Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:35

Yeri tortib olinayotgan qiziriqlik 500 fermer vakillari Oliy Majlisga arz qilib bordi


Qiziriqlik fermerlar yerlari tortib olinayotganiga norozilik bildirib, prezidentga murojaat qilgan edi - video skrinshoti
Qiziriqlik fermerlar yerlari tortib olinayotganiga norozilik bildirib, prezidentga murojaat qilgan edi - video skrinshoti

Surxondaryo viloyat, Qiziriq tumanilik 500 fermerning 30 ga yaqin vakili 5 - yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bir guruh deputatlar hamda tegishli idoralar vakillari tomonidan qabul qilindi.

Qiziriqlik fermerlar o‘z yerlarining bosim va tazyiq bilan tortib olinayotganidan norozilik bildirib, prezident Mirziyoyevga videomurojaat qilgan, murojaat dekabrning so‘nggi kunlarida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan edi.

VIDEO

Fermerlar bilan uchrashuvda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan effekt.uz sayti muxbirining Ozodlikka bildirishicha, Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev uyushtirgan uchrashuvda uning hamkasblari, Bosh prokuratura, Biznes-ombudsman, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakillari ishtirok etgan.

Ozodlik uchrashuvda qatnashgan fermerlar bilan ham gaplashdi. Ismlari aytilishini istamagan fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv davomida ularga talablarini bayon qilishga imkon berilgan.

Aytilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv bir soatdan ko‘proq davom etgan. Muloqot yakunida Qiziriqda yuzaga kelgan vaziyatni o‘rganish uchun Idoralararo ishchi komissiyasi tuzishga qaror qilingan. Komissiya kelasi haftaning chorshanbasida Qiziriq tumaniga borib, vaziyatni joyida o‘rganishga qaror qilgani bildirildi.

Fermerlarni Toshkentga borishga nima majbur qildi?

Qiziriqlik fermerlar ijtimoiy tarmoqlar orqali prezidentga yo‘llagan ochiq murojaatida tumandagi 500 fermerning yeri tortib olinayotgani aytilib, bunga norozilik bildiriladi.

“Fermerlardan arizani olmay turib, yopiq sessiya qilib, fermer xo‘jaliklarini tugatish haqida qaror qilgan. Bizda haqiqat, qonun yo‘qmi? Barcha fermer norozimiz”, - deydi qiziriqlik fermerlardan biri.

Fermerlar iddaosiga ko‘ra, dekabr boshida tumandagi fermer xo‘jaliklari faoliyatini butunlay tugatish haqida qaror chiqarilib, keyin fermerlardan majburiy ravishda ariza olish jarayoni boshlangan.

Ozodlik bu mavzu yuzasidan 30 - dekabrda e’lon qilgan maqolasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev qiziriqlik fermerlar muammosiga e’tibor qaratgani, bu borada Bosh prokuraturaga so‘rov xati kiritganini ma’lum qilgani to‘g‘risida xabar bergandi.

“Bizlarga kelayotgan murojaatlar Surxondaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash masalasida xavotirlar paydo qilmoqda. Hudud va soha mas’ullaridan mazkur masalalar bo‘yicha qonuniy ish ko‘rib, asosli izoh berishlarini so‘raymiz”, deya yozdi Rasul Kusherbayev.

Qiziriqlik fermerlar ishi yuzasidan Huquqshunos kundaligi sharhi

Fermerlar Oliy Majlisda qabul qilingan kuni (5 - yanvar) Telegramdagi Huquqshunos kundaligiHokimlar fermer xo‘jaliklarini tugatib, yerni olib qo‘yish vakolatiga egami?” degan sarlavha ostida o‘z sharhini e’lon qildi.

Sarlavhaga chiqargan savoliga o‘zi javob berar ekan, kanal “Qiziriq tumanida fermerlarning yerlarini hokim tomonidan majburiy olib qo‘yish holatlari avj olayotganini” xabar qiladi.

Kanalning tushuntirishicha, Yer kodeksi va Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunlarga ko‘ra, yer uchastkalari ochiq tanlov asosida ijaraga ellik yilgacha bo‘lgan, lekin o‘ttiz yildan kam bo‘lmagan muddatga berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi tuman komissiyasi hamda tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining xulosasiga binoan xalq deputatlari tuman kengashining qarori asosida qabul qilingan tuman hokimining qarori bo‘yicha beriladi.

“So‘ng yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi fermer xo‘jaligining boshlig‘i va tuman hokimi tomonidan imzolanadi. Shartnoma taraflarning kelishuviga binoan, taraflar kelishuvga erishmagan taqdirda esa, sud tomonidan o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin”, deb eslatadi Huquqshunos kundaligi.

Qonunlarni sharhlashda davom etar ekan, kanal klasterni ro‘kach qilib fermerlar yerini tortib olish qonunga zid ekanini urg‘ulaydi: “Yuqoridagi vaziyatda, fermerlar bilan tuman hokimi o‘rtasida yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi tuzilgan. Hokim qonunga ko‘ra, fermerning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lsa (paxta, g‘alla rejasini bajarmagan va h.k) yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qilishi kerak. Ya’ni fermerlarning yerini olib qo‘yishga faqat sudning vakolati bor, boshqa hech kimga bunday vakolat berilmagan. Shunga ko‘ra, hokim tomonidan fermerlarning davlat rejasini bajarmaganligi sababli ularning yer uchastkalarini klasterga almashtirganligini ro‘kach qilib, yerlarini tortib olishi QONUNGA ZID. Amalda hokimlarni nazorat qiladigan va qonun ustuvorligini ta’minlaydigan tizim bo‘lmagan yurtda mulk daxlsizligi ana shunday tarzda oyoq osti qilinaveradi”.

Urfga aylanayotgan “Toshkentga sayohat”

O‘zi yashab turgan tuman yoki viloyatdan haqiqat topolmayotgan fuqarolarning adolat izlab Toshkentga yurishi keyingi yillarda tez-tez kuzatilmoqda.

Bunday safarlar har doim ham qiziriqlik fermerlarning safariday yuqori idoradagi qabul bilan tugamayapti.

2019 - yilning iyunida bir guruh ayollar Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva qabuliga borganida Milliy Gvardiya tomonidan qo‘lga olinganlari haqida Ozodlik radiosiga gapirib bergandi.

2020 - yilning sentabrida Sirdaryo viloyat, Sardoba tumani, Do‘stlik mahallasida yashaydigan o‘n ayol va erkak O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovga beshinchi marta arz qilib borgandi. Arzchilarning Ozodlikka aytishicha, ularni hech kim qabul qilmagan va organ xodimlari tazyiqida yana Sirdaryoga jo‘natib yuborilgan. Sardobaliklarning Toshkentga safari bilan bog‘liq shunga o‘xshagan yana bir voqea oktabrning boshida sodir bo‘lgan edi.

Qiziriqlik fermerlarning Ozodlikka bildirishicha, ular 6 - yanvarda Prezident administratsiyasiga ham bormoqchi.

O‘zbekistonda fermerlarning yerlarini noqonuniy yoki turli bosimlar ostida tortib olish hollari keng tarqalgan. 2000-yillar boshida "fermer xo‘jaliklar erlarini optimizatsiya qilish" dan boshlangan jarayon oxirgi yillarda klasterlashtirish bilan davom etmoqda.

29 - dekabr kuni Oliy Majlisga murojaatida prezident Mirziyoyev yerlarni "bozor aktivi"ga aylantirish haqida gapirdi, ammo buning qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlarga qanday ta’sir ko‘rsatishi ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG