Afg‘onistonda iqtidorga qaytgan toliblar hukumatining muhtamalan madaniyat vaziri Zabihulloh Mujohid yangi boshqaruv davrida mamlakatda musiqa man qilinishi, ayollar esa uylarini hamrohsiz 3 kundan ortiq vaqtga tark eta olmasligi to‘g‘risidagi xabarlarni tasdiqladi.
Uzoq vaqtdan beri Tolibon harakatining OAV bilan aloqalarda asosiy vakili sanalmish Mujohid o‘tgan hafta “New York Times” gazetasiga intervyu berdi.
AQSh nashri suhbatni Zabihulloh Mujohidning G‘arb mediasiga bergan ilk intervyusi deb atamoqda. Butun muloqot davomida u avgust oyi o‘rtalarida Kobulni zabt etganidan so‘ng qariyb butun Afg‘onistonni nazorat qilayotgan toliblar mamlakatni o‘tmishga qaytarishga, xususan, ayollarni uylariga qamab qo‘yib, ularning fuqarolik huquqlarini keskin cheklashga intilmayotganiga suhbatdoshlarini ishontirishga urindi.
Intervyu Mujohid afg‘on ayollarini uyda qolish ular uchun xavfsizroq bo‘lishi haqida ogohlantirganidan bir kun o‘tib yozilgan. Uning aytishicha, Tolibonning oddiy a’zolarini ayollar bilan to‘g‘ri muomala-munosabatda bo‘lishga o‘rgatilgunga qadar hushyorlikni qo‘ldan bermagan ma’qul.
Umuman olganda, toliblar, 20 yil burungi boshqaruv davridan farqli o‘laroq, ayollarning ta’lim olishi, ishlashi, shuningdek, ular o‘zlari lozim topgan qiyofada va mahalliy istilohda “mahram” deb ataluvchi qarindosh erkak hamrohligisiz uydan ko‘chaga chiqishiga ruxsat berilishini va’da qilmoqda.
Ayolning mahram hamrohligida yurishiga doir talab u uch kun yoki undan ortiq muddatga safarga chiqadigan holatlargagina taalluqlidir, deya ta’kidlaydi toliblar vakili.
“Biz kelajakni barpo etishni va o‘tmishda bo‘lgan hamma narsani unutishni xohlaymiz”, urg‘ulagan Zabihulloh Mujohid. U toliblar ularning hokimiyat tepasiga kelishiga qarshilik ko‘rsatayotganlardan yoki ilgari g‘arblik harbiylar bilan hamkorlik qilganlar, jumladan tarjimonlardan qasos olishga kirishgani, uyma-uy yurib odamlarni qidirayotgani bilan bog‘liq tobora kuchayib borayotgan xavotirlarni rad etdi.
Mujohid, shuningdek, Tolibon Afg‘onistondan ketishga urinayotgan mahalliy aholiga to‘sqinlik qilayotganini ham inkor etgan. “Barcha hujjatlari (pasport, viza) haqiqiy bo‘lsa, biz u odamlardan ilgari nima ish bilan shug‘ullanganini so‘ramoqchi ham emasmiz”, ishontiradi Tolibon vakili.
So‘nggi paytlarda toliblar tomonidan jinoyatlar sodir etilgani va inson huquqlari jiddiy buzilgani haqida qator xabarlar yoyinlangan edi. Xususan, bir necha kun oldin BMT Inson huquqlari kengashida toliblar Afg‘onistonda odamlarni sudsiz qatl etayotgani, uylarida tintuvlar o‘tkazayotgani, qamoqqa olayotgani, o‘ch olish maqsadida jazolayotgani, shuningdek, ayollar va qizlarning huquqlarini cheklagani haqida ishonchli ma’lumotlar mavjudligi aytildi.
“New York Times” yozishicha, toliblar vakili so‘nggi kunlarda olingan barcha ma’lumotlardan faqat jamoat joylarida musiqa taqiqlanganini tasdiqlagan xolos. “Islomda musiqa man etilgan, ammo biz odamlarga bosim o‘tkazmoqchi emasmiz, balki ularni ishontirishga umid qilyapmiz”, deydi nashr suhbatdoshi.
1996 - yildan 2001 - yilgacha davom etgan birinchi boshqaruvi davrida toliblar shariatning qat’iy tartib-qoidalarini joriy etgan edi. O‘sha yillar mamlakatda ko‘plab siyosiy huquqlar, asosiy erkinliklar cheklangan, qat’iy qoidalar eng avvalo ayollar va qizlarga nisbatan tatbiq etilgan edi.