Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:26

Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish: Kompyuterlar nega sotib olinmadi?


Sog‘liqni saqlash vazirligi kompyuter sotib olish uchun e’lon qilgan tenderi bekor qilingani bu tanlovda g‘olib chiqqan tadbirkorlar noroziligini keltirib chiqardi.

Qiymati 66 mlrd so‘mlik tenderda yutib chiqqan tadbirkor so‘zlaricha, vazirlik o‘z xatti-harakatlari yuzasidan tushuntirish berishdan bosh tortib kelmoqda.

Shirkat vakillari iddaosicha, tibbiyot muassasalarini kompyuterlashtirishga sarflanishi kerak bo‘lgan bu mablag‘lar "boshqa maqsadlarda ishlatilgan".

Sog‘liqni saqlash mutassadisining Ozodlikka bildirishicha, shirkat yetkazib bergan kompyuterlar talablarga mos kelmagan va shu bois pul byudjetga qaytarilgan.

Tadbirkor iddaosi: Vazirlik xohlagan firma g‘olib bo‘lmadi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “IT-MED” MChJ 2021 yil, 9 - noyabrda 9395 ta monoblok xaridi uchun tender e’lon qildi (“E-Xarid” elektron birjasidagi 9139434-sonli lot) Vazirlik 9395 ta kompyuter uchun ajratilgan mablag‘ 66 mlrd. 704 mln. 500 ming so‘mligini bildirgan.

Tanlovda taklif etilgan ko‘rsatkichlarga javob bergan va 9395 ta kompyuterni 61 mlrd 1 mln so‘mga yetkazib berishni taklif qilgan “Safe Energy” MChJsi tanlov hay’ati tomonidan maqbul deb topilgan.

Ozodlik radiosi tahririyatiga murojaat qilgan “Safe Energy” MChJsi ta’sischilaridan biri shirkat va “IT-MED” MChJ o‘rtasida 2021 - yilning 29 - noyabrida 17/21-sonli shartnoma imzolanganiga qaramay, noma’lum sabablarga ko‘ra shartnomada ko‘rsatilgan 15% bo‘nak pulini to‘lab berish noma’lum sabablarga ko‘ra kechiktirib kelinayotganidan arz qildi.

- Yangi vazir Musayev kelishidan oldin tender e’lon qilindi, biz ishtirok etish uchun zadatka pullarini to‘ladik, ishtirok etdik. 66 mlrd taklif qilingan bo‘lsa, biz 61 mlrdga olib keladigan bo‘ldik, ya’ni 5-6 mlrd so‘m byudjetga tejab berdik.

Xullas, biz bergan taklif yutib chiqdi. Shu payt vazirlikda almashinuv bo‘ldi, Bekzod Anvarovich Musayev kelganidan keyin bizni yutug‘imiz osmondan tushgandek bo‘ldi. Biz bo‘nak pulini beringlar, Xitoyda Olimpiada boshlanadi yaqinda, aytilgan paytga yetkazib olib kelolmaymiz, desak 30 - dekabrgacha cho‘zib kelishdi. Bizga na rad javobi berildi, na shartnoma bekor qilindi. Shundan keyin kompyuterlarga deb ajratilgan pul boshqa maqsadlarda foydalanib yuborildi, dedi Baxtiyor ismli “Safe Energy” firmasi vakili.

Shirkatning SSVga yuborgan xati
Shirkatning SSVga yuborgan xati

“Safe Energy” shirkati rasmiysi omborgacha olib kelinishi aytilgan har bir kompyuter vazirlikka 6 mln 450 ming so‘mdanga baholanganini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlaricha, u talab qilingan barcha ko‘rsatkichlarga mos keluvchi kompyuterlardan bir nechta nusxasini Xitoydan olib kelib ko‘rsatgani, ikki marotaba bu masalada Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat yo‘llaganini bildirdi.

- Taxminimizga qaraganda, vazirlik xohlagan firma tanlovda g‘olib bo‘la olmagan va vaqtida tanlovda ishtirok etish uchun “zadatka” pulini to‘lay olmagan hamda ular xohlamagan holda biz g‘olib bo‘lib qolganmiz, deya xulosa qildi Baxtiyor.

Uch yilda 45900 kompyuter

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 - yil 25 - maydagi PQ-5124-son qaroriga muvofiq, Sog‘liqni saqlash sohasini 2025 - yilgacha raqamlashtirish (E-health-2025) strategiyasini va uni amalga oshirishga doir yillar bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi loyiha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

Davlat tibbiyot muassasalarini 2021 — 2023 - yillarda zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlash maqsadida Moliya vazirligi 2021 - yil yakuniga qadar 17 400 ta zamonaviy kompyuter jihozlarini xarid qilish bilan bog‘liq mablag‘lar xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan, etmagan qismi esa har yili Davlat byudjetida Sog‘liqni saqlash vazirligi uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida amalga oshirilishini nazarda tutilgan.

“Safe Energy” shirkati rahbariyati mazkur vaziyat yuzasidan yuborgan xati asosida Prezident devoni tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga maxsus so‘rovnoma yuborilgani, ammo bu so‘rov natijasi borasida ularga hech qanday tashuntirish berilmaganini ma’lum qildi.

Ozodlikka kelib tushgan materiallardan davlat tibbiyot muassasalarini 2021 — 2023 - yillarda zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlash uchun shu yillar davomida 45 900 dona kompyuter uskunasi sotib olinishi belgilangani ma’lum. Prezident qarorida bu kompyuterlar oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, davolash-profilaktika muassasalari va viloyat, respublika tuman yoki shahar shifoxonalariga yetkazilishi lozim.

SSV: Kompyuterlar talablarga javob bermadi

Tender g‘olibiga shartnoma asosida nima uchun pul o‘tkazilmayapti? 2021 - yilda sotib olinishi rejalashtirilgan 17400 dona kompyuterga ajratilgan mablag‘ qayerga sarflandi?

Bu va boshqa savollarni Ozodlik yuqorida tilga olingan tanlov komissiyasida Sog‘liqni saqlash vazirligining Raqamlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi sifatida ishtirok etgan Jahongir Otaboyevga berdi.

Suhbatdosh kompyuterlarga ajratilgan mablag‘ to‘lig‘icha byudjetga qaytarilganini ta’kidladi:

- Bu tender bo‘yicha e’lon qilingan kompyuterlar talablari bo‘yicha bitta asosiy joyi bo‘yicha bizga to‘g‘ri kelmadi. Ular bizga to‘g‘rilab beramiz deyishdi, lekin 10 kundan keyin yangi yildan o‘tib olib kelishdi. Yangi olib kelgan kompyuterning ham o‘sha parametri to‘g‘ri kelmadi. Muddat o‘tib ketgani uchun byudjetdan bizga ajratilgan pul o‘zlashtirilmagan pul sifatida yana byudjetga qaytarildi. Ya’ni 66 mlrd so‘m lotga ajratilgan pul yana byudjetga qaytib tushgan. U pul hech qayerga ishlatilmagan. Vaqt yetmay qoldi, kompyuterlarni ololmay qoldik. Pulni boshqa joyga ishlatvordi, degan gaplar bo‘hton, dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi IT eksperti.

Vazirlik mutaxassisi ma’lumoticha, 2021 - yilda sotib olinishi kerak bo‘lgan 17400 dona kompyuterning 9395 donasi davlat byudjeti, qolgani Osiyo Taraqqiyot banki va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hisobiga sotib olinishi rejaga kiritilgan.

2021-23 - yillarga mo‘ljallangan reja.
2021-23 - yillarga mo‘ljallangan reja.

Jahongir Otaboyev tenderda g‘olib chiqqan “Safe Energy” shirkati yetkazib berayotgan monobloklar texnik parametrlarga javob bermagani uchun xarid qilishdan voz kechilganini aytdi.

- 9400 kompьyuter – bu juda katta hajm. Talablarga to‘g‘ri kelmagan kompyuterlarni olib qo‘ysak -ular esa 10 yilcha ishlab berishi kerak bizga - 3-4 yilda yana almashtirishga byudjetda pul yo‘q. Taklif DOS parametr bo‘yicha to‘g‘ri kelmadi. Osiyo Taraqqiyot banki bizga 3,5 mingta, “Infokom” 2300ta olib bergan kompyuterlarida qo‘shimcha DOS bor. Biz bu kompyuterlarni respublika bo‘yicha tarqatib, har biriga SSV tomonidan ishlab chiqilgan axborotlashtirish va ish faoliyatini tezlashtirish uchun dasturlar qo‘yamiz.

Agarda birorta tizim ishlamay qolsa yoki kompyuterning o‘zida biror muammo tug‘ilsa, vazirlikda joylashgan sisadminlarimiz Toshkentdan turib, Qoraqalpog‘istonning qishlog‘idagi poliklinikasidagi kompyuter muammosini hal qilib bera oladi, u yerda boshqa sisadminni ishga olish shartmas. Shu DOS talablari bajarilmasa kompyuterlarimizni bir-biriga ulab bo‘lmaydi. Har bir buzilgan kompyuterni borib joyida tuzatish qo‘shimcha mablag‘ sarflanishiga olib keladi, qo‘shimcha yuzlab xodimlarni ishga olishga to‘g‘ri keladi, dedi Sog‘liqni saqlash vazirliginining Raqamlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Jahongir Otaboyev.

Otaboyev tender orqali mintaqalardagi shifoxonalar va tibbiy muassasalarga sotib olinishi kerak bo‘lgan kompyuterlarning keyingi taqdiri borasida boshqa ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi.

Hozirda vazirlikning bu bo‘limida o‘zining ish faoliyatini tugatganini bildirgan Jahongir Otaboyev bu talablar bo‘yicha berilgan rad javobi to‘g‘risida tenderda g‘olib topilgan shirkat mutaxassislariga tushuntirilganini ham aytdi.

Jahongir Otaboyev O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “IT-MED” MChJsi vazirlik idoralarini kompyuterlashtirish, raqamlashtirish va yagona tizimga birlashtirish uchun tuzilgan 76 ta dasturchi va IT sohasi mutaxassisidan iborat kompaniya ekanini ham qo‘shimcha qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021 - yil 23 - fevralida imzolangan “Sog‘liqni saqlash sohasida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekistondagi barcha tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari, shu jumladan dorixonalar 2024 - yil 1 - yanvaridan boshlab majburiy tartibda bosqichma-bosqich yagona platformaga ulanadi.

Mazkur maqsaddan kelib chiqqan holda Sog‘liqni saqlash vazirligining “Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi negizida Sog‘liqni saqlash vazirligi muassisligida “IT-Med” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan edi.

XS
SM
MD
LG