Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:29

Tovlamachilikda ayblanib qamoqqa olingan Olimjon Haydarov ochlik e’lon qildi


Bloger Olimjon Haydarovning ko‘chada hibsga olingani aytiladi.
Bloger Olimjon Haydarovning ko‘chada hibsga olingani aytiladi.

29-iyul kuni Qo‘qon shahrida qamoqqa olingan o‘zbekistonlik ijtimoiy faol, taniqli bloger Olimjon Haydarov hibsxonada ochlik e’lon qilganini bildirdi.

Olimjon Haydarov “podstava”, ya’ni uyushtirilgan va to‘qilgan ayblov bilan hibsga olinganini qisqa telefon so‘zlashuvida ukasiga aytishga ulgurgan.

Shu kunning o‘zida jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi Olimjon Haydarov “tovlamachilik”da gumonlanib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgani haqida Oliy sud matubot xizmati xabar berdi.

Blogerni yaxshi bilgan va tanigan ijtimoiy tarmoq faollarining yozishicha, Olimjon Haydarov hukumat faoliyatidagi kamchiliklarni ochiq va ro‘yi-rost tanqid qilgani ortidan, qamoqqa olingan boshqa blogerlar singari unga ham bu ayblov uyushtirilgan.

O‘zbekiston Oliy sudi matbuot kotibi Aziz Abidovning Telegram kanalida e’lon qilishicha, Olimjon Haydarov qamoqqa olinib, Qo‘qon shahar IIB tergov hibsxonasiga joylashtirilgan:

“Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida Qo‘qon shahar prokurorining Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi va Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi (surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan ushlab turish) tartibida ushlangan O. X. (1989-yilda Rossiya Federatsiyasida tug‘ilgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, muqaddam sudlanmagan)ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi taqdim etilgan hujjatlar bilan ko‘rib chiqildi.

Sudning 2023-yil 29-iyuldagi ajrimi bilan Qo‘qon shahar prokurorining iltimosnomasi qanoatlantirilib, O. X. ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi”.

Olimjon Haydarovning ukasi Salimjonning Ozodlikka aytishicha, akasi u bilan qisqa telefon so‘zlashuvida, unga nisbatan “podstava” bo‘lganligini aytgan:

“Kecha akam telefon qildi, bir minutcha gaplashdik. Meni “podstava” qilishdi, deyishdi. Bir tanishim bilan turganimda kelishib, qo‘limni qayirib o‘sha pulni ushlatishdi, dedi. Shuncha gaplasha oldik, xolos. Keyin advokat orqali menga yetkazdi, “shunaqa nohaqlik bo‘lgani uchun ochlik e’lon qildim, debdi”, - dedi Salimjon.

Uning aytishicha, akasi hozir Qo‘qon shahar IIB tergov hibsxonasida saqlanmoqda va u bilan ko‘rishishga ruxsat berilmagan.

Olimjon Haydarovning hibsga olinishi ijtimoiy tarmoqni junbushga keltirdi.

Blogerni yaxshi bilgan va uning faoliyatidan xabardor bo‘lgan ijtimoiy tarmoq faollarining yozishicha, Olimjon Haydarovning o‘zi, so‘nggi paytlarda faol blogerlarni tovlamachilik aybi bilan qamoqqa olinayotgani uchun, uning o‘zi doim boshqalarni ogohlantirib kelgan.

Bobir Mukaddamov
Bobir Mukaddamov

Bloger Musannif Adham, Olimjon Haydarov “doimgi ssenariy” asosida qamoqqa olinganini yozdi:

Musannif Adham
Musannif Adham

Bloger Sanjar Said O‘zbekistonda so‘z erkinligi, sudlarda adolat ta’minlanishi yo‘lida hayotini xatarga tikib faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Olimjonning kimdandir pul talab qilishiga ishonmasligini yozadi.

Sanjar Said
Sanjar Said

Jamiyatshunos Qobil Do‘sov esa blogerning hisbga olinishini navbatdagi “spektakl” deb ataydi:

“G‘azab tig‘ini olsa arboblar,

Buyuk mujrim kabidur begunohlar..

Olimjon Xaydarov bilan firibgarlik suv bilan moy kabi bir-biriga ziddir. Shaxsan men bu spektaklga ishonmayman o‘rtoqlar.

