Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:32

Tazyiq, ta’qib, majburiy mehnat. Rossiya qamog‘idagi o‘zbek va boshqa musulmon mahkumlar ahvoli haqida


Tatariston qamoqxonasidagi musulmon mahkumlar. Illyustrativ foto.
Tatariston qamoqxonasidagi musulmon mahkumlar. Illyustrativ foto.

Tataristonda “Hizb ut-Tahrir” ishi bo‘yicha sudlangan Zafar Yoqubov Samara viloyatidagi 26-sonli axloq tuzatish muassasasi (ATK)da musulmon mahkumlar xo‘rlanayotganini ma’lum qildi. U “Idel.Realii” tahririyatiga yo‘llagan maktubida uni yolg‘on vajlar bilan bir necha marta jarima izolyatoriga qamab qo‘yib, uzoq vaqt oilasi bilan yuz ko‘rishish imkonidan mahrum etishgani haqida yozgan.

Shuningdek, Yoqubovga ko‘ra, ATM ma’muriyati Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari bo‘lmish mahkumlarni Ukrainadagi urushga ko‘maklashishga majbur etmoqda, xususan, ularni davlat mudofaa buyurtmalarini bajartirib, “inson uchun nomatlub shart-sharoit”da saqlamoqda. Yoqubovning qarindoshlari esa “Idel.Realii”ga koloniyada rahbariyat qasddan diniy adovat qo‘zg‘atayotganiga doir ma’lumotlar mavjudligini bildirganlar. Samara viloyati prokuraturasi ATMda qonunbuzarlik bo‘lmaganini iddao qilmoqda.

“Idel.Realii” nashri Samarada joylashgan 26-sonli axloq tuzatish muassasasida musulmon mahkumlarni saqlash sharoiti haqida ikkita xat oldi. Biri – “Memorial” tomonidan siyosiy mahkum deb topilgan Zafar Yoqubovdan, ikkinchisi esa imzosiz.

“Men, O‘zbekistonda tug‘ilgan Yoqubov Zafar Nabiyevich Samara viloyatidagi 26-sonli ATM ma’muriyatining O‘zbekiston fuqarolari sha’ni va qadr-qimmatini erga uruvchi g‘ayriqonuniy xatti-harakatlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman”, deyiladi birinchi maktubda.

Yoqubovning xotini Alsu Nasibullina xatni eri yozganini tasdiqladi: “Turmush o‘rtog‘im nihoyatda sabr-toqatli odam, ushbu maktub qamoqxonada ahvol chidab bo‘lmas darajaga yetganini anglatadi”, deydi ayol.

“Вагнер” қамоқхонадан ёллаган яна бир ўзбек муҳожири дараксиз кетди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:43 0:00

Tojik aslli Zafar Yoqubov 1984-yil 30-martda O‘zbekistonda tug‘ilgan, Tatariston markazi Qozon shahrida yashagan. U Samara viloyatidagi 26-sonli ATMda jazo muddatini o‘tamoqda. O‘rta maxsus ma’lumotga ega. Qamoqqa olinishiga qadar tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. Uylangan, uch nafar yosh bolasi bor. RF JKning 205.5-moddasi (Terrorchilik tashkiloti faoliyatini tashkil qilish) 1-qismi hamda 205.1-moddasi (Terrorizmni moliyalash) 1-qismi bilan 17 yilga hukm qilingan. 2018-yil 24-apreldan beri qamoqda.

Rossiya FSBga ko‘ra, Zafar Yoqubov Qozonda kamida 40 ta “Hizb ut-Tahrir” targ‘ibot yig‘inlarini o‘tkazgan”, shuningdek yig‘in a’zolaridan biridan “2400 rubl a’zolik badali olgan”, bu pulga “kitob va broshyuralar chop etish uchun zarur materiallar” xarid qilgan va partiyaning qamoq muddatini o‘tayotgan a’zolariga yordam bergan. Yoqubov va yana 13 kishi 2018-yilda qamoqqa olingan. “Memorial” inson huquqlari tashkiloti Yoqubovni siyosiy mahkum deb e’tirof etgan.

