Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:54

Trampning ikkinchi prezidentligidan nima kutish mumkin?


AQSH prezident saylovi.
AQSH prezident saylovi.

Donald Trampning ikkinchi prezidentligi AQSH va dunyoga qanday ta’sir etadi? Bu ko‘pincha kimdan so‘rashingizga bog‘liq – Tramp tarafdorlari u AQSHning qudratini tiklaydi deb aytsa, tanqidchilar bu AQSH demokratiyasining so‘nishiga olib keladi, deb ta’kidlashmoqda.

Prezidentlik saylovi kampaniyasida Donald Tramp Oq uyni qayta egallasa, nima bo‘lishi haqida katta va’dalar bergan edi.

"Sizning qo‘llab-quvvatlashingiz bilan biz millatimiz qudrati, hukmronligi, farovonligi va g‘ururini qaytarib olamiz," dedi Tramp saylov kunidan ikki hafta oldin. "Bu Amerikaning yangi oltin davri bo‘ladi."

Tramp ikkinchi marta yana prezidentlikka saylangach, uning yangi ma’muriyatidan nimalar kutish mumkin?

Bu savolning javobi ko‘p jihatdan kimdan so‘rayotganingizga bog‘liq. Tramp tarafdorlari u Amerikani ichkarida ham, tashqarida ham yana buyuk qiladi, deb ishonishadi. Uning tanqidchilari esa Tramp Qo‘shma Shtatlardagi demokratiyani zaiflashtirishi haqida ogohlantirmoqda.

Qasos vaqti

Tramp ko‘pincha siyosiy raqiblarini "ichki dushman" deb atab, saylovdan keyingi tartibsizliklar yuz bergan taqdirda, ularni harbiylar "osonlikcha bartaraf etishi" mumkinligini ta’kidlagan.

Bu bayonotlardan so‘ng Trampga qarshi kurashgan va mag‘lub bo‘lgan amaldagi vitse-prezident Kamala Harris saylov arafasida Tramp "qasos olish xayoliga berilgan, norozilik qo‘pchigan va cheklanmagan hokimiyat istovchi shaxs" ekanligini aytdi.

Ichki siyosatda, AQSH sud tizimi Tramp tozalashi kutilayotgan asosiy soha hisoblanadi. Bu ko‘p jihatdan uning birinchi muddati bilan bog‘liq ko‘plab jinoyat ishlari, jumladan, saylovga aralashuv va 2020-yilgi saylovdagi mag‘lubiyatidan keyin hokimiyatni topshirishni izdan chiqarishga urinishlar bilan bog‘liq.

Tramp, shuningdek, 6-yanvar kuni AQSH Kapitoliysiga uyushtirilgan hujumda Jo Bayden g‘alabasini tasdiqlashni buzishga uringani uchun qamoqqa olingan tarafdorlarini "shubhasiz" afv etishini aytgan.

Kengroq ma’noda, ko‘pchilik Tramp Vashingtondagi "Heritage Foundation" o‘ng qanot tahlil markazi "chuqur davlatni yo‘q qilish" uchun ishlab chiqqan "Loyiha 2025"dan o‘z siyosatining asosi sifatida foydalanishini taxmin qilmoqda.

Tramp o‘z saylov kampaniyasi davomida 2025-yilgi loyiha ortida kim turganini bilmasligini aytib, undan o‘zini nari tutgan bo‘lsa-da, tekshiruvlar ko‘rsatishicha, Trampning avvalgi ma’muriyatida ishlagan kamida 140 kishi bu loyihada ishtirok etgan.

"Tramp keskin gapirishni yoqtiradi, lekin kamdan-kam hollarda so‘ziga amal qiladi," deydi AQSHdagi "Silent Majority Strategies" jamoat ishlari firmasi hammuassisi Kit Noton. "Har qanday qasos betartib va xodimlar tomonidan amalga oshiriladi. Menimcha, Adliya vazirligida ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ladi."

Urush va tinchlik

Qo‘shma Shtatlarning butun dunyo bo‘ylab o‘z ta’sirini o‘tkazish usuli ham o‘zgarishi mumkin.

Tramp Rossiyaning Ukrainadagi urushini "24 soat ichida" tugatishi mumkinligini aytgan. Isroil Yaqin Sharqda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruhlarga qarshi ikki frontli urushga aralashganligi sababli, Tramp Isroilni "ishni oxiriga yetkazishga" chaqirgan.

Boston kollejining siyosatshunoslik professori Piter Skerri Tramp Moskva va Kiyev o‘rtasida "qandaydir kelishuvga erishish uchun turtki berishini" kutayotganini va bu "Ukraina tomonidan katta yon berishlarga olib kelishini" bashorat qilmoqda.

Skerrining aytishicha, Trampning Isroilga nisbatan nima qilishi unchalik aniq emas, biroq u "Isroilni juda qattiq qo‘llab-quvvatlaydi", shu bilan birga arab-isroil munosabatlarini normallashtirish maqsadiga qaratilgan Ibrohim bitimlarini qayta jonlantirishga harakat qiladi.

Tramp o‘zining birinchi prezidentlik davrida Xitoy bilan savdo urushini boshlagan edi. Bu jarayon kelajagi noaniq. Tramp agar Pekin "Tayvanga bostirib kirsa", Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga yanada qattiqroq bojlar joriy etishga va’da bergan. Ilgari u Xitoy rahbari Si Szinpin bilan munosabatlari tufayli Xitoyning Tayvanni blokada qilishi oldini olish uchun AQSH harbiy kuchidan foydalanishga hojat qolmasligini aytgan edi.

Доналд Трампнинг сайловолди митингида ўқ овозлари эшитилди. Трамп эвакуация қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:12 0:00

Global oqibat

Tramp prezidentlik faoliyatining to‘rt yili davomida NATO a’zolarini mudofaa xarajatlarining talab qilingan darajasigacha ko‘tarishga undagandi, bu maqsadlarga ko‘pchilik a’zolar hozirgacha erishdi.

Shuningdek, Tramp AQSHning BMTning madaniy tashkiloti YUNЕSKOdan chiqarishni, Rossiya bilan O‘rta masofali yadro kuchlari (INF) shartnomasini bekor qilishini, jahon davlatlari bilan tuzilgan Eron yadro bitimidan voz kechishini, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha Parij bitimidan chiqishini hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining koronavirus pandemiyasiga javobidan norozi bo‘lib, uni moliyalashtirishni to‘xtatishga harakat qildi.

Ketayotgan Bayden ma’muriyati bunday kelishuvlar va tashkilotlarda AQSHning ta’sirini tiklashga alohida e’tibor qaratdi, ammo hozir ko‘pchilik Tramp davrida yana bir o‘zgarish bo‘lishini bashorat qilmoqda.

Skerrining ta’kidlashicha, Tramp ichki masalalarga e’tibor qaratadigan "o‘zboshimcha, o‘z manfaatini ko‘zlovchi shaxs". Uning aytishicha, Tramp Vashingtonning ba’zi xalqaro tashkilotlardagi rolini cheklash yo‘lidan borishi ajablanarli hol emas.

Notonning aytishicha, "Tramp ko‘proq mustaqil harakat qilishni xohlaydi". Ammo u yana qo‘shimcha qilishicha, AQSH Kongressi bunga "rozi bo‘lmasligi" va qarshilik ko‘rsatishi mumkin.

XS
SM
MD
LG