Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:48

UzAuto Rossiyaga "eksportni to‘xtatdi". O‘zbekistonda mashina arzonlaydimi?


UzAuto Motors ishlab chiqargan "Ravon" avtomobili Rossiyada eng ko‘p sotilgan ulovlardan.
UzAuto Motors ishlab chiqargan "Ravon" avtomobili Rossiyada eng ko‘p sotilgan ulovlardan.

O‘zbekistonning avtomobil sanoati monopoliyachisi UzAuto Motors Rossiya bozoriga GM mashinalari yetkazib berishni to‘xtatgan. Bu haqda Eurasianet nashri xabar berdi.

UzAuto Motors ishlab chiqaradigan GM kompaniyasining Chevrolet avtomobillarida Janubiy Koreyaning yarimo‘tkazgichlari va mikrosxemalardan foydalaniladi. O‘tgan oy Janubiy Koreya Rossiyaga qarshi G‘arb sanksiyalariga qo‘shilgan.

Agar UzAuto Motors Rossiyaga avtomobil yetkazib berishda davom etsa, Andijon shahri yaqinida joylashgan zavod zarur bo‘lgan butlovchi qismlarsiz qolishi mumkin, - deb yozdi Eurasianet.

UzAuto Motors matbuot kotibi Aleksey Agureyev Ozodlik bilan suhbatda Rossiyaga avtomobil yetkazib berish to‘xtatilgani haqidagi xabarni tasdiqlamadi, ammo rad ham etmadi.

“Bu haqda sizga hech narsa aytolmayman, shu xabarni tarqatganlarni o‘zlariga bog‘langaningiz ma’qul”, - dedi Agureyev Ozodlik bilan qisqa telefon suhbatida.

GM ning Detroytdagi vakili esa Eurasianet nashriga UzAuto Motors Rossiyaga Chevrolet avtomobillarini eksport qilishni 9-mart kuniyoq to‘xtatganini ma’lum qilgan.

Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi tufayli o‘rnatilgan AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari qator G‘arb shirkatlarining Rossiyadan chiqib ketishiga sabab bo‘ldi.

O‘tgan oy boshida General Motors Ukrainaga bosqin ortidan Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatganini bildirgandi.

“Quvonchli xabar”

UzAuto Motors Rossiya bozoriga GM mashinalarini yetkazishni to‘xtatgani haqidagi xabarlar ortidan tarmoq foydalanuvchilari va ayrim blogerlar avtomobil narxlari tushishini bashorat qilishdi.

“UzAuto Motors mashinalarini Rossiyaga o‘zimizdagi narxlarga qaraganda o‘ttiz foiz arzonga eksport qilib kelgan. Biz esa o‘zimizda chiqqan mashinalarni xarid qilish uchun oldindan qimmat narxda pul to‘lab, oylab kutamiz. Endi shu mashinalar o‘zimizni mijozlarga sotilsa navbatlar kamayib, narxlar tusharmidi?”, - deb yozdi o‘zbekistonlik bloger Nodir Hojimatov Telegram sahifasida.

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa O‘zbekiston Rossiyaga avtomobil yetkazib berishni to‘xtatgani haqidagi xabarni “quvonchli xabar” deb atadi.

“UzAuto Motors uchun Rossiya asosiy eksport bozorlaridan biri hisoblanadi, tsiklik krizislar kuzatilgan avvalgi yillarda (masalan, 2009, 2014-15) Rossiyada sotuvlarning to‘xtatilishi yoki kamayishi har doim ichki bozorning to‘yinishi va narxlarni pasayishi kabi o‘zbekistonliklar uchun vaqtinchalik quvonchlarni keltirgan”, - deb yozdi iqtisodchi Telegram kanalida.

Moskvadagi “Avilon” avtodilerlik markazining savdo bo‘yicha menejeri Nikolay Kolyadin Ozodlik bilan suhbatda Rossiyaga mashina eksportining to‘xtashi bilan O‘zbekistonda avtomobillarga taklif ortishini savol ostiga oldi.

“Bir necha yil avval Rossiya UzAuto Motors uchun juda katta bozor edi, lekin hozir eias. So‘nggi yillarda vaziyat o‘zgargan. Rossiyada O‘zbekistondan import qilinadigan mashinalarga talab ham ancha kamaygan. O‘zi aslida bu mashinalar Rossiya bozorida hech qachon raqobatbardosh bo‘lolmagan. UzAuto Motors Rossiyada eng ko‘p sotilgan mashinalar yigirmataligiga ham kirmagan. Besh-olti yil ilgari, “Ravon” mashinalari nisbatan ko‘p sotilgan edi. Lekin 2019-yildan UzAuto Motors mashinalari sotilishi kamaydi. Shuning uchun Rossiyaga mashina eksporti to‘xtagani O‘zbekiston bozori uchun katta o‘zgarish yasaydi, degan fikrdan yiroqman”, - deydi Kolyadin.

“O‘zavtosanoat” ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2021-yilda Rossiyaga atigi 320 dona mashina eksport qilgan.

Yarimo‘tkazgich va mikrosxemalar yetishmovchiligi sabab Andijondagi zavodda ishlab chiqarish hajmi 2021-yilda 2020-yildagiga qaraganda qariyb 16 foizga kamaygan.

Mashina eksporti esa o‘tgan yili 38 foizga oshgani aytiladi.

2021-yilda O‘zbekiston 10 ta davlatga 281, 8 million dollarlik 28952 ta avtomobil eksport qilgan.

O‘zbekistondan eng ko‘p mashina harid qilgan davlat esa Qozog‘istondir. O‘tgan yili O‘zbekiston Qozog‘istonga 26 970 dona avtomobil sotgan.

Bu O‘zbekiston chetga eksport qilgan mashinalarning qarbiyb 96 foizini tashkil qiladi.

Ukraina 448 ta avtomobil bilan ikkinchi, Rossiya esa 320 ta avtomobil bilan uchinchi o‘rinni egallagan.

2019-yilda esa O‘zbekiston avtomobil eksportining 12 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelgan edi.

Taqchil, qimmat va sifatsiz

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib o‘z avtosanoatini tashkil qilgan mamlakatdir.

Andijonning Asaka va Xorazmning Pitnak shaharlaridagi zavodlarda har yili 300 mingga yaqin avtomobil ishlab chiqariladi.

Ammo jahondagi avtomobil ishlab chiqaruvchi 28 davlatning biri bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston o‘z aholisiga avtomobil yetkazib berolmaydi. O‘zbekistonliklar mashina uchun to‘lov qilgandan so‘ng bir necha oydan bir yilgacha ularning yetkazib berilishini kutishga majbur.

Va bu mashina narxlarining yuqoriligiga qaramasdan. .O‘zbekistonlik iste’molchilar monopoliyachi shirkatni o‘zi istaganicha narx siyosatini yuritishda ayblashadi. Iste’molchilar va mutaxassislar ichki bozorga chiqarilayotgan avtomobillarning sifati hech qanday tanqidga dosh bermasligini ham aytib kelishadi.

2020-yilda O‘zbekistonning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors shirkatini mashinalar narxini asossiz ko‘tarishda ayblab, narxlarni tushirishni so‘ragan.

UzAuto Motors bunga javoban qo‘mitani mahkamaga bergan edi.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudi UzAuto Motors foydasiga hukm chiqargan.

UzAuto Motors esa sal o‘tib mashina narxlarini 21 foizgacha ko‘targan edi.

Shu yil fevralida hukumat xorijdan olib kirilgan yangi avtomobillar uchun boj stavkasini 30 foizdan 15 foizga tushirgan, ammo iqtisodchilarga ko‘ra, bu UzAutoning monopoliyachi mavqeiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha bor UzAuto Motors O‘zbekistonga foyda keltirmagani, o‘zbekistonliklar avtomobilni xorijga sotilganidan qimmatroq narxda sotib olayotganliklarini tanqid qilgan, ammo amalda avtomobil bozoridagi vaziyat o‘zgarishsiz qolmoqda.

XS
SM
MD
LG