“26-sonli ATM davlatning yirik harbiy buyurtmalarini bajarmoqda”

Yoqubovning maktubida “2023-yilning martidan 26-sonli ATM ma’muriyati Samara viloyati JIEFXB topshirig‘iga asosan Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston fuqarolarini sanoat zonasiga haq to‘lanmaydigan ishga majburan olib chiqa boshlaganini, ishdan bosh tortganlarni jarima izolyatoriga qamab, RF Konstitutsiyasida kafolatlangan huquqlarini poymol qilayotgani” haqida hikoya qilinadi.

“Ma’muriyat majburiy mehnatni ATM Rossiyaning Ukraina hududidagi maxsus harbiy amaliyoti bilan bog‘liq katta hajmdagi davlat mudofaa buyurtmasini qabul qilgani bilan izohlamoqda. O‘tgan 2022-yilda ma’muriyat Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘nlab fuqarolarini MHAga jo‘natdi, ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor. Keyinchalik ma’muriyat O‘zbekiston fuqarolarini davlat mudofaa buyurtmasini bajarishga olib chiqish bilan ularni MHAga ko‘maklashishga majbur qilishni boshladi. Ishdan bo‘yin tovlaganlar insonga nomunosib shart-sharoitlarda saqlanmoqda”, deb yozadi maktubida Zafar Yoqubov.

Mahkumga ko‘ra, “kichkina sovuq kameraga olti nafargacha odamni tiqib qo‘yishlari mumkin; 6:00 dan 22:00 gacha karavotlar ko‘tarilib, devorga mahkamlab qo‘yiladi”; “jarima izolyatoridan chiqqan mahkumlar tibbiy yordam olishga ulgurmasdan qaytadan izolyatorga qamaladi. Izolyator kameralarida chiroq juda xira: na o‘qib, na yozib bo‘ladi. Ular uchun ovqatni texnik suvda pishirishadi”.

Yoqubov “ko‘plab O‘zbekiston fuqarolarining sog‘lig‘i yaxshi emas va yuqorida aytib o‘tilgan holatlar ularning ahvolini badtar qilmoqda”, deya urg‘ulagan. “ATM qoshidagi tibbiyot bo‘limiga murojaat qilishsa-da, ularga yordam berishmayapti. Bizga ma’lum bo‘lishicha, Rossiyaning boshqa axloq tuzatish muassasalarida ham O‘zbekiston fuqarolariga shunday munosabatda bo‘lishmoqda ekan”, deydi u.

Zafar Yoqubov fikricha, Vladimir Putin “MHA”da ishtirok etganlarga Rossiya fuqaroligi soddalashtirilgan tartibda berilishi to‘g‘risida farmon imzolagach xususiy harbiy shirkatga askarlikka yollanish Markaziy Osiyo fuqarolariga jozibali ko‘rina boshlagan.

“Rossiya xayoliy tahdidlarni bahona qilib Markaziy Osiyoda harbiy kuchini saqlab turishga intilmoqda. Rossiya rasmiylari KXSHT hamda mintaqadagi harbiy bazalardan maqsad do‘st mamlakatlar, jumladan O‘zbekiston manfaatlarini himoya qilish ekanini iddao qiladilar. Biroq Rossiya hukumati mulozimlarining O‘zbekiston xalqiga munosabati – bunga tamom teskari. Tobora yaqqol ko‘rinayotgan ikkiyuzlamachilik tabiiy savol tug‘diradi: o‘z chegaralarini qo‘riqlash uchun Markaziy Osiyoning odam resurslariga ehtiyojmand bo‘layotgan Rossiya ittifoqchi mamlakatlar xavfsizligini ta’minlay oladimi?” deydi Yoqubov.

Вагнерчи муҳожирлар қабристони. Яна икки нафар ўзбекнинг урушда ўлгани хабари чиқди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:57 0:00

U “O‘zbekiston fuqarolarining inson resurslaridan noqonuniy foydalanish va Rossiya hukumati mansabdor shaxslari tomonidan ular sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishi holatlarini aniqlash, aybdorlarni javobgarlikka tortish, muammoga Markaziy Osiyo mamlakatlari rasmiylari e’tiborini jalb qilish”ni so‘raydi.

“Izolyatorga tushasan-ku, senga uchrashuv nima kerak?”

Ikkinchi – imzosiz maktubda 26-sonli ATMda “musulmon mahkumlarga nisbatan repressiv siyosat” davom etayotgani haqida so‘z boradi. Muallif 2023-yil 1-iyun kuni muassasa qoshidagi maxsus komissiya Zafar Yoqubovni 10 sutkaga jarima izolyatoriga qamaganini tilga olgan.

Ushbu ma’lumotni “Idel.Realii” bilan suhbatda Yoqubovning xotini Alsu Nabiullina tasdiqladi. Ayol koloniya erining jarima izolyatoriga qamalishi birinchi marta emasligini, ma’muriyat oilasi bilan uchrashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qasddan shunday qilayotganini ta’kidlaydi.

“Turmush o‘rtog‘imni so‘nggi bor yanvarda ko‘rdim. O‘shandan beri Zafarni jarima izolyatoriga qamab, bizni kamida uch marta uchrashuvdan mahrum qilishdi. Shu tariqa erimni ashaddiy qoidabuzarga chiqarib, qattiq tartibli saqlash sharoitiga o‘tkazmoqchi bo‘lishsa kerak. O‘tgan safar jarima izolyatoriga may oyida tushgandi. Erim ma’muriyat shtabiga ariza ko‘tarib borsa, uchrashuv kunlarini belgilaydigan Yeryomin degan xodim “Senga uchrashuv nima kerak, baribir jarima izolyatoriga tushasan-ku”, degan ekan”, deydi Nabiullina.

Bu 26-sonli ATMda musulmonlar kamsitilayotgani haqidagi birinchi xabar emas

Avvalroq “Idel.Realii” 2021-yil dekabrda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi “Hizb ut-Tahrir”ga aloqadorlikda ayblanib, qamalgan uch mahkum – Ozot Zagiyev, Irek Muxametov hamda Zafar Yoqubovlar foydasiga 11 500 yevro undirish to‘g‘risida qaror chiqargan edi. Yevropa sudi Rossiya hukumati jarima izolyatoriga qamalgan mahkumlarga uchrashuvlarni man etib, ularning xususiy va oilaviy hayot huquqini poymol etgan, deb topdi. Sud Rossiya hukumatiga Zafar Yoqubovga 3500 yevro (uning ishonchli vakili bajargan ishlar uchun yana 1100 yevro) tovon to‘lash majburiyatini yuklagan.

2021-yil avgustda esa Zafar Yoqubov koloniya hududidagi do‘konga borgani uchun jarima izolyatoriga yo‘llangani xabar qilingan. O‘shanda Yoqubov FJIEX xodimlarining g‘arazli va shafqatsiz munosabatiga javoban ochlik e’lon qilgan edi.

2022-yil dekabrda “Hizb ut-Tahrir”ga a’zo bo‘lganlikda ayblanib, qamalgan Eduard Nizomovning onasi koloniyadagi xo‘rliklar haqida so‘zlab bergan. Rima Nizomovaga ko‘ra, Samaradagi 26-sonli ATMda qamoq muddatini o‘tayotgan o‘g‘li “uyidan jo‘natilgan kiyim-kechak, poyafzal va qo‘l soatini o‘g‘irlagan” xodimlar ustidan shikoyat yozishga qaror qilganidan so‘ng ma’muriyat bosimiga uchragan.

“Hozircha shu yerda o‘tir, keyinroq SUSga jo‘naysan”

Alsu Nabiullina aytishicha, 26-sonli ATMda 50 dan ziyod musulmon bo‘lishi mumkin.

