Feruzxon orzusi bo‘lgan
Xiva Ichan-qal’a muzeyi bosh ilmiy kotibi Komiljon Xudoyberganovning Ozodlikka aytishicha¸ Xorazmda XIX asrning oxirida muzey tashkil qilish uchun harakat boshlangan:
- Xiva xonligida osori-atiqalarni yig‘ish va ajoyibxona tashkil qilishga XIX asr oxirida Feruz taxallusi bilan mashhur bo‘lgan Muhammad Rahimxon II davrida kirishildi. 1898 yil 12 aprelda Muhammad Rahimxon II Ko‘hna Urganch, Xo‘jayli va Qo‘ng‘irot hokimlariga: “Qadimdan qolg‘on yodgor nimarsalarni yo‘q qildirmasunlar, har tariqa ko‘hna joy va qal’a va imoratlar bo‘lsa, ne tariqa bino bo‘lg‘onlarini va ko‘hna tilla va tanga va fullar bo‘lsa borlab topib munda yuborsun”, deb buyruq beradi. Lekin to‘plangan buyumlar Rossiyaga yuborilishi natijasida Xivaning o‘zida muzey ochilishi orqaga surilib, 1920 yildagina amalga oshirildi.
Xiva xonligiga oid yuzlab osori-atiqa¸ xususan, xonning kumush taxti Moskva Kremlidagi qurol-yarog‘ muzeyida saqlanadi.
O‘zbekiston SSR Ministrlar kengashining 1969 yil 29 iyul 343-sonli qaroriga muvofiq, Xiva Davlat tarixiy me’morchilik Ichan-qal’a muzey-qo‘riqxonasi tashkil qilindi.
1990 yil 12 dekabrda Xiva shahrining Ichan-qal’a qismi UNESCOning Madaniy meros qo‘mitasi qarori bilan jahon madaniy meroslari ro‘yxatiga kiritildi.
1997 yilda esa bu qadimiy shaharning 2500 yillik yubileyi nishonlandi.