Turkiya rasmiylariga ko‘ra, viza muddati tugagan 370 ming xorijlik o‘z yurtiga qaytarib yuborilgan. Reydlar davomida 250 mingga yaqin odam hibsga olingan. Qayd etilishicha, bunday tekshiruvlarga jamiyatning noqonuniy muhojirlarga nisbatan salbiy munosabati sabab bo‘lmoqda.
Turkiyadagi iqtisodiy inqiroz va liraning qadrsizlanishi ham muhojirlarni mamlakatni tark etishga majbur qilmoqda.
Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya o‘zining X (Tvitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida o‘tgan yili vizasi muddati tugagan yoki viza qoidalarini buzgan 371 mingdan ortiq xorijlik mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, mamlakatda noqonuniy bo‘lgan 254 ming xorijlik qo‘lga olingan. Biroq ularning qaysi davlat fuqarosi ekanligi aniqlanmagan.
Turkiya vazirining yozishicha, mamlakatda noqonuniy muhojirlar va qochqinlarga vositachilik xizmati ko‘rsatgan o‘n minglab odamlar ham hibsga olingan. Unga ko‘ra, bu yil ham maxsus reydlar davom etadi.
Turkiyada politsiya muhojirlarni hibsga ola boshladi. Bular o‘tgan yil may oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng mamlakatda noqonuniy yashab kelganlardir.
Mamlakat rahbari Erdo‘g‘on noqonuniy muhojirlar muammosi haqida bir necha bor gapirgan va “chegarada va mamlakat ichida odam savdosiga qarshi kurash choralarini kuchaytirish”ni e’lon qilgan.
Mamlakat migratsiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Turkiyada noqonuniy bo‘lgani uchun qo‘lga olingan xorijliklar soni yil sayin ortib bormoqda. Agar 2005-yilda 57428 nafar noqonuniy muhojir qo‘lga olingan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 232746 nafarga yetdi. So‘nggi 18 yilda qariyb 2,5 million noqonuniy migrant hibsga olinib, deportatsiya qilingan.
"Viza olish qiyinlashdi"
Roza sakkiz yildan beri Istanbulda yashaydi va tikuvchilik qiladi. Uning faqat sayyohlik vizasi bor. Qirg‘izistonlik boshqa ayollar bilan kvartira ijaraga oladi. Uning ta’kidlashicha, u doimiy yashash joyiga ega bo‘lgani va to‘lovlarini vaqtida to‘lagani uchun vizasini yangilaydi.
“Men yetti yildan beri Gungo‘ren hududida yashayman. Ilgari ular yashash joyidan ma’lumotnoma so‘rab, vizani muammosiz uzaytirishardi. Endi bu yanada qiyinlashdi. Menga o‘xshab ko‘p yillar bir manzilda yashab, barcha hujjatlari to‘kis bo‘lganlar uchun vizalar uzaytiriladi. Yashash joyidan guvohnoma bo‘lishi kerak, kamida bitta kommunal xizmat sizning nomingizga ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi va siz yashayotgan hudud chet elliklarni ro‘yxatga olish uchun ochiq bo‘lishi kerak. Kvartiramizda uch qiz yashaydi, birimiz elektr energiyasiga, ikkinchimiz suvga, uchinchimiz gazga to‘laymiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, vizalarimizni uzaytirishyapti”, deydi Roza.
2022-yil 1-iyulidan boshlab xorijliklar yashaydigan 1200 ta hududda migrantlarni ro‘yxatga olish to‘xtatildi. Qayd etilishicha, boshqa hududlarda xorijliklar soni mahalliy aholi sonining 20 foizidan oshmasligi kerak.
O‘shandan beri turk OAVlari muhojirlar yashaydigan hududlarda reydlar o‘tkazilayotgani, mamlakatda noqonuniy bo‘lganlar qo‘lga olinayotgani haqida vaqti-vaqti bilan xabar berib kelmoqda. Eng ko‘p xorijliklar yashaydigan Istanbulda politsiya tekshiruvlari ayniqsa tez-tez bo‘lib turadi.
Migratsiya bo‘yicha mutaxassis va huquqshunos Birkant Yulaf, turk jamiyatining so‘nggi yillarda Suriya va Afg‘onistondan o‘lkaga kelayotgan qochqinlarga nisbatan munosabati salbiylashganini aytadi. Jamoatchilikdagi bunday kayfiyat hukumatni migratsiya siyosatini o‘zgartirishga undamoqda.
“Umuman olganda, chet elliklarga sayyohlik vizasida ishlash taqiqlangan. Ilgari bunday viza bilan kelganlar endi uni uzaytira olmaydi. Aksariyat xorijliklar Turkiyaga ishlash uchun keladi. 4 millionga yaqin suriyalik vaqtinchalik himoya olgan. Ukrainadagi urush tufayli bu davlatdan va Rossiyadan kelgan muhojirlar soni ham ortgan.
Chet elliklarning Turkiyada uy sotib olishi va fuqarolikni olishi tufayli ko‘chmas mulk va ijaraga beriladigan uy-joy narxlari oshgan. Ommaviy muhokamalar va hukumat siyosati tanqidi tufayli rasmiylar muhojirlarga bosimni kuchaytirdi. Migratsiya xizmati sayyohlar uchun mamlakatda bir oydan uch oygacha qolish yetarli, deb hisoblab, yashash uchun ruxsatnoma berishni to‘xtatdi.
Doimiy yashash uchun ruxsat olish uchun xorijliklar qiymati 200 ming dollardan ortiq bo‘lgan ko‘chmas mulk sotib olishlari, Turkiya fuqarosi bilan turmush qurishlari yoki o‘qish yoki ishlash uchun ruxsatnoma olishlari kerak”, deya qayd etadi advokat.
Turkiya eng ko‘p qochqin qabul qilgan davlatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turadi. Hozirda mamlakatda 4 million 800 ming qochqin boshpana olgan, ularning 3 million 700 ming nafari suriyaliklar.
Turkiyani tark etayotgan muhojirlar soni ortmoqda
Ayni paytda turk lirasi qiymati yanada arzonlashdi – 1-fevralda bir dollar 30 lira bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich oziq-ovqat, ijara, kommunal xizmatlar va transport xarajatlariga ta’sir qiladi. Ayniqsa, Turkiyada ishlayotgan muhojirlar hayotiga bu jiddiy ta’sir qiladi.
“Doimiy yashash uchun ruxsatnoma olmaganlarning ko‘pchiligi o‘z mamlakatlariga qaytmoqda. Iqtisodiy vaziyat, inflyatsiya, liraning qadrsizlanishi va ish haqi pasayishi xorijliklarning Turkiyada ishlashini foydasiz qilib qo‘ydi. Qimmatchilik, ijara haqining oshishi va ksenofobiyaning kuchayishi tufayli xorijliklar o‘z mamlakatlariga qaytmoqda. Hatto Birlashgan Arab Amirliklari, Eron va Rossiya kabi davlatlardan yashash uchun kelganlar ham yuqori narxlar tufayli Turkiyani tark etmoqda”, deydi Berkant Yulaf.
Qirg‘iziston fuqarolari Turkiyada ish vizasini ikki yo‘l bilan olishlari mumkin – Turkiyaning Bishkekdagi elchixonasiga hujjatlarni taqdim etish va ruxsat olgandan keyin mamlakatga kirish yoki Turkiyada kamida olti oylik turistik vizaga ega bo‘lish, ish vizasini olish uchun ariza berish. Qirg‘iziston fuqarolariga Turkiyada 90 kun vizasiz qolishga ruxsat berilgan.
O‘tgan yili Qirg‘iziston Ombudsmani Jamila Jamanboyeva Turkiyada 35 mingga yaqin qirg‘izistonlik yashab, ishlayotgani, ulardan 6 mingdan ortig‘i ishlash uchun ruxsatnoma olgani haqida xabar bergan edi. Uning aytishicha, Qirg‘izistonning 30 ga yaqin fuqarosi Turkiyadagi yopiq muassasalarda saqlangan.