Ostona Xitoy, Rossiya, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Hindiston, Pokiston va Eronni o‘z ichiga oluvchi Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitiga mezbonlik qilmoqda. Ekspertlar fikricha, 23 yillik tarixga ega tashkilot tashqi anturajga boy bo‘lgani bilan ma’no-mazmuni xiyla g‘arib. Shuningdek, Pekin va Moskva SHHTni G‘arb intitutlarga qarshi qo‘llashga intilayotgani yana bir karra ta’kidlanmoqda.
Ostona sammitida tashkilotga yana bir davlat – Belarus a’zo bo‘lib kirdi.
SHHTning kengayishi – Pekin va Moskvaning ushbu mintaqaviy xavfsizlik blokini G‘arb institutlariga muqobil o‘laroq qo‘llashga intilayotgani hosilasidir.
Ostonada o‘tayotgan SHHT sammiti, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga u xalqaro miqyosda yakkalanib qolmaganini ko‘rsatish imkonini beradi. Zero, Ukrainaga to‘laqonli harbiy bosqindan so‘ng Putin G‘arbda hech kim qo‘l bermaydigan lider sanaladi.
Sammitda Belarusni tashkilotga qabul qilishdan tashqari, mintaqada terrorizmga qarshi kurashni muvofiqlashtirish masalalari ham muhokama etiladi. Bu aprel oyida Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl” konsert zaliga bo‘lgan hujumdan beri muhim muammolardan biridir. Davlat rahbarlari Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat va Qozog‘iston taklif qilayotgan investitsiya fondining yangi mexanizmi yuzasidan ham fikr almashadilar.
“SHHT mandati mavhum va uzoqni ko‘zlangan bo‘lishi mumkin, – deydi Ozodlik bilan suhbatda Berlindagi MERICS tahlil markazi eksperti Yeva Zayvert. – Rasmiy tilda aytganda, bu a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikni yaxshilashga va butun mintaqada o‘zaro ishonchni yaratishga qaratilgan xavfsizlik tashkilotidir”.
SHHTga 2001-yilda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan asos solingan. Avvalboshda hududiy nizolarni tartibga solishga urg‘u berilgan bo‘lsa, keyinchalik maqsadlar kengayib, tashkilot mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish kabi masalalar bilan ham shug‘ullana boshladi. 2017-yilda SHHTga Hindiston va Pokiston, 2023-yilda – Eron qo‘shildi, bu yil esa Belarus a’zo bo‘lishi kutilmoqda.
SHHT tuzilganidan boshlab 23 yil mobaynida tashkilotda ro‘y bergan evrilishlarni ko‘p jihatdan Xitoy-Rossiya munosabatlari belgilab berdi.
Moskva vaqti-vaqti bilan Pekinning rejalarini yumshatishga yoki o‘tkazmaslikka urindi, jumladan mintaqaviy taraqqiyot banki va erkin savzo zonasini tashkil qilish takliflarini ham. So‘nggi yillarda, ayniqsa Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan so‘ng Xitoy rahbari Si Szinpin va uning rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin ikki mamlakat aloqalarini mustahkamlab, SHHTni o‘zlarining ancha keng ma’nodagi hamkorlik aloqalarining bir qismiga va aksilamerikan dunyoqarashning markaziy elementiga aylantirdilar.
“Xitoy uzoq yillar SHHT bu G‘arbga qarshi tashkilot emas, deb ishontirishga uringan edi, biroq vaziyat o‘zgardi, ayniqsa Eron qo‘shilganidan so‘ng, – deydi Yeva Zayvert. – G‘arb nima deb o‘ylashi SHHTni ortiq bezovta qilmasligi endi ma’lum bo‘lyapti”.
Putin Rossiya yuqori martabali rasmiylarining iyundabo‘lib o‘tgan uchrashuvida “tashqi qudratlarning Yevrosiyo mintaqasidagi harbiy mavjudligiga chek qo‘yish” ustida ish olib borish uchun SHHT kabi tashkilotlar yordamida “Yevrosiyoda kollektiv xavfsizlikning yangi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama kafolatlari tizimi”ni yaratish haqida gapirgan edi.
Berlindagi Rossiya va Yevrosiyoni o‘rganish bo‘yicha Karnegi markazi ilmiy xodimi Temur Umarov Ozodlikka bergan izohida SHHT xalqaro shuhrat va geosiyosiy vazn orttirayotgan bo‘lsa-da, ramziyatlari ko‘p, ammo mazmuni oz tashkilotligicha qolayotganini aytdi.
“SHHT hanuzgacha bugun nimaliginiyu ertaga nima bo‘lishini tushunishga urinmoqda, – deydi Umarov. – Kattaligi va kollektiv YIM, uning asosiy ustun jihati faqat shular, biroq tashkilot hamon arzigulik natijalarga erishgani yo‘q”.
Mandati aniq-tiniq belgilanmagani sababli Shanxay hamkorlik tashkiloti asosan mintaqaviy liderlar uchun diplomatik forum vazifasini o‘tamoqda. Ya’ni, ular tashkilot sammitlariga Si Szinpin yoki Putin bilan gaplashib olish uchun kelishadi.
Xitoy rahbari Ostonaga davlat tashrifi bilan 2-iyulda keldi. Aeroportda uni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev qarshiladi. Uchoq zinasining ikki yonida faxriy qorovul saf tortdi. Oliymaqom mehmon va u boshlab kelgan delegatsiyani ikki mamlakat bayroqchalarini ushlagan bashang bolalar olqishladilar. Ular qo‘shiqlar kuylashdi va xitoy tilida bir necha so‘z aytishdi – Si Szinpin bunga javoban jilmayib, chapak chaldi.
3-iyulda marosimlar davom etdi. Toqayev Oqo‘rda qarorgohi yonida Si Szinpin kortejini shaxsan kutib oldi. Mehmon sharafiga prezident saroyi uzra qiruvchi uchoqlar parvoz qilib, Xitoy bayrog‘i ranglarini bildiruvchi qizil va sariq iz qoldirdi.
Si Szinpin Toqayevni “aziz do‘stim” deb atadi, qabul uchun minnatdorlik bildirdi, shuningdek, Pekin Qozog‘istonni “qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarda o‘z tashqi siyosatiinng prioriteti va Markaziy Osiyoda muhim hamkor” deb hisoblashini, unga “ishonchli suyanchiq” bo‘lishini ta’kidladi.
Toqayev besh yillik prezidentlik davrida Xitoy bilan aloqalarni faollashtirdi: Ostona bilan Pekin 2019-yilda “abadiy strategik hamkorlik to‘g‘risida” bayonot imzoladi, o‘tgan yili ikki o‘rtada vizasiz borish-kelish tartibi kuchga kirdi, 2023-yilda mahsulot aylanmasi rekord ko‘rsatkich – 41 milliard dollarga yetdi (jurnalistik surishtiruvlarga ko‘ra, Xitoy mahsulotlarining bir qismi sanksiyalar ostida qolayotgan Rossiyaga qayta eksport qilinadi).
Vladimir Putin Ostonaga 3-iyulda keldi. Poytaxt aeroportida uni bosh vazir O‘ljas Bektenov kutib oldi.
Faxriy qorovul yo‘q edi. Ekspertlar fikricha, Putin davlat tashrifi bilan emas, balki rasmiy tashrif bilan kelgani sababli kamtarona qarshilangan.
Si Szinpin va Putin 4-iyul kuni sammit doirasida muzokara qilishni rejalaganlar. Bu ularning joriy yildagi ikkinchi uchrashuvi bo‘ladi. Ostonadagi tadbirlardan so‘ng Si Szinpin tashrif bilan Tojikistonga jo‘nab ketadi.
Bu yilgi sammitga Hindiston bosh vaziri Narendra Modi kelmagani qiziq bo‘ldi. Uning o‘rniga mamlakatni tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar tamsil qilmoqda.
Atlantic Council tadqiqot tashkiloti qoshidagi Global Xitoy markazi ilmiy xodimi Niva Yau aytishicha, Hindistonning SHHTga qiziqishi so‘nmoqda. Bu qisman Nyu-Deli va Pokiston o‘rtasidagi adovat, qolaversa ko‘pyillik chegara mojarolari manzarasida Xitoy bilan aloqalar tarangligi davom etayotgani bilan bog‘liq, deydi ekspert.
Yau Hindistonning o‘zini chetga tortishi tashkilot salohiyatiga va Pekinning SHHTga doir bo‘lg‘usi rejalariga putur yetkazishi mumkinligini urg‘ulaydi.
“Bu SHHTning global nufuzini pasaytirib, Xitoyning ayrim keng ko‘lamli rejalarini cheklaydi”, deydi Ozodlik bilan suhbatda Niva Yau.
Ostona sammiti ishida SHHTga a’zo bo‘lmagan mamlakatlar, xususan Ozarbayjon, Qatar, Mongoliya, BAA, Turkmaniston hamda Turkiya rahbarlari va vakillari, shuningdek BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham qatnashmoqda.
Qozog‘iston faollari sammit arafasida bosimlar kuchaygani haqida gapirishdi. Poytaxtlik faol O‘rinbosar Jonibek 2-iyul kuni politsiya uni qisqa vaqt ushlab turganini bildirdi. Bunga Jonibekning hukumatni Kiyevda suiqasd natijasida vafot etgan muxolifatchi va jurnalist Aydos Sodiqov jasadini vataniga keltirib, dafn etishga chaqirgani sabab bo‘lgani aytilmoqda.