Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:25

"Sharqiy front": Toshkent Rossiya bosimi ostida "Artdokfest"ni taqiqladi - Manskiy


"Artdokfest-Osiyo".
"Artdokfest-Osiyo".

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi 2–8-aprel kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalangan “Artdokfest/Osiyo” hujjatli filmlar festivalini taqiqladi.

Vazirlik filmlar namoyishiga taqiqni festival tashkilotchilari O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan tartibda ruxsatnoma olishmagani bilan izohlagan.

Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, respublika hududida mahalliy va xorijiy filmlarni namoyish etish uchun xususiy tadbirkorlar tomonidan Kinematografiya agentligiga ariza bilan murojaat etadi hamda agentlik tomonidan ushbu murojaat 10 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, yuqoridagi hujjatlarda O‘zbekiston Respublikasi hududida ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun Ichki ishlar vazirligidan ruxsatnoma olishi shart ekani belgilangan”.

4-aprel kuni festival doirasida rejissyorlar Vitaliy Manskiy va Yevgeniy Titarenkoning Ukrainadagi urush to‘g‘risidagi “Sharqiy front” filmi namoyishi ichki ishlar xodimlari talabi bilan to‘xtatilgan.

"O‘zbekiston Madaniyat vazirligi buyrug‘i bilan"

Vitaliy Manskiy.
Vitaliy Manskiy.

Festival o‘tkazilayotgan “139 Documentary Center” markazi rahbari Timur Karpov Ozodlikka hanuzgacha vazirlikdan biror rasmiy hujjat berilmaganini aytdi:

- 2-aprel kuni, namoyishlar boshlanishidan oldin, shahar IIBsidan vakillar kelib, “Siz reklama beribsiz - kino qo‘yishga ruxsatingiz yo‘q!” deyishdi. Boshqa hech qanday tushuntirish yoki hujjat berishmadi. Menga rasmiy hujjat berishmagani sababli 3-aprel kuni namoyishimizni o‘tkazaverdik. 4-aprel kuni yana uchastka noziri kelib, Vazirlar Mahkamasining 205-qarorini ko‘rsatyapti - ommaviy yig‘ilishlarni o‘tkazish tartibini. Ommaviy yig‘ilishlar - bu 100 kishigacha bo‘lgan tadbirdir! Bizning markazimizga 100 kishi jismonan sig‘maydi.

Ular menga nisbatan ma’muriy ish ochishibdi. 5-aprel kuni meni aldov yo‘li bilan otdelga emas, Yashnobod tuman sudiga olib borib, 450 dollar jarima solishdi. Bu jarima “politsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaganim uchun” ekan. Xodimlar menga telefonda bir hujjat ko‘rsatishdi. Unda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Ichki ishlardan “Artdokfest” filmlarini namoyish qilishni to‘xtatishni talab qilganini o‘qib qoldim. Filmlar go‘yoki “O‘zbekkino”da sertifikatlanmagan ekan. Bizda bu vaziyat bilan bog‘liq Madaniyat vazirligiga ko‘plab savollarimiz paydo bo‘lib qoldi: asos nima, nima uchun, bu qanaqa bedodlik?

Suhbatdosh sudning bu qarorini O‘zbekiston qonunlarini buzuvchi senzura deb atadi va qaror yuzasidan tegishli tartibda shikoyat qilishini aytdi.

Rejissyor Vitaliy Manskiy Facebook sahifasi orqali O‘zbekiston Madaniyat vazirligi ko‘rsatmasi bilan festival dasturidagi boshqa filmlar namoyishi ham taqiqlanganini bildirdi.

Bu 139 Documentary Center mustaqil maydonchasida to‘rt yil davomida duch kelingan birinchi hodisadir. Salom senga, “Rus dunyosi!”, deb yozdi rejissyor.

Manskiy Toshkentdagi festivalga qator taniqli rejissyorlar kelganini qo‘shimcha qilgan.

To‘xtatib qo‘yilgan Toshkent “Artdokfesti”da Manskiyning Ukraina urushi to‘g‘risidagi “Sharqiy front”idan tashqari Svetlana Lishchinskayaning “Mariupol. Rekonstruksiya”, Elyor Ne’matovning “Asqarov”, Endji Vinchitoning “Manifest”i va boshqa filmlar namoyishi kutilayotgandi.

“Sharqiy front” filmi premerasi 2023-yil 24-fevralida — Rossiya qo‘shinlarining Ukraina hududiga bostirib kirganining bir yilligida Berlinda bo‘lib o‘tgan edi. Filmda o‘z oilalarini front ortiga olib borib qo‘yib, o‘zlari ko‘ngilli bo‘lib urushga jo‘nagan besh nafar ukrainalik haqida hikoya qilinadi. Filmni tasvirga olish ishlari 2022-yil 24-fevralida - Rossiya qo‘shinlari bostirib kirgan ilk kundan boshlangan. Film Ozodlik loyihasi bo‘lgan Current Time telekanali dastagida yaratilgan.

