Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:31

“Sattoriy sabab kechikkan” tashrif: Mirziyoyev Surxondaryoga boradi


Prezident tashrifi oldidan "hashar"ga chiqqan jarqo‘rg‘onlik ishchilar.
Prezident tashrifi oldidan "hashar"ga chiqqan jarqo‘rg‘onlik ishchilar.

Bloger Otabek Sattoriyning qamalishi va unga xalqaro tashkilotlarning tanqidiy munosabatlari davom etayotgan bir paytda prezident Mirziyoyevning Surxondaryoga tashrifi kutilmoqda.

Joriy oy oxiriga rejalangan prezident tashrifi oldidan Mirziyoyev borishi ehtimoli bo‘lgan joylarda kechayu kunduz obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Surxonliklarga ko‘ra, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar asfaltlanib, prezident vertolyoti qo‘nishi uchun tayyorlangan yo‘l bo‘ylaridagi qurigan archalar yashil rangga bo‘yab chiqilmoqda.

Ayni paytda Toshkentdan borgan maxsus ishchi guruh Surxondaryodagi tayyorgarlikni o‘rganmoqda.

Prezident tashrifini tashkillashtirayotgan ishchi guruh

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov imzolagan hujjatga ko‘ra, Mirziyoyevning Surxondaryoga tashrifini tashkillashtirish uchun mutasaddi vazirlar va rahbarlardan iborat ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, ular 18 - may kuni Surxondaryoga yetib borgan.

Bu hujjatning nusxasi Ozodlikda mavjud bo‘lib, unda aytilishicha, ishchi guruh 20 - may kuni Prezident administratsiyasiga hisobot berishi lozim.

Surxondaryo viloyat hokimligidagi manbaning Ozodlikka aytishicha, prezident tashrifiga tayyorgarlik 4 oydan beri davom etyapti:

“Boshida prezidentimizning viloyatimizga tashrifi mart oyining birinchi o‘n kunligiga rejalangandi. Shunga tayyorgarlik fevral oyidayoq boshlangandi. Keyin prezident tashrifi qoldirildi va may oxiriga belgilandi. Ikki oydan beri hokimlik qattiq tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ishchi guruh kelgach, deyarli uyqu ham yo‘q hokimlik xodimlarida”.

Ismini ochiqlamayotganimiz manbaga ko‘ra, ushbu ishchi guruh prezidentga ko‘rsatish mumkin bo‘lgan joylar va aytish lozim ko‘riladigan ma’lumotlarni saralaydi.

Ayni paytda Surxondaryo bo‘ylab ushbu ishchi guruhga yetkaziladigan ma’lumotlarni mahalliy rahbarlar ham dastlabki “elak”dan o‘tkazmoqda.

Matbuotga oshkor bo‘lgan shunday holatlardan biri Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida bo‘lgan.

Institut rahbarlaridan biri tomonidan Telegram orqali yozilgan postda prezident tashrifiga tayyorgarlikni tekshirish uchun kelgan ishchi guruh oldida talabalarning o‘zini qanday tutishi uqdirilgan:

“Uchrashuvga es-hushi joyida talabalarni tayyorlab, ogohlantirib qo‘ying. Umuman, qaysi guruhga kirilsa ham, talabalarimiz Prezidentimiz tomonidan oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar uchun minnatdorchilik kayfiyatini namoyon qilishi kerak...Hamma sharoit yetarli, faqat biz yoshlar yaxshi ta’lim va tarbiya olishimiz lozim, degan g‘oyani gapirishsin, televizorda ham zo‘r chiqadi”.

“Prezident tashrifi deb, ro‘zadorlarni jazirama issiqda ishlatishdi”

Ayni paytda Surxondaryoda prezident tashrifiga tayyorgarlik ishlari qizg‘in pallaga kirgan.

O‘zini Termiz Neftbaza MChJning Jarqo‘rg‘on filiali xodimi deb tanishtirgan mushtariy, prezident tashrifi uchun bir oydan beri “hashar”ga chiqarilayotganini yozdi:

“Surxondaryoga prezident tashrifi arafasida, hatto ro‘za payti ham ro‘zador ishchi- xodimlarni kunning issiq pallasida ko‘cha tozalashga majburlashdi. Suratda ishlayotgan xodimlar Termiz neftbaza MChJ Jarqo‘rg‘on filiali xodimlari”.

“Shavkat Miromonovich, siz uchun ko‘zbo‘yamachilik qilinmoqda”

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi “O‘zbekiston” mahallasining ma’lum bir qismi ham prezident tashrifi uchun bo‘yab-bezaldi.

Voqea joydan Ozodlikka yo‘llangan videoda yo‘llarning asfalt qilingani, yo‘l bo‘ylariga archa nihollari ekilgani, simyog‘ochlar oqlangani ko‘rinadi.

Президент ташрифига асфальт қилинган йўл ва қаровсиз қўшни қишлоқ
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:48 0:00

Videoni yo‘llagan sherobodlik yigit prezident tashrifiga qilinayotgan ishlarni “ko‘zbo‘yamachilik” deya atadi:

"Ko‘zbo‘yamachilik, ikkiyuzlamachilik va xalqni ahmoq qilish davom etmoqda. Mana 1 oydirki, viloyatimizga prezidentimizning tashrifi kutilayotgani bois tumanimizda g‘alati ishlar sodir bo‘lmoqda. "O‘zbekiston" mahallasida sobiq ittifoq davridan beri asfalt ta’miri o‘tkazilmagan K6 626 yo‘lini go‘yoki Germaniya yo‘llaridek qilib ta’mirlamoqda. Yo‘lning bir necha kilometr joyiga prezident vertolyoti qo‘nishiga maxsus belgilar ham qo‘yishgan. Avvalroq vertolyot qo‘ndirib, repetitsiya qilib ko‘rishdi. Asfalt cho‘kib ketgandi, qaytadan qilishdi. 3 kuncha avval yo‘lning shu asfaltlangan qismidagi yo‘l bo‘yiga archalar ekildi. Archalarning qurigan va chang bosgan joylariga yashil kraska sepib chiqishdi. Dalalarga yaqinda anor ekib, tomchilab sug‘oriladiganday qilib qo‘yishdi”.

Anonim qolishni istagan sherobodlik yigit ushbu bejalgan mahalla yaqinidagi o‘zining qarovsiz mahallasiga Mirziyoyevni taklif qiladi:

"Boyqishloq"qa boradigan gaz quvuri kesib tashlangan
"Boyqishloq"qa boradigan gaz quvuri kesib tashlangan

“Iltimos, muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovich, shu vertolyotingiz qo‘ngan joydan kunbotar tomonga yursangiz, bizning mahallalar chiqadi. "Boyqishloq" va "Bog‘iobod" mahallasi.

Siz uchun tayyorlangan sun’iy yo‘llardan keyin, agar bizning qarovsiz yo‘llarimizdan yura olsangiz, bizning mahallaga ham bir keling. Uzoq emas, 5 kilometrcha chiqadi.

Mahallamizda yo‘l yo‘q, suv yo‘q, gaz yo‘q, QVP yo‘q, bitta svet bor. Mahallamizga kelsangiz, Surxondaryodagi haqiqiy ahvolning guvohi bo‘lasiz”.

"Boyqishloq"dagi qarovsiz binolardan biri
"Boyqishloq"dagi qarovsiz binolardan biri

Termiz tumanining Uchqizil qo‘rg‘oni “Yangihayot” mahallasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi 37 yashar Anvar Mengliyev ham prezidentning Surxondaryoga tashrifi natijasida o‘z muammolari hal bo‘lishidan umidvor:

“Hurmatli prezident, Surxondaryoga kelsangiz, bir mehmon bo‘lib keting. Chorva mollarimni ko‘rardingiz. 15 yildan beri tarbirkorlik qilaman. 45ta molim bor, yana olib kelishim kerak. Lekin yem-hashak ekish uchun erim yo‘q. O‘t-hashak sotib olishga qiynalyapman, tuman hokimi yer bermayapti”.

“Sattoriy ishi sabab kechikkan tashrif”

Surxondaryo viloyat hokimligidagi manba iddaosicha, prezidentning mart oyiga rejalangan tashrifining qoldirilishiga bloger Otabek Sattoriy hibsga olingach, xalqaro tanqidlar ko‘p bo‘lgani sabab bo‘lgan:

“Bu blogerni yanvarda ushlashganidan keyin juda ko‘p xalqaro tashkilotlar yozib chiqdi. Uni ozod qilishga chaqirishdi. Eshitishimcha, shunaqa gap-so‘zlar fonida prezidentimizning Surxondaryoga kelishini ma’qul emas deb topishgan. Shuning uchun martdagi tashrifini qoldirishgan”.

Prezident tashrifi arafasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Surxondaryo hokimini Sattoriy ishiga aloqador deya “aybladi”.

Prezident tashrifi oldidan Surxondaryoga ishchi guruh kelgan kuni Surxondaryo viloyati hokimligi deputat aybloviga o‘z munosabatini bildirdi.

Xabarnomada viloyat hokimligi tomonidan bloger Otabek Sattoriyga qarshi hech qanday harakat amalga oshirilmagani, viloyat hokimligining ushbu ishga aloqasi yo‘qligi bois sud jarayonida hokimlik hatto guvoh sifatida ham chaqirilmagani iddao qilingan.

Mahalliy rasmiylarni o‘zining “Xalq fikri” videoblogida tanqid qilgani bilan tanilgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudi hukmi bilan shu yil 10 - mayida olti yarim yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

"Ҳақиқат йўқ": Блогер Отабек Сатторий 6,5 йилга қамалди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:21 0:00

Hukm ortidan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ), Chegara bilmas muxbirlar va Human Rights Watch kabi qator xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatini bloger Otabek Sattoriyni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan. Tashkilotlarning ishonishicha, bloger korrupsiyaga qarshi kurashgani ortidan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida jazolangan.

Karimov davridan qolgan an’ana

O‘zbekistonda prezident tashrifiga ko‘zbo‘yamachilik qilish marhum prezident Islom Karimov davrida muhim siyosiy tadbirlarning bir qismiga aylangan edi.

Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyin o‘zining joylarga tashrifi oldidan viloyat, tuman va shaharlardagi mutasaddi rahbarlar tomonidan qilinayotgan ko‘zbo‘yamachiliklarni bir necha marta qoralagan.

Ammo bu tanqidlarga qaramay, prezident boradigan hududlar yo‘llarini shosha-pisha asfalt qilish, tomlarni bo‘yash, byudjet xodimi ishchilarini ko‘cha tozalashga chiqarish, yo‘l bo‘yiga xo‘jako‘rsinga issiqxonalar qurish, ko‘chatlar ekish yoki ochilgan paxtani terdirmay turish kabi o‘nlab ko‘zbo‘yamachilik holatlari haqida Ozodlikka xabarlar kelgan.

Президентнинг кутилмаган ташрифидан қўрққан мулозимлар “қолоқ маҳалла”ларни обод қилишни бошлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:14 0:00

Алоқадор

XS
SM
MD
LG