Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:25

Sattoriy ishini qayta ko‘rish boshlandi. Sud majlisini yozib olishga ruxsat berilmadi


29 - iyun kuni Termiz shahar sudida samarqandlik sudyalar guruhi bloger Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha apellyatsiya jarayonini boshladi.

Sudning birinchi kunida faqat sanoqli bloger va jurnalistlar sud zaliga kiritildi. Ularga ham sud majlisini yozib olishga ruxsat berilmadi.

Sudya, ayni paytda, Otabek Sattoriyning otasiga o‘g‘li bilan istalgan paytda qamoqxonaga borib uchrashish imkonini berdi.

Apellyatsiya jarayoni uzoq davom etishi va keyingi sudlarga blogerlar to‘liq kiritilishi va’da qilindi.

10 - may kuni Muzrabot tuman sudi Sattoriyni 6,5 yilga qamagan edi. Ayblovni tan olmagan Sattoriy apellyatsiya arizasi yozgan.

Apellyatsiya: Birinchi sud 40 daqiqa bo‘ldi

Otabek Sattoriyning apellyatsiya sudining birinchi majlisi 29 - iyun kuni soat 11:15 da Termiz shahar jinoyat ishlari sudi binosida o‘tkazildi.

Sudda ishtirok etgan blogerga ko‘ra, sud zaliga faqat sanoqli matbuot xodimlari kiritilgan:

Juda ko‘p bloger va jurnalistlar keldi. Lekin ularning hammasi ham sud zaliga kiritilmadi. Hatto Kun.uz muxbiri ham sudga qo‘yilmadi. Sudda qatnashish istagida bo‘lgan blogerlarning barchasi kiritilmagani sud zalining kichkinaligi bilan izohlandi. Lekin kirgan blogerlarga ham sud majlisini yozib olishga ruxsat berilmadi”.

Sud tafsilotlaridan xabardor boshqa bir blogerga ko‘ra, sud majlisi taxminan 40 daqiqa davom etgan:

“Sattoriyga Umid Davletovdan tashqari yana bir advokat berilibdi. Shu advokat ish bilan tanishishga vaqt so‘radi. Shuning uchun bugungi sudni to‘xtatishdi”.

Sud ishtirokchilariga ko‘ra, sudya Otabek Sattoriyning otasiga o‘g‘li bilan qamoqxonada uchrashib turish imkonini bergan:

“Advokatlar Toshkentdan kelib-ketishi uzoqligi uchun Sattoriyning otasi o‘g‘li bilan uchrashib, sudga doir masalalarni gaplashishiga ruxsat berildi. Keyin sudya sudning o‘zida Sattoriyga farzandlari va ota-onasi bilan ko‘rishishga ruxsat berdi. Otabek panjara ortida o‘tirgan bo‘lsada, yaqinlari bilan qo‘l berib, ko‘rishishga muvaffaq bo‘ldi”.

Sud tafsilotlaridan xabardor blogerga ko‘ra, sudya keyingi majlislarda blogerlarga video olish imkonini berishga va’da qilgan:

“Blogerlar hammamiz jahlimiz chiqib o‘tirgandik. Bir mahal sudya hammamizni bayram bilan tabriklab, keyingi sudlarda boshqa blogerlarning ham kirishi tashkillashtirilishi va sud zalida video qilishga ham ruxsat berishi mumkinligini aytdi. Lekin pryamoy translyatsiya qilishga ruxsat bermaskan. Faqat videoni yozib olib, keyin ishlatishga ruxsat berarkan”.

Sattoriy ishi bo‘yicha apellyatsiya jarayonining keyingi majlisi 30 - iyun soat 10:00ga belgilangan. Sud Termiz shahar sudida o‘tishi aytilgan.

"Ҳақиқат йўқ": Блогер Отабек Сатторий 6,5 йилга қамалди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:21 0:00

Samarqanddan Termizga ko‘chgan sayyor sud

Blogerning oilasi va himoyasi Sattoriy hibsga olinganidan buyon unga nisbatan mahkamaning boshqa viloyatda ko‘rilishini talab qilib kelayotgan edi.

Oilasi va advokati bloger o‘z faoliyati davomida asosan, Surxondaryo viloyati rahbarlarini keskin tanqid qilib kelgani bois unga nisbatan mahkamaning bu viloyatda xolis o‘tishiga ishonmasligini aytishgan.

Dastlab Sattoriyning apellyatsiya sudi Samarqand viloyat sudida o‘tkazilishi xabar qilindi.

Biroq keyinchalik samarqandlik sudyalar guruhi Termizga borib, apellyatsiya sudini sayyor sud tarzida o‘tkazilishi aytildi. Bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidlarga sabab bo‘lgach, Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati rahbari Tursunali Akbarov sudning ko‘chirilishini izohlashga majbur bo‘ldi.

Akbarov apellyatsiya jarayonining bir necha kunga cho‘zilishi va Sattoriy yaqinlari “manfaatini ko‘zlab” sud yana Termizga ko‘chirilganini aytdi.

Sudlanuvchining Surxondaryodan Samarqandga “etap” qilinishi, shuningdek, har sud majlisiga Termizdan kelib-ketish uning yaqinlariga tashvish va chiqim tug‘dirishi mumkinmi? Ha. Shu kabi holatlardan kelib chiqib, sud Termizda o‘tkazilishi belgilandi, xolos”, degan Akbarov “Daryo” nashriga.

Blogerlar sudda hokim qatnashishini talab qilishdi

29 - iyun kuni Termiz shahar sudi binosi oldiga to‘plangan blogerlar o‘z chiqishlarida viloyat va shahar hokimlari ham Sattoriy sudida qatnashishini talab qilishdi.

Jumladan, bloger Fazilat xonim shahar hokimi guvoh sifatida sudga chaqirilishini talab qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev esa Surxondaryo hokimini Sattoriy ishiga aloqador deya “ayblagan” edi.

Sattoriy sudi va xalqaro chaqiriqlar

10 - may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan aybdor, deb topilgan bloger Otabek Sattoriyni 6 yarim yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Oradan bir necha daqiqa o‘tib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Sattoriy ishi bo‘yicha chiqarilgan hukm yuzasidan tezkor bayonot e’lon qildi.

YouTube portalidagi “Xalq fikri” videoblogida tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan Otabek Sattoriy shu yilning 30 - yanvarida Termizdagi uyidan fuqaro kiyimidagi xodimlar tomonidan olib ketilgandi.

Bloger hibsga olingan kezda unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bilan jami 8 ta ayblov e’lon qilingandi. Keyinchalik ayblovning 3 tasi rad etilgan.

"Ҳамма менга қарши" - Отабек Сатторий судида гувоҳлар ва қўшимча гувоҳларнинг кўрсатмалари тингланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:39 0:00

Qator xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatini hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyni ozod qilishga chaqirdi. Tashkilotlarning ishonishicha, bloger korrupsiyaga qarshi kurashgani ortidan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida qamoqqa olingan.

Jumladan, Human Rights Watch xalqaro tashkiloti tomonidan 11 - may kuni yoyinlangan bayonotda, mustaqil bloger Otabek Sattoriyning qamalishi haqida sud tomonidan chiqarilgan hukm so‘z erkinligiga qarshi zarba va mahkama xatosi bo‘lib hisoblanadi, deyildi.

HRW vakillariga ko‘ra, O‘zbekiston rahbariyati, jumladan prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda o‘tkazilayotgan islohotlar markaziga inson haqlariga hurmat tamoyili qo‘yilayotganini baralla aytib kelmoqda, ammo bu o‘rinda amallar so‘zlarga zid kelayotir.

Parijdagi “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha bu yilgi reytingida O‘zbekiston bir pog‘ona pastlagan.

Tashkilot o‘tgan oy e’lon qilgan hisobotida O‘zbekistonni 180 davlat ichida 157-o‘ringa qo‘ygan. 2020 - yildagi reytingda O‘zbekiston 156-o‘rinni egallagani e’tiborga olinsa, bu yil mamlakatda matbuot erkinligi bilan bog‘liq holat yomonlashgani anglashiladi.

OzodRakurs: Президент Мирзиёев блогер Сатторий ҳақида...
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:31:28 0:00

XS
SM
MD
LG