Manskiy: Rossiya elchixonasi bosim qilgan

“Artdokfest” hujjatli filmlar festivaliga 2007-yili rejissyor Vitaliy Manskiy tomonidan asos solingan. Biroq 2020-yili festival Rossiya rasmiylari bosimi tufayli Rigaga ko‘chirilgan, hozirda u o‘z faoliyatini Baltika va Sharqiy Yevropa dokumentalistikasi forumi o‘laroq davom ettirmoqda. Manskiy, shuningdek, Shimoliy Koreyadagi diktatura to‘g‘risida film olgan rejissyor sifatida ham tanilgan.

O‘zbekistonda Artdocfest/Asia hujjatli filmlar festivali birinchi marta 2021-yili 139 Documentary Center galereyasida bo‘lib o‘tgan edi.

2022-yil mart oyida navbatdagi “Artdokfest” ochilishi bo‘lishi kerak bo‘lgan Moskvadagi "Oktyabr" kinoteatri evakuatsiya qilingandi va noma’lum shaxslar Manskiyning o‘ziga bo‘yoq sepib ketgan.

Shundan so‘ng, Ukrainadagi urushga ochiqchasiga qarshi chiqqan asli Ukrainaning Lvovidan bo‘lgan Vitaliy Manskiy "Rossiyada tuzum qulamaguncha" Artdokfest boshqa o‘tkazilmasligini bildirgan. O‘sha yilning sentyabr oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi Vitaliy Manskiyni “tuhmat” moddasi asosida jinoyat ishi ochib, qidiruvga berdi.

Manskiy Ozodlik bilan suhbatda Toshkentdagi Artdocfest/Asia festivalining taqiqlanishi Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bosimi ostida bo‘lganini iddao qildi:

- Biz bundan oldin ikki marta - 2019 va 2021-yilda Toshkentga kelganmiz. Ammo mehmonlarimiz soni bir necha bor kam edi. Bu gal biz Artdok-maktabni ham tashkillashtirgandik. Bu safar o‘nlab rejissyorlar ko‘plab mamlakatlardan o‘zlari filmlari bilan kelishdi, zal to‘la bo‘ldi. Juda yaxshi tadbirlar bo‘layotgan bir paytda, o‘tgan yili Ukrainada Titarenko bilan birga olgan filmimiz namoyishida militsiya naryadi kelib, namoyishni taqiqlab ketdi. Bu mustaqil galereya shahar markazida emas, juda kichkina joy: biz atayin ruxsatnoma talab qilmaydigan katta joyni tanlamadik. Zobitlardan biri “Kechirasiz, bu bizningmas, Madaniyat vazirligining talabi. Bizga yuqoridan buyruq keldi”, dedi.

Gap shundaki, bu vazirlik iddao qilayotgan kinonamoyish emas - biz chipta sotmadik, bu mualliflar bilan uchrashuv edi, xolos. O‘zbekistonda yashovchi madaniyat vakillari bu taqiq bevosita Rossiya elchixonasi bosimi natijasi ekanini gapirmoqda. Boz ustiga, 3-aprel kuni Vladimir Putinning madaniyat masalalari bo‘yicha vakili Shvidkoy O‘zbekistonga tashrif buyurgan ekan. "Artdokfest" festivaliga bo‘lgan Rossiyaning munosabatini bilsangiz kerak.

Rejissyorning fikricha, Madaniyat vazirligining festival o‘tkazilishiga qo‘ygan asossiz taqiqi O‘zbekistonning xalqaro imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

- “Sharqiy front” filmi 40 dan ziyod mamlakatlarda minglab odamlarga namoyish etilgandi, O‘zbekiston esa uni hatto 100 kishiga ham ko‘rsatishga ruxsat bermadi, galereya muhrlandi, fantastik tezlik bilan sud bo‘lib o‘tdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi barcha mamlakatlardagi vakolatxonalariga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga qo‘shilishga da’vat etgan, ko‘rinadi. O‘zbek tarafining ko‘nuvchanligi esa unga izzat keltirmaydi. Festival taqiqi allaqachon ko‘plab mamlakatlar OAVlari e’tiborini o‘ziga tortdi. Albatta, Rossiya tarafi ichqoralik bilan “O‘zbekiston biz bilan!” degan g‘alabasini nishonlamoqda.

Lekin O‘zbekiston bosqinchilar bilan birga emasligiga bu yerda turib guvoh bo‘ldim: oddiy o‘zbekistonliklar boshqacha kayfiyatda, amaldorlar esa zaifroq ekan. Axir ular O‘zbekiston imijiga madaniy jihatdan juda ulkan zarar keltirishdi! Biz 25 ta tanlab olingan o‘zbek kinochisiga eng ko‘zga ko‘ringan ustalarni olib kelgandik va bu tadbir eng avvalo O‘zbekistonga tuhfa edi. Vaholanki, biz O‘zbekistondan hali ketmasimizdan Moldova hukumatidan ayni shunday tadbir uyushtirib berish taklifi kelib tushdi, dedi Vitaliy Manskiy.

Rossiya, madaniyat va siyosat

2024-yilga kelib, urushni qo‘llab-quvvatlamaydigan san’at arboblari, siyosatchilar, blogerlar va jurnalistlarning Rossiyada chiqishlari deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi. Kreml siyosatiga qarshi chiqish, tarmoqda qo‘yilgan post yoki qo‘shiqlarni ijro etish jarima va uzoq yillik qamoq jazosiga olib kelishi mumkin.

Aksincha, Putinning Ukrainaga bosqinini qo‘llab quvvatlagan artistlar va jamoat vakillariga televideniye va jamiyat oldida chiqishlarga keng yo‘l ochildi, ularga byudjetdan katta mablag‘lar ajratilmoqda.

2024-yil boshida Rossiyani tark etgan va butun dunyo bo‘ylab muvaffaqiyatli chiqishlar qilayotgan rossiyalik san’at va madaniyat vakillarining “qora ro‘yxati” mavjudligi haqida ma’lum bo‘ldi. Kreml “qora ro‘yxat”ga tushgan rossiyalik san’atkorlarning konsertlari va chiqishlariga nafaqat Rossiyada - xorijda ham to‘sqinlik qila boshladi. Rossiya propagandasi Ukrainaga bosqinni qoralab chiqqan va sazoyi qilgan Alla Pugachyova, Zemfira, Boris Grebenshchikov, Yuriy Shevchuk, Noyz MS, Andrey Makarevich, Maksim Galkin, Monetochka, Cho‘lpon Xamatova, Anjelika Varum va Leonid Agutin, Artur Smolyaninov va boshqa ko‘plab yirik rus san’at ustalari Rossiyani tark etishga majbur bo‘ldi.

Guardian nashrining ma’lum qilishicha, Rossiya rasmiylari bunday ro‘yxatni Tailand hukumatiga topshirgan va 2024-yil yanvar oyida Rossiyada taniqli bo‘lgan “Bi-2” guruhi san’atkorlarini Tailanddan deportatsiya qilishni talab qilgan. Rus elchiligi musiqachilarni "terrorizm homiylari" deb atagan. Ammo diplomatlar musiqachilarni jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan Rossiyaga emas, balki Isroilga chiqarib yuborishga muvaffaq bo‘lishdi.

Hajvchi Maksim Galkin Rossiya rasmiylari xati asosida Indoneziya hukumati mamlakatga kirishini taqiqlaganini aytgandi. Shu yilning 27-yanvar kuni u Balida konsert berishi kerak bo‘lgan.

Shu bilan birga Rossiyaning bosqinchilik siyosatini ochiqchasiga qo‘llab kelayotgan qator rus qo‘shiqchilari va estrada namoyandalari chiqishlariga O‘zbekistonda sahna berilayotgani munosabati bilan jamoatchilik bildirayotgan e’tirozlar Mirziyoyev hukumati e’tiboridan chetda qolmoqda.

Jahon kino industriyasidan chetda qoldirilgan Rossiya esa “Oskar” mukofotining Yevroosiyo analogini yaratmoqda, unda o‘zbek kinoijodkorlari ham faol ishtirok etishga taklif qilinmoqda.

2022-yil bahorida Rossiya Kinematograflar uyushmasi raisi Mixalkov Oskar mukofotining analogiga aylanishi kerak bo‘lgan Yevroosiyo kinoakademiyasi va uning mukofotini ta’sis etish tashabbusi bilan chiqdi. U 2024- yildan boshlab taqdim etilishi kutilmoqda.

Ko‘plab mamlakatlarga kiritilmayotgan Rossiya kino va musiqasi esa o‘zbek sahnalariga o‘z ekspansiyasini boshlab yubordi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 11-mart kungi chiqishida xorijlik xonandalarning O‘zbekistondagi konserti tadbirkorlar tomonidan tashkil etilishini aytib, rossiyalik qo‘shiqchilar uchun dunyoda maydonlar qisqarib ketganini aytdi.

2023-yil noyabrida Samarqanddagi Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammiti chog‘ida Ozodlik muxbiri savoliga javob bergan Nazarbekov O‘zbekiston rus qo‘shiqchilarining Toshkentda, o‘z ta’biricha, “siyosat qilishlariga yo‘l qo‘ymasligi”ni ta’kidlagan edi.

Toshkentdagi “Artdok” festivali va Ukraina haqidagi hujjatli film namoyishining taqiqlanishi, tashkilotchilarga ko‘ra, O‘zbekistonning Ukraina urushi borasida o‘zi ta’kidlab kelayotgan “neytralligi”ni yana bir bor savol ostiga qo‘yadi.

XS
SM
MD
LG