“So‘nggi paytlarda erim koloniya xodimlari tomonidan bo‘layotgan kamsitish va xo‘rliklar haqida gapirmay qo‘ygandi, chunki telefonlar eshitilayotgan ekan. Biroq u oldinroq aytgan ma’lumotlardan bilamanki, ATM xodimlari mahkumlarni bir-biriga gijgijlashni odat qilishgan, musulmonlar bilan millati va dini boshqa mahkumlar o‘rtasida diniy adovat qo‘zg‘atishadi. Bunaqa mojarolar dahanaki jang, ba’zan hatto mushtlashuv bilan tugaydi”, deydi ayol “Idel.Realii” muxbiri bilan suhbatda.

Tahririyatga kelgan anonim maktubda bayon qilinishicha, 2023-yil 1-iyun kuni komissiya Zafar Yoqubovni jarima izolyatoriga yo‘llaganidan so‘ng Xidirboyev Aziz Nurullaevich ismli o‘zbek mahkumni ham chaqirtirib, uni SUSga (“strogie usloviya soderjaniya – qattiq tartibda saqlash joyi”) o‘tkazish to‘g‘risida “apil-tapil” dalolatnoma tuzgan. Lekin keyinroq bu qarorni o‘zgartirib, uni jarima izolyatoriga qamashgan va “Hozircha shu erda o‘tiratur, SUSga keyin o‘tkazamiz”, deyishgan.

“Ayni paytda jarima izolyatori va SUSda soxta qoidabuzarliklar uchun qamalgan bir qancha musulmonlar bor. Bular bari ATMning Xramov D.A. va Borisov I.A. kabi xodimlarning o‘zboshimchaligini deb bo‘lyapti. Prokuratura va boshqa idoralarga shikoyat qilgan musulmonlarning ahvoli beshbadtar bo‘ladi. Shunga qaramay ayrimlar 26-sonli ATMdagi muammolarga jamoatchilik e’tiborini tortish uchun o‘zlarini xatarga qo‘yishmoqda”, deyiladi maktubda.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, ismlari keltirilgan shaxslar rostdan ham ushbu ATM xodimlari bo‘lishi mumkin. Xususan, Xramov Dmitriy Aleksandrovich muassasa boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi, ichki xizmat mayori unvoniga ega. Xatda qayd etilgan ikkinchi xodim ismini aniqlashtirish imkoni bo‘lmadi. 26-sonli ATM ma’muriyati esa izoh berishdan qat’iyan bosh tortdi.

“Qonunbuzarlik aniqlanmadi”

“Idel.Realii” tahririyati Samara viloyati axloq tuzatish muassasalarida qonunlarga rioya etilishini nazorat qilish prokuraturasiga so‘rov yo‘llab, 2023-yil 24-may sanasida javob xati oldi. Unda “murojaatda keltirilgan barcha vajlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilgangani, ammo jinoyat-ijroiya qonunchiligi talablari buzilishi holatlari va prokuror tomonidan tegishli chora ko‘rish uchun asoslar aniqlanmagani” ma’lum qilingan.

Nazorat idorasi “26-sonli ATM ma’muriyati tomonidan mahkumlarga noqonuniy ta’sir o‘tkazilayotgani”ga doir murojaat nusxasi prokuratura tekshiruvi xulosasi bilan birga Rossiya IIV hududiy boshqarmasiga yo‘llanganini qo‘shimcha qilgan.

Zafar Yoqubovning turmush o‘rtog‘i ushbu javobni “quruq rasmiyatchilik” deb ataydi:

“Biz Bosh prokuraturaga ham shikoyat qilgandik, lekin barcha murojaatlar baribir hududiy mansabdorlarga yo‘naltirilyapti, ular esa, tabiiyki, bir-birining ko‘zini cho‘qimaydi”, deydi Alsu Nabiullina.

XS
SM
MD
LG