Kasalxonalar Rossiyadan 500ta tibbiy ventilyator kelishiga ko‘z tikmoqda; Toshkentdagi chayqovchilar "istagancha" yetkazib berishga tayyor!

Koronavirus tushgan o‘pkada yallig‘lanish boshlangan kezda¸ bemorni sun’iy nafas oldirish apparatiga ulash uning hayot-mamotini hal qiladi.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar ko‘payib borayotgani ortidan o‘pkasida yallig‘lanish boshlangan bemorlar hayotini hal qiluvchi sun’iy nafas oldirish apparatlari - ventilyatorlarga ehtiyoj keskin oshib ketdi.

Ventilyatorlar butun dunyoda taqchil tibbiyot uskunasiga aylangan bir paytda¸ O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Rossiya Federatsiyasining "Uralskiy priborostroitelniy zavod"iga 500 ta shunday apparat uchun buyurtma berdi.

Hozircha kasalxonalar ko‘z tikib kutayotgan bu apparatlardan biror guruhining O‘zbekistonga yetkazilgani haqida rasmiy xabar yo‘q.

Asosan aviatsiya texnikasi va texnologiya jihozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bu zavod matbuot xizmati vakili Lidiya Zimina Ozodlik bilan 2 aprel kungi suhbatda “o‘zbeklar salomatligiga hissa qo‘shayotganligidan mamnun” ekanligini aytish bilan chegaralandi.

Ziminaga ko‘ra, zavod talab va ehtiyojdan kelib chiqib kuniga ko‘pi bilan 100 dona sun’iy nafas oldirish apparati ishlab chiqarmoqda. “Talab birdan oshib ketdi¸ shu paytgacha zavod kuniga 20 ta IVL (iskusstvennaya ventilyatsiya legkix birikmasi qisqartmasi -tahr.)​ uskunasi chiqarar edi¸ ehtiyojdan kelib chiqib IVL ishlab chiqarishni kuniga 100 donaga ko‘paytirdik¸ deydi suhbatdosh.

- Fransiyadagi tibbiy texnika ishlab chiqaradigan Air Liquide zavodi pandemiya e’lon qilinguniga qadar bir oyda 100 dona IVL uskunasi ishlab chiqargani bilan solishtirsak¸ bizning hozirgi ko‘rsatkich yomon emas¸ dedi Lidiya Zimina.

Ayni paytda Zimina O‘zbekiston bilan imzolangan kontrakt tafsilotlari, xususan¸ apparat narxlari tijoriy sir ekanligini urg‘ulab¸ bu borada qo‘shimcha ma’lumot bera olmasligini aytdi.

Zavod rahbari 2019 yil mart oyida Rossiya matbuotiga bergan intervyusida¸ eng so‘nggi nusxadagi IVL uskunalari narxining 550 ming rubldan (hozirgi kurs bilan taqriban 7000 AQSh dollari) to 1 million 400 ming rublgacha (18 ming AQSh dollari) ekanini aytgan edi.

Bundan esa¸ Rossiyada ishlab chiqarilayotgan sun’iy nafas oldirish apparatlarining Fransiya va Germaniyadagidan qimmatroq ekani anglashiladi.

12 mart kuni Bosh vazir Abdulla Aripov yetakchiligidagi maxsus komissiyaning koronavirusning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida tibbiyot muassasalarida zarur tibbiyot texnika yetishmayotgani gapirilgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga Rossiya Federatsiyasining "Uralskiy priborostroitelniy zavod"idan 500 ta sun’iy nafas oldirish apparati sotib olishga ayni shu yig‘ilishda ko‘rsatma berilgan edi.

Minglab tibbiy ventilyatorga ehtiyoj bor

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev Ozodlik bilan 2 aprel kungi suhbatda shu kunda mamlakatga minglab sun’iy nafas oldirish uskunalari zarurligini ta’kidladi.

Uning aytishicha¸ Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi uchun favqulloda zarur bo‘lgan sun’iy nafas oldirish apparatlarini chet eldan olib kelish bo‘yicha jiddiy ishlar olib bormoqda.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ ko‘plab Yevropa mamlakatlari bu uskuna eksportini taqiqlagani bois¸ mamlakat tibbiyotini tibbiy ventilyatorlar bilan ta’minlash mushkul bo‘lmoqda.

Vazir o‘rinbosari Ozodlik bilan suhbatda bu uskunani yetkazib bermoqchi bo‘lgan xorijiy shirkatlar bilan hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.

Suhbatdosh ta’kidicha¸ “O‘zavtosanoat” tarkibidagi “UzAuto Motors” shirkati ayni kunlarda tibbiy ventilyatorlar yasash ustida qizg‘in ish olib bormoqda. Dunyodagi yetakchi avtomobil shirkatlari ham so‘nggi haftalarda koronavirusga chalinganlar hayotini qutqarish jarayonidagi eng muhim tibbiy jihozda aylangan shunda apparatlar ishlab chiqara boshladi.

Kasalxonada yo‘q tibbiy ventilyator¸ chayqov bozorida bor

Ayni paytda O‘zbekistondagi 40 dan ziyod xususiy shirkat har birining bahosi 9 ming dollardan 20 ming dollargacha bo‘lgan sun’iy nafas oldirish apparatlarini sotish uchun internet tarmog‘ida yuzlab e’lon joylashtirgan.

Sun’iy nafas oldirish apparatlari sotilishi haqidagi reklama e’lonlaridan biri.

Ozodlik muxbiri bu e’lonlarda ko‘rsatilgan telefon raqamlaridan biriga qo‘ng‘iroq qilganida¸ o‘zbekcha gapirgan sotuvchi donasi 17 ming AQSh dollari evaziga bugunning o‘zida O‘zbekistonning "istalgan nuqtasiga¸ istalgan sonda" sun’iy nafas oldirish apparatini yetkazib berishni va’da qildi.

Ozodlik 2 aprel kuni suhbatlashgan oliy toifali vrach Baxtiyor Qurbonov “musibatdan pul qilmoqchi bo‘lgan tujjorlarni” qoraladi.

- Pandemiya paytidagi musibatdan foydalanib¸ birini ikki qilmoqchi bo‘lgan bu savdogar olibsotarlar qilayotgan ish uyatsizlikdan boshqa narsa emas. Koronavirus keng tarqalgan Fransiyada IVL uskunasi yetishmayapti. Ammo birorta shirkat narxni ko‘tarmadi. Bitta uskuna narxi Fransiyada shu kunda modifikatsiyasiga qarab¸ 3500 yevrodan maksimum 10000 yevrogacha. Fransiyada ishlab chiqarilgan uskuna yaxshi hisoblanadi. O‘zbekistondagi chayqovchilar esa¸ Xitoyda ishlab chiqarilgan IVLga 20 ming dollardan narx qo‘yib¸ tagiga bosib o‘tirishibdi. Bunday paytda pandemiya davri qoidasiga ko‘ra¸ davlat bularning faoliyatini cheklashi kerak. Taroziga pul emas¸ inson salomatligi qo‘yilgan.

Ozodlik gaplashgan o‘zbekistonlik vrachlardan yana biri¸ aholi soni 4 millionga yaqin Andijon viloyatida jami o‘nga yaqin IVL uskunasi borligi¸ uning ham yarmi ta’mirtalab ahvolda ekanini aytadi.

"Gruziyada Saakashvili prezident bo‘lgan 9 yil ichida mamlakatda 140 ta yangi shifoxona qurilgan, 2200 ta sun’iy nafas oldirish moslamasi sotib olingan. Amerikadan bitta qimmatbaho antivirus laboratoriyasi olib kelib o‘rnatilgan. Aholi soni Gruziyada 4 millionga yetar-yetmas¸ Andijon viloyati bilan deyarli bir xil. Oradagi farqni ko‘ring! O‘zbekistonda qimmatbaho sitilar¸ Muz saroyiyu hangillagan stadionlar¸ saroy va to‘yxona qurildi. Lekin tibbiyot tizimini ko‘tarish¸ kasalxonalarni oddiy ventilyator bilan ta’minlashga pul topilmadi"¸ deydi Ozodlik gaplashgan tibbiët sohasi mutaxassislaridan yana biri.

Koronavirusning og‘ir ko‘rinishiga chalingan bemorlarning yashab qolishi uchun ular sun’iy nafas oldirish apparatlariga ulab qo‘yilishi lozim.

Italiya va Ispaniyada koronavirusga chalinganlar orasidagi o‘lim holatining ko‘pligi¸ aynan shu uskunalarning yetmayotgani bilan izohlanmoqda.