Muammo bu kabi repressiv qiliqlar bilan emas, siyosiy plyuralizm texnologiyalari asosida hal qilinadi azizlar”.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bu holatni “jamiyat uchun xavotirli signal” deb ataydi:

Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmatining xabariga ko‘ra, “fuqaro O.X. joriy yilning 12- iyun kuni “Qo‘qon Istiqlol” savdo kompleksida norasmiy savdo faoliyati bilan shug‘ullangan tadbirkorlarning ishonchiga kirib, ularda norozilik kayfiyatini uyg‘otish orqali, savdo komplekslaridagi rekonstruksiya ishlari bo‘yicha salbiy mazmundagi maqolalarni o‘ziga tegishli ijtimoiy tarmoq kanallariga joylashtirgan.

Qo‘shimcha ravishda, bloger “Qo‘qon Istiqlol” savdo kompleksi MCHJ rasmiylaridan tovlamachilik yo‘li bilan moddiy mablag‘ undirishga urinib, o‘zi tomonidan tayyorlangan “Qo‘qonda huquqiy demokratik boshqaruvmi yoki shar’iy boshqaruvmi?” nomli salbiy mazmundagi maqolani internet tarmoqlarida tarqatmaslik evaziga, 10 ming AQSH dollarini tovlamachilik yo‘li bilan talab qilib, undan umumiy qiymatda 7,5 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritib, qo‘shimcha 2.500 AQSH dollarini olayotgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”.

Ijtimoiy tarmoqlarda amaldorlarni tanqid qilib kelgan, inson huquqlari poymol etilayotgani iddao qilingan sudlarda ishtirok etib, ularni yoritib kelgan Olimjon Haydarov uning ham boshiga shunday kun tushishi ehtimoli borligini bildirib, o‘tgan yili e’lon qilgan postlaridan birida bunday “bildirgi” qo‘ygan edi:

“Oxirgi vaqtlardagi ayrim postlarim sabab ustozimdek ko‘rgan bir yaqin aka «Olimjon, biroz ehtiyot bo‘ling, Sattorida bo‘lgani kabi sizga ham nomardlik qilishmasin» deb nasihat qildi.

O‘ylab qoldim, shunday qilisharmikan deb.

Fikrimcha unday emas, Farg‘onada mahalliy hokimlikdagilar, amaldorlar mediaga, OAVga, blogerlarga anchayin toqatli.

Allohni Qadari, taqdirimiz avvaldan aniq belgilangan bo‘lsa, buni o‘ylashdan biror naf bormidi?

Allohni Qadariga, nimaiki bersa roziman, Alhamdulillah deb qabul qilaman, inshaAllah.

Shunday bo‘lsada, rasmiy o‘laroq bildirib qo‘yay dedim:

Men har qanday psixotrop moddalar iste’molidan yiroqman, na iste’mol qilaman, na sotaman, na olib yuraman, buni shar’iy jihatdan harom deb bilaman(hatto nos yoki sigaret ham chekmayman), ko‘chada yurganimda yonimda sovuq qurollar olib yurmayman, qonun bilan taqiqlangan turli oqimlar, tashkilotlar bilan aloqam ham toqatim ham yo‘q, ularga aloqador ma’lumotlardan foydalanmayman, saqlamayman, tarqatmayman, virtual moliyaviy operatsiyalarga aralashmayman, ulardan foydalanmayman, Konstitutsion tuzumni na kuch bilan, na mafkuraviy kurash bilan almashtirmoqchi emasman, odatda jamoat tartibini buzmayman, har qanday huquq tartibot organlarining (faqat) qonuniy talablarini so‘zsiz bajaraman.

Yolg‘on axborot tarqatmaganman, tarqatmayman, davlat yoki xizmat vazifasini bajarayotgan xoh davlat xodimi bo‘lsin, xoh fuqaro bo‘lsin ularni ishlariga xalaqit bermaganman, qarshilik ko‘rsatmaganman, ko‘rsatmayman, hukumat vakillari va fuqarolarni obro‘sizlantirmaganman, obro‘sizlantirmayman.

Biror qizni(juvonni, kampirni) zo‘rlamaganman, zo‘rlamayman, odatda birovni haqorat qilmayman, tamagirlik va firibgarlikdan yiroqman, kimgadir tuhmat yoki kimnidir haqorat qilmaganman, jinsiy qarashim geteroseksual, gomoseksualizm(LGBT)ga qarshiman, pornografik materiallardan foydalanmayman, saqlamayman, birovga jo‘natmayman, jamoat joyida namoyishkorona uyat ishlar qilmayman, na onlayn na oflayn qimor o‘yinlarini o‘ynamayman, o‘ynashga targ‘ib qilmayman”.

XS
SM
MD
LG