Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:53

Salimboyning videosi ortidan Mirziyoyev "ko‘cha"ni jilovlashga chaqirdi


Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda bozorlar jinoyatchilarga “soliq” to‘layotganini tan oldi va ularni “jilovlashga” chaqirdi.

23 - noyabr kuni Toshkentning Shayxontohur tumanidagi mahallalarga tashrifi ortidan hukumat yig‘ilishini o‘tkazgan Mirziyoyev ichki ishlar va prokuratura idoralari faoliyatini tanqid qildi.

O‘zbekiston bozorlarida savdo qiluvchi tadbirkorlar kriminal strukturalar bozor va mahalliy ma’muriyatlar bilan chatishib ketgani, ko‘p masalalar eskichasiga yana “ko‘cha” nomini olgan guruhlar tomonidan hal etilayotganini aytib kelishadi.

Global Initiative against Transnational Organized Crime (Transnatsional uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha global tashabbus) tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston uyushgan jinoyatchilik darajasi bo‘yicha 193 davlatdan 90-o‘rinni egallab kelmoqda.

Prezident jinoiy “soliqchi”larni jilovlashga chaqirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 - noyabr kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumaniga tashrifi chog‘ida poytaxtda jinoyatchilik oshganini aytib, IIBB boshlig‘i hamda shahar prokurori faoliyatini tanqid qildi.

Prezident bozor tadbirkorlaridan “soliq” yig‘uvchi jinoiy guruhlar masalasiga alohida to‘xtaldi.

- Jinoyatchilar orasida “soliqchilar” paydo bo‘ldi hozir. Ular bozorlardan soliq undirishyapti, davlatdan alohida soliq oladigan guruhlar paydo bo‘lgan. Men yer tagida ilon qimirlasa bilaman. Biz bundaylarni darhol jilovlashimiz kerak, jilovlaymiz ham, deya iqtibos keltirgan Mirziyoyev so‘zlaridan Kun.uz nashri.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i hamda shahar prokurori faoliyatini tanqid qilgan prezident ularga bu lavozim jinoyatchilikning oldini olish uchun berilganini urg‘uladi.

- Biz ularni jilovlamasak, ular bizni jilovlaydi, ayrim davlatlardagi kabi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ҳокимиятга яқинлашган Салимбой Мирзиёевга "ҳеч кимни яқинлаштирмаслик"ка онт ичди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:42 0:00

Salimboyning videosidan keyingi bayonot

Mirziyoyev bundan avval Samarqand, Xorazm, Namangan viloyatlari, Toshkent shahri tumanlariga tashrifi chog‘ida ham "Xavfsiz hudud", "Xavfsiz shahar" konsepsiyasi haqida gapirgan.

U hukumat oldiga har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish vazifasini qo‘ygan.

Ammo Mirziyoyev mafiya tizimlari va uyushgan jinoyatchilikning asosiy daromad manbai sanalgan “bozor solig‘i” to‘g‘risida birinchi marta gapirmoqda.

Prezident o‘z so‘zida biron shaxs yoki guruh nomini tilga olgani yo‘q. Uning bayonoti O‘zbekistondagi ko‘zga ko‘ringan "jinoiy avtoritet" deb ta’riflanadigan Salim Abduvaliyevning tarmoqlarda videosi tarqagani ortidan yangramoqda. Videoda Salimboy prezident Shavkat Mirziyoyevdan minnatdorligini aytib, uning hokimiyatiga "boshqa da’vogarlarni yaqinlashtirmaslikka" va’da beradi.

Prezident matbuot xizmati yoki biron rasmiy xalq orasida Salimboy nomi bilan tanilgan Abduvaliyevning bayonotiga munosabat bildirgani yo‘q.

Tanqidchilar Mirziyoyevning o‘zini jinoiy avtoritet sifatida ko‘rilgan shaxslar va daromadlarining manbaiga savollar bo‘lgan guruhlarning davlat tizimlari bilan chatishib ketishiga yo‘l ochib berganlikda ayblaydilar.

