Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:36

Sirdaryoda raqqosalarga pul qistirgan mulozimlar "ishdan bo‘shadi". Qonunda cheklov bormi?


Sirdaryodagi raqqosalar

Sirdaryo tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nurali Mirzayev 2021 - yil 14 - iyun kuni "o‘z arizasiga binoan" ishdan bo‘shadi.

Shuningdek, Sirdaryo tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nozim Murotov ham 14 - iyun kuni ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozgan.

“Ular o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod qilindi va bu ularga intizomiy chora ko‘rilganini anglatmaydi” dedi Ozodlikka Sirdaryo viloyat hokimligining o‘zini xodimlar bo‘limi vakili deb tanishtirgan mulozimi.

Avvalroq Gazeta.uz nashri viloyat hokimligiga iqtibosan videodagi amaldorlar bilan "tushuntirish ishlari" olib borilgani, ularni lavozimdan chetlatishga qadar choralar ko‘rilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Ishdan bo‘shagan yoki bo‘shatilgan ikki mulozimning restoranda yarim-yalang‘och raqqosalarga pul qistirayotgani aks etgan videolavha o‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilindi.

"Ahloq qo‘riqchisi"ga aylangan tarmoq bosimi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Guliston hududiy filialining ismi aytilishini istamagan o‘qituvchisining Ozodlikka aytishicha¸ “mulozimlar tarmoqda o‘zidan ahloq qo‘riqchisi yasab olganlar tarafidan virtual sazoyi qilingan va bu kompaniya ta’sirida ikki mahalliy rahbarga bosim qilingan”.

“Ishdan keyin restoranda raqqosaga pul qistirgan mulozim uchun qonunda cheklov yo‘q. O‘z oyligidan qistiribdi. Dress-kod deb ataladigan xizmat chog‘ida o‘zini tutish yo‘riqnomasida ham bu cheklov yo‘q. Bu rahbarlar o‘z vazifalarini ado qilib bo‘lib, restoranda dam olishga haqqi bor. O‘zbekistonda arab tangosi yoki balet taqiqlanmagan. Ishdan bo‘shagan Mirzayevni shaxsan taniyman. Sirdaryo tumani obodonchiligi borasidagi ishlari tahsinga loyiq. G‘ayratga to‘lgan rahbar bir yil burun palon restoranda o‘tirding, degan bosim ostida qolib ariza yozdi. Davlat boshqaruvi ijtimoiy tarmoq ta’siriga tushib talantli kadrlardan judo bo‘lishi zaiflik alomati. Men bu borada o‘z darsimda ham aytaman”, dedi gulistonlik o‘qituvchi.

Chexiyadagi Bohemiya universiteti o‘qituvchisi, iqtisodiyot fanlari doktori Xolnazar Omonovning Ozodlikka aytishicha, “ Qonunan cheklov bo‘lmasa ham xalq to‘lagan soliqdan oylik oladigan va xalqqa ma’naviyat haqida kezi kelganda aql o‘rgatadigan mulozimlar o‘zlaridan bilib, jamiyatning an’anador qismi ahloqiy normalariga zid keladigan yurish-turishdan tiyilishi kerak”.

“Ishdan bo‘shatilgani to‘g‘ri bo‘ldi va bu boshqa mulozimlar uchun ham dars bo‘lsin. Men restoran va tungi klublarda kordebalet raqqosalari faoliyatiga qarshi emasman. Puli bor tadbirkorlar bemalol hordiq chiqarsin. Osh bo‘lsin. Ammo davlat boshqaruvini tamsil qilgan mulozim tungi klubga bormasin. Mulozimning oyligi ma’lum. Bunday tungi klublardagi bir o‘tirish narxi tuman rahbarining bir oyligi darajasida ham bo‘lishi mumkin. Bularning pul sochishi oddiy xalqqa yomon ta’sir qiladi. Davlat boshqaruvi el ko‘zida yomonotliq bo‘ladi”.

Prezident qarorgohidagi aysh-ishratdan keyin o‘nlab mulozimlar ishdan bo‘shatilgan.
Prezident qarorgohidagi aysh-ishratdan keyin o‘nlab mulozimlar ishdan bo‘shatilgan.

