Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:57

Xivadagi obidaning vayron qilinishi yuzasidan jinoyat ishi ochildi


Buzib tashlangan Tosh hovli
Buzib tashlangan Tosh hovli

Xorazm viloyat prokuraturasi 14 - dekabr kuni YuNESKO himoyasidagi tarixiy obida - Xiva "Ichan-Qal’a" muzey-qo‘riqxonasidagi Tosh hovli saroyining qadimiy devori qonunga xilof ravishda olib borilayotgan ta’mirlash-tiklash ishlari oqibatida buzilgani yuzasidan kuni jinoyat ishi ochdi.

Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti vakili Ozodlikka ma’lum qildi.

Departament vakiliga ko‘ra¸ “Ichan-Qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi Ilmiy-ekspert kengashi xulosasini olmasdan va YuNESKO tashkiloti bilan kelishmagan holda, tasdiqlangan loyihasiz noqonuniy ta’mirlash-tiklash ishlari olib borgan.

11 - dekabr kuni jinoyat ishi ochish bo‘yicha hujjatlar ilova qilingan so‘rovni Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti prokuraturaga yo‘llagan edi.

Qadimiy obida mavjud qonunlarga zid tarzda “Ichan-Qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi buyurtmasiga binoan, “Surgut neft stroy” pudratchi xususiy korxonasi tomonidan joriy yilning 8 - dekabr kuni buzib tashlangan.

Ta’mirlash-tiklash ishlari sahnida bo‘lgan Ozodlik muxbiri Tosh hovli saroyining sharqiy tomonidagi devor tepasi vayronaga aylanganiga guvoh bo‘ldi.

Muxbirimiz saroyni buzgan “Surgut neft stroy” pudratchi xususiy korxonasi vakili bilan ham uchrashdi. Restavratsiya qilish ishlariga malaka va maxsus ruxsati bo‘lmagan bu korxona vakili “Ichan-qal’a” muzey- qo‘riqxonasi bilan tuzilgan shartnoma asosida ishlayotganini bildirdi.

"Ichan-Qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi mahalliy matbuotga “devor og‘ib turuvdi¸ birovning boshiga tushmasligi uchun buzdik” deya ma’lumot berdi.

Devorni saqlab qolish mumkin edi

Xiva shahrining 2500 yilligi yubileyini o‘tkazish munosabati bilan 1997 - yilda ta’mirlash-tiklash ishlarini olib borgan «Xorazm maxsus ilmiy ta’mirlash ishlab chiqarish» ustaxonasi mutaxassisi¸ ustazodalar sulolasinig beshinchi avlod vakili, 56 yashar restavrator Abdulla Matkarimov Ozodlik bilan suhbatda binoni buzmasdan, saqlab qolish mumkinligini aytdi.

“Devor 20 sm og‘di¸ ustiga bolor minmagani uchun yiqilishi mumkin edi, degan noilmiy gaplarni aytishmoqda. Restavratorlar, odatda og‘gan binoni troslar yordamida tortib, to‘g‘irlaydi. 25 yil oldin aynan shunday qilib to‘g‘rilaganmiz bu devorni. Albatta, bunday qilib to‘g‘rilash jiddiy malaka va uquvni talab qiladi. Bular esa, buzib, qaytadan qurish kabi oson, ammo obida qiymatini yo‘qqa chiqaradigan yo‘ldan borishdi", - deydi restavrator.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Xiva “restavratsiya sohasidan bexabar¸ faqat tez pul ishlash payida bo‘lgan remont brigadalari tarafidan vayron qilinmoqda”.

“Qadimiy yog‘och ustunlarni bolgarka bilan charxlab, yaltiratib, ustidagi naqsh va islomiy yozuvlarni yo‘q qilishdi. Xiva me’morchiligida zamonaviy sement ishlatilmagan. Oq hajja va qora hajja degan maxsus qorishma ishlatilgan. Ta’mirda ham shu qorishma zarur. Ammo ish tez bitishini istagan remontchilar zamonaviy qurilish materiallari, xususan, portland sement ishlatishmoqda.”

Ayni vaqtda “Ichan-Qal’a” muzey-qo‘riqxonasi va Madaniy meros tashkilotining bino buzilishi haqida ikki xil fikri mavjud. Qo‘riqxonaga ko‘ra¸ “bino qulamasligi uchun buzilgan” ¸ Madaniy meros tashkilotiga ko‘ra esa¸ "bino noprofessional ta’mir oqibatida qulagan".

Ozodlik muxbiri bilan gaplashgan mahalliy ustalar obida “ta’mir hajmini ko‘paytirib ko‘rsatib, ko‘p pul ishlash maqsadida ataylab yiqitilganini aytishdi.

Xivadagi qadimiy saroyning buzib tashlangan vayronalarini Bosh vazir o‘rinbosari, YuNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya raisi Aziz Abduhakimov ham borib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.

O‘zbekiston prezidentning Xorazmga tashrifi doirasida viloyatga borgan Abduhakimov mahalliy matbuotga “biz buni shunday qoldirmaymiz¸ aybdorlarga chora ko‘riladi”, deya bayonot berdi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi axborot xizmati vakilining Ozodlikka bildirishicha, shu kunlarda Xivadagi Tosh hovli saroyida qonunga xilof ravishda olib borilayotgan ta’mirlash-tiklash ishlari to‘xtatilgan.

Xiva
Xiva

Olloqulixon¸ Qalandar Xivaqiy va Abdulla Jin ijodi

“Tosh hovli” saroyi Xivaning sharqiy tarafida 1830 - yildan 1838 - yilgacha bo‘lgan davrda Olloqulixon tarafidan bunyod qilingan.

Majmua haram¸ elchilar qabul qilinadigan mehmonxona¸ vatandoshlar shikoyati eshitiladigan arzxona va sud zalidan tashkil topgan. Bino qurilishi haqida yozgan Munis Xorazmiyga ko‘ra, majmuani usta Qalandar Xivaqiy 8 yil qurgan. Xorazm zangori keramikasining shoh asari hisoblangan moyolika lavhalarini Abdulla Jin ismli buyuk naqqosh usta yaratgani haqida Munis asarida eslanadi.

Xiva
Xiva

Saroy 1968 - yilda davlat muhofazasiga olingan. Madaniyat vazirligining Madaniy meros departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Tosh hovli saroyi 1997 - yilda, Xiva shahrining 2500 yilligi munosabati bilan qisman ta’mirlangan. Ta’mirni «Xorazm maxsus ilmiy ta’mirlash ishlab chiqarish» ustaxonasi olib borgan.

XS
SM
MD
LG