Bozorlarning egasi kim?

Mirziyoyevning bayonoti ortidan ayrim Telegram-kanallar mahalliy tadbirkorlarning soliqchilar va norasmiy soliq yig‘uvchilardan shikoyatlariga o‘rin bera boshladi.

Kompromatuz Telegram kanali bozordagi nohaqliklar masalasida kelayotgan yuzlab xatlar haqida yozdi.

O‘zi butun bozorlar faoliyati ko‘rib chiqilishi kerak, bozorlar kim uchun ishlayabdi? Bozorlarni egasi kim? Bozorda bir kunda necha pul yig‘iladi-yu, necha pulini bankka topshiriladi, bozorlardagi davlat ulushi o‘zi nima, ulush sifatida qonuniy tartibda pul ajratilyabdimi yoki hokimlar cho‘ntagiga tushishi bilan hokimlar "bozorkom"larga "tankalik" qilib berishyabdimi, O‘zbekiston bo‘yicha hamma tuman va shaharlarda bozorlar g‘alvasi, bu yeb-to‘ymaslarni ham o‘rganish vaqti kelgandur”, deb yozadi foydalanuvchilardan biri.

Toshkent viloyatidagi bozorlardan birida ko‘p yillardan buyon sotuvchilik qilayotgan Nargiza bozordagi noqonuniy holatlar ko‘p yillardan beri o‘zgarmasdan qolayotganini aytadi. Uning Ozodlikka aytishicha, bozorda yig‘ilayotgan “soliqlar”ning asosiy qismi davlat g‘aznasiga emas, balki “kimlarningdir” cho‘ntagiga tushmoqda:

- Men hujjatlarni taxlab, soliq to‘lab kelaman. Ammo yanvar-fevral oylaridagi “o‘lik” mavsumda ko‘pchiligimiz magazinlarni yopib, “nalogchi”larni o‘ziga berib ishlaymiz. Bozor ichida va atrofida o‘tirgan barcha “yoymachilar”dan pattachilar pul yig‘adi, lekin shuncha yil bozorda tursam ham birortasiga chek berilganini ko‘rmaganman! Bozorchi yigitlar pulni yig‘ib, bir qismini hokimlarga berib keladi, asosiy qismini o‘zlari o‘zlashtiradi. Shu-ku haqiqiy mafiya! Ya’ni, bozor atrofida qancha yoyma ko‘paysa, ularning daromadi oshadi. Hozir bilmadimu, oldinroq 1 metr kvadratga 50 ming so‘m olishgan, har bir yoymachiga kamida 2 metr kerak. Hisoblab olavering!

Bu pullarning biror tiyini davlatga tushmaydi, “ko‘cha”dagi bozorqo‘m, pattachi, nazoratchilarga ketadi. Bu holat Ippodromda ham, Toshkentning boshqa bozorlarida ham, butun respublikada shu ahvol. Hech narsa o‘zgargani yo‘q, deydi suhbatdosh.

Tadbirkor shu sababli bozor boshqaruvchilari tez-tez almashib turishi, ularni nazorat qiladigan ichki ishlar, soliq inspeksiyasi, korrupsiyaga qarshi kurash va boshqa sanoqsiz idoralar ham "o‘z ulushini olib turishi"ni taxmin qiladi.

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik yana bir yirik tadbirkor prezident Shavkat Mirziyoyev gapirgan “ko‘cha” mafiyasi asosan, ulgurji savdo bilan shug‘ullanadigan biznesmenlarni “soliqqa” tortib kelishini aytadi.

Uning so‘zlaricha, oxirgi yillarda mamlakatdagi o‘rta va yirik biznes amaldorlar bilan chatishib ketgan “ko‘cha bollari” tomonidan boshqarib kelinmoqda.

- Baxti Tashkentskiyni bollari, Salimboyniki – bular juda ko‘payib ketgan oxirgi paytlarda. Mirziyoyev bozorlardagi pattachi mayda-chuydalar haqidamas, furalarda, konteynerlarda, kargo orqali ulgurji yuk tashuvchilar haqida gapirgan. Ularda qaysi tadbirkor qancha sotishi va qancha daromad olishi to‘g‘risida hamma ma’lumotlar bor. O‘shanga yarasha “protsent” qo‘yiladi. Bular o‘ta uyushgan, yillar davomida shakllangan guruhlar. Bu guruhlar o‘z “krisha”si uchun ko‘p kompaniya va tadbirkorlarni davlat soliqlaridan ham ozod qilayotganini ko‘rib turibmiz. “Davlatga to‘lamaysan, sal kamroq menga to‘laysan!”, deydi. Tasavvur qiling, qancha milliardlab pul davlatni aylanib, o‘tib ketadi, - deydi u.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, jinoiy guruhlar tomonidan solingan “soliq” ham import, ham eksportga sotilayotgan tovarlar va xomashyoga tegishli.

- Chiqayotgan mahsulotlarni ham o‘zlari nazorat qiladi. Masalan, quruq meva - bittasiga, ho‘l meva – boshqasiga, taxta va qurilish materiallari yana boshqalariga berilgan. Monopoliya! “Ko‘cha” ayniqsa, oxirgi 5 yilda kuchaydi, Karimov davrida ular qo‘rqib turardi. Hozir 90-yillardagi “krisha” qaytyapti yana O‘zbekistonda. Nafaqat bozor - sal daromadliroq ko‘ringan har qanday ishlab chiqarish ham shular tomonidan o‘zlashtirib olinmoqda. Faqat himoyasi bor tadbirkorlar tirik, qolganlarini “ko‘cha” yutvorgan, - deydi xavfsizlik vajidan ismini ochiqlashni istamagan tadbirkor.

Bozorchi biznesmen bu masalada davlat idoralariga shikoyat qilishning ham iloji qolmagani, ko‘plab tadbirkorlar chetga “soliq” berishga “ko‘nikib” qolganini aytdi.

Uyushgan jinoyatchilik va soya iqtisodiyoti

Xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekistonda uyushgan jinoiy faoliyat uchun jinoiy javobgarlikka tortishning yagona tizimi shakllanmaganini ta’kidlab kelishadi.

Ularga ko‘ra, O‘zbekistonda uyushgan jinoiy guruh a’zolarini sudlashda ularning jinoiy yo‘l bilan orttirgan mablag‘lari musodara qilinmasligi ham muammoning bir qismi.

Shu yilning oktabrida Global Initiative against Transnational Organized Crime tashkiloti tomonidan e’lon qilingan uyushgan jinoyatchilik darajasi bo‘yicha davlatlar reytingida O‘zbekiston 193 ta davlatdan 4,96 ball bilan 90-o‘rinni egallagan.

Prezident Mirziyoyev 2019 - yil yanvaridagi chiqishida mamlakatda yashirin iqtisodiyot hajmi kattaligicha qolayotganini aytgan edi.

"Hozirda Yalpi ichki mahsulotda yashirin iqtisodiyotning ulushi katta. Bu mamlakat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yashirin iqtisodiyot ulushi katta ekanini deputatlar ham, boshqalar ham, hamma yaxshi biladi", degan prezident.

Davlat Soliq so‘mitasi e’lon qilgan raqamlarga ko‘ra, 2020 - yilning birinchi yarmida yashirin iqtisodiyot hajmi YaIPning 48 foizini tashkil etgan.

O‘tgan vaqt mobaynida banklardan tashqaridagi pul aylanmalari hajmi kamaygan yoki ortganiga doir rasmiy raqamlar mavjud emas.

Kuzatuvchilar O‘zbekistondagi "soya iqtisodiyoti" hajmi rasmiylar keltirayotgan raqamlardan kattaroq bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

XS
SM
MD
LG