"Dam bu damdir, o‘zga damni dam dema"

Bundan bir yil oldin olingan videotasvirda Sirdaryo tumani hokimligi mas’ullari – tuman hokimi o‘rinbosari (o‘sha vaqtda tuman hokimi yordamchisi) tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Sirdaryo tumani inspeksiyasi bosh mutaxassis-davlat inspektori, Suvoqova davlat unitar korxonasi rahbari hamda Sirdaryo tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbarlari tumandagi "Yevro-Aziya" restoranidagi kordebalet raqqosalari qurshovida ko‘rinadi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ o‘tgan yil oktabrida “Yevro-Aziya” restoranida O‘zbekiston xalq artisti¸ Muqimiy nomli teatr direktori¸ hozirda marhum Mirza Azizov sharafiga ziyofat uyushtirilgan. Videoda Mirza Azizov “Dam bu damdir¸ o‘zga damni dam dema¸ Shukur qil, dunyo g‘amini g‘am dema” degan misralarni o‘qigan sasi eshitiladi.

Yalang‘och qizlar mulozimlarga hujum qilganmidi?

Sirdaryo viloyat hokimligi axborot xizmati bu videoga munosabat bildirarkan, @mulozimlar ishdan tashqari paytda o‘tirgan kabinaga raqqosalarning kutilmaganda iznsiz kirib kelgani@ga urg‘u beradi:

“Ular o‘tirgan xonaga restoranda xizmat ko‘rsatayotgan raqqosa qizlar kirib kelgan. Raqqosalarning kutilmaganda kirib kelishi ularga ma’qul kelmagan. Shu sababli raqqosalarga pul berilgan va xonani tark etishi so‘ralgan. Natijada, videodagi holat yuzaga kelgan. Holat yuzasidan restoran ma’muriyati bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Mas’ul xodimlarga jamiyatda yurish-turish qoidalariga amal qilgan holda davlat xizmatchisi sifatida namuna ko‘rsatishlari lozimligi eslatib o‘tildi. Shuningdek, lavozimdan ozod etish kabi qat’iy chora qo‘llanilishi belgilandi”, – deyiladi hokimiyat xabarida.

Maishatparast mulozimlar

Chexiyadagi Bohemiya universiteti o‘qituvchisi, iqtisodiyot fanlari doktori Xolnazar Omonovning Ozodlikka aytishicha, “maishatparast mulozimlar" birinchi marta jazolanmayapti.

"2013 - yilda uchoq ichida hammaning ko‘zi oldida ichib, maishat qilgan bank rahbarlari va mas’ul xodimlari ishdan olingan edi. Odatda poraxo‘rligi uchun ishdan olingan rahbarlarning sauna va restoranlardagi aysh-ishrati ham qoralanib, hujjatlashtirib qo‘yiladi. Xotin ustiga ikkinchi xotin olgan rahbarlar ham jazolangan”

1996 - yilda IIV generali Ilhomjon Mamadaliyev O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaga uylanishi ortidan Ichki Ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatilgani aytiladi.

Mulozimlar maishati asosan sauna va hammomlarda o‘tishi aytiladi.
Mulozimlar maishati asosan sauna va hammomlarda o‘tishi aytiladi.

O‘zbekistoning birinchi prezidenti Islom Karimov 2016 - yil fevralida Xalq deputatlari Toshkent viloyat kengashi sessiyasidagi nutqida viloyatning mulozimlar “may ichib, ishrat qiladigan” zonaga aylanganini tanqid qilgandi.

2016 - yilning mart oyida Toshkentda qattiq qo‘riqlanadigan davlat rezidentsiyasi hududida fahsh bilan shug‘ullangan prokuratura, MXX va boshqa tuzilmalar xodimlari qo‘lga olingan. Ozodlik Ichki ishlar vazirligiga yaqin joylashgan “Turkiston” (sobiq “Shelkovichnaya”) majmuasiga Milliy Xavfsizlik Xizmati uyushtirgan maxsus reyd natijasida jami 32 mulozim ushlangani haqida xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG