Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:43

Uch yilda uch hokim. Andijon shahrining yangi hokimi kim?


G‘ofurjon Abdurahmonov.
G‘ofurjon Abdurahmonov.

14-iyun kuni xalq deputatlari Andijon shahri kengashining navbatdan tashqari sessiyasi G‘ofurjon Abdurahmonovni shaharning yangi hokimi etib tasdiqladi.

Abdurahmonov bunga qadar “Qishloq qurilish bank” boshqaruvi raisining maslahatchisi lavozimida ishlab kelgan.

U shu yilning 6-iyun kuni katta miqdordagi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumon qilinib hibsga olingan Bahrom Haydarovning o‘rnini egalladi.

Qudratli qarindoshlar

O‘zbekistonning aholi soni bo‘yicha 4-o‘rinda turadigan Andijon mamlakatning aholi eng zich yashaydigan mintaqasi hamdir. Mamlakatning 1 foiz yerini ham egallamaydigan bu viloyatda respublikaning 10 foizdan ziyod aholisi yashaydi.

Xo‘sh, yangi hokim kim? U qaysi kasbiy muvaffaqiyatlari uchun strategik jihatdan muhim bo‘lgan shahar boshqaruvchisi lavozimiga tayinlandi?

Ochiq manbalardan olingan ma’lumotga ko‘ra, G‘ofurjon Abdurahmonov 1976-yilda Andijon shahrida tug‘ilgan, mutaxassisligi – iqtisodchi.

U ancha yildan beri bank tizimida ishlab keladi: u 1994-1997-yillarda Markaziy bank Andijon viloyati Bosh boshqarmasida turli lavozimlarda, keyin 1997-yildan 2009- yilgacha Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Andijon viloyati bo‘limida ishlagan.

2009-2011 va 2012-2013-yillarda Markaziy bank Andijon viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2013-2021-yillarda esa ATB "Qishloq qurilish bank" Boshqaruv raisi o‘rinbosari bo‘lgan. 2021-yildan Andijonga hoqimlikka tayinlangunga qadar "Qishloq qurilish bank" Boshqaruv raisi maslahatchisi lavozimida.

Andijon shahrining yangi hokimi – viloyat rahbari Shuhrat Abdurahmonov bilan familiyadosh. Tarmoqlarda G‘ofurjon G‘ulomjonovich Abdurahmonov Andijon viloyat hokimiga qarindoshligi to‘g‘risida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi.

Ammo Ozodlik manbalari bu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytmoqda. Andijon viloyat hokimiyatiga yaqin manbaga ko‘ra, yangi hokim Soliq qo‘mitasining sobiq rahbari Botir Parpiyevning “qayinjiyani”dir.

- Abdurahmonovlarning familiyasi bir, xolos. Shuhrat Qo‘shoqboyevichga mutlaqo aloqasi yo‘q! Aslida ular bir-biriga qarshi. Bu odamni Toshkent tayinladi – bu lavozimga eng yuqoridan tayinlanadi. Shuhrat Abdurahmonov tayinlagan hokimlar qovun tushirib qo‘yyapti-ku, shunga uning odamini qo‘yishmadi endi. G‘ofur Botir Parpiyevning qayinsinglisining o‘g‘li bo‘ladi. Bo‘lmasa, Andijonning o‘zida boshqa kandidaturalar ko‘p edi.

Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan buyon uchinchi marta almashtirilayotgan Andijon shahar hokimining sobiq MXX raisi Rustam Inoyatovning qudasi Botir Parpiyevning qarindoshi ekanini Ozodlikka boshqa manbalar ham tasdiqladi.

Andijondagi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan manba G‘ofurjon Abdurahmonov Milliy bank viloyat filialida ishlab yurganida kasbiy faoliyati tufayli muammolarga uchragani, shu sabab Toshkentga ko‘chirilganini iddao qildi.

- G‘ofurjon Abdurahmonovning onasi Parpiyevlarga tegishli bo‘lgan Andijon shahar Bobur shoxko‘chasida sobiq XBK qarshisidagi “G‘ulomjon” muhtasham biznes markazi va avtosalonini boshqaradi. Yangi hokimning otasi G‘ulomjon Abdurahmonov sobiq “Agropromservis” xodimi, pensioner, u odamlarning bank va soliq ishlarini hal qilib berish bilan shug‘ullanib keladi. G‘ofurjonning o‘zi esa, Milliy bankda yo‘l qo‘ygan kamchiliklaridan keyin bo‘shatilgan, shundan so‘ng Toshkentda tog‘asi yordamida arzimas lavozimlarda ishlab yurgan.

Ozodlik manbalarining bildirishicha, yangi hokimning qaynotasi Andijon viloyati IIB sida qariyb 20 yil davomida yuqori lavozimni egallab kelgan.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, Botir Parpiyevga yaqinligi aytilgan hokimdan tashqari, viloyat va respublikada turli davlat idora va muassasalarida “ Parpiyevlar klani” vakillari mavjud va ular iqtidordan ketgan bo‘lsa-da, qudrat va ta’sirini saqlab qolmoqda.

Ozodlik hozircha yangi hokimning qarindoshlik rishtalari va o‘tmishdagi faoliyati borasida rasmiy manbalardan izoh ololmadi.

Inson huquqlari faollari ta’biricha, O‘zbekiston aholisini 23 yil qo‘rquvda ushlagan sobiq MXX raisi Rustam Inoyatov va o‘zbekistonlik tadbirkorlar yuragiga vahima solib kelgan Soliq qo‘mitasining sobiq rahbari Botir Parpiyevlar Orient Group oilaviy biznes imperiyasini yaratgan. Ozodlik o‘z surishtiruvlarida so‘nggi yillarda qudratli generallar biznes imperiyasida prezident Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarovning ukasi Oybek o‘z ulushini oshirayotganiga e’tibor qaratgandi.

Shu yilning iyun boshlarida 76 yashar Botir Parpiyev mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri maslahatchisi etib tayinlandi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, maslahatchi lavozimi maqom bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimiga tenglashtirilgan.

Botir Parpiyev 2018-yil mayida prezident Mirziyoyevning keskin tanqididan keyin ishdan bo‘shatilgan, uning Tashqi ishlar vazirligidagi o‘g‘li ishdan olingan, unga yaqin mansabdorlar tergovga jalb qilingani xabar qilingandi.

Uch yilda uch hokim

G‘ofurjon Abdurahmonov Andijon shahrida so‘nggi uch yilda tayinlangan uchinchi hokimdir.

Shaharga 2016-yildan rahbarlik qilgan Dilmurod Rahmatullaev 2019-yil avgustda internetda nomaqbul videosi tarqalishi ortidan lavozimini tark etgan edi.

Uning o‘rniga tayinlangan iqtisodchi-bankir Bahrom Haydarov esa joriy yil 6-iyun kuni 2017-2019-yillarda Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida katta miqdordagi byudjet mablag‘ini o‘zlashtirganlikda gumonlanib hibsga olingan.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, tergov doirasida 37 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, ularning 32 nafari qamoqqa olingan. Sobiq hokim eski lavozimida sheriklari bilan 48 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan korrupsiyaga oid islohotlar natijadorligi va aholining korrupsiyaga murosasizligini baholashga qaratilgan reyting har oyda bir e’lon qilib kelinmoqda. Agentlik axborot xizmatining xabar berishicha, korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir qilish bo‘yicha Andijon o‘tgan 3 oyda eng yuqori o‘rinlarni egallab kelgan.

XS
SM
MD
LG