Surxondaryo viloyat, Sho‘rchi tumanida istiqomat qiluvchi 32 yashar Sanjar Jumaev va uning qarindoshiga shu viloyatning Angor tumanida bir guruh noma’lum shaxslar qilgan hujum holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bu haqda Ozodlik Angor tuman prokuraturasi tergovchisidan so‘rab bildi.
Sanjar Jumaevning onasi Ozodlikning SizdanTelegram ruknida 18 fevral kuni e’lon qilingan xatida o‘g‘liga hujum qilganlar jazosiz qolayotganidan shikoyat qilgan edi.
Sanjar Jumaev va uning mashinasida bo‘lgan qarindoshi, 30 yashar Sherali Ravshanov Ozodlik bilan suhbat davomida Angor tumanidagi uchastka noziri ularga hujum qilgan 5 kishining biri ekanligini iddao qildi.
Angorning “Navro‘z” mahallasi uchastka noziri Ilhom Abdullaev Ozodlikning boshqa bir materiali qahramoni bo‘lgan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Sanjar Jumaevning onasi Dilbar Azizovaning shikoyatida uning o‘g‘li 2018 yilning 8 dekabri oqshomida o‘z mashinasida Sho‘rchidan Angorga borgani va noma’lum shaxslar hujumiga uchragani to‘g‘risida yozgan.
Onaning yozishicha, hujum qilgan besh shaxs o‘zini “Milliy gvardiyadanmiz”, deb tanishtirgan. “Milliy gvardiya a’zolari” o‘z mashinasida Sanjar Jumaevning mashinasini bir necha soat ta’qib qilib quvgan. Sanjar, o‘z mashinasida bo‘lasi bilan qochib qutulay degan paytda, ta’qib qilayotganlar yana yetib kelgan.
“Bu orada o‘zini milliy gvardiyachi deb tanishtirgan 5 nafar odam “Damas” rusumli qaymoqrang mashinada yetib kelgan va ular o‘g‘limni ko‘plashib kaltaklashga tushgan.
Shu mahal “Matiz” rusumli mashinada ikki nafar IIB xodimi kelgan. Ular zo‘ravonlikka chek qo‘yish o‘rniga formasiz o‘zini Milliy gvardiya xodimi deganlarga “boshiga urmanglar, biqiniga uringlar” deb maslahat berib turgan.
Kaltaklashgani yetmagandek, zo‘ravonlar o‘g‘limning og‘ziga majburlab aroq quyishgan. Keyin esa ikki nafar IIB xodim “bo‘ldi, etarli” deb o‘g‘limni sudrab Angor tuman IIBga olib borib qamab qo‘ygan”, deb yozdi Dilbar Azizova.
Onaning shikoyat xatida keltirilgan bu iddaolarni qo‘shimcha tafsilotlari bilan Sanjar Jumaevning o‘zi va 2018 yilning 8 dekabri oqshomida uning mashinasida bo‘lgan bo‘lasi Sherali Ravshanov Ozodlikka 19 fevral kuni bergan suhbatda takrorladi.
Angor tuman prokuraturasi tergovchisi Husniddin Karimov 19 fevral kuni Ozodlikka Sanjar Jumaev bilan bog‘liq voqea bo‘yicha jinoyat ishi 13 fevralda qo‘zg‘atilganini bildirdi:
“Sanjar Jumaevning tan jarohati va mashinasiga yetkazilgan zarardan kelib chiqib holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“Bezorilik” - tahr.), 1-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, ish olib borilayapti”.
Tergovchining aytishicha, “Milliy gvardiya” o‘z xizmatchilarining hujumga aloqasi borligini inkor qilgan:
“Milliy gvardiya” bilan bugun gaplashdik. Ular inkor qildi”.
Tergovchi Husniddin Karimov ish bilan bog‘liq boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi.
“Milliy gvardiya” matbuot xizmati telefonini kun davomida hech kim ko‘tarmadi.
Sanjar Jumaev, uning opasi Mastura Jumaeva, bo‘lasi Sherali Ravshanovlar Ozodlikka 19 fevral kuni bergan suhbatlari davomida hujum qilganlardan biri Angor tumanidagi uchastka nozirlaridan biri Ilhom Abdullaevdir, degan iddaoni ilgari surdi.
Sanjar Jumaevning aytishicha, voqeadan keyin u mustaqil ravishda Angorda hujum qilganlarning kimligini surishtirgan.
“Hujum qilganlardan birining yuz tuzilishini, sochi qandayligini, ustidagi kiyimini aytib bergan edim, angorlik og‘aynim surishtirib bilib berdi. U shunday odam o‘sha kuni “Largus”da bir necha kishi bilan yurgani, uning Ilhom Abdullaev ekanligini aytdi”, - dedi Sanjar Jumaev.
Sanjarning opasi, 34 yashar Masturaning aytishicha, u dekabrning oxirlarida adolat izlab Angor tuman prokuraturasiga borgan.
"O‘sha paytda ukamning ishi bilan tergovchi Abbos Rahimov shug‘ullanayotgan edi. O‘shanda uchastkovoylar: Ilhom Abdullaev, Odil Elmonovlar keldi. Majburlab yozdirib olgan Elmonov, urgan Abdullaev edi. O‘sha paytda bo‘lam (Sherali Ravshanov – tahr.) Ilhom Abdullaevni tanidi. Bo‘lam unga “Siz edingizku bizni “Largus”da quvgan, desa, chappa qarab, “men emasdim, isbotlab ber”, degan”.
Angorning “Navro‘z” mahallasida yashaydigan Sherali Ravshanovning o‘zi esa, bunday dedi:
"O‘sha kuni bittasi uchastkovoylar kiyadigan formada edi. U [“Largus”ning] oldida o‘tirgan. O‘sha odamni bizni prokuraturaga tergovchi chaqirganda tanidim. Prokuraturada uning Ilhom Abdullaev ekanligini bildim. Birinchi marta biz do‘konning oldida to‘xtaganimizda, u odam [“Largus”dan] tushib, qo‘lini cho‘ntagiga solib, mashina farasi oldida turgan. Shuning uchun yaxshi esimda qolgan", - dedi Sherali Ravshanov.
Shunisi qiziqki, Angorning “Navro‘z” mahallasi uchastka noziri Ilhom Abdullaev Ozodlikning boshqa bir materiali qahramoni bo‘lgan edi.
Ozodlik 2018 ning 3 oktabrida “Navro‘z” mahallasi aholisini paxta terimiga chiqarish masalasida uchastka profilaktika inspektori, 29 yashar leytenant Ilhom Abdullaev bilan mahalla raisi, 61 yashar Abdunazar Zoirov o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal to‘g‘risida yozgan edi.
O‘shanda Navro‘z mahallasi raisi Abdunazar Zoirov militsiya xodimi Ilhom Abdullaev uni o‘lasi qilib urib-tepganidan arz qilgan edi.
Ozodlik 19 fevral kuni Ilhom Abdullaev ish joyini o‘zgartirganini aniqladi.
U 2018 ning dekabrida Navro‘z mahallasidan Navbahor mahallasiga ishga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Navbahor mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ilhom akaning Ozodlikka bildirishicha, uchastka noziri Ilhom Abdullaev shu kunda kasalxonada davolanmoqda.
Tuman ichki ishlar bo‘limi navbatchisi ham shu gapni aytdi.
Ilhom Abdullaevning telefoni kun davomida o‘chiq bo‘ldi.