Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:22

Sitorai Mohi Xossa naqshlarini vayron qilganlar ustidan jinoyat ishi ochildi


Buxorodagi obidalarning xususiy tadbirkorlar tarafidan ta’mir qilinishi taqiqlandi
Buxorodagi obidalarning xususiy tadbirkorlar tarafidan ta’mir qilinishi taqiqlandi

Buxorodagi Sitorai Mohi Xossa saroyini ta’mir qilish davomida qadimiy naqshlarni vayron qilgan restavratsiya guruhi ustidan o‘tgan haftada jinoyat ishi ochildi.

O‘zbekiston turizm va sport vazirligi taqdimnomasiga binoan Bosh prokuratura tomonidan ochilgan jinoyat ishi tarkibidagi Ozodlik tanishgan dalolatnomalarda yozilishicha, “qadimiy saroy devorlarini oddiy mardikorlar, bozordan sotib olingan arzon bo‘yoqlar bilan bo‘yab, qadimiyligidan mosuvo qilgan”.

Mang‘itlar sulolasining uch avlodiga mansub saroy “ta’miri” uchun, hujjatda aytilishicha, davlat byudjetidan 28 milliard so‘m sarflangan.

O‘zbekiston turizm va sport vazirligi huzurida yangi tuzilgan Madaniy meros agentligining 21 - iyun kuni bo‘lib o‘tgan ilk yig‘ilishida so‘zga chiqqan Bosh vazir o‘rinbosari¸ Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Sitorai Mohi Xossa restavratsiyasini “milliy falokat” deb atadi.

Aziz Abduhakimov olib borgan majlisda qatnashgan me’morning Ozodlikka aytishicha¸ Sitorai Mohi Xossadagi naqshu nigorlar ustiga malakasiz mardikorlar chaplagan bo‘yoq qatlamini ko‘chirib olish uchun katta mablag‘ ajratish zarurati paydo bo‘lgan.

Vandalizm

Buxorodagi “restavratsiya”dan xabardor san’atshunos va me’mor Abdumalik Turdiyevning fikricha, Sitorai Mohi Xossadagi holatni vandalizm deb atasa bo‘ladi:

“Vandalizm go‘zallik va san’at dushmanlarining u yoki bu asarni qasddan buzib yo‘q qilinishi demakdir. Buxoroda ham aynan shunday bo‘ldi. Faqat bularning maqsadi oz pul sarflab byudjetdan ko‘proq pul yechib olish bo‘lgan. 28 milliard so‘mdan ziyod davlat mablag‘i yo‘q qilingan. Binoga kiraverishda G‘ozg‘on marmaridan usta Abdurahim ishlagan arslon haykallari bor. Shuni bolgarka bilan charxlab yaltillatishga urinishgan. Oqibatda arslon haykalidagi nozik detallar yo‘q bo‘lgan. Amir qabulxonasi dahlizi devorlari ganchdan naqshdor qilib bezatilgan. Ganch ichkarisidagi bo‘yoq qatlamiga ham ziyon yetgan. Asosiy zarar Oqsaroyga (Sitorai Mohi Xossa majmuidagi Yevropa uslubidagi qasr) yetkazilgan. O‘tgan asr boshida tiklangan bu saroyni ikki yil mobaynida Usta Shirin rahbarligidagi 40 usta pardozlagan. 1910 - yilda qurilgan bu saroy rus muhandislari Sakovich va Margulis rahbarligida qurilgan. Bu saroyga yetkazilgan zararni hali hisoblashmadi”.

Buxorodagi "Poyi kalon" majmuasi
Buxorodagi "Poyi kalon" majmuasi

"Korrupsion bardak"

O‘zbekiston turizm va sport vazirligi huzurida yangi tuzilgan Madaniy meros agentligining 21 - iyun kuni bo‘lib o‘tgan ilk yig‘ilishida so‘zga chiqqan Bosh vazir o‘rinbosari¸ Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovga ko‘ra, “Buxorodagi katastrofa bu Xiva va Samarqanddagi korrupsion bardakning davomidir”.

Aziz Abduhakimovning majlisdagi nutqini eshitgan me’morga ko‘ra, Bosh vazir o‘rinbosari “Ichan qal’a” muzey qo‘riqxonasi direktorining zudlik bilan ishdan bo‘shatilishini talab qilgan.

Majlisda Xivaning “Tosh hovli” majmuasida olib borilgan, Bosh vazir o‘rinbosari ta’biricha¸ “o‘ta malakasiz” restavratsiya jiddiy tanqid qilingan.

Ozodlik “Tosh hovli” majmuasida olib borilgan restavratsiya oqibatida qadimiy naqshu nigorlar vayron qilingani haqida mutaxassislarning xavotirlari aks etgan videoreportajlarni suratga olib nashr qilgan edi.

Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasi oldidagi ko‘cha
Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasi oldidagi ko‘cha

Restavratsiyani xususiy shirkatlar amalga oshirmaydi

Dushanba kungi majlisda O‘zbekistondagi qadimiy obidalarni ta’mir qilishning barcha bosqichlarining professionalizmdan uzoqligi tanqid qilindi.

Restavratsiya ishlarini xususiy shirkatlarga berishga joriy yilning 21 - iyunidan boshlab taqiq qo‘yildi.

Majlisda qatnashgan jurnalist Nikita Makarenko Bosh vazir o‘rinbosariga Toshkent shahridagi badiiy-estetik ahamiyatga ega 53 bino ro‘yxatini topshirgan.

Makarenkoning Ozodlikka bildirishicha, agentlik ilmiy kengashi bu yodgorliklarni, xususan rassom Jarskiyga oid devoriy mozaikalarni obidalar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ish boshlagan.

Bu masala yuzasidan gapirarkan, Bosh vazir o‘rinbosari Toshkent tikuvchilik fabrikasi peshtoqidagi “Parizod” mozaika pannosi ustiga lift shaxtasi o‘rnatilganligini qoraladi.

Toshkentda oq rang bilan bo‘yab tashlangan mozaika qayta tiklangan edi
Toshkentda oq rang bilan bo‘yab tashlangan mozaika qayta tiklangan edi

Bosh vazir o‘rinbosari bino egasini sudga tortish va lift shaxtasini demontaj qilish talabini ilgari surdi. Ayni majlisning o‘zida “Parizod” pannosi madaniy meros ro‘yxatiga kiritilishi haqida talab rasmiylashtirildi.

Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov
Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov

Joriy yilning 7 - aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Madaniyat vazirligidagi eng katta tashkilot - Madaniy meros agentligi yangi tashkil qilingan Turizm va sport vazirligiga o‘tkazilgan edi.

Madaniyat vazirligining hududiy madaniyat boshqarmalari tuzilmalaridagi moddiy-madaniy meros obyektlaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilish bo‘limlari tugatilgan va ularning shtat birliklari Madaniy meros agentligiga o‘tkazilgan edi.

Prezident imzolagan farmonga ko‘ra¸ Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat muzeylari, muzey qo‘riqxonalar va uy-muzeylari, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari va “Moziydan sado” jurnali Madaniy meros agentligiga o‘tkazildi.

Shuningdek, 2021 - yilda va kelgusi yillarda Madaniyat vazirligiga davlat byudjetidan madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash, shuningdek, arxeologik ishlar harajatlari uchun ajratiladigan mablag‘lar endilikda Turizm va sport vazirligiga ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident Mirziyoyev "Qadimiy Buxoro" loyihasini muhokama qilmoqda. O‘zA.
Prezident Mirziyoyev "Qadimiy Buxoro" loyihasini muhokama qilmoqda. O‘zA.

XS
SM
MD
LG