Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:58

Uzbekistan GTL zavodini qurayotgan yana o‘nlab ishchi g‘alayon ko‘tardi - ikki oydan buyon maosh yo‘q (VIDEO)


"Nuriston Teks Group" ishchilari oyligini talab qilmoqda
"Nuriston Teks Group" ishchilari oyligini talab qilmoqda

Qashqadaryo viloyatidagi Uzbekistan GTL zavodi qurilishida qatnashayotgan "Nuriston Teks Group" MChJning oyliklarini ololmagan o‘nlab ishchisi ish tashlash bilan tahdid qildi.

Ishchilarga ko‘ra, oyliklarning kamida ikki oydan buyon berilmayotgani norozilikka sabab bo‘lmoqda.

Uzbekistan GTL zavodini qurayotgan Enter Engineering ning minglab ishchilari joriy yil 21 - oktabrida stixiyali norozilik aksiyasiga chiqqan edi.

Oylik va ovqatning vaqtida berilmaganidan g‘azabga kelgan ishchilarning noroziligi ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan.

Enter Engineering ofislariga hujum uyushtirgan ishchilarni bostirish uchun Milliy gvardiya va ichki ishlarning maxsus kuchlari tashlangan.

Ozodlikka yuborilgan videoda "Nuriston Teks Group" MChJning o‘nlab ishchisi shirkat rahbarlarini oyliklari nega berilmayotgani borasida savolga tutayotgani aks etgan.

Olomon ichidan "oylik berilmasa ish tashlaymiz" degan ovoz ham eshitiladi.

"Нуристон текс груп" МЧЖ ишчилари ойлик берилмаганидан норози
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:00 0:00

"Nuriston Teks Group" MChJning ismi aytilmasligini so‘ragan ishchisining Ozodlikka aytishicha¸ videoda aks etgan voqea 8 - dekabr kuni bo‘lgan:

- Ikki oy bo‘ldiki, oyligimizni ololmayapmiz. Shartnoma bo‘yicha har kun sakkiz soat ishlaganimiz uchun 100 ming so‘mdan yozilishi va har oyni beshinchisigacha oylik qilib hisoblab berilishi kerak. Lekin oktabr oyi uchun ham, noyabr oyi uchun ham maosh berilmadi. Buxgalteriyaga borsak, Enter Engineeing pul tushirib bermadi, deydi. Shunga hammamiz kecha to‘planishib, oylikni talab qildik. Muloqot qilsin, deb talab qo‘yganimizdan keyin ikki rahbar kelib, bizni tinchlantirmoqchi bo‘ldi. Lekin jamoa bo‘sh kelmadi. Kerak bo‘lsa ish tashlaymiz, dedik. 15 dekabrgacha oylikni hal qilib berishga va’da berganidan so‘ng, hamma ish joyiga qaytdi, - deydi ishchi.

"Nuriston Teks Group" MChJ Qashqadaryoning G‘uzor tumanidagi Uzbekistan GTL zavodi qurilishida qatnashayotgan pudratchi shirkatlardan biridir.

130dan ortiq ishchisiga ega bu shirkat issiqlik quvurlarini tortish va ularni izolyatsiyalash bilan shug‘ullanadi.

"1 - sentabrdan beri shu yerda yotib qolib ishlaymiz. Trubalarni steklovata bilan teploizolyatsiya qilamiz. Uch mahal ovqat beradi. Ovqatidan shikoyatimiz yo‘q. Lekin uyga quruq qaytsak bo‘lmaydi. U yoqda bola-chaqa bor. Ikki oydan beri oylik yo‘q. 7 - dekabr kuni ishchilarga oyligingiz plastikka tushadi, deb va’da berishdi. Lekin haligacha oylik tushmadi. Oylikni so‘rab borsak, xohlamasang ket, deydi. Ketsak, ishlab qo‘ygan pulimizni umuman bermaydi. Chunki ketganlar bo‘ldi, bermagan", - deydi "Nuriston Teks Group" MChJ ishchisi.

Ikki oy oldin ishchilar g‘alayon ko‘targan zavodda yana oyliklar kechikayotgani borasida izoh olish uchun "Nuriston Teks Group" MChJ telefon raqamlariga kun davomida bog‘lanib bo‘lmadi.

Shirkat Ozodlikning yozma so‘rovini ham javobsiz qoldirdi.

G‘alayon

Qashqadaryoning G‘uzor tumanidagi Uzbekistan GTL zavodi qurilishida qatnashayotgan ishchilar ikki oy oldin g‘alayon ko‘targan edi.

Zavodda norozilik kayfiyati yuzaga kelishi sabablardan biri oylik maoshlarning, kamida, uch oydan beri berilmagani ekani aytilgandi.

Ozodlik 3 - noyabr kuni tartibsizliklarda ayblangan 20ga yaqin ishchilar ustidan jinoyat ishi ochilgani haqida xabar bergan edi.

Norozilikda qatnashgan ishchilar Jinoyat kodeksining 173 - moddasi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) va 277 - moddasi (Bezorilik) da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanmoqda.

Noroziliklardan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 11 - noyabr kuni Enter Engineering shirkati Bangladeshdan olib kelgan 200 dan ziyod ishchi G‘uzordagi texnologik liniyani montaj qilish ishlarini boshlagani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati boshlig‘i Rahimjon Mahkamov Ozodlik bilan suhbatda 12 - noyabr holatiga bangladeshlik mutaxassislarning ishlashiga ruxsat yo‘qligini aytgan edi.

Qurilishining yakuniy bosqichi davom etayotgan umumiy qiymati 4 milliard dollarga yaqinroq bo‘lgan Uzbekistan GTL loyihasida hozirda 12 ming ishchi mehnat qilmoqda.

Qurilishning bosh pudratchisi Enter Engineering shirkati hisoblanadi.

O‘zbekiston uchun o‘ziga xos hisoblangan bu loyiha doirasida tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Bepul ishchilar

O‘zbekistonda oylab ishlab maoshini ololmayotgan faqat "Nuriston Teks Group" MChJ ishchilari emas.

Bundan oldin Ozodlik Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida Sardoba suv ombori yorilishi oqibatida vayron bo‘lgan uylarni tiklashga safarbar etilgan o‘ndan ortiq shirkat ishchilari hamda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ ning 200 dan ziyod ishchisiga oylik berilmagani haqda xabar bergan.

"Toshkent viloyat maxsus montaj qurilish", "Nazar hamkor qurilish", "Bekobod invest gaz qurilish", "Suv bino ta’mir", "Faktor global", "Geo stroy", "Akmal yosh kuch", "PPM 33 qurilish" kabi shirkatlar "Sardobada ishlagan pulimizni bering!" deya Toshkent viloyat hokimligiga ochiq murojaat bilan chiqishgandi.

Sentabr oyida esa Sardobada turli viloyatlardan kelib ishlagan 70 dan ziyod ishchi ularni ishga yollagan Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi "Nurafshon qurilish" MChJ idorasiga ish haqini talab qilib borganida, militsiya bo‘limiga olib ketilgandi.

XS
SM
MD
LG