“Vaqf” xayriya jamoat fondi raisi o‘ziga xizmat mashinasi sifatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar orasidagi eng qimmat model - Malibu-2 sotib olinganini xorijiy mehmonlarni munosib kutib olish zarurati bilan izohladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozara keltirib chiqargan voqeani o‘rganish jarayonida Ozodlik “Vaqf” raisi Malibu mingan yolg‘iz amaldor emasligini aniqladi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Malibu-2 yengil avtomobili qariyb 276 million so‘m (taqriban $ 32600) turadiki, bunday qimmat mashina xayriya bilan shug‘ullanuvchi tashkilot sifatida tuzilgan jamg‘arma raisi uchun sotib olingani ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilarning aksariyatiga malol keldi.
Feysbukxonlardan biri bunday yozdi: "Nogironlar aravachasi narxini o‘rtacha 1,5 mln. deb olsak, 276 mln.lik "Malibu 2"ning puliga imkoniyati cheklanganlarga 184 ta aravacha olsa bo‘larkan. Agar 1 mln.ligidan olinsa 276ta kelarkan".
“Vaqf” O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida tashkil etilgan xayriya jamg‘armasi bo‘lib, uning vazifalari O‘zbekiston prezidentining 2018 yil, 16 apreldagi farmoni bilan belgilab qo‘yilgan.
Farmonga binoan fuqarolardan tushadigan zakot, fitr va boshqa xayriya mablag‘lari “Vaqf”da yig‘ilishi lozim.
Shundan “Vaqf”ning raisiga Malibu sotib olish haqidagi qaror qay darajada – Musulmonlar idorasidami yoki “Vaqf”ning o‘zidami - qabul qilindi, degan savol paydo bo‘ldi.
Ozodlikning bu savoliga “Vaqf”ning Murojaatlar bo‘yicha mas’uli Abduhakim Boqiev 25 aprel kuni bunday javob berdi:
Mashina olish masalasi kengash yoki oliy hay’atga olib chiqiladigan katta masala emas. Shuning uchun bu masalani raisning o‘zi hal qilgan.
“Fondning kengashi hamda oliy hay’ati bor. Mashina olish masalasi kengash yoki oliy hay’atga olib chiqiladigan katta masala emas. Shuning uchun bu masalani raisning o‘zi hal qilgan”.
Abduhakim Boqievning aytishicha, Malibugacha Fond raisi oq Lacettida yurgan.
“Vaqf” raisi Iskandar Xalilovning o‘zi Malibu sotib olinganini Ozodlik savollariga javob berayotib izohlar ekan, birinchidan, yaqin va uzoq xorijdan mehmonlarni munosib kutib olish zarurati, ikkinchidan viloyatlarga xizmat safarlari ko‘pligi, shuning uchun qulay va kuchliroq avtomobilga ehtiyoj mavjudligi bilan izohladi.
Quyida “Vaqf” rahbari bilan suhbatni tinglang: (Audioning sifati yomonligi uchun uzr so‘raymiz)
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"Vaqf" matbuot xizmatining mavhum bayonoti
“Vaqf” raisi har qanday noqulay savolga javob berishga tayyor bo‘lib turgan bir paytda fond matbuot xizmati 25 aprel kuni (ushbu maqola yozilayotgan paytda) Malibu bilan bog‘liq paydo bo‘lgan gap-so‘zlar yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qildi.
“Ijtimoiy tarmoqlardagi noto‘g‘ri xabarlarga munosabat”, deb sarlavhalangan matnda bir dunyo gap bor, lekin o‘sha – “noto‘g‘ri”ligi aytilayotgan “xabarlar” nimadan iborat ekanligi aytilmagan. Matnda na Malibu va na “avtomobil”, degan so‘zlar bor. “Vaqf” matbuot xizmatining bu bayonoti javoblardan ko‘ra, savollarni ko‘proq paydo qiladi.
Boshqa rahbarlar qanday mashinada yuradi?
Mamlakatda katta-kichik jamg‘armalar bir talay. Ulardan eng yiriklariga qiziqdik va ba’zi ma’lumotlarni aniqladik:
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi va ayni paytda shu Kengash qoshidagi “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi Shavkat Javlonov Malibuda, Javlonovning o‘rinbosari Botir Parpiev Lacettida yuradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Malibuda yuradi.
Navoiy viloyat hokimi Qobul Tursunov 8 ta tuman hokimini Malibuga mindirib qo‘ygani to‘g‘risidagi gaplar shu yilning boshida urchigan edi.
“Nuroniy” jamg‘armasi rais o‘rinbosari Sharof Ubaydullaevning aytishicha, uning boshlig‘i ham Malibuda yuradi. “Mana bizning rais ham Malibuda yuradi, aksar viloyatlardagi bo‘limlarimiz boshliqlari Captivada yuradi”, der ekan Sharof Ubaydullaev “Vaqf” raisi uchun Malibu sotib olinganiga mana bunday munosabat bildirdi:
Mehmonlarni qo‘qon aravada kutib olishmaydiku, axir?!
“33 million kishilik xalqi bor mamlakatning diniy idorasiga davlat rahbariga keladiganchalik mehmon keladi. Ularni qo‘qon aravada kutib olishmaydiku, axir?!”
Ayni paytda, o‘zining biznesi va jamoatchilik faoliyati bilan ham Musulmonlar idorasiga, ham “Vaqf”ga yaqin, shuning uchun ismi aytilishini istamagan 40 yoshlardagi dindor yigit bunday dedi:
Raisga Malibu sotib olinganini eshitib, albatta, taajjublandim. Imomlarning oyligi ozligidan xabaringiz bo‘lsa kerak.
“Raisga Malibu sotib olinganini eshitib, albatta, taajjublandim. Imomlarning oyligi ozligidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Qolaversa, rahbarlar hashamatli mashinalar emas, oddiy mashinalarda yursa, ko‘proq odamlarning nazariga tushgan bo‘lardi”.